Ishdan kelgan Ochil bobo bolalari qurshovida kechki ovqatga oʻtirdi. Odatga koʻra toʻngʻichidan kundalik yumushlar, uka va singillarining yurish-turishi haqida soʻroqladi.
Javobdan koʻngli toʻldi, shekilli, chap tirsagiga yostiqni tirab kattasiga yana soʻz qotdi:
– Ashurali oʻgʻlim, niyatingdan qaytmadingmi?
Otaning qatʼiy savoliga toʻngʻich oʻgʻil dadil javob qaytardi:
– Yoʻq, ota. Men, albatta, jurnalist va yozuvchi boʻlaman. Duo qiling, ota, niyatimga yetay.
Besh oʻgʻil va besh qizni oq yuvib, oq tarayotgan Ochil bobo oʻgʻlini chin dildan duo qildi. Yoz oqshomi osmonida porlab turgan yulduzlar ham oʻn yetti yoshli oʻspirin niyatiga xayrixohdek har kungidan charogʻon miltillardi.
Yillar ota duosini oʻz kaftida ulgʻaytirdi. Shu qatorida poytaxtga ilm va ijod istab kelgan yosh qalamkash orzulariga qanot berdi. U oʻqidi, izlandi. Tinimsiz qalam tebratdi. Natijada ijod uning umr mazmuniga aylandi. Bugungacha kechgan qizgʻin faoliyati mobaynida qalamni chin doʻst bildi, unga hayotini bagʻishladi.
Yozuvchi va publitsist, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ashurali Joʻrayev oʻnlab shogirdlari qurshovida umrining ana shu lavhalarini yorugʻ xotiralar bilan yodga oladi. Biz, yosh ijodkorlarga sohaning sir-asrorlarini oʻrgata turib, “Ijodkorni faqat qalami tanitadi”, deya takrorlashni kanda qilmaydi. Bu boradagi oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashadi.
Ashurali Joʻrayev bilan “Gulxan” jurnali tahririyatida birga ishlagan yillarimni hozir katta sogʻinch bilan eslayman. Hech ikkilanmay aytishim mumkinki, shu yillar hayotimga oʻzgacha mazmun baxsh etdi. Bugun yurak yutib rostini aytadigan boʻlsam, ustozning qattiqqoʻlligi va oʻz oʻrnida gʻamxoʻrligidan dunyoni va ijod sirlarini tushunib bordim. Dilkash suhbatlaridan zavqlandim, shu bilan birga oʻzim uchun hayotiy xulosalar yasadim.
Talabchan muharrir 2007–2013 yillarda respublika bolalar nashri – “Gulxan” jurnaliga rahbarlik qildi. Shu vaqt davomida haqiqiy bolajon ijodkor hamda katta tashkilotchi, mehribon inson ekanligi bilan biz yoshlarga oʻrnak boʻldi. Ayniqsa, jamoadagi barcha yosh ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlardi. Ularning barcha muammosiga oqilona yechim topardi. Ana shunday damlarda ustozning mulohazakorligi, yuzaga kelgan har bir muammoga bosiqlik bilan odilona yondashishi, samimiyati va ezgu nasihatlari kasbimga, hayotga boʻlgan ishtiyoqimni oshirib borardi.
Ustoz – bolajon inson. Tahririyatga oʻzining biror ijodiy mashqini koʻtarib kelgan jajji qalamkash borki, koʻngli togʻdek koʻtarilib ketardi. Avvaliga shundoq roʻparasida turgan bosh muharrirning salobatidan hayiqsa-da, qisqa muddatda shirinsuxan ustozning haqiqiy doʻstiga aylanardi. Ustoz bolaga bola tilida gapirar, maslahat berardi. Hech bir oʻquvchining mashqlariga tezda munosabat bildirishga oshiqmasdi. Ularga katta ijodkorlardek muomala qilib kuzatib qoʻyishlari hayrat va havasimni orttirardi. Bosh muharrir xonasiga kirgan bolakay borki ustozning mehri – shirinliklardan bebahra qolmasdi.
Ustoz Ashurali Joʻrayev hozirda “Oʻzbekiston” NMIU direktorining nashriyot ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan boʻlsa-da mudom bolalar nashrlari bilan birga. Endi nafaqat “Gulxan”, balki boshqa bolalar nashrlari – “Gʻuncha” jurnali, “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalarining ham chinakam maslahatgoʻyi, fikrdoshi.
Biror kishiga mehr qoʻydingmi, uning tugʻilib voyaga yetgan uyi mudom sen uchun qiziq, sirli. Oʻtgan yili ijodiy safar bilan ustozning kindik qoni toʻkilgan, Navoiy viloyati, Karmana tumanida joylashgan Jaloyir qishlogʻiga borganimda, avvalo, u kishi ulgʻaygan hovlini ziyorat qildim. Katta ijodkorning oʻyinqaroq bolaligi oʻtgan yoʻllarni, bogʻlarni kezdim. Qayga bormay, goʻyo Ochil boboning oʻn qorakoʻzi atrofimda chopqillab yurgandek boʻladi. Hovlidagi daraxtlar, oʻt va maysalar ustoz haqida yana nimalardir hikoya qilib bermoqchidek shamolga monand tebranib qoʻyadi. Koʻchaga yuzlanib, Jaloyirning dilkash va sodda odamlari bilan suhbat quraman. Kattagina hududni egallagan qishloqning qay bir kishisi bilan gaplashmang, tanangiz huzur topadi. Hamrohimiz – tuman xalq taʼlimi boʻlimi xodimi Shahodat opa Hamidova Ashurali Joʻrayevni nafaqat qishloqning, balki tuman, viloyatning faxriga mengzaydi. “Yuring, sizni ustoz tahsil olgan qishloqdagi 14-maktabga olib boraman. Soʻzimning tasdigʻini oʻsha yerda koʻrasiz”, deya yoʻl boshlaydi. Mustaqillik sharofati bilan zamonaviy tusga kirgan bu taʼlim muassasidagi iqtidorli yoshlar bilan uchrasha turib, Shahodat opaning eʼtirofi samimiyligiga amin boʻlamiz. Ustozni oʻz maktabining chinakam iftixori deb biladigan oʻquvchilar u kishidan xalqiga, yurtiga mehnati singadigan inson boʻlib yetishish uchun sidqidildan oʻqimoqda, izlanmoqda. Maktab direktori Narzulla aka Rahmonov bu yerdagi ustoz yoʻlga qoʻygan ajoyib anʼana haqida shunday deydi:
– Ashurali aka oʻzi oʻqigan kitobni juda yaxshi koʻradi. Shu sababli qayga borsa, avvalo, kitob bilan hamqadam yuradi. Bir necha yillar oldin maktabimizga kelganida oʻquvchilarimizning kitobga boʻlgan mehri va ishtiyoqini koʻrib, sevinib ketdi. Va ularga oʻz shaxsiy kutubxonasidan sovgʻalar ulashdi. Shu-shu odat boʻlib qolgan: Ashurali aka qachon maktabimizga kelsa qoʻnji toʻla kitob. Jajji kitobsevarlarning quvonchini koʻrib, oʻzi ham yosh boladek sevinib ketadi.
Ustoz uzoq yillik ijodiy faoliyati davomida koʻplab badiiy, publitsistik asarlar yaratdi va yaratmoqda. Ayniqsa, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida mehnat qilgan 1983–1996 yillar davomida haqli ravishda xalqimiz mehrini qozondi. Oʻzining dolzarb muammolarga bagʻishlangan oʻnlab maqolalari bilan minglab mushtariylar hurmatiga sazovor boʻldi. Oʻz kasbiga fidoyi A. Joʻrayev respublikaning barcha hududlarida boʻlib, bir nechta jurnalistik surishtiruvlari olib bordi. Turli xatarlarga tik borib, muammoning tub ildizlarini aniqlashda jonbozlik koʻrsatdi. Birgina “Hamqishloqlarimga maktublar” nomli sonma-son eʼlon qilib borilgan chiqishlari natijasida xalqimiz dunyoqarashi boyishiga va madaniyati oʻsishiga turtki berdi. “Hamqishloqlarimga maktublar”ning keyingi sonlarini kutib yashaydigan odamlar keyinchalik oʻz hayotidagi muammolar haqida tahririyatga tinimsiz xat yoʻllay boshladi. Mazkur tashabbus natijasida xalqimiz hayotidagi koʻplab muammolarga ijobiy yechim topildi.
A. Joʻrayev 1997–2007 yillar mobaynida “Mushtum” jurnali va “Afandi” gazetalariga rahbarlik qilish asnosida kasbiy eʼtiqodiga sodiq qoldi. Jamiyatdagi muammolarga endi satirik usulda yondasha boshladi. Ustozi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, mashhur hajvchi Neʼmat Aminov ijodiy yoʻlini yanada boyitdi. Bu sohada koʻplab ijodkorlar yetishtirdi. “Gulxan” jurnalining “Muharrir suhbati” rukni ostida ham koʻplab dolzarb mavzularni koʻtarib chiqdi. “Shogird boʻlish osonmi?”, “Ahvol qanday obunachi?”, “Musiqa va tarbiya”, “Nima oʻqiyapsan, bolakay?” kabi yoshlar maʼnaviyati va taʼlim-tarbiyasi, mamlakatimiz maktablari hayotiga doir bir qancha maqolalari yurtimiz oʻquvchilari orasida bahs-munozaralar uygʻotdi. Yuzaga kelgan toʻsiqlarni bartaraf etdi.
Ustoz A. Joʻrayev “Yoʻl boshida” (toʻplam, 1985), “Toshbaqalar poygasi” (1986), “Yurak boʻronlari” (1989), “Oʻq uzgan kim?” (1994), “Senga koʻngil bersam” (1999), “Dil gavhari” (2001), “Tanimading-a?” (2005), “Sahifaga sigʻmagan satrlar” (2008), “Maysalar uygʻongan tong” (2010), “Onajon” (toʻplam, 2013), “Konvert odam” (2015) kabi badiiy va publitsistik asarlari orqali bugun minglab, millionlab muxlislariga ega. Bir oʻgʻil va uch qizni voyaga yetkazib elga qoʻshgan ustoz hozirgi vaqtda oʻn nafar shirin-shakar nabiraning sevimli bobojonisi. Anvar, Akbar va Feruzaxonlar bobosidan har kech biror saboq olmasa uyquga koʻz yummaydi.
Oʻz kasbining chinakam fidoyisi, soʻz va hajv ustasi, biz kabi shogirdlarining jonkuyar maslahatgoʻyi, mehribon ustozimiz Ashurali Joʻrayev bugun umrining oltmishinchi dovonini qarshi olmoqda.
Ustoz! Shunday muborak kunda Sizni barcha shogirdlaringiz nomidan samimiy tabriklaymiz. Ilohim, mana shu shahdingizga, mehnatsevarligingiz va ijodingizga koʻz tegmasin. Umringiz uzoq boʻlsin, mehribon Ustozim!
Farhod Eshmoʻminov
“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016 yil 4 avgust sonida chop etilgan.
Manba: soglom.uz
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ijod-lahzalari-saodati/