Husni taʼlil

Husni taʼlil fikrni asoslash sanʼatidir. Ammo bu asoslash real, hayotiy boʻlmasdan faqat shoirona asoslash boʻladi.

 

Quyosh oydek yuzungning xijlatidin

Qochib, toʻrtinchi koʻk uzra chiqibdur.

 

Lutfiy bu oʻrinda yor – maʼshuqa yuzini taʼriflamoqda. Uning yuzi quyoshdan ham, oydan ham goʻzal. Biz oy va quyoshning yerdan tepada – koʻkda turishini bilamiz, ammo shoir bunga boshqacha izoh bermoqda. Uning nazarida quyosh yor yuzining goʻzalligi tufayli yer yuzidan qochib ketgan va toʻrtinchi koʻk (osmon)dan makon topgan.

Lutfiy yana bir sheʼrida yozadi:

 

Nozuklik ichra belicha yoʻq tori gesuyi,

Oʻz haddini bilib belidin oʻlturur quyi.

 

Shoir yorning sochi uzunligini madh etadi, ayni paytda noziklik borasida bel va soch bahsida u (soch) magʻlub. Shuning uchun ham sochning oʻrni beldan pastda boʻlishi kerak degan shoirona asos aytilmoqda. Vaholanki, uzun sochning tabiiy ravishda beldan pastda boʻlishi hammaga yaxshi maʼlum.

Ibodat chogʻida boshni yerga qoʻyish odatdagi hol. Ammo shoir uni tamomila boshqacha izohlaydi.

 

Qutlugʻ oyogʻing yerga tegibdur, oning uchun,

El yerga qoʻyub bosh, qilur barcha ibodat.

 

Koʻrinib turganiday, shoir elning yerga bosh qoʻyib ibodat qilishini yorning “qutlugʻ oyogʻi yerga tekkani” bilan asoslamoqda.

Yoki kishilarning qandni suvga solib eritishlari tabiiy holdir. Lutfiy esa uni shunday taʼriflaydi:

 

Labingdin chun suchuklik qand oʻgʻurlar,

Solurlar el ani suvgʻa yalangʻoch.

 

Choyga qand solish hodisasi aks etayotgan bu tasvir badiiy asosning goʻzalligi bilan eʼtiborga molik. Adib nazarida qand shirinlikni labdan “oʻgʻirlab olgan”. Oʻgʻri esa jazolanishi kerak. Oʻgʻriga beriladigan jazo turlaridan biri uni suvga kiyimsiz yalangʻoch holda kiritishdir. Bu tasvir, albatta, kishida zavq uygʻotadi.

 

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/husni-talil/

2.8 6 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x