Ikki boshli bola

Bolakayning xayoli terak uchiga ilinib qolgan varrakda edi. Varrakni bobosi qoʻllari qaltirab zoʻrgʻa yasab bergandi. Uzoq-uzoqlarga uchirib oʻrtoqlariga maqtanish xayoli bilan onasining chaqirganini ham eshitmay  qolibdi.

– Hoy, haromi, qulogʻing tom bitganmi, hozir tag-tugi bilan uzib olaymi?

Bola qoʻlida tolxivich tutgan onasining vajohatini koʻrib, qulogʻini kafti bilan berkitgancha orqa-oldiga qaramay qochdi. Onasi uni qargʻagani-qargʻagan. Haromi degani nima ekan oʻzi? U bu soʻzning maʼnosini bilmasa-da, yomon gapligini angladi. Bolakay shu qochganicha qoʻshni koʻchada oʻynayotgan bolalarga qoʻshilib ketdi. Kechga tomon zoʻrgʻa oyogʻini sudrab qayt­di. Bir tabaqasi osilib, qiyshayib qolgan darvozadan qoʻrqa-pisa kirib, dovdiragancha turib qoldi.

– Nimaga anqayib turibsan? Qoʻlimdagini olmaysanmi?

U otasining muloyim ovozidan koʻngli yayrab orqasiga oʻgirildi. Otasining qoʻllari band – ikki xalta toʻla yegulik olibdi. Demak, otasi mardikor bozoridan ish topgan, bugun onasi bilan  urishmaydi, mahallani boshga koʻtarib baqir-chaqir qilishmaydi. U irgʻishlab otasining bagʻriga otildi.

– Toychogʻim, mana senga handalak, mana xoʻrozqand.

Bolakay otasining qoʻlidagi yeguliklarga qaramay, yerda turgan xaltani tita boshladi:

– Dadajon, ertak kitob  opkeldizmi, opkeldizmi?

U otasiga koʻzlarini pirpiratib, moʻltirab qaradi. Otasi bir qoʻli bilan orqasiga yashirib turgan rangli kitobni boshi uzra baland koʻtardi.

– Qani, dadajon deng-chi!

– Oʻzimning dadajonim!

Bolakay oʻziga sigʻmay bor ovozi bilan hayqirdi. Endi u ham Valisherga oʻxshab rasmga qarab ertak toʻqiydi.

– Keldingizmi, boyvachcha?

U suvogʻi koʻcha boshlagan oshxona ostonasida onasini koʻrib, dami ichiga tushdi. Qoʻlidagi kitobni mahkam bagʻriga bosdi. Tamom! Onasining avzoyi buzuq. Yana janjal boshlaydi.

– Qani, kitobni menga ber-chi! – onasi gʻazabnok qarab, qoshini chimirdi.

– Nima qilasiz  bersam? – deya bolakay  onasiga yolborib qaradi.

– Yirtaman! Tandirda yoqaman!

– Bermayman! – bolakay ovozining boricha baqirdi. – Siz yomonsiz!

– Men sizga bolani bemaʼni narsalar bilan chalgʻitmang, miyasini zaharlamang demaganmidim! Nega unga kitob olib keldingiz?

– Bolani bozorga olib borib buzayotgan, miyasini zaharlayotgan sensan! Qoʻliga pul berib, egri yoʻlga boshlayotgan ham sen!

Bolakay onasining koʻzini shamgʻalat qilib, hovli chetiga chopdi.  Qoʻlidagi kitobni molxonaning oʻtin bosilgan tomi chetidagi rangi oʻchgan eski quti ichiga yashirdi. Keyin bir-biriga baqir-chaqir qilayotgan ota-onasiga bir zum yuragi toʻliqib qarab turdi-da, bobosinikiga qarab chopdi.

Bobosi ayvonda yolgʻiz oʻzi uzoq-uzoqlarga tikilib oʻtirgan ekan. U opoqisi koʻz tikkan tomonga qarab hech narsani koʻrmadi. Indamay kelib uning dagʻal kaftini nimjon qoʻlchalari bilan siladi. “Xuddi qabriston etagidagi bahaybat bukritutning tanasiga oʻxshaydi-ya”, deb oʻyladi u.  Keyin uning ajin bosgan  ­horgʻin yuziga hayron termuldi:

–  Haromi degani nima,  bobojon?

Bobosi indamadi, ammo birdan uning koʻziga sinchkovlik bilan qaradi-da, toʻsatdan qoʻlidagi teshani shudgorga jahl bilan uloqtirdi:

– Seni haromi deganlarning oʻzi haromi!

Bolakay bobosining yelkasi silkinayotganini payqadi. Uning koʻz yoshlari soqoliga oqib tushardi.

– Bobo,  yigʻlayapsizmi?

Bolakayning koʻngli buzildi. Negadir uning ham toʻyib-toʻyib yigʻlagisi keldi. Bobosi egilib uning manglayidan oʻpdi.

– Qoʻyaver bolam, ertalab koʻp suv ichib yuboribman, shu koʻzimdan oqyapti, parvo qilma! – U nabirasini chalgʻitish uchun gapni boshqa yoqqa burdi:

– Otang nima qilyapti.  Uyquni urmayaptimi, ishqilib?

– Mardikor bozorga ketgan, – deya javob berdi bola.

– Sen bir gapni yaxshilab uqib ol, otang juda yaxshi odam. Mehnatkash, halol, toʻgʻri. Faqat, omadsiz.

– Omadni kim beradi?

– Omadnimi? Omadni Yaratgan egam beradi. Berganga ikki qoʻllab moʻl-koʻl beradi, bermaganga yoʻq.

Chol beixtiyor nabirasining oʻychan, hayrat toʻla chaqnoq koʻzlariga tikildi. Negadir yuragi toʻlqinlandi, shuurida nimadir “yarq” etgandek boʻldi.

– Bilasanmi, boʻtalogʻim, oʻylab qarasam, adashgandayman. Otangni omadsiz deb boʻlmaydi. Uni sendek omadi bor. Ha, ha, otangni omadi sensan.

– Omad degani nima oʻzi?

– Omadmi? Shu, nima desam ekan… Mana, sen varraging baland uchsa toza quvonasan, toʻgʻrimi? Otangning uzoq-uzoqlarga, baland-balandlarga uchadigan varragi sensan. Sen yaxshi odam boʻlsang, otangning boshiga omad qushi qoʻnadi, buning uchun koʻp oʻqishing kerak. Afsus, otangni oʻqitolmadim.

– Ur-re-ye-e,  osmonga uchsam,  kosmonavt boʻlarkanman-da? Sizniyam,  dadamniyam raketamga solib uchaman, opoqi!

– Onangni-yam,  toʻgʻrimi?

Bolakay indamadi. Onasi uning kosmonavt boʻlishini xohlamaydi.  Oʻrtogʻi Valisher bogʻchaga boradi. Kosmonavt qanaqa boʻlishini Valisherdan eshitgan. U ham onasiga bir necha kun xarxasha qilib yurdi. Uning ham oʻrtogʻiga oʻxshab bogʻchaga borgisi, kosmo­navt­lar haqida sheʼr yodlagisi keladi.

– Bogʻchaga pulni qayoqdan topaman. Roʻzgʻorimni amal-taqal qilib tebratayotgan boʻlsam. Ana, bekorchixoʻja otang senga qaraydi. Lekin unga oʻxshagan xomxayol boʻlma. Kitob degani pul tugʻmaydi, ammo sen koʻp pul topadigan odam boʻl! Pul! Pul! Pul! – onasi barmoqlari uchini jahl bilan bir-biriga ishqadi. – Puling boʻlmasa, dunyoda hech kimsan, hech kim! Uqdingmi?

Onasi uni ham oʻzi bilan bozorchaga olib boradi, kun boʻyi  kiyim-kechak  yoyib sotadi. Bugun bozorchaga kiraverishda katta togʻoradagi shaftolini “Xudo xayringizni bersin, shuni olinglar, shoshilyatuvdim”, deb izillab turgan kampirdan koʻtarasiga talashib-tortishib 15 mingga sotib oldi. Onasi boshidagi togʻorani yerga qoʻyib ulgurmasidan bir baqaloq yigit lapanglab kelib shaftoliga xaridor boʻldi.

– Opa, yigirma ming beraman. Kechgacha bir togʻora shaftolini deb boshingizni ogʻritib oʻtirasizmi?

– Iy-i, insofingiz bormi, boyvachcha? Oʻzim yigirma besh mingga olgan boʻlsam,  meni ham bola-chaqam bor.

Onasi bozorni boshiga koʻtarib tirikchilikdan nolidi. Bola sekingina onasining yengidan tortdi. Onasi nega yolgʻon gapiryapti.  Axir, shaftolini oʻn besh mingga oldi-ku yoki yodidan koʻtarildimikan?

– Oyijon! Oʻn besh mingga oluvdiz. Oyijon,  oʻn besh ming-ga-a.

Onasi uning qoʻlini jahl bilan siltab, qayirib tashladi.

– Oʻchir ovozingni, itvachcha! Bir sen qoluvding,  dakki bermagan. Men senlarning qorningni oʻylab tinim bilmasam-u… Koʻrnamak! Ovozingni oʻchir!

Onasi talashib-tortishib shaftolini yigirma besh ming­ga pulladi. ­Ke­yin erib ketdimi, uning qoʻliga besh yuz soʻm tutqazdi.

 – Bor, muzqaymoq olib ye!

Soʻng bir zumda uni unutgandek,  oʻtgan-ketganga yoygan molini maqtay ketdi:

– Chet elning asl moli. Suvtekinga sotaman. Erim kasal, dori olishim kerak.

Bolaning xayoli otasiga ketdi.  Ertalab uydan chiqayotganlarida otasi soppa-sogʻ, tomorqada ketmon chopayotgan edi. Onasi yolgʻon aytyapti. Bolakay xoʻrsindi. Onasigayam qiyin-da, kechgacha bozorda qoʻli qoʻliga tegmaydi.  Kechqurunlari qoʻli ovqatdan,  kir yuvishdan boʻshamaydi. Azonlab turib non yopadi. Keyin aravachaga mol ­yuklab, bozorga shoshadi.

Kechga yaqin bozordan qaytayotganida onasi unga pul soladigan mushukcha olib berib, qoʻliga ming soʻm tutqazdi.

– Koʻpgina pul toʻpla! Ustingga ki­yim-bosh olishimiz kerak. Axir, kelasi yil maktabga borasan.

Bola osmonga sakradi:

– Urre!! Maktabga boraman! ­Oyijon! Bobom sumka olib beraman deganlar.

– Chol oʻlgur kallangni boʻlmagʻur gap bilan zaharlasa ham sendan pulini ayamaydi. Bittagina merosxoʻrsan-da! Ammo hadeb cholning atrofida oʻralashma, miyasi aynigan choldan yaxshilik chiqmaydi. Faqat nafaqa olganda kirgin, xoʻpmi? Qiynalayotganimizni ayt, anavi eski-tuski, yirtiq kiyim-boshingni kiyib ol, uqdingmi?

Bolaning qulogʻiga bu gaplar kirmadi. U xayol otida chopqillab borar edi. Bobosi zoʻr-da. Uni yaxshi koʻradi, pulini ayamaydi. Har safar bir siqim pul beradi, mana, endi mushukchasi pulga toʻlib ketadi. Chiroyli kiyinib oʻanisher bilan maktabga boradi, har kuni “besh” baho oladi. Ulgʻayib,  kosmonavt boʻlganda koʻp pul topadi, otasi ham mardikor bozoriga bormaydi.

U yoʻl-yoʻlakay mushukchasini oʻrtoqlariga koʻrsatib maqtandi. Uyga qaytib, darvoza oldiga kelganda ichkari hovlidan chiqayotgan baqir-chaqirni eshitib, joyida taqqa toʻxtadi,  koʻzlaridagi quvonch oʻrnini qoʻrquv, hadik egalladi. Darvozadan botinib-botinmay kirarkan, nima qilarini bilmay bir burchakda qisinib, olazarak turib qoldi.

– Shu bolani oʻzingizga oʻxshatmoqchimisiz? U ham birni ikkiga urolmaydigan notavon boʻlib oʻtadimi?

– Sening xudoying pul, pul uchun imondan kechasan. Bolaning xayolini boʻlmagʻur diydiyolaring bilan zaharlama. Sen uni ikki boshli qilib qoʻyding! Ikki boshli!

Bolakayning qulogʻiga ota-onasining boshqa gaplari kirmadi. Faqat ikki boshli degan soʻz uning yuragiga oʻqdek sanchildi. Shoshib kichkina  kafti bilan boshini ushladi. Keyin yugurib yotoqxonadagi shkaf yonida, devorga tirab qoʻyilgan oynaning oldiga kelib, koʻzlarini katta-katta ochib qaradi.  Yoʻq,  boshi ikkita emas,  bitta.  Dadasi nima uchun uni ikki boshli dedi?! Nega yolgʻon gapiradi, nega aldaydi dadasi? U yana koʻchaga chopib chiqib ketdi. Alami keldi, hoʻngrab yigʻladi,  koʻzlariga achchiq yosh toʻldi.  Koʻchada qiy-chuv solib oʻynayotgan bolalar uni qurshab olishdi.

– Shokir, nega yigʻlayapsan? Kim seni xafa qildi?

– Shokir, qoʻy yigʻlama, koʻzingni artib qoʻyay!

– Men yigʻlaganim yoʻq… ertalab koʻp suv ichib qoʻyuvdim,  shu koʻzimdan toʻkilib ketyapti, – dedi bolakay.

U kechgacha bolalarga qoʻshilmay bir chekkada yer chizib oʻtirdi. Qorongʻi tushib bolalar tarqala boshlagach, uyining darvozasiga bir muddat maʼnosiz qarab turdi, soʻng chuqur xoʻrsindi. Keyin bobosining hovlisi tomon boshini quyi solgancha  shoshilmay yurib ketdi.

Bobosining darvozasi berk. Tashqaridan ilgak solingan. Bola ilgakni koʻtarmoqchi boʻlib harchand urindi, ocholmadi. Qayoqqa ketdi ekan? Bolakay uyga qaytib borgisi, uni ikki boshli degan dadasini ham koʻrgisi kelmas edi. Bola darvoza boʻsagʻasidagi supachaga ohista choʻkkanda ochiqqanini sezdi.

Bobosi unga uzoq-uzoqlarga uchadigan yangi varrak yasab beraman, degan edi. Ertaga varrakni, albatta, yasatadi, uning varragi hammanikidan baland uchadi.

Osmon toʻla varraklar ichida oʻzining varragi eng baland uchayotgani haqidagi xayollarga berilgan bolakay supachada mungʻayibgina uxlab qoldi…

 

Enaxon SIDDIQOVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/ikki-boshli-bola/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x