Post Views:
515
Har bir ijodkorning bu dunyoga kelib aytadigan bir so‘zi bo‘ladi. Bu so‘z xalq g‘ami, ulus dardi bilan hamohang bo‘lsa, uni el ma’qullaydi. So‘z aytguvchini o‘ziga do‘st tutadi, unga mehr qo‘yadi, ulug‘laydi.
O‘zbekning o‘z shoiri – Turdi Farog‘iy el dardini aytolgan, el suygan shoirlardan edi. Shu sabab uni el tanidi, ardoqladi.
Ko‘pchilik Turdi Farog‘iyni qo‘yidagi misralari bilan eslaydi:
Top ko‘ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbek yurtidur, tenglik qiling…
Moziyga xolis nazar solsak, manmanlik, urug‘ ajratish, millatchilik, mazhab talashish kabi jamiyatga xavf soluvchi illatlar millatimiz birligiga asrlar davomida raxna solib kelganini ko‘ramiz. O‘zbek xonlari va beklarining o‘zbilarmonligi, obro‘ va taxt talashlari sabab yurtda tinchlik bo‘lmaganligi, bundan esa doim el aziyat chekkanini anglaymiz. Bugun ham bu illat yurtimizni oralab yuribdi. Mansabdorlar, boylarning xudbinligi, mahalliychiligi, urug‘ ajratishi, oshna-og‘aynilariga yon bosishi sabab elning kosasi oqarmaydi. Beixtiyor, «nahotki, bu illat bizni hech tark etmasa?» deysiz. Bu savol har bir tafakkur qiluvchi insonni o‘yga toldiradi. Turdi Farog‘iyning “kenglik”, “tenglik” degan so‘zlarini yodga solaveradi.
Turdi Farog‘iy o‘zbekning yuz(juz) urug‘idan. Yuz urug‘i o‘zbekning 92 bovidan biri. Yuzlar ko‘proq Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Tojikistonning So‘g‘d va Qo‘rg‘ontepa viloyatlari, Afg‘onistonning shimoliy hududlarida istiqomat qilishadi. Turdi Farog‘iy asli Jizzaxning yuzlaridan. Manbalarda keltirilishicha yuzlar dastlab harbiy birikma sifatida shakllangan ekan. Turdi Farog‘iyning ilk kasbi ham harbiylik bo‘lgan. Shoir Buxoroda madrasada o‘qib, yetarli darajada ta’lim olgach, sipoh bo‘lib xizmat qiladi. Abdulazizxon saroyida yuz urug‘ining siyosiy mavqega ega arboblaridan bo‘lib yetishadi.
Abdulazizxon – O‘zbek xonlari orasida eng yaxshilaridan bir edi. Uning otasi Nodir Muhammad taxtga o‘tirgach, atiga uch yilda mamlakatni porakanda qilib tashladi. Yurt unga bo‘ysunmadi. Xo‘jand shahrida boshlangan isyondan so‘ng butun mamlakatda norozilik kuchayib, qo‘shinlar orasida ham ishonchsizlik keltirib chiqardi. Beklarni va siyosiy kuchlarni birlashtira olmagan xon Balxga qarab qochishga majbur bo‘ldi. Xonning bunday subutsizligi sabab, o‘z farzandlari ham unga bo‘lgan ishonchlarini yo‘qotgan edi. Ayni sabab bilan Abdulazizxon davlatni saqlab qolish uchun melodiy 1645 yilda Xo‘jandda o‘zini xon, deb e’lon qildi va taxtni egalladi. Nodir Muhammad Balxda o‘zini himoya qilish uchun avval Boburiy sulton Shohjahondan, so‘ngra esa Safaviylardan yordam so‘radi. Shohjahon unga yordam berishini bildirdi, ammo uning maqsadi Nodir Muhammadga ko‘mak berish emas, balki uning o‘zini qo‘lga olish, hamda Balxga egalik qilish edi. Shohjahondan yordam kutgan xonning umidlari puchga chiqib, do‘st kim, dushman kimligini bilolmay yurtni tashlab Eronga, Safaviylar yoniga qochib ketadi.
Shu davrda Turdi sipohlik qilar, barcha voqealarni ichidan kuzatar edi. Nodir Muhammad davrida o‘zbek urug‘lari o‘rtasida kim o‘zarga bahslashishlar ko‘paygan, saroyda ham, qo‘shin orasida ham, ovul va qishloqlarda ham bu xol sezilardi. Urug‘lar oqsoqollari xonni mamlakatni boshqarishni eplay olmayotgani uchun ayblar, unga bo‘ysungisi kelmasdi. Shu sabab shoir ularni birlikka chaqirdi:
Birni qipchoq-u xito-yu, birni yuz, nayman demang,
Qirq-u Yuz, Ming son bo‘lub bir jon oyinlik qiling.
Turdi Farog‘iy ijodida Abdulazizxon davri ijobiy yondashuv bilan qalamga olinadi. Chunki Abdulazizxon taxtga o‘tirgach otasidan qolgan tarqoq davlatni darrov tiklab, odamlar ishonchini qozonishni boshladi. Tez orada Shohjahonni va safaviylarni yurtdan quvib chiqardi. Siyosiy islohotlardagi aniqlik va qat’iyligi sabab beklarni o‘ziga qaratib, siyosiy muvozanatni yaxshiladi. Rossiya va usmonli turklar bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Savdogarlar ko‘magida ichki va tashqi savdoni kuchaytirdi. Aholi yashashi va ishlashi uchun erkinliklar yaratdi.
Abdulazizxon kuchli, jasur va bilimli odam edi. U diniy bilimlar bilan birga dunyoviy fanlarni, ayniqsa matematika fanini chuqur o‘zlashtirganini ta’kidlashadi. Shu sababli u ilm va fanni rivojlantirishga ham e’tiborni kuchaytirdi. Abdulazizxon ilk bora Buxoroda eng chiroyli xattotlik namunalaridan to‘plangan bebaho kutubxona tashkil qildi. Olimlar, dindorlar va shoirlar uchun nafaqa belgilab davlat himoyasiga oldi. Shu davrda yirik shaharlarda, bekliklar markazlarida madrasalar, masjidlar, kutubxonalar qurilib, ta’lim tizimi rivojlantirildi. Mamlakatning chekka qishloqlaridagi yoshlar ham madrasalarga jalb qilinib, keng ma’rifiy islohotlar o‘tkazildi. Milliy nizolar va mazhab talashishlar bartaraf etildi. Bu paytda Turdi Farog‘iy saroyda xizmat qiladi. Toki, Abdulazizxon taxtda o‘tirar ekan Turdi ham saroyni tark etmaydi.
Abdulazizxon o‘zining odilligi va ma’rifatparvarligi bilan yurtni o‘ttiz besh yil boshqarib, bu davrda el ishonchini qozondi. Ammo mamlakatning chegara hududlariga Xiva xonlari va qozoqlar tomonidan bo‘layotgan tinimsiz bosqinlar, ayniqsa ukasi – Balx xokimi Subhonqulixon bilan bo‘lgan kelishmovchiliklar aholi o‘rtasida turli noroziliklarni keltirib chiqaradi. Ayni sabab bilan u 1681 yilda taxtdan voz kechadi. Uning o‘rniga esa ukasi Subhonqulixon taxtga o‘tiradi. Ma’rifat va ibodatni xush ko‘radigan Abdulazizxon hech ikkilanmay taxtni topshiradi va darveshona kiyim kiyib Haj safariga otlanadi. Uning bunday tarzda taxtni topshirishi dunyo ahlini hayron qoldiradi. O‘sha davr tarixchilaridan Xo‘jamquli Balxiyning yozishicha Sulaymon Safaviy Eronda uning yo‘liga poyondoz to‘shab kutib oladi. Kutib olish marosimida ikki chaqirim joyga tillorang zarlar bilan bezalgan gilamlar to‘shaladi. Nog‘oralar, karnay va surnaylar yangrab turadi. Eron shohi esa dabdabali kiyingan otliq suvoriylar kuzatuvida Abdulazizxonning oldiga peshvoz chiqadi. Xon uchun tillo egar o‘rnatilgan, yuganiga durlar terilgan, yopinchig‘i va anjomlari yoqut va la’l bilan bezatilgan ot keltiriladi. Har ikkala xukmdor otga minishadi. Shunda odamlar ko‘radiki, eng qimmatbaho anjomlar bilan bezatilgan ot ustida kanopdan to‘qilgan oq yaktak kiygan Abdulazizxon mag‘rur o‘tirardi.
Abdulazizxon taxtdan ketgandan so‘ng, Subhonqulixon ham yurtda o‘z bilganicha islohotlar olib boradi. Mamlakatga Xiva xonlari va qozoq xonliklari tomonidan uyushtiriladigan tashqi bosqinlarga barham beradi. Boburshohning nevarasi Avrangzeb bilan diplomatik aloqalarni tiklaydi. Ammo shu bilan birga saroyda ham islohot o‘tkazib, ko‘plab amaldorlarni quvg‘in qila boshlaydi. Amaldorlarni tez-tez almashtirishlar poraxo‘rlikning rivojlanishiga olib keladi. Amal talashuvlar sabab yurtda millatchilik va urug‘chilik kabi illatlar avj oladi. Natijada yangi hukumatga qarshi norozilik kayfiyati kuchayib xalq isyon ko‘taradi. Shoir Turdi ham 1685 yilda ro‘y bergan ushbu isyonda faol ishtirok etadi. Xon tomonidan isyon bostirilgach esa saroydan ketib, Xo‘jand atrofida tushkunlikda va muhtojlikda kun kechiradi. O‘zini ijodga bag‘ishlaydi.
Turdi Farog‘iy boshqa shoirlardan farqli o‘laroq jamiyat muammolarini teran his qiladi va oqilona yorita oladi. Subxonqulixon yuritgan siyosatning asoratlarini o‘z davrida jasorat bilan tanqid ostiga oladi. Xon taxtga o‘tiriboq akasi Abdulazizxon tarbiya qilgan ilmli, ishbilarmon va vijdonli mulozimlarni ishdan olib, ularning o‘rniga ilmsiz, johil va tuban xulqli kishilarni mansabga qo‘yganligi uchun ayblaydi. Saroydagi fitnalarni ochiq tanqid qilib, amaldorlarni zulm va kufrda ayblaydi. Nomlari islomiy bo‘lsa-da, amali kofirlar amali ekanini baralla aytadi:
Bir sari azm ayla, joyi nomusulmondur bu mulk,
Fitnai avbosh, zulm-u kufru tug‘yondur bu mulk.
Bir kalima hurmatidin lek islom oti bor,
Mutlaqo kirdori xayli kofiristondur bu mulk.
Shoir mazhab talashishlar va musulmonlarning ixtiloflarini tasvirlar ekan o‘zbek elini guruhbozlikka berilishda va vaz’ uqmas xolga kelganini bildiradi. Ammo shunda bo‘lsa-da, Subhonqulixon o‘zini musulmon sanashi va elini tilda farovon qilib ko‘rsatishini hajv qalami bilan tanqid ostiga oladi:
Dur ahdu tang chashm-u besar-u ya’juj vaz’,
Muxtalif mazhab guruhi O‘zbakistondur bu mulk.
Naqdi jon bersang topilmas istasang bir zarra aysh,
Mehnatu anduhni so‘rsang, farovondur bu mulk.
Joyi islomu musulmonlig‘, Farog‘iy, istama,
Poytaxti kishvari Subhonqulixondur bu mulk.
Turdi Farog‘iy «Subhonqulixon to‘g‘risida hajviya» nomli asarini 1691 yilda bitgan. Ungacha olti yil yurtni sarson kezib yurgan shoir xalqning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Fuqaroning ahvolini achinish bilan bayon etib, amaldorlarni aqlsizlikda ayblaydi;
Fuqaro boshig‘a yetdi bu aqlsiz shumlar,
Hamdami shoh bo‘lub ahli tahakkum bumlar,
Qani bir er chiqib aylasa ma’dum humlar,
Yurtni boshini chaynab yedi bu bedumlar,
Solsa bu ahmaq guhxo‘rlari bo‘yniga tuzoq.
Subxonqulixon davrida dinga amal qilish ham izdan chiqadi. Hojilik riyoga aylanadi. Shoir “Musulmon bilma aslo hech mazhab yo‘lida o‘zbak” deb boshlanadigan she’ri orqali ularning kirdikorlarini ham hajv qiladi:
Musulmon bilma aslo hech mazhab yo‘lida o‘zbak,
Bularning kufrig‘a bil-ittifoqi jumla yo‘qdur shak.
Ne mazhab, qaysi din o‘z mulkin o‘zi xarob etgay?
Erurlar mufsidul-arz az azal bu firqai badrak.
Atolur hoji kofir Makka borib haj qilib kelsa,
Ki hargiz o‘zga bo‘lmas haq yo‘lin yurgan bilan eshshak.
Ko‘rub zohirda oni shayxu so‘fi e’tiqod etma,
Kirib masjidga chiqmak birla go‘ng yemakni quymas sak.
Beklar va to‘ralarning elga solgan jabrini ko‘rib ularni “ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar” beklar deya ataydi. Ularni payg‘ambar shariatiga xilof ish tutishda ayblab, yurt xoli uchun achinadi. To‘ralarning bu dunyoga mehmon ekani ammo el rabot ekanini uqdirmoqchi bo‘ladi:
Ey yuzi qora, ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar beglar
Bilingiz bu so‘zimi pandi sarosar, beglar
Aylangiz payravi shar’i payambar, beglar
Sizga darkor bu yurt, ey gala zanglar, beglar
Bu qadim naql erur: el rabot-u to‘ra qo‘noq.
Subxonqulixon humronligi davrida urushlar kuchayib, e’tibor ko‘proq harbiy beklarga beriladi. Urushlar xalqqa ziyon yetkazsa-da, undan harbiy beklar naf ko‘rar edilar. Shuning uchun ular xonni urushlarga chorlar, xon esa ular bilan ulfatchilik qilar edi. Buning oqibatida Abdulazizxon yaratib ketgan ma’rifiy tizimga putur yetar, olimlar obro‘sizlanib, ahli kibrlarning mavqei ortib borardi. Bu xususda shoir:
Shoh hambazm o‘lub hojasarolar bila yor,
Hukmi bir aks surub bo‘ldi yomonlar sardor,
Xor o‘lub olim-u rind-u fuzalo birla kibor,
Ko‘ringiz yurtni ishi topti na yerlarga qaror,
Xon jilavini iki um valadga berib bo‘ldi inoq.
-deya achinish bilan ma’lum qiladi.
Subxonqulixon aslida o‘zi ham ilmli odam edi. Hatto “Ihyo at-tibbi Subhoniy” (“Subhoniy tibbiyoti bo‘yicha davolash”), “Lubb ul-lavoih ul-qamar fil-ixtiyorot” (“Baxtli soatni aniqlashda oy manzillarining mohiyati”) nomli ilmiy nujumga oid risolalar, Nishoniy taxallusi bilan she’rlar ham yozadi. Subhonqulixon tomonidan Balx va Buxoroda ko‘plab masjidlar, madrasalar barpo etiladi. Buxoroda “Dorush-shifo” kasalxonasi tashkil etiladi. Ammo uning hukmronligi davrida markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun soliqlar miqdorini oshirib, qo‘shinini ko‘paytirganligi sabab oddiy xalq qiynalib qoladi. Shu sababli Turdi Subhonqulixonni johil xon sifatida ko‘radi.
Turdi Farog‘iy o‘zi yashagan davr hukmdorini tanqid tig‘i ostiga olib, ma’rifat uchun kurashgan sanoqli shoirlardan biri edi. Uning yozgan hajviy asarlarida xonning nomi tilga olingani bois, o‘z davrida chop etilishi ham mushkul kechgan. Shu sababli bo‘lsa kerak uning merosi bizgacha to‘liq yetib kelmagan. Shunday bo‘lsa-da, Turdi hajviy yo‘nalishda o‘ziga xos ma’rifiy maktab yarata oldi. Turdi Farog‘iyning bu boradagi jasorati keyinchalik o‘zbek adabiyotida ma’rifatparvarlik yo‘nalishining shakllanishi uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Keyinga davr ijodkorlarida uning she’rlaridagi tanqidiy ruh o‘z aksini topib, jamiyatning ijtimoiy-ciyosiy muammolarini yorita oladigan o‘nlab ma’rifatparvar shoirlar yetishib chiqdi.
Turdi Farog‘iy el dardi bilan yashadi. Xalqqa ma’rifat yoyish, o‘zaro tenglik va bag‘rikenglik g‘oyalarini himoya qilish bilan o‘zbek adabiyoti tarixida va xalqimizning xotirasida o‘chmas nom qoldirdi.
Anvar BO‘RONOV
https://shosh.uz/uz/ibrat-ila-boq-kozung-tufroqqa-tolmasdan-burun/