Yorugʻ kunlar
Osmon yogʻdularning ravshan koʻyida
Chechaklar kiprigi sevinchga toʻlib,
Hakkalab chopadi ariq boʻyida
Qoʻl choʻzar zilol suv qiqirlab kulib.
Rangin ziyolarga toʻlmoqda olam,
Munavvar kunlarning boshi yorugʻdir.
Oltin qoʻshiqlarga toʻldi dalalar,
Tomlarning boshida qizgʻaldoq – tugʻdir.
Chumoli karvoni oʻraydi togʻni,
Qamal qilmoqlari choʻqqini hechmas.
Bulbullar ijara olurlar bogʻni,
Roʻmolli uyatchan gullardan kechmas.
Kelar
Bahor yomgʻiridan qor hidi kelar,
Iforlar ichindan yor hidi kelar.
Koʻnglimga qarasam, jurʼati yoʻqdir,
Nogoh rostin desam, dor hidi kelar.
Dilimni yorurgʻa soʻzlarim qani,
Koʻngulning choʻlponi – koʻzlarim qani,
Men qayon borurman, boʻzlarim qani,
Jomimga boqurman, zor hidi kelar.
Men surat chizurman, dilimga surat,
Siyratim suvrati topmadi surʼat,
Tilagim qiynaydi: qon bilan sur xat,
Yoʻqsa, aʼmolingdan xor hidi kelar.
Men tunlar titrabon unsiz kuylayman,
U bilan tuproqni tinsiz oʻylayman.
Tasallo tinglayman, koʻkka boʻylayman:
Oshiq boʻylaringdan nor hidi kelar!
Men esa yoʻqman
Bir baxt yashar, koʻzing qamashar,
Moviy oʻlka, bir nufuz ichra.
Bir taxt yashar, koʻrmagan bashar,
Bir kuy ichra, bir shoh soʻz ichra
Men esa yoʻqman…
Bir ulkan qishloq bor, oqqushlar qoʻnar –
Ulkan koʻllari tor, nilufar unar,
Sovuqlar gullaydi, issiqlar koʻnar,
Men esa yoʻqman…
Bir jajji shahar bor – bu ulkan olam,
Alamdan qochganning bari shunda jam,
Bulbullar yelkangga qoʻnib olar dam,
Men esa yoʻqman…
Bir kuychi kuylaydi, yuragi billur,
Yurtdoshlari uni sulton deb bilur,
Sultonlari qulday qulogʻin ilur,
Men esa yoʻqman…
Sen bunday qarama, doʻsti vafodor,
Men senga hech qachon bermasman ozor,
Sen boʻlmagan joylar menga xoru tor,
Men esa yoʻqman…
Kim kimning koʻksini nishon ataydi,
Gʻiybat bozorida pichoq qadaydi,
Bir toʻp tovlamachi meni aldaydi,
Men esa yoʻqman…
Bir oʻchoq boshida qaynaydi choydish,
Bir qoʻlni, bir dilni kuydirar emish,
Necha yil yoʻl qarar Mushtipar, Xomush,
Men esa yoʻqman…
Bir yoʻl bor – pokiza, ozoddan ozod,
Chorlagan hayot bor, hayotdan hayot,
Oʻh, qachon ixtiyor qilurman, hayhot,
Men esa yoʻqman…
Qaydadir kuylaydi moviy bedazor,
Qushlar tovlanadi, shamollar zangor,
Bu buyuk tomosho, soʻlmas bemador,
Men esa yoʻqman…
Barchasi oʻtadi, foniydir bari,
Jamuljam boʻlarmiz, biz yoshu qari,
Demaylik, Shafoat Kuni doʻstlarim:
“Men esa yoʻqman!”
Bu tun
Bu tun qaro kukundir,
Kunduzning parchalari.
Zarralari oʻtindir,
Qora gulxan – tun qaʼri.
E voh, butun sirga moʻl,
Yondi yostiqday kitob.
Qop-qora boʻlar ovul,
Kuydi nur, kuydi oftob.
Qora it qora hurar,
Oq it ham hurar qora.
Bilinmaydi, yugurar,
Buqalar tortar naʼra.
Butun boʻlarmi butun,
Zilzilaga oʻxshash hol.
It koʻzi – qora uchqun,
Tun tusida zoʻr shamol.
Daraxtlar yugurganday,
Koʻp oldinga engashib.
Yulduzlarni turtganday,
Oy bulutga ergashib.
Qora bulut, qora oy,
Koʻrinmaydi hoynahoy.
Tilsimlangan tun bu tun,
Hayvon… nobodod… shovqin.
Boʻrilar tinmay uvlar,
Itlar mushukni quvlar.
Tilsimni boshga tortib,
Odamzod uxlar qotib.
Ozodlik
kimga nafassizlik
kimga nafasdir
birovga qafassizlik
birovga qafasdir.
Quyosh
naq shaharning ustida
charchar
shahardan qarasang.
Buloq
bilan bulbulning
qarindoshligi bor
ikkovi ham gul poyin
hoʻl qilar.
Aylanar
Teran boq, tegrangda zamon aylanar,
Bu zamon bagʻrida imkon aylanar.
Aylanar shamollar, quyunlar baʼzan,
Goh vatan qoʻynida vijdon aylanar.
Aylanib oʻrgilar millat deb doʻsting,
Koʻzingni katta och, shamdon aylanar.
Oʻzingdan gina qil, yorishmasa yoʻl,
Gar oyoq tortmasa, chandon aylanar.
Boshni tutaverma mudom zarbaga,
Bosqon tushaversa, sandon aylanar.
Yoʻldosh, top, Haq izla, aylanmaydi Haq,
Uning amri bilan jahon aylanar.
Har kun
qancha non ketar
qancha pul
shuncha odamga
shukr
baʼzan pul boʻlmasa-da
non bor
pul boʻlib non boʻlmasa yomon
bir odam bor
puli koʻp
puli koʻp
non yemas
faqat asal yer
faqat asalni
kasal yer
balki yer ham nenidir yer
tejab yesa boʻlardi faqat.
Ixtiro
Qoʻzichoq boqib yurardim
buzoq boqib yurardim
uzoq boqib turardim
osmonga…
baʼzan ketib qolardim
togʻlar tomonga
qoʻzilarni, buzoqlarni haydab
xavotir olardilar
bobom, katta otam, amakim,
sakkizdami toʻqqizda edim
qoʻl telefon boʻlsa derdilar
orzulardilar
umid qilardilar balki mendan
kista telefon boʻlsa
takrorlar edilar nuqul
balki ukamdan kutardilar
balki oʻlkamdan kutardilar
orzular ushaldi
umidlar bosh koʻtardilar
xayol ketar
bosh qolar
bizlar faqat orzu qilamiz
ixtiro qiladi
boshqalar.
Yoʻldosh Eshbek
1950 yili tugʻilgan.
Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Sogʻinib yashayman”, “Yuksak daraxtlar”, “Moviy turnalar”, “Yaxshilikka qarayman”, “Daraxtlar ertagi”, “Hayot chechagi”, “Mangu masofa”, “Qizgʻaldoqlar oralab” kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan.
“Yoshlik”, 2018/5
https://saviya.uz/ijod/nasr/iforlar-ichindan-yor-hidi-kelar/