Huvaydoning badiiy-falsafiy merosi

(shoir va mutafakkir tavalludining 310 yilligi oldidan)

 

Milliy mustaqillik va yangicha ijtimoiy-falsafiy tafakkur sharofati bilan qaytadan kashf etilayotgan xalqimiz maʼnaviyatining azim va hayotbaxsh sarchashmalaridan biri Xojamnazar Gʻoyibnazar oʻgʻli Huvaydoning boy va serqirra badiiy-falsafiy merosi, olijanob insoniy fazilatlari va ilgʻor gʻoyalaridir.

Bizga XVIII asr tasavvuf adabiyoti va falsafasining yirik namoyandasi Xojamnazar Huvaydoning tarjimai holi, u mansub boʻlgan ijtimoiy-madaniy muhit, qancha umr koʻrganligi, oilaviy va ijtimoiy hayoti haqida, afsuski, juda oz maʼlumot yetib kelgan. Yaqin vaqtlargacha tadqiqotchilar Huvaydoning 1907 yili Toshkentda V. M. Ilin litografiyasida chop etilgan “Kitobi eshon Huvaydoyi Chimyoniy maa Rohati dil fiy al xoshiya” devoniga ilova qilingan Noseh Chimyoniyning Huvaydo vafotiga bagʻishlab yozgan “Tarixi vafoti hazrat eshon Huvaydo “navvarallohu taolo marqadahu marjaahu” asariga hamda shoirning “Rohati dil” dostonida oʻzi haqida bergan maʼlumotlariga asoslanar edilar.

Biroq ana shu hujjatlarning birortasida Huvaydoning Qoʻqon madrasalaridan birida tahsil koʻrganligi yoki otasi Chimyonda qurgan madrasada mudarrislik qilganligi haqida maʼlumot uchramaydi. Afsuski, koʻp tadqiqotchilar Huvaydo singari isteʼdodli shoir katta bilim va badiiy mahoratga ega boʻlish uchun Qoʻqon madrasalaridan birida tahsil koʻrgan boʻlsa kerak, degan taxminlarini oʻquvchiga haqiqat sifatida taqdim etadilarki, bu ilmiylik va xolislik talablariga ziddir.

Huvaydoning tarjimai holiga oid maʼlumotlarning oz qismi yetib kelganligi sabablarini quyidagi holatlar bilan izohlash mumkin: avvalo, Huvaydo xonlik poytaxti Qoʻqondan ancha olis boʻlgan Chimyon qishlogʻida tugʻilib, voyaga yetdi va ijod qildi. U vaqtda ilmli kishilar juda oz boʻlib, Huvaydoni tushunadigan, qadrlaydigan ziyolilar sanoqli boʻlgan (Huvaydo devoniga kiritilgan gʻazallarida ana shunga ishoralar bor); ikkinchidan, ijtimoiy-siyosiy parokandaliklar, adolatsizlik va zulm kuchaygan bir sharoitda ilmsizlik va jaholat ilm ahliga nisbatan loqaydlikni, ilm-maʼrifatning qadrsizlanishini kuchaytirgan; uchinchidan, Huvaydo vafotidan soʻng uning valiylik karomatlari haqida juda koʻp afsona va rivoyatlar yaratilgan. Ana shunday rivoyatlardan birida aytilishicha, Huvaydo Chimyonda xor-zor boʻlgan, odamlar malomatidan bezib, qoʻshni Mindon qishlogʻiga borgan, u yerda qadr-qimmat va obroʻ topgach, mindonliklarni “bir doning ming don boʻlsin”, deb duo qilgan.

Mindonliklarning hozirgacha chimyonliklarga qaraganda toʻq, farovon hayot kechirayotganliklarining, qishloqning nomi “Mindon” ekanligining sababi ana shunda emish. Bunga oʻxshash juda koʻplab rivoyatlar ulugʻ mutasavvif-shoirning ogʻir va murakkab hayoti haqida tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Toʻrtinchidan, sobiq shoʻro tuzumi davrida, ommaviy qatagʻon yillarida ruhoniylarga va dinga qarshi kurash sharoitida juda koʻplab diniy kitoblar yoʻq qilindi. Bu ayanchli qismat Huvaydo haqidagi asarlarni ham chetlab oʻtmagan.

Milliy mustaqillik yillarida Huvaydoning hayoti, ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan juda koʻplab ilmiy maqola va toʻplamlarda shoirning tarjimai holi, ismi, kasb-kori, tugʻilgan va vafot etgan joyiga oid turlicha va hatto bir-biriga zid qarashlar xususida qisqacha toʻxtalish maqsadga muvofiqdir.

Tarix fanlari doktori, tasavvufshunos Ikromiddin Ostonaqulovning yozishicha, “Kunlardan bir kun Ofoqxoʻja (rahmatullohi alayhi) oʻz muridiga: “Sen farzand koʻrsang, otini Xoʻjanazar qoʻy, mening nazarim andadur”, deb xushxabar berdilar. Oradan 5-6 yil oʻtib, Gʻoyibnazar oʻgʻil koʻrib, ismini Xoʻjanazar qoʻyadi. U paytda Gʻoyibnazar Oʻshda yashar edi. Keyinchalik u Fargʻonaning Chimyon qishlogʻiga koʻchib kelib, madrasa va xonaqoh ochib, mudarrislik bilan mashgʻul boʻlgan. Huvaydo taʼlim-tarbiyani oʻz otasidan olgan. Soʻng Qoʻqon madrasalarida tahsil olib, oʻz qishlogʻiga qaytib, mudarrislik qilgan, sheʼriy ijod bilan mashgʻul boʻlib, gʻazallar bitgan”.[1]

Bundan anglashiladiki, Xoʻjanazar Gʻoyibnazar eshon xonadonida Oʻshda tugʻilgan, keyinchalik ota-onasi bilan birga Chimyonga koʻchib kelishgan. Holbuki, Huvaydo “Rohati dil” dostonining “Sababi nazmi kitob” bobida oʻzining nasl-nasabi, tugʻilgan joyi haqida quyidagi aniq maʼlumotni beradi:

 

Kaminaning oti Xojamnazardur,

Atosining oti Gʻoyibnazardur.

Nasabda Oʻshiyu mavludi Chimyon

Gʻaribu xoksoru dil parishon.[2]

 

Bundan tashqari, I. Ostonaqulov Hidoyatulloh shayx Yusuf oʻgʻlining ismini bir joyda “Ofoqxoja”, boshqa joyda esa “Ofoqxoʻja” deb yozadiki, bu ham qator anglashilmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Zero, biz milliy mustaqillik yillaridagina diniy-tasavvufiy tushunchalarning nozik maʼno va mazmunini bir-biridan farqlay boshladik. Holbuki, 1981 yili Moskvada chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “xoja” va “xoʻja” soʻzlari birmaʼnoli tushunchalar sifatida talqin etilgan edi.[3]

“Xoja” – fors-tojikcha soʻz boʻlib, “ega, boshliq, xoʻjayin” maʼnolarini anglatadi. Tasavvufiy istilohda – tariqat boshligʻi, rahnamosi maʼnosida qoʻllanadi. Abduxoliq Gʻijduvoniy asos solgan Xojagon tariqati silsilasiga mansub boʻlgan soʻfiylarning ismlari xoja soʻzi bilan sharaflangan: Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ubaydullo Ahror, Ofoqxoja va hokazolar.

“Xoʻja” – Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib islom dinini qabul qilgan va oʻzlarini Muhammad alayhissalom va choryor (toʻrt doʻst)ning avlodi deb hisoblaydigan, xonliklar davrida alohida imtiyozlarga ega boʻlgan etnik guruh nomini ifoda etgan. Xoʻjalarni ikkinchi nom bilan “sayyidlar” deb ham ataganlar.

Shu sababdan ham milliy mustaqilligimizga qadar tarixiy-ilmiy asarlarda bir maʼnoli tushuncha sifatida qoʻllangan va qator anglashilmovchiliklarga sabab boʻlgan “xoja” va “xoʻja” tushunchalarini bir-biridan farqlash ilmiylik talabidir.

Adabiyotshunos Nusratullo Jumaxoʻja Huvaydoning hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy maqolasida shunday deb yozadi: “Huvaydoning otasi Gʻoyibnazar Ernazar oʻgʻli 1104 hijriy yillarda bir guruh margʻilonlik qarindoshlari bilan Chimyonga koʻchib kelgan. Huvaydo shu oilada, shu maskanda tavallud topgan.

…Gʻoyibnazar Chimyonda nufuzli maktabdor eshon edi. U Qashqarda shuhrat qozongan Ofoq Xoʻja muridlaridan boʻlib, piriga ixlos va hurmatining ramzi sifatida oʻgʻliga Xoʻjanazar ismini bergan. Huvaydo shoirning adabiy taxallusi.[4]

Aminjon Mamatovning yozishicha, “shoirning ismi baʼzi manbalarda Xoʻjanazar deb koʻrsatiladi. Uning manzil-makoni haqidagi misralarga eʼtibor berilsa hamda otasi Ofoqxoja eshonga murid boʻlganligi nazarga olinsa, Xoʻjamnazar ismi haqiqatga mos keladi.[5]

Huvaydo tavalludining 300 yilligi arafasida Chimyon qishlogʻidan topilgan Huvaydoning chimyonlik chevarasi Faxriddin eshon Xokiy (1935–1919) qalamiga mansub qoʻlyozma devon va unga kiritilgan “Nasabnomayi eshon Huvaydo quddisa sirrihul aziz” asari hamda Xokiy tomonidan koʻchirilgan Soʻfi Ollohyor va Huvaydo qoʻlyozma devoniga kiritilgan Huvaydoning shajarasiga oid maʼlumotlar Xojamnazar Huvaydoning tarjimai holi, nasl-nasabiga doir bir-biriga zid qarashlarga aniqlik kiritishda muhim manba hisoblanadi.

Xokiy masnaviy shaklida yozilgan va jami 76 misradan iborat boʻlgan mazkur asarida Huvaydo, uning nasl-nasabi haqida quyidagi qimmatli maʼlumotlarni beradi: “Yer yuzidagi yetti sharafli shaharlardan biri boʻlgan Oʻsh shahrida din ahli Qul Sulaymon Shayxni ham shoir, ham mardi Xudo deb biladilar. Uning oʻgʻli Toʻlak Muhammad soʻfi, uning oʻgʻli, yaʼni uchinchi avlod Ernazar edi. Uning oʻgʻli Gʻoyibnazar Ollohning sodiq oshigʻi va xudojoʻy kishilardan biri boʻlib, tariqat ramzini anglagach, oʻziga munosib pir izlab, doimo xazin (gʻamgin) edi. Nihoyat, odamlardan Qoshgʻarda Ofoqxoja ismli gʻavsul aʼzam, qutbi Haq, Haq oshiqlarining shayxi borligini bildi. Soʻng Oʻsh ahli, yoru birodarlari bilan xayrlashib, Chin (Xitoy) sari yoʻl oldi. U hazrati Ofoq dargohida 30 yil xizmat qildi, tariqat ilmini egallagach, pirdan ruxsat va ijozatlar olib, Fargʻona yurtiga – Ofoq Xojaning oʻgʻli Xojam Poshsho (Xoja Hasan Muhyiddin)ni izlab, uning huzuriga keldi. U zotni Margʻilon shahridan topdi. Boshidan oʻtgan hamma ishlarni unga soʻzladi. Gʻoyibnazar Xojam Poshsho huzurida ekanligida chimyonlik bir kishi Gʻoyibnazarga ixlos qilib, qizini berdi. Ular Chimyonning Qoʻriq degan joyida (5-10 oila yashardi) oʻzlariga chimdan uy qurdilar. Shundan keyin podsho daftariga qishloq nomini “Chimyon” deb yozdilar. Gʻoyibnazar eshon hijriy 1104 yili (milodiy 1693) yili bir mustahkam ibodatxona barpo etdilar. Bu – Chimyondagi birinchi masjid edi. Uning oʻgʻli hazrat Xojamnazar (Huvaydo) ikkinchi binoni barpo etdilar:

 

Hazrati Xojamnazar davlat qarin

Sheʼrida boʻldi Huvaydo deb laqab.

Manzili maʼvosidur ushbu zamin

Asli zodi Oʻshu mavlid Chimyon

To oxir umrdur munda makin.[6]

 

Huvaydoning yuqorida nomi tilga olingan devonining 174-175–sahifasida Huvaydo tavallud topishi bilan bogʻliq quyidagi muhim maʼlumot berilgan (bu maʼlumot devonni nashr etishga azmu qaror qilgan Huvaydoning oʻshlik chevarasi Salohiddin Soqib (1838–1910) tomonidan tuzilgan boʻlsa, ajab emas). Unda shunday deyiladi: “Oftobi tobon, falaki hidoyat, mehtari vohid, duraxshon sipehri, jalolat va sarvari Hidoyatulloh Xojam, yaʼni janobi hazrati Ofoq Xojam nafasi mutabarruklari eshoni Huvaydo otalari Gʻoyibnazar soʻfiygʻa joriy boʻlib, bayt:

 

Sening naslingdin aslo qutbu avlod oʻlmasun kanda,

Charogʻing oʻchmasun olamda to roʻzi jazo soʻfim – deb holoti istigʻroqda joriy boʻlib, sandin farzand tavallud qilsa, otini Xojamnazar qoʻy, mani nazrim andadur, deb iltifoti bagʻoyat qilib, ul janob oʻgʻullari hazrati Xojam poshshoni nazar va nafaslarini topib, Huvaydo laqab boʻlib, humoyun xosiyat fayzi inoyatlarini topkon sababdin fayzi suxanni Olloh taolo ato qildi”.

Huvaydo soʻfiy Gʻoyibnazar eshon xonadonida voyaga yetdi. Avvalo, otasidan islom dini asoslarini, fiqh ilmini, hol ilmini chuqur oʻrgandi. Bu haqda shoirning oʻzi:

 

Ham oʻqub ilmu adab, boʻldum “Aqoyid”xoni ishq,

Mushkilotu ilmi fiqhdin soʻrsalar berdim javob[7]

 

deb yozdi. “Aqoyid” iymon haqidagi ilm boʻlib, shoir bu yerda ilohiy ishq ilmini, yaʼni tasavvufni nazarda tutyapti. Tasavvuf tarixidan maʼlumki, soʻfiylar ilohiyot nazariyasini oʻzlashtirish, buning uchun madrasa ilmini egallash haqida qaygʻurgan emaslar. Tariqat yoʻliga kirish uchun tolib (soʻfiy)dan birinchi navbatda fiqh ilmini chuqur va puxta bilish talab etilgan. Buni ilmi qol, yaʼni zohiriy fiqh, deyilgan. Ilmi hol esa tasavvuf ilmi boʻlib, murid oʻz piri nazorati ostida tavhid kalomini zikr qilish orqali egallagan. Binobarin, Xojamnazarning otasidan tasavvuf ilmini egallaganligi, oʻzi mustaqil ravishda badiiy ijod sirlarini kashf etganligi shubhasizdir.

Huvaydoning tasavvufiy qarashlari shakllanishida, jamiyat hayotida roʻy bergan muhim oʻzgarishlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy tanazzul asoratlari, bir tomondan, zulm va adolatsizliklar, toj-taxt urushlarining avj olishi, ikkinchi tomondan, jamiyat taqdiri uchun masʼul boʻlgan ilm-maʼrifat ahllarining molu dunyoga hirs qoʻyishi, odamlar oʻrtasida riyokorlik, yolgʻonchilik, taʼmagirlik, manmanlik, kibr, hasadgoʻylik singari illatlarning kuchayishi, uchinchidan, jaholatga qarshi jaholat bilan kurashishning ayanchli oqibatlari kuchli taʼsir koʻrsatgan.

Maʼlumki, Huvaydo Boborahim Mashrabning kichik zamondoshi, bir xil tarixiy muhitda yashab ijod qilgan mutafakkir edi. Biroq Huvaydo jamiyat duch kelgan ogʻir va murakkab muammolarni hal etishda Boborahim Mashrab yoʻlidan bormadi. Balki Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Soʻfi Ollohyor yoʻlini – sunniy tasavvuf yoʻlini tanladi.

Huvaydo shaxsining shakllanishi XVIII asrda Sharq xalqlari, jumladan, Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviy hayotida qadriyatlar tizimining oʻzgarishi, jahonda roʻy berayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarning asta-sekin Turkistonga kirib kelishi, diniy eʼtiqodning kuchsizlanishi, oq zulm va adolatsizliklarning avj olishi davriga toʻgʻri keldi.

Huvaydo Bahouddin Naqshband gʻoyalaridan ilhomlandi, butun faoliyati davomida naqshbandiya gʻoyalarini odamlar oʻrtasida keng targʻib etishga intildi. Zamondoshlarini halol mehnat, pok niyat bilan yashashga, qalb (jon uyi)ni poklashga, Muhammad alayhissalom sunnatlariga amal qilishga, aqlli, donishmand va bilimdon boʻlishga undadi. Ilmsizlik, nodonlik va jaholatni barcha kulfat va baxtsizliklarning bosh sababchisi, deb bildi. Oʻzi uchun Ibrohim Adhamni ideal shaxs hisobladi. U kabi mard, oliyhimmat, faqir, kamtarin, halol boʻlishni orzu qildi.

Nosehning guvohlik berishicha, Huvaydo doimo shariat hukmlariga boʻysunub, unga jonu dili bilan amal qilar, yoʻlda uchragan har bir moʻmin-musulmonga xuddi Hizr va Ilyos alayhissalomni koʻrgandek iltifot koʻrsatar va ularni doʻst tutardi. Har kuni saharlarda Xudoga yolborib, Undan maqsadiga yetish yoʻlini oson qilishini soʻrar, himmat otiga minib, shayton lashkarlari bilan jang qilardi. U doimo Ollohning roziligini tilab, xuddi Ibrohim Adham singari ozu koʻpga parvo qilmas, shogirdlari bilan suhbat qurar, fikru yodi dabiston (maktab)da ilm toliblariga ilm berishda edi.

Huvaydoning hayoti, ijodiy faoliyati, tasavvufiy qarashlariga oid maʼlumotlarni uning devoniga kiritilgan gʻazallaridan, “Rohati dil”, “Ibrohim Adham” qissalaridan olishimiz mumkin. Zero, mashhur nemis olimi Zigmund Freydning ruhiy tahlil nazariyasiga koʻra, har bir ijodkorning asarlarida uning boshqalardan sir saqlaydigan istak, mayl, orzu, umid va maqsadlari oʻz ifodasini topadi.

Huvaydo yashagan davrning naqadar ogʻir, uqubatli ekanligi shoirning quyidagi misralarida oʻz ifodasini topdi:

Qayu kun keldim jahonda boʻlmadim shod, ey koʻngul,

Boʻlmadim zindoni gʻamdin hargiz ozod, ey koʻngul.

Shoir bu misralarni, shubhasiz, yoshi ulgʻayib, ilm maʼrifatda kamolga erishgan davrida qoralar ekan, ilmsizlik, jaholat, zulm va adolatsizlik, molu dunyoga hirs qoʻyish odatiy holga aylangan uqubatli damlarda oʻz dardini, ruhiy iztirob va kechinmalarini tushuna oladigan sadoqatli doʻst topa olmaganligini bayon etadi:

 

Yurogim gʻussaga toʻldi, kishim yoʻq aytgali holim,

Netay, dard aytgudek bir dardmand odam topolmasman.

Kularlar qahqaha aylab, nechuk begʻam kishilardur,

Kulargʻa bir zamone xotiri begʻam topolmasman…

Jarohat boʻldi bagʻrim tigʻi hasrat birla, man naylay,

Yurub izlab tabiblardin anga malham topolmasman.

Musibatxonadur dunyo, nechuk odam boʻlur begʻam,

Oʻzimni, ey Huvaydo, lahzaye begʻam topolmasman.

Yoki

Darigʻo, topmadim bir dardmandi,

Anisu hamdamu yori muvofiq.

 

Mutafakkir-shoir “dard” deganda, shubhasiz, jamiyat rivojiga toʻsqinlik qilayotgan, odamlarni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni nazarda tutdi. Kundalik tirikchilik tashvishi, molu dunyo hirsi bilan yashaydigan, hayotning maʼnosini yeb-ichish, bola-chaqa boqishdan iborat deb biladigan avom uchun xalq va jamiyat muammolari begonadir.

Huvaydo ruhoniy oilada voyaga yetgan, diniy va tasavvufiy gʻoyalar ruhida tarbiyalangan ijodkor sifatida oʻzini jamiyat va xalq taqdiri uchun masʼul, deb bildi. Ahli xoslar qalbida Ollohga boʻlgan ilohiy ishq dardini alanga oldirish, nafsni oʻldirish, bu dunyoning oʻtkinchi va bevafo ekanligini eslatish, oddiy avom ongida esa iymon-eʼtiqodni mustahkamlash orqali ijtimoiy muammolarni oqilona hal etishga umid bogʻladi. Shu boisdan ham uning butun ijodiy faoliyatida ilohiy ishq va diniy maʼrifatni targʻib qilish, komil inson shaxsini shakllantirish yetakchi oʻrin egalladi.

Huvaydo devoniga kirgan gʻazallarni tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, u arab va forsiy tilda bitilgan paygʻambarlar tarixini, islom dini tarixini, paygʻambar Muhammad alayhissalom hayotini juda chuqur bilgan. Shuningdek, tasavvufning Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan xojagon, malomatiya, yassaviya, naqshbandiya, kubroviya, qodiriya, qalandariya tariqatlaridan yaxshi xabardor boʻlgan. Oʻz asarlarida islom tasavvufi buyuk shayxlarining ilgʻor gʻoyalarini uygʻunlashtirishga, zamondoshlari qalbida ilohiy ishqni kuchaytirishga, buning uchun esa islom dinini bidʼat va yaramas odatlardan tozalashga intildi. Bu esa mutasavvif shoirning turli malomatlardan iztirob chekishiga, odamlar va hatto qavmu qarindoshlarining undan yuz oʻgirishiga sabab boʻladi. Bu haqda shoir iztirob bilan:

 

Tushgʻali ishqing sani qildim hama birla nizoʼ,

Bir yoʻli qildim jahonni mulku molidin vidoʼ.

 

***

Ishq keldi, ketti aqlim, qochti mandin jumla el,

Yoʻqturur dard aytgudek bir yori ahbobim mening.

 

***

Sani ishqingda, ey dilbar, ajab afsonalar boʻldum,

Xaloyiqqa boʻlib kulgu, base afsonalar boʻldum.

 

Qilur taʼna koʻrib har kim mani holimga, ey mohim,

Bu elni ogʻzida har goʻshada afsonalar boʻldum.

 

Hama qavmu qarindoshim mani koʻrsa qilur nomus,

Baridin yuz oʻgirdim, bir yoʻli begonalar boʻldum, – deb yozdi.

 

Huvaydo diniy-tasavvufiy qarashlarining shakllanishi jamiyatda zulm, adolatsizlik, ilmsizlik va jaholat avj olgan, tasavvuf gʻoyalari oʻz taʼsirini yoʻqota boshlagan, buning oqibatida, odamlar oʻrtasida mehr-oqibat, qadr-qimmat, insof-diyonat yoʻqolgan gʻoyat murakkab davrga toʻgʻri keldi.

U xuddi hoziq tabib singari ish koʻrdi: zamondoshlarini Ollohning yoʻliga, yaʼni tasavvuf yoʻliga kirishga daʼvat etishdan oldin oʻzining bu yoʻlga kirishdagi iztirob, ikkilanish, mashaqqat va uqubatlarini roʻy-rost bayon etdi. Chunki ishq dardini oʻzidan ilgari oʻtgan barcha buyuk soʻfiylar singari butun dardlarning (ijtimoiy muammolarning) davosi deb bildi. Shoir ilohiy yoʻlga kirishning uqubatlari haqida shunday deb yozdi:

 

Xudoni yoʻliga kirmak demanglar kori osondur,

Aziz jondin kechib, bosh oʻynamogʻliq kori mardondur.

Ajab poyoni yoʻq yoʻldur, aroda koʻp xatarlar bor,

Aning uchun hama solik bu yoʻl ustida qolgʻondur.

 

Olloh oshiqlarining mislsiz balolar, uqubatlarga giriftor boʻlishlari tabiiy holdir. Huvaydo ishq oʻtida oʻrtanishni sharafli qismat deb bildi:

 

Nigoro, ikki olamda saningdek dilrabo yoʻqtur,

Firoqing oʻtida mandek asiri mubtalo yoʻqtur.

Balolarga duchor oʻldim visoling izlabon tun-kun,

Maningdek el arosida giriftori balo yoʻqtur.

 

Tasavvuf tarixida soʻfiylarning uzlatga chekinish orqali ilohiy ruhdan fayz, ilhom va ragʻbat olish hollari koʻp boʻlgan. Biroq bunday uzlatnishinlik shuhratparastlikni keltirib chiqara boshlagach, Abduxoliq Gʻijduvoniy oʻz tariqatida “xilvat dar anjuman ba zohir ba xalq ba botin ba Haq” (anjumanda zohiran xalq bilan, ammo botinan Haq bilan birga boʻlish) gʻoyasini ilgari surdi. Biroq Huvaydo yashagan davrga kelib, tasavvufning qatʼiy talab va qoidalari ancha kuchsizlandi. Huvaydoning taʼkidlashicha, zamonaning pok kishilari, mardlarining choʻpcha qadri qolmagach, oʻtkinchi va aldamchi molu dunyoga mehr qoʻygan kishilar qadr topa boshlagach, shoir uzlatnishinlikni, yaʼni odamlar yoʻq joylarga bosh olib chiqib ketishni orzu qildi:

 

Bu zamona mardlarini choʻpcha qadri boʻlmadi,

Boʻldilar moli palid joʻyoni nomard eʼtibor.

Moldin oʻtmak, jondin oʻtmak kori har nomard emas,

Dunyoni tark aylagʻon ishq yoʻlida mard eʼtibor.

Yoki

Ichim toʻldi gʻamu ishqqa, boʻlibman turfa dilgiri,

Gahi himmat qilurman, bosh olib Rumu Yaman ketsam.

Malomat bir sari, gʻam bir sari jonimni oʻrtaydur,

Ketibdur toqatim emdi oʻzimni gʻamga oʻrgatsam.

 

Huvaydo asarlarida Hizr alayhissalomning nomi koʻp uchraydi. Boisi uning Hizr alayhissalomdan tasavvuf ilmini oʻrganganligi, uning ruhidan ilohiy fayz va tarbiya olganligida edi.

Huvaydoning taʼkidlashicha, nafs, orzu-havas, bola-chaqa va dunyoga mehr bor ekan, inson gunohsiz yashay olmaydi. Gunohlarning ajri esa nadomat va tavba qilishdir. Ilmi qol (shariat ilmi) va ilmi hol (tasavvuf ilmi)ni chuqur egallagan Huvaydoning Olloh rizoligi yoʻlida sidqidildan qiladigan toat va ibodatlaridan qoniqmasligining boisi ham shunda edi.

Huvaydo yerdagi hayotdan uzilib, samoviy xayolot olamida, mistik olamda yashamadi, dunyoviylik va ilohiylikni bir-biriga qarshi qoʻymadi, balki zamondoshlarini bu dunyoning nozu neʼmatlaridan yuz oʻgirmaslikka, koʻz ochib yumguncha oʻtib ketadigan aziz umrni qadrlashga, ana shu neʼmatlar uchun Yaratganga shukrona aytishga, faqat savobli va xayrli ishlar qilishga, Ollohning nomini hamisha xushnudlik bilan tilda va qalbda zikr qilishga daʼvat etdi.

50-60 yosh – inson hayotiy tajribalarini sarhisob qilib, oʻtgan umrni taftish etish, hayotda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklardan tavba qilib, maʼnaviy komillik mezonlarini belgilash davri hisoblanadi. Insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan ulugʻ mutafakkirlarning aksariyati ana shu yoshda oʻz hayotiga tanqidiy baho berganlar, maʼnaviy ganj izlash, oʻzlaridan yaxshi nom qoldirish uchun ezgu va savobli ishlar qilishga ahd qilganlar. Ana shu ibratli qismat Huvaydoni ham chetlab oʻtmagan:

Ellik-oltmish yashadim, bir yaxshi toat qilmadim,

Qilgʻonim boʻldi gunah, bir dam ibodat qilmadim.

 

***

…Ellik yashab, oltmishga yetib, zarra amal yoʻq,

Oʻlmak xush erur mangaki, dunyoga toʻyibman…

 

***

Yashab ellik, Huvaydo, kelmasa yaxshi amal sandin,

Bu yangligʻ yurgʻaningdin oʻlgʻaningdur xoʻbtar emdi…

 

***

Huvaydo, san yashab ellik, netay, bir qilmading toat,

Safar zodini qilgʻil, emdi ayyomi tarab ketti.

 

Donishmandlar keksalikni inson umrining qish fasliga oʻxshatadilar. Tabiatdagi har bir faslning oʻz ziynati va fayzi boʻlgani singari keksalik ham, Huvaydoning tavsificha, ezgu va xayrli ishlarni nihoyasiga yetkazish uchun Olloh tomonidan beriladigan imkoniyatdir. Huvaydo oʻz zamondoshlarini gʻaflatdan xalos boʻlishga va savobli ishlar qilishga undadi:

 

Qarilikdan asar qildi, miyonim yerga xam boʻldi,

Iligimga aso tegdi, qulogʻim ham asam boʻldi.

Qarib, yerga qarib boʻldim, koʻngil hargiz qarimaydur,

Kuchim yetmas hunar qilsam, yurogim toʻla gʻam boʻldi.

Yigitlikda azizu allom edim, qimmatbaho soʻzlik,

Ushaldi gavhari aqlim, soʻzimni qadri kam boʻldi.

Yigitlik oʻtti ayyomi, qarilik xuftani keldi,

Hanuz yotarmusan gʻofil, qoʻp emdi, subhidam boʻldi.

 

Milliy istiqlol sharofati bilan Huvaydo merosini chuqur oʻrganish, uning asarlarini koʻp nusxada chop etish, xalqimizni ulugʻ mutasavvif merosidan bahramand etish, shoirning maqbarasini barpo etish imkoniyati vujudga keldi. Mamlakatimiz olimlari Huvaydo merosini oʻrganishga bagʻishlangan qator asarlarini eʼlon qilyaptilar. Jumladan, 2013 yili Toshkentning “Navroʻz” nashriyotida professor Haydar Aliqulov tahriri ostida Huvaydoning “Rohati dil”, Ibrohim Adham” dostoni chop etildi. Huvaydo tasavvufiy, axloqiy, badiiy-estetik gʻoyalari, komil inson shaxsini shakllantirish konsepsiyasiga doir turkum maqolalar chop etildi. Bu yil respublikamiz adabiyot va ilm ahli Huvaydo tavalludining 310 yilligini munosib nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. Zero, ulugʻ ajdodlarimiz maʼnaviyatining azim va tuganmas sarchashmalaridan xalqimizni bahramand etish orqaligina maʼnaviy hayotimizda duch kelgan muammolarni oqilona hal etishimiz va taraqqiyotning keng yoʻliga chiqishimiz shubhasizdir.

 

Qodirqul ROʻZMATZODA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] Avliyolar sultoni. Turonlik valiylar (Toʻplab nashrga tayyorlovchi va soʻzboshi muallifi Ikromiddin Ostonaqulov). – Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2004. B. 192-193. 

[2] Huvaydo. Rohati dil. Ibrohim Adham  (tabdil qiluvchi, nashrga tayyorlovchi va soʻzboshi muallifi Qodirqul Roʻzmatzoda). – T.: “Navroʻz”, 2011. B. 35.   

[3] Oʻzbek tilining izohli lugʻati.  2 tomlik. 2-t. – M.: 1981. B. 328, 345.

[4] Jumaxoʻja N. Huvaydo. –“Maʼrifat” gaz., 1994 yil 29 iyun.  

[5] Mamatov A. Pokiza dil – maʼvoyi doʻst. –“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gaz., 2005 yil 1 iyul. № 27 (3804).   

[6]  Huvaydo. Rohati dil. Ibrohim Adham. – T.: “Navroʻz”, 2011. B.251.

[7] Xojanazar Huvaydo. Devon. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2005. B. 255. Maqolada Huvaydo sheʼrlaridan misol keltirilgan oʻrinlar mazkur devondan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/huvaydoning-badiiy-falsafiy-merosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x