Jon GOLSUORSI
Ingliz romannavislari garchi ijtimoiy adolatsizlik holatlari namoyon boʻlayotganini koʻrib juda qattiq norozi boʻlayotgan boʻlsalar-da, tartib-qoidalarni, axloqni, urf-odatlarni, oʻz davrining belgilab qoʻyilgan tartiblarini harholda hurmat qilishardi, ular butun qalblari bilan yashamoqning soz ekaniga ishonganlar, umum tomonidan qabul qilingan qadriyatlarning mutlaqo barqaror ekaniga imon keltirganlar va voqelikni fojiiy bir komediya tarzida kinoya bilan qabul qilmaganlar…
Dikkensda olijanoblik – olijanoblik, illat – illatdir. Holbuki, oʻz-oʻzidan ayonki, bizlarning ijtimoiy arboblarimizni istisno qilganda, koʻpchilik odamlarda olijanoblik bilan illat bir-biriga kirishib ketgan boʻladi.
Dikkens insonning maʼnaviy qiyofasini keng qoʻl harakati bilan chizadi va u yaratgan manzaralarda jinday boʻlsa-da sanʼatga daʼvogarlik boʻlganida, ular bizga qizil rang buqaga taʼsir qilganday taʼsir qilardi.
***
Umumiy madaniy saviya roman yozishni oʻrgata olmaydi. Tor maʼnoda olingan maʼrifat soʻzi xayolot quvvatini rivojlantirishdan koʻra boʻgʻadi…
Soʻz tuygʻusini, nutq ohanglari va ranglarini sheʼr oʻqish va yaxshi proza asarini mutolaa qilish yoʻli bilan odam oʻzida oʻstirsa boʻladi, ammo yaxlit oladigan boʻlsak, bu narsa koʻproq tugʻma didga va musiqiy tuygʻuga bogʻliq. Kompozitsiya iqtidori ham tabiat tomonidan beriladi, ifodaning teranligiga toʻla ravishda erishiladi, ularni tashqaridan oʻzlashtirib olib boʻlmaydi, ularni faqat rivojlantirish mumkin…
Oʻqish va yozishni oʻrganib olgandan soʻng yozuvchi boshqalardan faqat bir narsani – qanday yozmaslik kerakliginigina oʻrganmogʻi mumkin. Uning haqiqiy murabbiysi – hayotning oʻzidir…
Zoʻrma-zoʻrakilik chinakam poeziyani barbod qiladi, negaki, chinakam poeziya shoirning oʻziga deyarli bogʻliq boʻlmagan holda kayfiyatdan va tuygʻudan tugʻiladi.
***
Turgenev tasvir sanʼatini benuqson va betakror egallagan edi, u mavzularni shu qadar chuqur oʻylab chiqar va har tomonlama pishitar ediki, ularni toʻgʻridan-toʻgʻri qogʻozga koʻchiraverish mumkin edi, holbuki, u obʼyektiv voqelikka bepisand qaramasdi, lekin shunday boʻlsa-da, uning badiiy tafakkurini belgilaydigan narsa faktdan koʻra koʻproq kayfiyat vositalari boʻlardi…
Uning hamma asarlari allanechuk hazin bir zavqqa chulgʻangan. Odatda shoirona tabiatga ega boʻlgan odam tabiat bilan yuzma-yuz toʻqnashganda shunday holatga tushadi.
***
Har qanday odamdan koʻproq darajada Mopassan bizni ortiqcha kitoblarimizni tashlab yuborishga oʻrgatadi. U har qanday odamdan ortiqroq darajada Floberning vasiyatiga amal qilgan edi: “Predmetni boshqa predmetlardan ajratib turadigan muhim farqlarini bilib olguningizga qadar va buni soʻzlarda ifodalay oladigan boʻlguncha oʻrganing!”.
…Ingliz romani maʼnaviy va texnik shogirdlik maktabini aynan Turgenevda va Mopassanda oʻtagan. Bunaqa maktabni har bir yosh yozuvchi u yoki bu keksa ustaning qoʻlida allanechuk ichki bir qardoshlikning daʼvatiga koʻra oʻtaydi.
***
Tolstoyning ijodiy qudrati tufayli bu kitob(“Urush va tinchlik”)ning har sahifasi hayron qolarli darajada mazmundor va yozuvchi muvaffaqiyatining siri ham shunda. Roman odatdagi asarlardan olti barobar kattaroq, lekin uning biror qismi choʻzilib ketmagan va kishini toliqtirmaydi, yozuvchi tomonidan yaratilgan insoniy ehtiroslar manzarasi, tarixiy hodisalar, ijtimoiy hayot, maishiy turmush manzaralari chindan ham juda ulkan…
“Tolstoyning uslubi” degan narsa, bu soʻzning tor maʼnosida olib qaraydigan boʻlsak, hech narsasi bilan ajralib turmaydi. Uning hamma asarlarida kitobxonga gapini qanday aytish tashvishi bilan emas, nimani aytish tashvishi bilan andarmon boʻlgan sanʼatkor shaxsining muhri yaqqol sezilib turadi…
Mahoratga berilgan son-sanoqsiz taʼriflar bor. Ularning yoniga yana bittasini qoʻshib, mahorat – yozuvchining oʻzi bilan kitobxon orasidagi toʻsiqni olib tashlash qobiliyatidir, desak, unda ular oʻrtasida yaqinlik vujudga kelgan hollardagina mahorat choʻqqilari zabt etiladi…
Tolstoy oʻzining ijodiy mayllariga ham, islohotchilik mayllariga ham butun vujudi bilan berilib ketadi. Tolstoy hech qachon suvni sinab koʻrmoq uchun avval bir oyogʻini, keyin ikkinchi oyogʻini tiqib koʻrib, sohilda turib qolmaydi, holbuki, bu hozirgi sanʼatning odatdagi zaifligiga aylanib qolgan. Hayotga va maʼnoga toʻliq sanʼat sanʼatkor oʻz mavzuiga toʻla-toʻkis berilib ketgan holdagina vujudga keladi. Sanʼatdagi qolgan narsa – yozish mahorati borasidagi mashqlardan oʻzga narsa emas…
Sanʼatkor butun vujudi bilan mavzuga berilib ketgan fursatda unda qanday ifodalasam ekan, degan masaladagi barcha gumonu shubhalar tumanday tarqab ketadi – ular oʻz-oʻzidan hal boʻladi va, qarabsizki, durdona asar yaratiladi…
Gʻayrishuuriy tarzda toʻplangan tajriba va taassurotlar zaxirasi boʻlmasa, qanchadan-qancha isteʼdodlar nobud boʻlib ketadi. Qanchadan-qancha yozuvchilar tegirmonda hech vaqo boʻlmasa ham yogʻ chiqarishga urinib yotadilar…
Sanʼat asari tabiat va insonni xuddi Yevrepid dramalari yoxud Turgenev romanlari yangligʻ tasvirlashi mumkin, yoki boʻlmasa, Andersenning ertaklari yoxud “Yoz tunidagi tush” kabi fantastik xarakterga ega boʻlishi mumkin. Bunday asarlar toʻgʻrisida gapirganimizda, biz modani esimizdan chiqaramiz.
***
Insonning tabiati shu darajada sekin oʻzgaradigan narsa boʻladiki, ming yil muqaddam oʻtgan narsa ham uning uchun kuni kecha roʻy bergandek koʻrinadi. Shuning uchun kitobxon Choser zamonida qanday boʻlsa, bugun ham xuddi shunday syujet bilan xarakterni talab qilaveradi…
Ayni chogʻda, komil ishonch bilan aytamanki, hozirgi kunda boʻtqa adabiyot deb atasa boʻladigan, shakli yoʻq, shaklsizlikdan doimo liqillab turadigan adabiyot asarlari oʻttiz yildan keyin xotiralarda hech qanday iz qoldirmay gʻoyib boʻlib ketadi, hatto ularning nomlari ham esda qolmaydi.
***
Kitoblariga qarab Dyumaning oʻzining allanechuk gʻarazlari bormi-yoʻqmi – bilib boʻlmaydi, xuddi shuningdek, unda avvaldan pishib qolgan oʻz qarashlari yoxud biror falsafiy tizimi bormi-yoʻqmi – buni ham aniqlash amrimahol…
Uchar etigimizni oyoqqa ilaylig-u, Dyumadan rus yozuvchisi, har qanday zamondoshlarimizdan koʻra bizga zamondoshroq boʻlgan Chexovga oʻtaylik…
Mening fikrimcha, soʻngi yigirma yil mobaynida bir necha mamlakatda yosh yozuvchilar uchun Chexov eng qudratli ohanrabo boʻlgan edi. U juda katta adib edi, biroq uning taʼsiri koʻproq zaiflashtiruvchi xususiyatga ega boʻldi. Gap shundaki, uning uchun yengilday boʻlib tuyiladigan bir usul bilan ishlamoq tabiiy edi, ammo amalda tekshirib koʻrganda bu usul Gʻarb yozuvchisi uchun juda qiyin boʻlib chiqdi.
***
Kezi kelganda bir narsani soʻrab olay – sezganingiz bormi – fojiiy voqealarni tasvirlaydigan yozuvchilar odatda oʻta sogʻlom odamlar boʻladi. Ruslar bu hisobga kirmaydi, ular hamisha oʻzlari his qilib turgan narsalarni tasvirlashadi, bizga – Gʻarb odamlariga esa boshqacha sifat xos: biz doimo oʻz tuygʻularimiz va sezgilarimizga teskari boramiz. Biz agar oʻzimizni yomon his qiladigan boʻlsak, ijodda yumorchi boʻlib olamiz yoki jilla boʻlmasa, romantik boʻlamiz…
Biz hammamiz limuzinlar va samolyotlar degan joyda aqlimiz shoshib qoladigan boʻlib qoldik. Romantik adabiyotga mashinalar suqilib kirib oldi – miyangda mashina guvillab tursa, qulogʻingga nay navosi kirmas ekan.
***
Hech qanday gap-soʻzlar bilan muallifga yoki uning kitobiga obroʻ orttirib berib boʻlmaydi. Men qoʻlimga qalam olgandan beri oʻtgan oʻttiz yil mobaynida oʻnlab kitoblar toʻgʻrisida gap-soʻzlar boʻlgan, ularni goʻyo mangu umr koʻradigan asarlar sifatida baholab bahs yuritishgan, bugun esa goʻyo u kitoblar, umuman hech qachon boʻlmagandek, paqqos unutib yuborildi.
Ozod Sharafiddinov tarjimalari asosida tayyorlandi.
“Yoshlik”, 2016 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/ijodkorning-haqiqiy-murabbiysi-hayot/