Hunardan unar

DO`STLARGA ULASHING:

Burungi zamonda bir podshoh bor ekan. Bir kuni u bir kambag‘alning qizini olmoqchi bo‘lib, sovchi yuboribdi. Sovchilar kelib podshohning so‘zini qizga aytishibdi. Qiz sovchilarga:
— Podshohga borib aytinglar, olmoqchi bo‘lsa, men ham roziman. Lekin podshoh bir hunar bilsagina tegaman, bilmasa o‘rgansin, — debdi.
Sovchilar podshoning oldiga kelib qizning shartini aytishibdi.
Podshoh bu gapni eshitib avval achchig‘i kelibdi, so‘ng o‘ylanib turib, qizning gapi ta’sir qilibdi: “Podsholigim hunar emas ekan-da. Xayr, hunar ham o‘rganay” deb, o‘z o‘rniga vazirini qoldirib, hunar axtarib chiqib ketibdi. Hamma hunarlarni ko‘rib, gilamchilik ma’qul bo‘libdi. Gilam to‘qiydigan bir yaxshi ustani topib, shunga shogird tushibdi. Uch yil-u uch oy deganda gilam to‘qishni o‘rganibdi. Bir gilam to‘qib qizning uyiga yuboribdi. “Hunar o‘rgandik, shartini bajardik”, debdi. Qiz:
— Podshoh shartni bajargan bo‘lsa, men ham so‘zimda turibman, endi tegaman, — debdi.
Podshoh to‘y-tomosha qilib qizni olibdi, xotinidan ko‘ngli to‘lib, podshohligini qilib yuraveribdi.
Kunlardan bir kun shu podshoh mamlakatidagi elning savdogarlari, katta-katta boylaridan bir qancha kishi yo‘q bo‘libdi. Bu xabar podshohga yetibdi. Qancha amaldorlar axtarib, boylarning daragini topmabdi. Podshoh “Bularni o‘zim axtarayin, shaharda bir sir borga o‘xshaydi, buni bilmasam bo‘lmaydi”, deb podshohlik kiyimlarini yechib, boshqa kiyimlar kiyib, odam tanimaydigan bo‘lib, kechasi xalq yotgandan keyin shaharni aylanmoqchi bo‘lib chiqib ketibdi. Aylanib yursa, uzoqdan bir chiroq ko‘rinibdi. Podshoh to‘g‘ri shu chiroq ko‘ringan joyga borsa, bir oshxona. Oshxonaning ichida ko‘p odam ovqat yeb o‘tiribdi. Eshikni ochib qarashi bilan oshxona egasining ko‘zi podshohga tushibdi va:
— Nima ishingiz bor?— deb shohdan so‘rabdi. Podshoh:
— Qornim och, ovqat yemoqchiman, — debdi. Oshxona egasi:
— Qani ichkari kiring, to‘rga o‘ting, — deb podshohni ichkari uyga olib kiribdi. Podshoh to‘rga o‘tayotib yerto‘lada tushib ketibdi.
Qarasa, ro‘parasida bir odam turibdi. U odam podshohning qo‘lidan tutib, ichkari uyga olib kiribdi. Uyda odam juda ko‘p ekan. Podshoh qo‘rqib indamay turgan ekan. Bir kishi o‘tirgan yeridan turib, qo‘liga katta pichoqni ushlab “Qani, hozir navbat kimniki?” deb to‘g‘ri podshohning oldiga kelib, uni so‘ymoqchi bo‘libdi. Birovi kelib kallasidan ushlabdi. Podshoh esidan adashib, xayoli qochibdi. So‘ymoqchi bo‘lganlarga:
— Sizlar kimsizlar, sizga jon kerakmi, mol kerakmi, pul kerakmi?— debdi. Ular:
— Bizga jondan boshqa bari kerak, u bo‘lmasa jon kerak, hozir sening kallang kerak, — deyishibdi. Podshoh:
— Pul, mol topib bersam bo‘ladimi? —debdi. Ular:
— Bo‘ladi, — deyishibdi. Podshoh:
— Unday bo‘lsa, bir hunar ko‘rsataman, mening aytganimni qilasizlar. Men bir gilam to‘qib beraman, shuni podshohga olib borsanglar ming tilla beradi, — debdi. Ular:
— Qani, hunaringni ko‘raylik, — deyishibdi. Podshoh u kerak, bu kerak deb gilam to‘qish uchun kerakli narsalarni aytibdi. Haligi odamlar bozorga borib podshohning aytgan narsalarini olib kelishibdi. Podshoh ipakdan bir gilam to‘qib:
— Mana bu gilamni podshohga olib boringlar. Podshoh sizga ming tilla beradi, — debdi.
Haligi odamlar gilamni ko‘tarib podshoh saroyiga olib borishibdi. Saroydan bir mahram chiqib, gilamni ichkariga olib kirib, kimga berishini bilmay, vazir bilan maslahatlashibdi. Bular podshohni yo‘qotib hayron bo‘lib yurgan ekanlar. Gilamni podshohning xotiniga ko‘rsatibdilar. Xotini o‘zining eri to‘qigan gilam ekanini tanib, gilam keltirgan odamlarga ming tilla berib yuborib, orqasidan odam qo‘yibdi. O’g‘ri tillalarni olib, suyunib to‘g‘ri oshxonaga kirib boribdi. Orqasidan poylab kelgan odam vazirga xabar beribdi. Vazir bir qancha askarlarini olib kelib, oshxonani o‘rab, ichkariga kirib podshohni topibdi. Podshoh qo‘lga tushgan odamlarning barchasini ozod qilibdi. Odam o‘g‘rilarning qo‘lini bog‘lab, askariga haydatib, saroyga kelibdi. Ularning hammasini dorga ostiribdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x