Dmitris XADZIS
(yunon yozuvchisi)
Nemislar otib tashlashganda Margarita oʻn toʻqqiz bahorni qarshi olgan durkun qiz edi. Bu voqea xaloskorlikdan ancha oldin, 1944 yil yozining boshlarida roʻy bergandi. Koʻrinishidan nozikkina bu qiz qamoqxonaning barcha dahshatlariga hayratomuz matonat ila bardosh berdi. Maʼlum boʻlishicha, u qiynoqlarga churq etmay chidagan va soʻnggi soatda jallodlar safi bilan yuzma-yuz turganida Pardikarislarga xos achchiq tabassum ila jilmaygan ekan. Bu haqda vazifasi boʻyicha oʻlim jazosi ijrosi vaqtida ishtirok etgan va qiz jonini falak hukmdoriga baxshida etish xutbasini oʻqigan ruhoniy hikoya qilib bergandi. Yana uning aytishicha, soldatlar miltiqlarini koʻtarishganda sirli qilib, “Xayrli tun!” degan ekan. Toʻgʻrirogʻi, sal boshqacharoq, yaʼni “Boʻpti, xayrli tun!..” debdi.
U shaharchamiz xotin-qizlari orasida bunday gʻayritabiiy ajal bilan oʻlganlarning birinchisi edi. Shu paytgacha barcha ayollar koʻrpa-toʻshak qilib yotganida, kasallikdan yo qarilikdan, tugʻayotgan vaqtda yo tuqqandan keyin, qashshoqlikdan, yomon erga tekkanidan yoki musofir yurtiga ketgan eri yo oʻgʻlini sogʻinganidan oʻlganlar. Bunday oʻlimni har kim tabiiy hol deb bilardi. Pardikarislar oilasida esa ayollar odatda sildan, asab yoki yurak xurujidan oʻlar edi. Koʻp hollarda ular qariqiz boʻlib dunyodan oʻtganlar. Bu nasldan soʻnggisi aynan shu Margarita boʻlib, u ham hur qiz boʻlib oʻtib ketdi.
Ikki yil muqaddam Margarita Afinadagi “Arsakio” pansionini tugatgan edi. Bu imtiyozli oʻquv dargohi boʻlib, maktab yoshiga yetgandan keyin oilaviy anʼanaga koʻra uni shu pansionga joylab qoʻyishgandi. Ona shahriga qaytgach, u oʻqituvchi etib tayinlandi va oʻsha eski ikki qavatli uyda yashay boshladi. Unda Pardikarislarning moʻtabar xonadoniga tegishli soʻnggi zurriyotlar hali-hanuz istiqomat qilar edi. Ular oʻz nufuzlarini qoʻldan bermay, bir vaqtlardagi zodagonlik rutbalari tamoyillarini koʻz qorachigʻiday asrab-avaylab kelar edilar. Darvoqe, oʻz nasllarining qanday kelib chiqqanini va bu nasl qachonlardir zodagon boʻlganmi, bordiyu shunday boʻlsa, oʻz ulugʻligini qachon yoʻqotgan, buni hech kim bilmas va ularning oʻzlari ham buni tushuntirib berolmas edilar.
Biroq shaharchamiz jamoatchiligi shu narsaga iqror boʻlishga majbur ediki, oʻz obroʻlarini saqlar ekan, Pardikarislar hech qanday xatoga yoʻl qoʻymas, anʼanalaridan qilcha tashqariga chiqmas va zarracha yon berish degan narsani bilmas edilar.
Pardikarislar xonadoni ayollari sochlarini eskichasiga turmaklar edilar. Sochlarini bosh orqasiga yigʻib, qattiq tugib qoʻyar va buni “oʻrdak” deb atar edilar. Rostdan ham bu soch tutami oʻrdak boshiga oʻxshab ketardi. Zodagonlar orasida urf boʻlganidek, ular bellaridan tushib turuvchi qora baxmal nimcha kiyar, nimchaning yoqasi va etaklariga to taqimgacha oq-kulrang tusdagi moʻyna tikib chiqilardi.
Pardikari[1] ayollari hech kimning koʻziga tik qaramas – bunday qilishni odatga xilof deb bilar edilar, ular atigi ingichka lablarini qimtib qoʻyishardi, xolos. Bu bilan ular “sarkash”, “gunohkor” yoki “tubanlashganlar” deb hisoblaydigan odamlarga nisbatan oʻz nafratlarini aniq ifoda etar edilar. Umuman Pardikarislar shaharchamiz uchun Kapitoliy gʻozlaridek tabarruk boʻlib qolgan edilar.
Ushbu xonadon erkaklari ham – ular uch nafar edi – yil oʻn ikki oy qora libosga burkanib yurar edilar. Ular hech qachon qahvaxonaga qadam izi qilmas, ammo azal-azaldan, aksar hollarda dorixonalar, notarial idoralar va gʻarib-gʻuraboyu ojizlarning xayriya muassasalariga tanda qoʻyib kelar edilar. Ulardan birontasi ham ishlamasdi. Bu esa ularni “qora” xalq bilan aralashib, nopoklashishdan saqlar edi. Ular zamonaviy ilgʻor boʻlgan hamma narsadan – odamlardan, gazet-jurnallar, turli ishlardan nafratlanar edilar. Uchala erkak ham arzimagan nafaqa olardi, ammo mana shu arzimagan daromadga qanoat qilib, ularning ‘‘egani oldida, yemagani ketida’’ edi.
Shaharning barcha aholisi Pardikarislarni jamiyatning, uning anʼanaviy tamoyillarining tayanchi ekanliklariga oʻrganib qolgandi. Mitropolitning badxoh aʼyonlari shu xonadon aʼzolaridan qaysi birini boʻlmasin cherkov kengashi tarkibiga aʼzo qilib olgisi kelar edi.
Axloq-odob ustunlari sanalmish va muttasil obroʻ qozonib kelgan mana shu odamlar shaharchamizdagi mehr-muruvvat muassasalarining muttasil tepasida boʻlib kelganlar. Bironta gʻaribga yordam puli berish haqidagi qaror shulardan bittasi, aksar hollarda “shifokor” va “faylasuf” Periklis Pardikaris tomonidan imzolanishi shart edi. U oila boshligʻi sanalar, buyuk jabrdiyda va moʻjizakor avliyo Antoniy ibodatgohi qoshidagi Cherkov kengashining aʼzosi edi. Aytganday, aynan mana shu ibodatxonada murakkab bir masala yuzaga keldi. Ziyoratchilar olib kelgan moy va boshqa qurbonliqlarni kim qabul qilib olishi kerak – mitropolitmi, ruhoniymi yoki avliyoning oʻz zurriyotlarimi? Bu chigal masalani Periklis Pardikaris xamirdan qil sugʻurgandek oson hal qilganiga hamma yakdillik bilan iqror boʻldi. Shu bilan ketma-ket uning oliy xayr-ehson koʻrsatish vazifasi bilan bogʻliq boʻlganlardan tashqari biron-bir boshqa ish, boshqa tashvishlar bilan shugʻullanmaslik huquqi tan olindi.
Tabiiyki, Margarita hibsga olinganda, shaharchada toʻs-toʻpolon koʻtarildi.
Erka oʻsgan Pardikarislar xonadonining soʻnggi zurriyoti boʻlmish mana shu mushtdekkina qizaloq Qarshilik harakatida bu qadar muhim shaxs ekaniga ishonish qiyin edi. Uyida oʻtkazgan soʻnggi ikki yil ichida Margarita uni atrofdagilardan ajratib turuvchi biron xatti-harakatga yoʻl qoʻymagan edi. Koʻrinishi nozik, yorugʻ dunyoda oʻzini yop-yolgʻiz his qiluvchi, chehrasidan mudom gʻamginlik arimaydigan bu xilqat bashariyat kelajagi gʻamini yeyish u yoqda tursin, hatto odamlar bilan el boʻlishni ham istamasdi. Koʻplar bu voqeani mahalliy guruhbozlarning fisq-fujurlari bilan bogʻlashga harakat qildilar. Kimdir esa hammasiga mitropolitning badhox aʼyonlari aybdor dedi, mitropolit tarafdorlari esa oʻz navbatida shahar boʻylab koʻz koʻrib, quloq eshitmagan mish-mishlarni tarqatdilar. Margaritaning feʼl-atvori hammaning ogʻziga tamba urdi. Hibsga olingan zahoti bu qiltiriq qizaloq nemislarga oʻzining chin vatanparvar va safdoshlari ham oʻzi kabi fidoyilar ekanini, ming urinmasinlar, hech qachon ona Vatanga xiyonat qilishga majbur eta olmasliklarini dangal aytdi. Qizning soʻziga koʻra, uning uyidagilar ham tagxonada nimalar qilinganiyu nimalar saqlanishini yetti uxlab tushlarida koʻrmaganlar.
Razillar, igʻvogarlar va shahar gʻiybatchilari oʻsha zahoti undan yuz oʻgirdilar. Ularning dardi dunyosi bilan sariq chaqalik ishi boʻlmagan bu qizni boshlariga ursinmi?! Bu toifa odamlarning Margaritadan yuz oʻgirishlari bejiz emasdi, ular qizni va shaharda haddan tashqari koʻp urchib ketgan boshqa “malʼun churvaqalar”ni nemislar ketmaslaridan oldinoq bitta qoʻymay qirib tashlashiga umidvor edilar. Faqat bir narsa nomaʼlum edi: bular bari nechun fosh boʻlgan, nima uchun tintuvni aynan Pardikarislar uyining tagxonasidan boshlashgan? Kimdir Margaritani sotganiga hech kim shubha qilmasdi. Politsiyachilar uncha katta boʻlmagan matbaa uskunasi, qogʻoz taxlamlari, boʻyoq solingan shishalar, boshqacha aytganda, xufiya bosmaxona yashirilgan yertoʻlaga toʻppa-toʻgʻri, ishonch bilan yoʻl olganlar. Margarita bularning barini eski qutiga solib, ustidan mato tashlab qoʻygandi. Shipdan oʻrgimchak toʻrlari osilib, toʻsin yogʻochi qurtlagan, eski kiyim-kechaklarga kuya tusha boshlagan edi. Bu tagxonaga yaqin orada odam oyogʻi tegmaganday koʻrinardi.
Biroq baribir ham toʻppa-toʻgʻri oʻsha yerga kirib kelishdi. Demak, kimdir Margaritani sotgani aniq!
Pardikarislar xonadonidagi boshqa barcha odamlar kabi Margarita ham qora libosini egnidan tushirmasdi. Koʻz ochib koʻrgani ham shu qora libos boʻldi. Dunyodan ham qora libosda oʻtdi. Faqat soʻnggi yillarda “Arsakio”dan yozgi taʼtilga kelganida, oldi kapalaknusxa qilib bogʻlanadigan oq yoqali peshband taqib yurardi. Bogʻichning uchlari koʻkragiga tushib, qora koʻylak ustidan koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Farqi toʻgʻri ochilib taralgan va boshi orqasiga qattiq tugilgan (sal-pal “oʻrdak”ka oʻxshab ketardi) sochlari, doʻng peshonasi tagidan maʼyus boquvchi koʻzlari, uzun oyoqlari va didsizlarcha kiyinishi – bular bari uni besoʻnaqay koʻrsatib, deyarli kulgili taassurot uygʻotardi.
– Mishiqi qiz keldi, – deya yoz boshlanishi bilan katta koʻchada toʻda-toʻda boʻlib kezib yuruvchi shahar qizlari zaharxandalik va kinoya bilan bir-birlariga shivirlashar edilar. U har doim yolgʻiz yurardi. Sobiq sinfdosh qizlardan oʻzini tortar, qoʻshni boʻlib yashaydigan boyu kambagʻal boshqa qizlar bilan ham sira ochilib-sochilib gaplashmasdi. Uning taʼtilga kelishi oilani mushkul ahvolga solib qoʻydi. Margarita koʻrinishdan begʻubor, barcha birdek hurmat qiladigan, aslida u istiqomat qilayotgan uy kabi parti ketib, sharti qolgan xonadonning chinakam hayotini bilmasdi. Zero Margarita bu yerdan ketganida hali qizaloq edi, endi esa unga haqiqatni ochiq aytish mavridi oʻtib boʻlgandi. Pardikarislar xonadoni aʼzolarining oʻzlari ham haqiqatni yashirishga intilish ularning butun hayotini boʻhtonga koʻmib yuborishini bilmas edilar.
Qishda, Margarita ham “Arsakio”da ekanligida Katerina xola tong saharlab turar, hoʻl lattani taxtaga urar va ustidan goʻsht qiymalaydigan katta chopqi pichoq bilan taq-taq ura boshlar edi, – toki qoʻshnilar Pardikarislar yana tushlikka goʻshtli ovqat qilishyapti, deb oʻylasinlar. Sira qornilari toʻyib ovqat yemaydigan bu qoʻshnilar bir-birlari ustidan ana shunday magʻzava agʻdarib, obroʻlarini toʻkar edilar. Ammo Margarita bular haqida hech narsa bilmasligi kerak edi. Bahor kelishi bilan ular yoz yaqinlashib, “chaqaloq”ning kelishi haqida oʻylab, tashvishlana boshlar edilar. Pulni qayerdan olishadi, “qizaloq” uchun kiyim-kechak, boshpana, koʻrpa-toʻshakni nima qilishadi? Opasi Katerinaning yashirib qoʻygan oltini borligiga Periklisning imoni komil edi. “Chaqaloq” uchun pulni u berishi kerak, hoziroq va aynan unga berishi kerak, shundagina uning koʻngli xotirjam boʻladi.
– Bor-yoʻgʻimni yeb bitirdinglar, – gʻazab bilan qichqirardi Katerina, – iloyo urugʻlaringga oʻt tushsin! – tinimsiz qargʻanar ekan, bukri gavdasini tik tutishga harakat qilgancha qoʻllarini havoda baland koʻtarib oʻynatardi. Pul yo oltin toʻgʻrisida bitta-yarimta odam unga ogʻiz ochdi deguncha ikkala koʻzidan yosh jilgʻaday oqa ketardi. Uning Kanavas ismli eri bir vaqtlar Ruminiyadan bir xalta – xaltacha emas! – oltin lira olib qaytgan edi. Pardikarislar Kanavosga ochofatlarcha tashlandilar. Kanavas avvaliga hayron boʻldi, – u hali vijdonini yoʻqotib ulgurmagan edi, – keyin tushkunlikka tushdi. Bir kuni derazani lang ochdi-da, oltinlarni koʻchaga uloqtirdi, – yalinchoqliklaru urush-janjallaru gʻidi-bidilar uni shunchalik jonidan toʻydirib yuborgandi. Koʻchada kambagʻallar talashib, oltin tangalarni koʻz ochib yumguncha gumdon qilishdi.
– Odamni yeb tashlashdi! Tagʻin qanaqa odamni – chinorday bahaybat gavdali odamni… Oʻzlari yetim qilib qoʻyib shoʻrlik qizchani, tagʻin…
“Shifokor” va “faylasuf” Periklisga bu soʻzlarning unchalik daxli yoʻq edi – bu oʻtmishdagi gap boʻlib, buning ustiga koʻpirtirib yuborilgandi, binobarin, u suhbatni hozirgi ishlarga burdi, sen mening boʻynimdasan, to menga yaratganning rahmi kelib, seni yoniga chaqirib olmaguncha boʻynimda boʻyintiriq boʻlib qolaverasan, deb Katerinaning miyasini qoqib, naq qoʻliga berdi.
– Bekorlarning beshtasni aytibsan, – tutaqib eʼtiroz bildirdi gʻazablangan Katerina. – Pullarim hisobiga kun koʻrayotgan, mendan nafaqa olib turgan, pul deb dargohimga tinmay bosh urgan sen oʻzing emasmi? Boʻldi, endi qadam bosma menikiga!
– Hay, hay, sekinroq, – qoʻrqqanidan koʻzlari jovdirab dedi Periklis, u birov eshitib qolishidan xavotirlanardi.
Bu bejiz emasdi ham… Uning daromadi xayriya mablagʻlaridan edi. Har gal kambagʻallarga nafaqa tarqatilganda uning choʻntagi rosmanasiga qappayardi. Albatta, oʻzi uchun emas – Xudo saqlasin! – balki beva boʻlib qolgan opasi Katerina uchun, bechora qariqiz jiyani Fotini uchun, Margaritaning onasi Antigona uchun – unga ham nafaqa tegardi… Bu pullarga tilxat yozdirmasdi – bunday oliyjanob zotlarga ravo koʻriladigan marhamatlar lutfu karam egasining inon-ixtiyoridagi narsa hisoblanardi. Periklis Pardikaris xayri ehson deb atagan katta-katta pullarni unga ibodatxona ruhoniylari berar edilar. Katerina bularning barchasidan voqif edi va Periklisni ogʻzidan gullab qoʻymaslikka majbur qilish ham oʻz ulushini talab qilardi. Koʻp oʻtmay janjalga Margaritaning onasi Antigona ham bosh qoʻshdi. Bir qoʻli shol Stefanos ataylab olovga yogʻ sepib, badtar ularning gʻazabini qoʻzitar, qizi, qariqiz Fotini esa har doimgidek qarindosh-urugʻlarimiz biz qizlarga, yaʼni u va Margaritaga, juda bemehr boʻlib ketishgan deb sira ginaxonlikdan boshi chiqmas edi. Bu mojarolarga qoʻshilishdan oʻzini tiyib yurgan yagona odam Vasilis edi. Yonida sariq chaqasi boʻlmasa ham qaysidir yoʻl bilan pul topardi-da, qachon qarama, kayfi taraq boʻlib yurardi.
Pardikarislar xonadoni hayotining boshiga yetgan bu barcha urish-janjallar, boʻhtonlarning asosiy sababchisi Margarita edi. Zero Margaritaning hayoti, uning farogʻati xonadondagi barchaning va har bir odamning hayoti, gʻam-tashvishiga aylangan edi. Margaritaning taqdiri butun qish mobaynida bir-birini hayvondan olib, hayvonga solish, yerga urib, raddi maʼraka qilish uchun yaxshi bir bahona boʻldi.
Yozda Margarita kelganida urush yangi kuch bilan zabtiga oldi, biroq “chaqaloq” hech narsani koʻrmasligi, hech narsani eshitmasligi, hech narsadan gumon qilmasligi uchun shovqinsiz, yashirincha olib borilmoqda edi. Margarita koʻchaga bir oʻzi chiqa olmas edi, har doim unga birov hamrohlik qilardi – tagʻin qulogʻiga u-bu gaplar ilinib qolmasin. Uyda ham u sal bir yoqqa jilsa, biroz koʻzdan pana boʻlsa, biron-bir gʻayrioddiy yumush bilan band boʻlsa, hamma oʻtakasi yorilib, yugur-yugurga tushib qolardi. U paydo boʻlishi bilan birdan suhbatni toʻxtatishlarini, undan bir nimani ataylab yashirishayotganini va darhol mamnuniyat ila jilmaya boshlashlarini u koʻp bora sezgandi. Har yozda kelganining birinchi kunidanoq uni qurshab olgan bu soxta muhitdan nafasi qaytar edi. U hech kimning xonasiga oyoq bosib kirmasdi, ishxonada qorasini koʻrsatmasdi, uyda u yoqdan-bu yoqqa yurmasdi, hech kimdan hech narsa soʻramasdi va butun xonadonda urf boʻlganidek, barchaga jilmayib qarar edi. Koʻpincha u xonasiga kirib, eshikni ichidan qulflab olardi, yigʻlamasdi ham, mutolaa ham qilmasdi, deraza oldidagi stulga choʻkardi-da, koʻchani tomosha qilardi. Butun yoz boʻyi oʻtkinchilar va qoʻni-qoʻshnilar Pardikarislarning koʻhna uyi derazasida rangpar qizaloq chehrasini koʻrar edilar, xolos.
Ogʻir va samarasiz kunning yakuni sifatida barcha uchun jonning azobi va zavoli boʻlgan oqshom boshlanadi – umrdan yana bir kun oʻtadi.
– U yotdimi?
– Ha…
Hamma xotirjam tortadi, uyquga yotish oldidan ular birin-ketin Margaritaning huzuriga kirib chiqa boshlashadi.
– Yaxshi yotib turing, – eshikni qiya ochib, Periklis amaki homiylarga xos ohangda tilak bildiradi.
– Yaxshi yotib turing, – javob beradi qiz.
– Xayrli tun, Margarita, – deydi xiyol tutilib Vasilis amaki.
– Xayrli tun, amakijon.
– Yotish oldidan kitob oʻqima… Koʻzlaring… Umuman oʻqimaslik kerak.
– Umuman, deysizmi?
– Faqat astronomiyani oʻqi.
– Astronomiyani?
– Yaxshi yotib tur, oltinim mening, Xudoning suygan bandasi, – bir daqiqadan keyin ovoz keladi eshikdan – ostonada butun gavdasi bilan chayqalib Katerina xola turgan boʻladi.
– Yaxshi yotib turing, xolajon.
– Yaxshi yotib tur, – deydi bir qoʻli shol Stefanos amaki. U har doim Margaritaning nigohida bir yashirin narsani uqib olmoqchiday boʻladi.
– Yaxshi yotib turing, – javob beradi Margarita unga ham va yana birov kelishini kuta boshlaydi.
– Xayrli tun, mening Margaritam, – deydi oxirida ona amrona ohangda.
– Oh, xayrli tun, – takrorlaydi Margarita va hamma oʻtib boʻldimikan deya hisoblab chiqadi. Keyin u chiroqni oʻchiradi va qorongʻida qoʻllarini ochib yoyib yotadi. Oxiri uning lablarida achchiq, kinoyali tabassum paydo boʻladi.
– Boʻpti, yaxshi yotib tur, – shivirlab deydi u va “Arsakio”ga qaytguniga dovur qolgan kunlaridan yana bittasini ortga itqitadi.
Biroq u yoqda, “Arsakio”da ham u yolgʻiz va gʻamgin edi, koʻzlari ham hozirgiday katta-katta ochiq, intiq, yoniq boʻlardi.
U vazmin va kamsuqum boʻlishga odatlanib qolgandi. Uning sira jahli chiqmasligini, injiqlik qilmasligini, aytgan narsani joyida ado etishini hamma bilardi. Ammo oʻyinlarda hech qachon ishtirok etmasdi. Faqat ahyon-ahyonda, qizlar yotoqxonasida chuvvos solib, bir-birlariga yostiqlarni ota boshlashganida u qoʻllarini boshi orqasiga qoʻyganicha toʻsatdan qizlarga qarata qichqirar edi: “Boʻpti, yaxshi yotib turinglar!..” Bu uning hazili, yagona achchiq soʻzi edi, bu soʻzlarni eshitib, qizlar har doim kular edilar. Shovqin ikki baravar kuchayardi, oxiri murabbiya paydo boʻlardi-da, chiroqni oʻchirar va ketidan: “Boʻpti, yaxshi yotib turinglar!” – derdi. Hamma yoq suv quygandek jimjit boʻlib qolardi. Margarita esa qoʻllarini boshi orqasiga qoʻyib, qorongʻuda koʻzlarini katta-katta ochib yotaverardi.
Maktabni tugatib, uyga qaytgach, unga tezda hamma narsa kunday ravshanlasha bordi. Qarindoshlarining hech narsani tushuntirishlariga hojat yoʻq edi. U hech narsadan taajjublanmas, hamma narsa unga azaldan maʼlumdek hech narsani soʻramasdi.
Pardikarislar xonadonidagilar yagona eng barqaror daromad hisoblanmish uning zigʻirdaygina maoshiga suyanib qolishgan edi. Margarita hatto qarshilik koʻrsatishning ham evidan chiqmasdi. Bor topganini qoʻsh-qoʻllab ularga topshirardi – uning qoʻlidan shugina ish kelardi, xolos. Shunga qaramay, u yanada kattaroq janjallarning sababchisiga aylanardi. Xonadondagi hayot charxpalagi yana uning atrofida aylanar edi, biroq endi u teskari tomonga harakat qilardi. Endi hamma unga boʻlgan telbalarcha muhabbatlari uchun tovon toʻlashini talab qila boshlagandi. Onasi oʻz daʼvosini birinchi boʻlib bayon etdi – ikkalasi xotirjam umrguzaronlik qilishi va Margaritaga sep toʻplash uchun barcha pullarni undan boshqa hech kim olishi mumkin emas. Kelinining xudbinligidan figʻoni chiqqan Periklis amaki oila boshligʻi sifatida, Margaritaga men vasiy boʻlaman, deb norozilik bildirdi. Buning ustiga Margaritaning otasi oʻlimidan oldin qiziga gʻamxoʻrlik qilishni unga vasiyat qilgan edi.
Katerina xolaning “chaqaloq”qa hech qanday daʼvo-maʼvoi yoʻq edi, biroq modomiki akasi va mana bu zaharli ilon – uning xotini Margaritaning maoshini jigʻildonlariga urmoqchi ekan, ular, aynan ular, “chaqaloq” emas, unga (Katerina xolaga) Margaritani oʻqitish uchun sotilgan uchta tilla uzukning haqqini toʻlab qoʻyishsin.
Margaritaning singlisi Fotini bagʻritosh qarindoshlaridan shikoyat qilib, kunu tun nola qilar edi. U har kuni oqshom Margaritaning xonasiga kelardi-da, Margarita ham unga qoʻshilib koʻz yoshi toʻkmaguncha qon yigʻlagani-yigʻlagan edi.
Fotinining otasi, bir qoʻli shol Stefanos amaki Margaritadan haq soʻramaydigan yagona odam edi. U goh-goh jiyanining sumkachasini qoqishtirib olishni maʼqul koʻrardi, bu ishni shunday doʻndirib bajarardiki, oʻgʻrilikda har qanday odamni ayblash mumkin boʻlardi. Holbuki, pulni kim olganini hamma bilib turardi, shundan keyin boshalanadigan janjal-toʻpolonlarni Stefanos amaki zavq bilan tomosha qilardi. Vasilis amakiga kelsak, bu dono “astronom” bir kuni Margarita bilan yuzma-yuz oʻtirib gaplashmoqchiman, deb qoldi. U otalarcha mehribonlik bilan qizga xonadonga nisbatan ham, qizning oʻziga nisbatan ham hech qanday gʻaraz-parazim yoʻq, umuman bu yorugʻ olamdan men hech narsa umid yo tamaʼ qilmayman, deb yotigʻi bilan tushuntirdi. Aytishicha, uning uchun maʼnaviy, ruhoniy boylik hammasidan ustun – boshqasi abas. Birgina ilinj – kunda bir stakandan rakiya[2] boʻlsa boʻlgani, Margarita ortiqcha gʻidi-pidi qilmasdan shugina sabilni mendan darigʻ tutmasin. Shunda u bechora nihoyat anavi iflosdan qutulardi. (U tunlari oʻliklarni kavlab, kiyimlarni yechib oladigan goʻrkovni nazarda tutmoqda edi.) Goʻrkov uning burnidan ip oʻtkazib olgan, aldaydi va deyarli hech narsa bermaydi. Bergani ham loaqal bir stakan rakiyaga yetmaydi. Ammo bu katta sir, faqat jiyanini azbaroyi yaxshi koʻrganidan unga hammasini ochib solayapti… Pansionning oʻn yetti yashar qizlari uchun qarindoshlik munosabatlari, sevgi va mehr tuygʻulari, bir-biriga gʻamxoʻr boʻlishlarini oʻz ichiga olgan, “uy” tushunchasini bildiruvchi hamma narsa Margaritaning koʻzi oldida mahv boʻldi.
U otasi haqidagi haqiqatni bildi. Erining ulugʻligi va donoligi hurmatiga onasi Margaritani tarbiya qilgandi. Dorishunos hakim Grigoris Pardikaris shahardagi eng jirkanch besoqol boʻlgan. Ruhoniylar, cherkov kengash aʼzolari, doʻkondorlar va boshqa saxovatpesha va muhtaram fuqarolar orasida bundaylar Xudo urib yotardi. Soʻnggi yillarda u oʻzidagi illat botqogʻiga shu qadar chuqur botdiki, uning uyini qulflab, dorixonasini yopishga toʻgʻri keldi.
Aytishlaricha, koʻpchilikka maʼlum Kanavos – Katerina xolaning eri, “bir xalta pulning egasi” Ruminiyada odam oʻldirgan emish. U odam oʻldirmagan boʻlishi ham mumkin, ammo chetda, har holda unga shunday ayb taqashayapti ekan! Eri yoʻqligida Katerina xola bir yosh turk bilan oʻynashib qoʻyib, oʻzini sharmanda qilgan. Ehtimol, bu ham boʻlmagandir, biroq azbaroyi dargʻazab boʻlganidan Pardikarislar bu gunohni Margaritaning yuziga solar edilar. Periklis amaki ibodat mehrobiga keltiriladigan moyda uning ham ulushi bor deb biladi va shu bois moyni toʻgʻri uyiga tashib kelgan. Stefanos amaki xotini hayotligidayoq eng iflos fohishalardan kasallik yuqtirib olgan. Fotiniga taqilgan ayblar ham dahshatlilikda biri ikkinchisidan qolishmaydi. Vasilis amakini hammadan yaxshi edi, desa xato boʻlmasdi. Oqkoʻngillikda bu odamning oldiga tushadigani yoʻq. Faqat birgina aybi shundaki, goʻrkovni qanchalik jinidan yomon koʻrsa, “astronomiya” va rakiyani shunchalik yaxshi koʻradi. Bundan shu narsa kelib chiqadiki, Pardikarislarning saxovatpesha xonadoni boshdan-oyogʻigacha illatlarga botgan ekan. Margarita jomedagi, munitsipalitetdagi oʻgʻriliklar haqida va hamma joyda hukm surgan razilliklar haqida bilib oldi. Cherkov, odil sud, hokimiyat, zodagonlar – bular bari uning koʻzi oldida yer bilan yakson boʻldi. U bilgan va uning kindik qoni toʻkilgan butun yorugʻ olam yer boʻlib qoldi. Dastlabki vaqtlarda u har kuni tez-tez va uzoq-uzoq yigʻlar edi. Boshqalardan yashirib, goh maktabda navbatdagi oilaviy janjaldan keyin barcha bilan birga, aksar hollarda tunda mutlaqo tanholikda yigʻlardi. Shunday damlarda qizgina Pardikarislarning umumiy qismati, kasalliklar, aqldan ozishlar, boʻhtonlardan qochib ketolmasligi haqida oʻylar edi. Hatto oddiy odamlarning tashvishlaridan ham u benasib edi. Tishini tishiga qoʻyib, oilasining barcha aʼzolari kabi uning koʻz oldida yer bilan yakson boʻlib borayotgan anʼanaviy tartib-intizomga rioya qilib yashashga majbur. U boshqacha yoʻl tuta olmasdi: bu maʼnosiz aqidalardan yuz oʻgirdimi, shaharchadagi barcha aholining qargʻishiga qolishi tayin. Shu bois u boshqa Pardikarislar orasida ajralib turmay, ular bilan teppa-teng yashar edi. Kun ketidan kun oʻtib, asta-sekin, fikr – larga choʻmgan, koʻz yoshlari shashqator bir alfozda u shunday xulosaga keldi: hayotda har kimning nimasidir bor – sevinch, muhabbat, orzu, uning esa hech nimasi yoʻq. Demak, dunyoda undan baxtsizroq mavjudot yoʻq ekan-da? Odam boʻlib odamlarday emas – zaif, ayol boʻlib ayollarday emas – xunuk; Xudo aqldan ham, salohiyatdan ham qisgan, jurʼatsiz, bu yorugʻ olamda oʻzini yakrang, yaknasaq his etadi. Holbuki, oila bilan u minglab rishtalar ila bogʻlab tashlangan. Rishtalar shu qadar puxtaki, qiz uni ming chirangani bilan uzib tashlay olmaydi. Nachora, qismatida shu yozilgan ekan-da, uni oʻzgartira olmaysan, undan qochib qutula olmaysan, shirin gap bilan ham, achchiq gap bilan ham uni yoʻrigʻidan chalgʻita olmaysan. Haqiqatning koʻziga tik qarash kerak, vassalom.
Demak, yuz foiz chorasizlik… oʻzining ahvolini fikr tarozusiga solib, u yashashdan maqsadini anglashga harakat qila boshladi. Bir shoir aytganidek, haqiqat koʻziga gʻirt yetimlikning “qoʻrquv bilmas gʻururi” ila qaray olganidan uning qalbi gʻururga toʻldi. Chor atrofda dahshatli urush avjga mingandi. Odamlar ochlikdan, sovuqdan qirilardi, deyarli har bir oilada yaqin odamini yoʻqotganlar faryodi yurakni larzaga solardi – har kuni ajal kimnidir yorugʻ dunyodan olib ketardi. Bu musibat butun dunyoni qamrab olgandi. Margarita avvallari bu sodirliklarga qandaydir hayrat bilan qarardi. U odamlar toʻkkan koʻz yoshlar, chekkan dardu alamlar, azob – uqubatlar bilan uning orasida bir umumiylik borligini anglab qoldi. Yuragiga gʻulgʻula tushdi. Qizgina ularning dunyodagi eng aziz va muqaddas bilgani – yolgʻizligi ichiga bostirib kirishlaridan qoʻrqib ketdi. U bunday yaqinlikni istamasdi, baxtsizlik bobida ular bilan oʻrtoqlashuvga tob-toqati yoʻq edi. Oʻz dardu alami va qismati bilan u odamlardan chetda boʻlishni xohlardi, ularning baxtsizligi vaqtinchalik, oʻtkinchi deb bilardi.
U avvalgiday yolgʻiz boʻlishni xohlardi. Avvalgiday hech narsadan qoʻrqmasligi va hech narsaga umid qilmasligi kerak. Ammo musibat va vayrongarlikning quturgan boʻroni uni tobora koʻproq kuch bilan undagani-undagan edi.
U har kuni maktabda bolalar ogʻzidan dahshatli xabarlar aks sadosini eshitar edi. Uning oʻquvchilaridan ayrimlarining ota-onalari va akalari hayotiga urush zomin boʻlgan, qay biri ochlikdan oʻlgan, yana biri jangda jon taslim qilgan, yana birini nemislar otib tashlagan, baʼzilari konslagerga tashlansa, baʼzilari dom-daraksiz ketgan – aftidan, togʻlarga bosh olib ketib, gumdon boʻlishgan. Bolalar Margaritaga ishonar edilar. Dillarini unga ochib solmoqchi boʻlishar, undan hech narsani yashirmasdilar, “Buni otam aytdi, Margarita… Faqat hech kimga aytmang, xoʻpmi?” Margaritaning gavdasi miqtigina edi va oʻquvchilardan hech biri uni “muallima xonim” deb atamasdi, shunchaki, Margarita, deyishardi.
Ular muallimaga oiladagi yoʻqotishlar haqida, och qolishayotgani haqida soʻylar, oʻtin yoʻqligidan shikoyat qilar edilar, gitlerchilarning vahshiyligi haqida gapirishardi. Birini oʻldirsalar, birini hibsga oladilar; oziq-ovqatlarni yashirib sotib boyiyotgan muttaham olibsotarlar haqida kuyunib soʻzlar edilar; boylar va baobroʻ shaxslar anʼanalarning qoʻzgʻalmas taxti uzra qoʻl qovushtirib oʻtirmaganlari, balki gitlerchilar bilan hamkorlik qilayotganlari haqida hikoya qilishar edi. Kim ochiqchasiga, kim gitlerchilarning xufiya qoʻllari bilan xalq boshiga musibatlar solmoqda. “Ularni koʻproq oʻldiring!” – har kuni Apostolos Dervis oʻzining “Karnay” roʻznomasida ana shunday daʼvat qilar edi. Oriq-tiriq mahalliy rahbarlardan xoʻppa semiz nemislarni aʼlo koʻruvchi uning xotini Antigona erini istar-istamas qoʻllab-quvvatlardi. Qora xalq boshini koʻtarishga jurʼat qilganidan joni chiqqan taniqli kapitan Lyaratos shahardagi “xavfsizlik bataloni”ga bosh boʻlib oldi va nemis komendaturasining doimiy kunda-shundasiga aylandi.
Margarita ularning gaplarini alamli tabassum bilan tinglab, agar bolalar qattiq qoʻrqib ketishgan boʻlsa, ularning qoʻrquvini tarqatish uchun dalda beradigan biron narsani soʻzlab berardi. Bordi-yu, bolalardan biri qattiq qaygʻuga choʻkkan boʻlsa, Margarita uni bagʻriga bosar, tasalli berar, uning mittigina yuragi tepishini oʻz yuragi bilan his etardi. Bordi-yu, bolalar nemislarning pand yeganlaridan suyunib, ovozlari boricha kulishsa, Margarita ham ular bilan birga quvonar edi. Urushning tez orada tugashiga, nemislar yanchib tashlanib, ularning vatanidan umrbod haydab yuborilishiga odamlar qanchalik ishonayotganini ochiq-oydin eʼtirof etadigan kun ham keldi. Oʻshanda…
Oʻsha kuni u ishdan qaytib kelganida qattiq hayajonda edi. Iztiroblarining yagona guvohi boʻlmish moʻjazgina xonada u qoʻllarini qovushtirib oʻtirar ekan, dunyoning barcha burchaklaridagi barcha odamlarning oʻtmishdagi va hozirdagi azob-uqubatlari haqida birinchi marta mulohaza yurita boshladi. Kelajakdagi yaxshi hayotga boʻlgan umid odamlarda mana shu kelajak uchun kurashishga ishtiyoq uygʻotishi haqida ham oʻy surardi. Barcha odamlarning bu ulkan umidida uning ham zarradek ulushi bor boʻlsa, nima qilibdi?
Arzimas narsa… Ammo bu oʻylar uning bor shuurini qamrab olgandi. Pardikarislar hovlisi Sturnaslar hovlisi bilan tutash edi. Sturnaslar oddiy odamlar boʻlib, mardikorlik qilib kun koʻrishar edi. Pardikarislar bilan ularning yaqinligi salom-alikdan nariga oʻtmasdi. Oila boshligʻi etikdoʻz boʻlib, bir necha yil avval oʻlib ketgandi. Ikkita yetimchani boqib katta qilish uchun ona oqsochlik qilardi. Ammo koʻp oʻtmay, u ham bandalikni bajo keltirdi. Ularning Angelikula degan qizlari Margarita bilan tengqur edi. Ular boshlangʻich maktabga birga qatnar edilar. Biroq Margarita “Arsakio”ga oʻqishga kirgach, uning Angelikula bilan uchrashuvini taqiqlab qoʻyishdi. Hovlilarni ajratib turgan tosh devor yiqilib tushgandi va Sturnaslarning tovuqlari Pardikarislar hovlisida aylanib yurardi. Angelikula koʻpincha tovuqlarini haydab chiqarmoqchi boʻlgandek buzuq devordan oshib oʻtardi. Aslida uning maqsadi Margarita bilan uchrashib, dilini ochish boʻlardi. Derazadan Angelikulaga koʻzi tushib, Margarita ham darhol hovliga chiqardi-da, qoʻllarini yoygancha dugonasi tomon chopardi.
– Margarita! – Oʻsha zahoti uydan ovoz kelardi. Kimdir uni tagʻin ogohlantirardi.
– Nima? – Qizning qoʻllari behol pastga tushardi va alam toʻla nigohi Angelikulaga qadalardi.
– Birrov yuqoriga chiq, tillo qizim…
– Ertaga koʻrisha qolaylik, Angelikula, maylimi?
– Mayli, – gʻamgin rozi boʻlardi Angelikula.
Har yozda shunday boʻlar edi.
Bir gal maktabdan qaytayotib, Margarita toʻgʻri Angelikulanikiga yoʻl oldi. Uning yuragi gup-gup urardi. Bir daqiqa nima qilishini bilmay, eshik tagida turib qoldi, keyin eshikni taqillatdi. Eshikni hech kim ochmadi. Boshini quyi solgancha u uyga yoʻl oldi.
Bundan oldin qatorasiga bir necha kun u qattiq oʻy ostida qolgandi – nima uchun aynan endi u Angelikula bilan uchrashmoqchi boʻlayapti, unga nima deydi, Angelikula nima deb javob beradi va keyin nima boʻladi? Bu voqea uning xayol doirasidan chiqib, ulkan tortib ketgandi. Bu odamlar sari qoʻyilayotgan birinchi qadamgina emasdi, buning zamirida yana qandaydir muhimroq gaplar yotardi.
Angelikulaning akasi Nikolas Sturnas shahardagi ilk koʻngillilardan biri boʻlib, soʻnggi yillarini avval surgunda, keyin esa konslagerda oʻtkazdi. Buni Margarita bilardi. Shunday boʻlsa ham, qiz uning oldiga borishga azmu qaror qildi.
Ammo hech kim eshikni ochmadi… U ertasi kuni ham bordi. Eshik yana yopiq. Ichkarida hech kim yoʻqmi yoki Angelikula uni koʻrsa ham, shunchaki, eshikni ochmoqchi emasmi? Margarita yana tushkunlikka tushdi. U shundan keyin avvalgiday loqaydlik boshlanishini kutgan edi, ammo bunday boʻlmadi. Margarita qoʻrqib ketdi. Hovlilarni ajratib turgan yarimvayrona devor, har kelganida yopiq boʻladigan eshik, uni ortiq koʻrishga toqati qolmagan Angelikula, odamlar chekayotgan azob-uqubatlar va ularning buyuk orzulari haqidagi oʻylar miyasida ayqash-uyqash boʻlib, unga sira tinchlik bermayotgandi. Endi u qordan qutulib, yomgʻirga tutilgandi – tagʻin yolgʻiz qolgandi, ammo atrofidagi odamlarga nisbatan oldingi xotirjamligi endi koʻzga tashlanmasdi…
Kunlarning birida u maktabdan kelib, oʻzining xonasiga koʻtarildi, portfelini irgʻitdi-da, qorongʻi tushishini poylab, deraza oldida oʻtirib oldi. Uydagilar uxlagani yotgandan keyin hovliga tushdi. Yomgʻir quyardi. U bir sakrab devordan oshdi-da, Sturnaslar hovlisida paydo boʻldi. Derazalardan bittasida qizgʻish nur taratib turgan chiroq miltillardi. Margarita yomgʻir ostida derazaga tikilib turardi… Bular bari tushga oʻxshardi… U barmogʻi bilan oynani chertdi.
– Keldingmi? – eshikni ochib va Margaritani quchoqlab soʻradi Angelikula, xuddi uning kelishini sabrsizlik bilan kutib turgandek.
Asta-sekin, kun-bakun ularning yuragida oldingi bolalarcha mehr qayta nish ura boshladi. Chiroq zaif yoritib turgan choqqina xonada ular yana apoq-chapoq boʻlib ketgandi. Har oqshom darsdan keyin Margarita uyi yonidan lip etib oʻtardi-da, Angelikulanikida paydo boʻlardi. Bolalar maktabga olib keladigan oʻsha yangiliklar: urush, frontlardagi janglar, ulardagi jiddiy oʻzgarishlar haqida suhbatlashar edilar. Angelikula bu yangiliklarni toʻlib-toshib, berilib hikoya qilardi. Margarita esa ularni jon qulogʻi bilan tinglab, goho dugonasining oldida yarim tungacha qolib ketardi.
– Koʻchadan ketma, – uqtirardi Angelikula, – keyingi vaqtlarda politsiya uyimizga boshqacha qarayapti.
U dugonasini devorgacha kuzatib qoʻyar va Margarita bir sakrab devordan oshib tushardi.
Italyanlar ketgandan keyin koʻngilli Nikolas konslagerdan qochib, shaharga qaytdi va maxfiy tarzda yashay boshladi, Angelikula bu sirni Margaritaga ochib soldi. Soʻnggi paytlarda ular bir-biridan hech narsani yashirmaydigan boʻlib qolishgandi.
– Bilasanmi, Nikolasga men nima dedim?
– Nima deding?
– Seni gapirdim…
– Meni?
– Ha…
– Unga aytdimki… – Angelikula u yogʻiga tutilib, maʼsum, begʻubor koʻzlari, bilan dugonasiga qarab qoʻydi. – Men unga sening oʻzimiznikilardan ekaningni aytdim.
Margarita unga yaqinroq keldi-da, dugonasining qoʻlidan ushladi.
– Ha… ha, ha! – dedi u tez-tez, yuragi muzday boʻlib, keyin yuzini Angelikulaning koʻksiga qoʻydi-da, piqillab yigʻlab yubordi. Shu kuni tunda u uzoq tush koʻrdi. Millionlarcha odam uni qurshab olgan va Margaritani tinmay chaqirar emish, odamlarning biri hoʻngrab yigʻlasa, biri oh-voh qilarmish, biri yerga yuztuban yiqilsa, biri kularmish; taʼqiblar xaloskorlik bilan almasharmish va bular bari goh zulmatli, goh charogʻon va ajoyib, ammo nomaʼlum joyda sodir boʻlayotganmish. Nikolas goh shu olomon ichida paydo boʻlsa, goh gʻoyib boʻlarmish. Bir vaqt u qizga tikilib qaradi-da, soʻradi:
– “Bu senmisan, Margarita?”
– “Ha”.
– “Sen biznikilardanmisan?”
– “Angelikula senga aytmaganmidi?” Yigit uning qoʻlidan tutdi va ikkalasi ham bir-birining qoʻlidan mahkam ushlagancha odamlar orasiga kirib ketdi…
Margaritaning Nikolasni koʻrmaganiga talay yillar boʻldi. U yigitni sochi olingan, katta boshli bola boʻlganini eslaydi. Doim oyoq yalang yurar, qoʻlida bir toʻgʻram noni boʻlardi. Ertalab qiz goʻyo yigitning boshini kaftlarida tutib turganday bir hissiyot bilan uygʻondi. Yarim yalangʻoch holda toʻshakdan sapchib turdi va negaligini oʻzi ham tushunmay, toshoyna tomon chopdi. Balki u unchalik xunuk emasdir?
Mana shu bahor kunida Margarita haddan tashqari hayajonda edi. Ammo baribir ham qandaydir hadik uning yuragini qismoqda edi. Demak, “biznikilardan boʻlish” deganning tagida katta gap bor ekan-da?
– Xoʻsh, xoʻsh, Nikolas nima dedi, Angelikula? – soʻradi u kechqurun.
– Biz sen toʻgʻringda gaplashdik… Nikolas toqqa chiqib ketadi, men ham u bilan birga ketishim kerak. U, agar xohlasang, seni ham birga olishimiz mumkinligini aytdi.
– Yoʻq, – dedi shartta Margarita, goʻyo javobni ilgaridan tayyorlab qoʻygandek. – Men shu yerda qolaman…
Uning tomogʻiga bir narsa kelib tiqildi. U tishlarini gʻijirlatdi. Qoshi chimirildi va chehrasi qorayib ketganday boʻldi, soʻng takrorladi:
– Yoʻq, men shu yerda qolaman, mendan shubhalanishmaydi. Men koʻp ishlar qilishim mumkin. Unga borib ayt, menga qoldirsin… – Aynan nimani qoldirishni aytmadi.
Angelikula uni quchoqladi-da, yigʻlab yubordi. Margarita koʻz yoshlarini arang tutib turardi.
Tunda ikkalovi Margaritalarning yertoʻlasiga gektografni koʻtarib olib tushishdi. Bir kuni kechqurun esa Angelikula Margaritani oʻzlarining hovlisiga chaqirdi. Margaritaning titroq, nozik panjasini erkak kishining kattakon, issiq qoʻli ogʻritguday qattiq qisdi. Qiz qorongʻulik ichida koʻzlarini katta-katta ochib turardi.
– Yaxshi qol, Margarita.
Qiz churq etmadi.
– Biz qaytganimizdan keyin, Margarita…
– Bunday daqiqalarda nimalarni his qilayotganingni soʻz bilan ifoda etib boʻlarmikan?
– Endi menga boshqa hech narsa kerak emas…
Yigit uning qoʻlini qoʻyib yubordi va yelkasidan quchoqladi. Gavdasi mushtdekkina boʻlganidan Margarita oʻzini gʻalati his etdi. Balandroq koʻrinmoqchi boʻlgandek qaddini rostladi. Endi titramay qoʻygan qoʻllarini oldinga uzatdi va yigitning boshini siladi. Nikolas uni oʻziga tortib boʻsa oldi. Angelikula esa sal narida turib ulardan koʻzini uzmas va asta-asta yigʻlardi.
– Yaxshi qol, Margarita.
– Xudo yor boʻlsin, Nikolas, mening Nikolasim… Xayr, Angelikula.
Xabarchi mushtdekkina bola boʻlib, tayinlangan vaqtda devor xarobalari ortida kutib turardi va unga mumqogʻozni tutqazardi.
Pardikarislar uyi boʻylab kezib yuradigan olti koʻlankaga yana bittasi qoʻshildi – bunisi tun chogʻida kezinar edi. Ixcham gektograf ovoz chiqarmay ishlardi. Faqat qogʻozning shitir-shitiri quloqqa chalinardi. Margaritaning yuragida: “Yaxshi qol, Margarita!..” degan ovoz jaranglashiga mana shu shitir-shitiri kifoya edi.
Margarita tugunni bekalarga xos sarishtalik bilan tugadi. Buni ertaga oqshom chogʻi devor xarobalari oldida xabarchi bolaga beradi. Bola jilmayib, unga koʻz qisib qoʻyadi va:
– Hammasi joyida, Margarita, – deydi, xolos.
– Ertaga kechqurun kel.
– Yettidami?
– Yoʻq, yetti yarimda kel.
– Men emas, Chol keladi. U maktab burchagida boʻladi.
Koʻp oʻtmay, navbatdagi tutqanoq xurujidan Margaritaning xolavachchasi Fotini yuragi yorilib oʻldi. Stefanos amakining esa miyasiga qon quyildi. Bu butun dunyo gitlerchilarning magʻlubiyatidan suyunib, urush tugashi arafasida sodir boʻldi. Oilada yangi tashvishlar paydo boʻlgandi – Fotinining merosi va Stefanos amakining kasalligi. Garchi merosning oʻzi yoʻq boʻlsa-da, Stefanos amakiga koʻp narsaning keragi boʻlmaganiga qaramay, janjallar avj olgandan-oldi. Uzoq munozaralardan keyin shunga kelishildiki, meros Margaritaga qoladi, uning onasi esa Stefanos amakiga qaraydi. Margarita eʼtiroz bildirmadi. Koʻrinishidan hamma tinchlanganday edi. Biroq yangi hodisa oilani larzaga soldi. Katerina xola Fotinining sandigʻidagi ikkita yostiq, kanop dasturxon va chinni guldon gʻoyib boʻlganini bilib qoldi. U ogʻzidan bodi kirib-shodi chiqib qargʻanganicha “yosh goʻdakning joni” haqqi oʻgʻirlangan buyumlar joyiga qaytarilishini talab qila boshladi. Hamma oʻzini oʻgʻrilikka daxli yoʻq, deb aytardi. Toʻshakka mixlanib qolgan amakigina bu gumondan xoli edi. Oh-voh va baqiriq-chaqiriqlarga eng dahshatli qargʻishu laʼnatlar aralashib turardi. Baribir aybdorni topisholmadi va hamma asta-sekin tinchlana boshladi. Biroq shunda bemor Stefanos amaki sirli ravishda “Narsalarni Fotini oʻlimidan keyinoq uydagilardan biri oʻgʻirlagan, bunga iymonim komil”, dedi, chunki oʻlimidan sal oldin Fotini unga bor bisotini koʻrsatgan ekan. Agar undan gumoning kimdan deb soʻralsa, hammadan ham koʻproq Vasilisdan gumon qilishini aytardi. Katerina oʻsha zahoti Vasilisni burovga oldi.
– Yostiqni oʻgʻirlab nima qilaman? – xotirjam boʻl, – dedi “astronom”. – Menga ozgina rakiya boʻlsa boʻlgani, bunga pulni Margarita beradi menga.
– U senga pul beradimi?
– Boʻlmasa-chi, – magʻrur javob berdi u. – Yaxshi qiz.
– Yaxshi de… U qayerdan olar ekan pulni?
– Bilmadim, unga birov bersa kerak-da…
Shunda Katerina bildirmay uyni tintuv qilishga kirishdi. Avvaliga u Antigonaning xonasini titkilab chiqdi. Hech vaqo topilmadi. Keyin Periklisning xonasiga oʻtdi. Yana hech balo yoʻq. Fotinining sandigʻini yana bir marta qarab chiqdi. Yoʻq. Vasilisning xonasidagi hamma narsani ikkinchi marta agʻdar-toʻntar qilib chiqdi. U yerda ham hech narsa yoʻq.
– Shu yerda, shu yerda, uyda, mana meni aytdi dersan! – takrorlardi Stefanos amaki.
Shunda Katerina chordoqqa olib chiqadigan tuynukni eslab qoldi, u yerdan ishchilar tomga chiqar edilar. Katerina narvonni oldi-da, chordoqqa chiqdi. Qidiraverib butunlay holdan qoldi. Hamma joyi shilinib ketdi. Ammo hech narsa topilmadi. Hech kim bilib qolmasin deb, yaralangan qoʻllarini yashirishiga ham toʻgʻri keldi. Har kuni tongdan shomgacha u barcha xonalarni aylanib chiqar, karavotlar tagini qarar, koʻrpalar orasiga qoʻl suqar, zinapoyani, soʻng qaznoqni paypaslab chiqar edi. U yerda adyol va eski kiyim-kechaklar taxlab qoʻyilgandi.
Bir kuni u yertoʻlada gektogrofli qutiga duch kelib, hayron boʻldi. Bunaqa buyumni u hech qachon koʻrmagandi va uning nima ekanini ham bilmasdi. U faqat bir narsaga qattiq amin edi: ilgari bunaqa buyumni uyda koʻrmagandi. Bu kimning matohi boʻlsa ekan? Shishalar-chi? Bir shishaning ogʻzini ochgan edi, qoʻliga boʻyoq yuqib qoldi.
– Ajabo!..
Katerina xaltachalarni ochdi. Top-toza qogʻozlar. Bunisi nima boʻldiykan? U qoʻlida mumqogʻozni ushlab turardi. Uni Margarita bir kun avval olgan boʻlib, tunda harf terishi kerak edi. Yertoʻla qorongʻu edi. Katerina mumqogʻozni oldi, qolgan hamma narsani bittama-bitta avvalgi joyiga qoʻyib chiqdi va yuqoriga koʻtarildi. U xonasini ichidan qulflab oldi-da, koʻzoynagina taqib, xatni oʻqiy boshladi. Dastlabki jumlalardanoq hammasi ravshan boʻldi: itifoqdoshlar maqtalib, nemislar laʼnatlanardi. Ayol oʻqishdan toʻxtadi. Bu qogʻozlar ularnikiga qanday kelib qolganini bilishga harakat qildi. Ammo bunga javob topolmadi. Birdan uning miyasi ishlab ketdi. “Bilmadim… balki unga kimdir berar…” Bersa, bu Periklis boʻladi. Katerina mumqogʻozni qoʻltigʻiga suqdi va Periklisni qidirib ketdi. Ukasini topdi. Uni oʻz xonasiga olib keldi va eshikni yopib oldi.
– Funtlar qani?
– Qanaqa funtlar? – Taajjub ichida dedi ukasi. – Shuni soʻrash uchun meni bu yerga sudrab olib keldingizmi?
– Bas qil, Periklis. Funtlar qani deb soʻrayapman?
– Jinni-pini boʻlib qolmaganmisiz? Qanaqa funtlarni gapirayapsiz?
– Ingliz funtlarini-da, oʻzingni bilmaslikka solma.
Periklis oʻrnidan turdi. Boshini chayqadi va ketmoqchi boʻlgan edi, lekin opasi uning qoʻlidan ushlab qoldi.
– Periklis, men hammasini bilaman, oʻz koʻzim bilan koʻrdim.
Periklis yelka qisdi. Shoʻrlik opajoni butunlay aqldan ozibdi. Shunda Katerina mumqogʻozni uning burni tagiga olib bordi.
– Buning uchun inglizlar toʻlamaydimi? Mendan yashirib pul topasizlar, boyiysizlar! Vasilis aytdi menga. Araqxoʻrdan hamma narsani bilsa boʻladi.
Periklis mumqogʻozni oldi, koʻzoynagini taqib, oʻqiy boshladi. Keyin boshini koʻtarib opasiga qaradi. – Bu nima oʻzi, Katerina?
– Bu mening ishim emas demoqchi boʻlyapsanmi?
– Hech narsa tushunmayapman, – dedi Periklis va yana oʻqishda davom etdi. Uning oʻzini tutishidan Katerina oʻylanib qoldi.
– Sen rostdan ham hech narsa bilmaysanmi?
– Yoʻq dedim-ku sizga, buni qayerdan topdingiz?
– Yur buyoqqa.
Ular oldinma-ketin yertoʻlaga tushishdi. Periklis hamma narsaga diqqat bilan koʻz yugurtirib chiqdi-da, parishonxotirlik bilan dedi:
– Yoʻq, yoʻq, Katerina, bu funtlar emas.
– Unda nima boʻlmasa?
– Dahshatli narsa, judayam dahshatli narsa. Hech kimga bu toʻgʻrida ogʻiz ochmang.
– Sen nima qilasan?
– Hech kimga ogʻiz ochmang, eshitdingizmi?
Yigitchaning shunaqangi kayfi uchgan ediki, Katerinaning ham yuragi shuvilladi.
– Boʻpti, churq etmayman.
Periklis mumqogʻozni oldi va mitropolit qarorgohiga yoʻl oldi. Kotib orqali u qabulga kirishga ijozat soʻradi. Xoli, shaxsiy masala boʻyicha gaplashmoqchiman, dedi. Periklis kabinetga kirdi, oʻtirdi, eshikka koʻzini tikdi va mumqogʻozni ruhoniy hazratlariga uzatdi. U dastlabki satrlarini oʻqiboq boshini koʻtardi.
– Hm… Ha… – gʻudrandi u – bu, haligilarning ishi. Buni ular chop etadilar. Qayerdan topding?
Toʻgʻri aytasiz, aʼlo hazrat, bu oʻshalarning ishi.
– Nima boʻpti. Bunaqa narsalarni ular har kuni bosib chiqaradilar.
– Har kuni?
– Senga nima boʻldi, Periklis? Buning senga nima daxli bor?
– Buni qayerda chop etishadi, bilasizmi, aʼlo hazrat?
– Buni hech kim bilmaydi, men ham aytolmayman.
– Demak, har kuni deng, aʼlo hazrat? Men esa bilaman uning qayerda bosilishini.
Mitropolit qoshlarini koʻtardi va Periklisga diqqat bilan qaradi.
– Bu gaping chakki boʻlmadi, sen qayerdan bilasan?
– Aʼlo hazrat, aʼlo hazrat, buni mening uyimda bosishadi.
Avliyo ota kulib yubordi.
– Periklis Pardikarisday oʻgʻlimiz aqldan ozibdi-da…
Afsuski… yoʻq. U aqldan ozmagandi. Periklis hammasini oqizmay-tomizmay soʻzlab berdi. Yostiqlar, Stefanos, mayparast Vasilis, Katerina, Margarita – hech biri qolmadi. U hikoya qilgani sayin ruhoniyning chehrasi battar tundlashib borardi.
– Bu gaplaringni qoʻy, tashvishlanma. Faqat boshqa hech kimga gapirib yurma. Hech kimga, – dedi suhbatga xotima yasab mitropolit.
Periklis koʻngli yengil tortib chiqdi. Aʼlo hazrat esa ozmuncha hayajonlanmadi. Bu ish unga qimmatga tushishi mumkin edi. Pardikarislar uni, mitropolitni qoʻllab-quvvatlashi tayin, ammo buni nemislarga tushuntirib boʻladimi! Oʻsha kuni tush mahali u “Millat manfaatiga daxldor muhim ishlar boʻyicha” politsiya boshligʻini huzuriga chorladi. Bu ishni men sizga shaxsan ishonib aytyapman, dedi mitropolit. Uning fikricha, shovqin-suron solishga hojat yoʻq. Margarita, albatta, koʻngillilar nomini aytadi. Ammo bu haqda eslab oʻtirmaslik ham mumkin. Xufiya ish olib boruvchilarni topishda politsiyaning xizmati, deb baho berib qoʻya qolinadi.
Politsiya boshligʻi jon-dili bilan rozi boʻldi. Sekin va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga soʻz berdi va aʼlo hazratlarining qoʻlini tavoze bilan oʻpib qoʻydi.
Yolgʻiz qolgach, politsiya boshligʻi hammasini boshqatdan oʻylab chiqdi. Qiz unga ismlarni aytadi. Nemislarga esa u buni shaxsiy xizmati sifatida taqdim etishni maʼqul koʻrdi.
Kechqurun Margarita uyga qaytmadi. Periklis va Katerina oʻz yangiliklarini allaqachon barchaga “gullab” boʻlishgan edi. Yana oilada toʻs-toʻpolon boshlandi. Oʻz farzandlarini sotib qoʻyganlari esa yetti uxlab tushlariga kirmagandi.
Ertalab maʼlum boʻlishicha, yunon politsiyasi xonasidan Margaritani gestapoga olib borishipti. Oʻsha kuni kechqurun yana xabar tarqaldiki, qizni rosa qiynashibdi. Biroq u hech narsa aytmabdi. Tergov rishtasi Margaritada boshlanib, Margaritada uzilar edi. Aʼlo hazrat esa nemislarning koʻzi oldida sharmandayi sharmisor qilindi. Oʻzining boqibegʻamligidan politsiya boshligʻi sochini yulardi. Nega ham mitropolitga ishondi?! Avval bu zaharli ilonni, gazandavachchani yaxshilab kuzatmaydimi, keyin hibsga olmaydimi!
Shundagina Pardikarislar Margaritani oʻz qoʻllari bilan jallodga topshirganlarini angladilar. Ular oʻz farzandlarining oʻlimi bilan oʻz umrlarini nihoyasiga yetkazdilar.
Oradan koʻp oʻtmay Stefanos amaki olamdan oʻtdi. Uning toʻshagi tagidan yostiqlar va dasturxon chiqdi. Guldonni u matrats ichiga yashirgan ekan, guldon oʻsha joyda chil-chil boʻlib yotardi. Ular bilan izma-iz Katerina, Antigona va Periklis ham narigi dunyoga ravona boʻlishdi. Eng oxirida Vasilis dunyodan koʻz yumdi. Bir muncha vaqt u qovoqxonama-qovoqxona sanqib yurdi. Nuqul goʻrkovni, nemislarni va aʼlo hazratni soʻkib, Margaritani sogʻinib yigʻlardi.
Margarita uchun hammasi – qiynoqlar, tergov, sud juda tez nihoyasiga yetdi. Aytishlaricha, uning lablaridagi tabassum hech oʻchmas ekan. Koʻzlarida esa oʻt chaqnab, juda ham chiroyli koʻrinar ekan.
Sening koʻzlaring chiroyli edi, Margarita!..
Soʻnggi daqiqada soqchilar toʻdasi qarshisida turar ekan, qiz nigohini hali tonggi nimqorongʻulik qoʻynida yotgan ona shahriga qaratdi. Esi past jazavakorlar, haromzodalar, vahshiylarning chirkin dunyosi yemirilmoqda, Margaritani dunyoga keltirgan olam yer bilan yakson boʻlmoqda edi. Uning lablarida yana achchiq tabassum paydo boʻldi. U qoʻlini sharpani haydagandek maʼnosiz siltab qoʻydi.
– Boʻpti, xayrli tun!
– Oʻt och!
Pind togʻi choʻqqilari ortidan quyosh bosh koʻtardi… Hademay tong ota – di. Boshini oʻqlar gʻalvir qilib tashlagan qiz hayotining soʻnggi taftu harorati ila murojaat qilmoqda:
“Yangi, goʻzal olam yaratinglar!”
Rus tilidan Amir FAYZULLA tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2
[1] Yunon grammatikasiga koʻra, xotin-qizlar ismi sharifida, familiyalar oxiridagi ‘‘c’’ harfi tushirib qoldiriladi.
[2] R a k i ya – makedoniyaliklarning oʻtkir ichimligi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/hur-qiz-margarita/