Pahlavon Mahmud ruboiylaridan
Umrimiz daraxtin past qilma, Rabbiy,
Borliq sharobidan mast qilma, Rabbiy.
Oʻzing karam birla mard yigitlarni
Nokaslarga zeri dast qilma, Rabbiy.
* * *
Koʻngil oppoq, na kek va ginam bor,
Dushmanim koʻp va lekin men hammaga yor.
Mevali daraxtman, har bir oʻtkinchi
Tosh otib oʻtsa ham menga boʻlmas or.
* * *
Jahon, chehra – rangu roʻyi oʻzingsan,
Aql daryo – uning suyi oʻzingsan.
Gul bargida shabnamdayin oʻtirma,
Bu bogʻchaning rangu boʻyi oʻzingsan.
Toʻxtasin JALOLOV tarjimalari
* * *
Ey doʻst, qani ayt, jonmi kerak, jon berayin men.
Har ne eng aziz, sen soʻra, shul on berayin men.
Ey kofiri shaddod, manim qoshima bir kel,
Zunnoring olib, oʻrniga iymon berayin men.
* * *
Qalbingdagi shak-shubha, gumon ketmishdir,
Ruh quvvati ham bir kun, inon, ketmishdir.
Topdim deb aniq nishonni magʻrurlanma,
Topgan u nishoning benishon ketmishdir.
* * *
Gar haq deya jim tortsa figʻon doʻst – chin doʻst,
Qilguvchi ibodatki nihon – chin doʻst.
Koʻz-koʻzlama hech berganu olgan noning,
Non doʻsti emas, aslida jon doʻst – chin doʻst.
* * *
Bogʻmanu bagʻrimda chaman – nolalarim,
Dardimni bilib bosh egdi lol lolalarim.
Ikki koʻzim ikki ulugʻ daryodir,
Qolgan bari daryolar esa bolalarim.
Matnazar ABDULHAKIM tarjimalari
https://saviya.uz/ijod/nazm/ikki-kozim-ikki-ulug-daryodir/