Hozirgi oʻzbek nasrida ramz va metafora

Hozirgi oʻzbek hikoya va qissachiligida Erkin Aʼzam, Xurshid Doʻstmuhammad, Sobir Oʻnar, Abduqayum Yoʻldosh, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Zulfiya Qurolboy qizi singari ijodkorlar qalam tebratishmoqda. Ular yaratgan hikoya va qissa namunalari ham uslub, ham shakl jihatidan oʻzgarib bormoqda.

Xususan, oʻzbek hikoyachiligi ikki xil uslubiy yoʻnalishda rivojlanayotganligini kuzatish mumkin: anʼanaviy realistik va modernistik. Zamonaviy oʻzbek yozuvchilari ustoz oʻzbek hikoyanavislarining, shuningdek, jahon hikoyachiligi ijodiy tajribalari bilan, ramziy-majoziy obrazlar va uslub jihatdan Gʻarb adabiyotiga xos modernistik shakl va usullardan keng foydalanishib, hikoyachilikda yangicha badiiy-estetik yangilanishlar yasashmoqda. Ularda qahramon ruhiyatiga yanada chuqur kirish, badiiy psixologizmning yangicha tasviriy vositalari boʻlgan adabiy gallyusinatsiya, illyuziya singari tasvirlar, yangicha ramziy-psixologik timsollar yaratish, hatto yozuvchi fantaziyasi bilan yaratilgan badiiy-romantik toʻqima obrazlar talqini ham uchraydi.

Shu maʼnoda, soʻnggi oʻn yillik oʻzbek hikoyachiligida Xurshid Doʻstmuhammadning “Beozor qushning qargʻishi”, Sobir Oʻnarning “Chambilbeyning oydalasi”, Nazar Eshonqulning “Yalpiz hidi”, Abduqayum Yoʻldoshning “Bir tun va bir umr”, Ulugʻbek Hamdamning “Uzoqdagi Dilnura” nomli qissa va hikoyalaridan jamlangan kitoblari eʼtiborga loyiq.

Binobarin, Xurshid Doʻstmuhammadning “Jim oʻtirgan odam” hikoyasida bitta ilmiy institutda qirq yil xizmat qilgan olim – Qurbonalining hayoti, xususan, uning pismiq xarakteri, yaʼni, koʻrib, bilib turib, bilmaganlikka olish kabi jamiyatimizda kun kechirayotgan shaxslarga xos loqaydlik ijtimoiy salbiy illati badiiy muhokama etiladi. Hikoya qahramoni Qurbonali, aslida, hayotining birinchi qismida botir, gapga chechan edi. Ammo hayotining ikkinchi qismida xuddi otasi kabi, padari vasiyat etib ketganidek, tiliga qulf solib, jim yashaydi. Binobarin, Qurbonalining odamovi, ajabtovur xarakterini hikoya matnida muallif oʻz bayoni vositasida shunday tasvirlaydi: “Qitmirligimi, pismiqligimi tutganida u hech bir moʻminning yetti uxlab tushiga kirmagan qiliqlarni oʻylab topadi. Deylik, uyidan chiqqach, roʻparasidan tanish-bilish yaqinlashayotganini koʻrgan zahoti koʻzini chirt yumib, yoʻlida davom etaveradi. Yoʻl besh qoʻlday maʼlum – na qoqiladi, na suqiladi. Betma-bet kelgan tanish esa hayron salomlashaymi-yoʻqmi, deya bir qarorga kelgunicha Qurbonali bekatga yetib ulguradi. Qiligʻidan oʻzi mutaassir boʻlib miriqib… ichida kuladi. Ha, bu inson ichida kulib, ichida quvonib, ichida xunob boʻlishni, nimaiki boʻlmasin, barini ichiga yutish sanʼatini mukammal egallagan”. Hikoyada bayon etilayotgan onasi vafoti bilan oʻtkazilgan Ilyosvoynikidagi (Qurbonalining qoʻshnisi) xudoyi maʼraka, taʼziyaga kelgan chollarning gurungi, bu bahsga oʻzgacha talqin bergan nomaʼlum shaxsning deyarli har kuni hikoya qahramoni oldidan chiqib, maʼrakadagi voqeani eslatish orqali, goʻyoki, ramziy maʼnoda, jamiyatda olimlik maqomini olganu ammo odamiylik maqomiga erisha olmagan Qurbonalining fojiaviy hayoti muhokama etiladi. Qurbonali har kuni kutilmaganda oldidan chiqib, maʼrakadagi voqeani eslatuvchi bu kishini “Kimsan” deb ataydi. Bizningcha, yozuvchi bu obrazga hikoya qahramoni Qurbonali tili va nigohi bilan “Kimsan” deb ism berar ekan, mazkur ifodada ham hikoyanavisning muayyan badiiy maqsadi nish berib turibdi. Nazarimizda, Kimsan obrazi hikoyaning bosh qahramoni Qurbonaliga, uning butun boshli hayotiga, hayotiy aʼmoliga, qirq yillik ilmiy faoliyatiga “Sen oʻzi kimsan?”, “Bu dunyoda yashab, umring poyoniga yetganida oʻzingga savol berib koʻr-chi, sen nimaga intilding? Nimaga erishding? Nimani yutqazding?” – degan bir qator zalvorli savollarni oʻrtaga tashlayotgandek taassurot uygʻotadi. Demak, Kimsan hikoya syujetini va uning muhim kompozitsion gʻoyasini shakllantiruvchi aniq maqsadli, mantiqli obraz sanaladi.

Shu bois, hikoyada atay oʻylab topilgan topildiq obraz “Kimsan” asar badiiy gʻoyasini ochishda ochqich hisoblanadi. Kimsanning luqmali gap-soʻzlaridan, chunonchi, “jim oʻtirgan odam eng xavfli odam”, degan hukm-xulosasidan soʻng, Qurbonali oyogʻi kuygan tovuqdek tipirchilab, vijdoni azobda qoladi. Qurbonali qanday fan sohasi bilan shugʻullangan, qanday ilmiy kashfiyot qildi kabi tafsilotlarga yozuvchi mutlaqo toʻxtalmaydi. Asarda ilgari surilayotgan ikkita muhim gʻoya oʻsimlikning oʻq tomiri singari koʻrinish berib turibdi. Birinchidan, Qurbonali hayoti misolida: “Olim boʻlish oson, ammo odam boʻlish qiyin”, degan jaydari bir xalqona falsafa koʻrsatib beriladi.

Xurshid Doʻstmuhammad hikoya qahramonlari ismiga (Qurbonali, Kimsan, Qurolboy, Toʻlash tarasha, Ilyosvoy, Odilxon yuvosh) va maʼrakadagi: “Ilmli kishi qanday xususiyatlarga ega boʻlmogʻi lozim?” degan bahsli munozaraga ham milliy, ham falsafiy-ramziy maʼno yuklaydi.

Eng muhimi, hikoyada millatning tili qulf boʻlib qolishiga sabab boʻlgan shoʻro davri, hatto oʻz dini va eʼtiqodini baralla ayta olishdan ham qoʻrqadigan xalq fojiasi Qurbonali va uning otasi hayoti misolida va institut rahbari gap-soʻzlari orqali badiiy tasvirda aks ettiriladi. Taʼmirtalab boʻlib qolgan idoraning zinasi Qurbonalining tashabbusi bilan sement qilinadi, soʻngra, jamiyatdagi ijtimoiy oʻzgarishdan soʻng oddiy sement zinalar tomigacha marmardan qilinadi. Mazkur tasvirlarda, xususan, Qurbonalining idoradoshi Odilxon yuvoshning quyidagi gap-soʻzlaridanoq, ziyoli shaxsining naqadar qashshoqona hayot kechirayotganidan voqif boʻlamiz: “ – Qurbon aka, – dedi koʻzini chimirib. Koʻzoynagiga koʻrsatkich barmogʻini nuqdi. Soʻng gʻoyatda maxfiy yangilikni oshkor qilayotgan odamdek, boʻzrayib turib shipshidi: – Zina qolib, devoru tomlargacha marmar qoplanib ketdiyu, sakkiz yildan beri oynakni butlolmayman!..” Jamiyatda chiroyli, zamonaviy binolar qad rostlashi va ular, shubhasiz, insoniyatga xizmat qilishi davlatning taraqqiy etganligidan nishona. Ammo ishxonadagi marmar zinalarning sovuqligi, yaltiroqligi va toygʻoqligi singari inson his-tuygʻulari ham sovuqlashib, badbinlashib, odamovilashib ketmogʻi aslo ijobiy xususiyat emas. “Jim oʻtirgan odam” hikoyasidagi ikkinchi oʻq chiziq – marmar zinalar qaysidir maʼnoda hikoyada insonlarga xos “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” insonlarning ramziy timsoli maʼnosini badiiy ifodalagan.

Zamon kundan-kun shiddatkor, yangicha axborot texnologiyaga, yangi maʼlumotlarni tez oʻzlashtirib, jadal hayotga tatbiq eta oladigan uddaburon yoshlarga, shaxslarga muhtoj. Endi bunday tezkor jamiyatda Odilxon yuvosh singari shaxslar yaxshi hayot kechirishga qodir emas. Chunki tuzum, jamiyat va zamona zayli oʻzgardi. Hikoya qahramoni Qurbonali Odilxon yuvoshning qoʻli kaltaligi sababini zamonadan emas, oʻzidan koʻradi: “Koʻzoynaging darz ketibdi-yu, mabodo koʻzing sitilib oqsayam aravangni oʻzing, oʻz qoʻling bilan sudraydigan zamon kelganiga qancha boʻldi, soʻtak! Eplasang – sudra aravangni, koʻchani boshingga koʻtarib sudra, eplamasang – egamning dargohi bepoyon!..” Qurbonalining ichki monologi orqali ifodalangan fikrlaridan ayon boʻlmoqdaki, u zamondan orqada qolib ketgan qoloq odam ham emas, u fikrlay oladi, baholay oladi, lekin dilidagi gapini tiliga chiqarmaydi. Uning eng katta nuqsoni shu. Zero, yuqoridagi qahramon ichki monologida u sakkiz yildan beri darz ketgan koʻzoynagini yangilay olmayotgan kasbdoshining shunday yurishiga eʼtiroz bildirib: “Eplasang – sudra aravangni… eplamasang – egamning dargohi bepoyon!..” – deya Odilxon yuvoshni oʻlimga mahkum etib, uni ayovsiz tanqid etadi.

Besuyak tili tufayli Qurbonalining begunoh otasi ikki marotaba qamalib chiqqan. Shu bois, otasi qalbiga choʻkkan qoʻrquv vahimasi, ogʻiz ichidagi bir parcha etni dushman sifatida talqin etish prinsipi bora-bora farzand yuragini ham zabt etadi. Goʻyoki, qoʻrquv – nasliy-irsiy kasallik kabi avloddan-avlodga oʻtib, zabonsizlik, tilini ichiga yutib yashash sanʼatini egallagan qahramonning oilaviy shajarasi koʻz oldimizda gavdalanadi.

Qurbonali ehtiyotkorlikda, tilni behuda valdiratmaslikka shu darajada berilib ketadiki, natijada, u odamovi, insoniy sifatlardan mahrum boʻlib qolgan ayanchli qiyofaga tushib qoladi. Adib Qurbonali obrazini satirik obraz darajasiga olib chiqib tasvirlaydi: “Bunday damlarda Qurbonali ich-ichidan hoholab kuladi. Kuladi-yu, sirtiga chiqarmaydi, shunday shodumon holatida ham qovogʻi soliq, sipo, vazmin va beozor qiyofasiga sodiq qoladi. Qiyofa qanchalik toʻng boʻlsa, huda-behudaga gaplashaveradigan, otamlashaveradigan kimsalar shuncha kamayadi. Qurbonali yelimdek yopishqoq tanish-notanishlardan yetti gaz nari yuradi…” Mazkur psixologik portretda Xurshid Doʻstmuhammadning qahramon ruhiy holatini mahorat bilan aks ettirishda, hajviy nasr va satirik obraz yaratishda rus yozuvchilari Gogol, Chexov hamda taniqli oʻzbek adiblari Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Said Ahmad singari hikoyanavislarning ijodiy tajribalari unga qoʻl kelganligi yaqqol sezilib turibdi.

Qurbonali besamar hayoti natijasida, “mahallaning soʻpisi” darajasigagina chiqa olgan oddiy olim, u burnining tagidan narini koʻra olmadi. Aslida, olim shaxs dunyo ilmidan, dunyo afkor ommasi qiziqayotgan muammolar bilan qiziqa olishi, ular bilan bahslashishi, juda boʻlmaganda, ular darajasida fikrlay olishi lozim edi. Adib Qurbonalining hash-pash deguncha oʻtib ketgan besamar umri misolida, bugungi kun ziyolisini jadalroq mehnat qilishga, faqat tor doirada emas, xorij ilmini ham egallash darkorligini uqtirayotgandek hissiyot uygʻotadi.

Hikoyada Kimsan, marmar zina, telexronitel kabi soʻzlarga urgʻu berib borilar ekan, shular orasida, Qurbonalining shaxsiy qoʻriqchisi bor, degan gumonlarga borib qolgan hammaslaklarning gap-soʻzlaridagi ikkinchi tagmaʼnoli soʻzni uqib olishimiz mumkin. Bu, aslida, mustamlaka sharoitida yashagan oʻzbekning oʻtmishiga ishora. Qahramon ismining “Qurbonali” deb atalishida ham aniq badiiy-estetik maqsad koʻzlanganligi muqarrar.

Kuzatganimizdek, Xurshid Doʻstmuhammad hikoyasida qavatma-qavat maʼno mavjud, shunga koʻra, adib ijodini polifonik badiiy tafakkurga ega, deyish mumkin.

Adabiyotshunos Bahodir Sarimsoqov metafora, metaforik obrazning nazariy tabiati va xususiyati haqida toʻxtalib, oʻzining “Badiiylik asoslari va mezonlari” kitobida shunday fikrni keltiradi: “Badiiy asardagi kechinma shiddatini oshirish metaforik obrazga xos… Metafora ijodkorning u yoki bu narsa, voqea-hodisaga nisbatan oʻzining salbiy munosabatini toʻgʻridan-toʻgʻri ifodalash uchun ham xizmat etadi”. Olimning fikrlariga qoʻshilgan holda, yozuvchi baʼzida badiiy asarda aks ettirayotgan obrazni nomlashda faqatgina salbiy munosabatini ifodalabgina qolmay, xolis va ochiq-oshkora munosabatini ifodalashi mumkinligini taʼkidlamoqchimiz. Lekin, baribir ham, Bahodir Sarimsoqov toʻgʻri taʼkidlaganidek, metaforik obrazda asosan salbiy munosabat mujassam topadi. Xurshid Doʻstmuhammadning sanʼatga, haqiqiy ijodga munosabati “Nusxakashning merosxoʻri” hikoyasida juda yorqin ifodalangan. Hikoya qahramoni rassom butun umr portret janrida ishlab, ijodini tirikchilik manbaiga aylantiradi. Natijada, u oddiy nusxakash boʻlib qoladi. Qahramonning ismiga aylangan “nusxakash” soʻzi mazkur hikoyadagi metaforik koʻchim tarzida ifoda topib, yozuvchining ochiq-oshkora munosabatini oʻzida namoyon etib turibdi.

Shuningdek, Sobir Oʻnar va Abduqayum Yoʻldosh hikoyalari, asosan, anʼanaviy realistik uslubga qurilgan boʻlib, ularda maishiy, maʼnaviy-axloqiy, ijtimoiy muammolar yetakchilik qiladi. Chunonchi, Sobir Oʻnar “Tarvuz” hikoyasida maishiy hayot lavhalarini bayon etish orqali, insonning tubanlashuvini – haqiqiy doʻstlik, insoniylikdan koʻra, pul-mol-dunyoni afzal koʻruvchi Xudoyqul obrazining xatti-harakatlari, ruhiyati orqali ochib beradi. Hikoyada tarvuz – psixologik ramz vositasini oʻtagan. Omondavlat doʻstining uyiga tarvuz koʻtarib kelishi, Xudoyqulning puldor doʻstlari kelganda, dasturxonga tarvuz tortilishi, axlatxonaga tarvuz chiqarib tashlanishi barchasi uzviy ravishda bogʻlanib, hikoyada muhim badiiy gʻoyani ifodalashga xizmat etgan. Nazarimizda, Xudoyqul, aslida, oʻzining manfur, tashqi jihatdan yaltiroq, ammo ichi qaltiroq qiyofasi bilan tarvuzning tashqi holatini esga soladi. Tarvuz silliq, yaltiroq, olachipor boʻlganidek, Xudoyqul, tabiati ham jamiyatda har qanday ishni pul bilan silliq bitkazadigan, hislari toʻmtoq, dagʻal insonning ramziy timsoli, deyishimiz mumkin.

Xurshid Doʻstmuhammad “Soʻroq” qissasida bosh qahramon Bozorning adabiy gallyusinatsiyaga uchragan jarayoni va sarguzashtli hayotini ifodalash orqali, maʼnaviy-axloqiy, shuningdek, vijdonan halol yoʻl bilan hayot kechirish singari ijtimoiy muammolarga jiddiy urgʻu beradi. U uchar likopchalar bilan bogʻliq sarguzashtlari, soʻngra, vosvos boʻlib qolishi natijasida, butun qishloq va rahbar xodimlar yuragiga vahima soladi. Mazkur qissada oʻzbek xalq ertaklari anʼanalari va fantastika elementlari ajib bir tarzda birikib ketgan. Qolaversa, Xurshid Doʻstmuhammad hikoya va qissalarida 60-70-yillarda nashr etilgan koʻplab nazariy adabiyotlarda qayd etilgan ichki monologning badiiy-gʻoyaviy jihatdan monolog-muhokama, monolog-xotira, monolog-kechinma turlaridan tashqari, monolog-orzu, monolog-taftish, monolog-xayoliy-suhbat turlari ham uchraydi. Xuddi shu holatni biz Ulugʻbek Hamdamning “Yolgʻizlik”, Nazar Eshonqulning “Momoqoʻshiq”, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalarida ham kuzatdik. Zero, adabiyotshunos olimlar yozuvchi va shoirlarimiz yaratgan badiiy adabiyot namunalari strukturasini kuzatish va oʻrganish natijasida, adabiy tur va janrlarning, asar kompozitsiyasi, uslub, yozuvchi dunyoqarashi va mahorati haqida qonun-qoidalar yaratadi. Bu nazariyalar osmondan olib yaratilmaydi, balki adiblar yaratgan goʻzal mujdalar ilmiy mulohazalar yuritishga turtki beradi. Demak, adabiyotshunoslik, badiiy asarning qonuniyatlari haqida fikr yuritar ekan, real badiiy asarlar asnosida, muayyan xulosalar chiqarishga asos beradi.

Nazar Eshonqul “Momoqoʻshiq” qissasida: “Inson uchun hayotda nima muhim? Ayol baxti nimada?” – degan badiiy-falsafiy muammoni oʻrtaga tashlaydi, Muazzamning hayoti misolida bu savollarga javob topadi. Qissa markaziy qahramoni – Shamsi Salohning hoyu havaslarga, hashamlarga, mashhurlikka oʻchligi nafaqat kiyinishida, gap-soʻzlarida, xatti-harakatlarida dinamik tarzda aks ettiriladi. Qissada, ayniqsa, Muazzam bilan bogʻliq badiiy tasvirlarda lirik-romantik uslub yetakchilik qiladi. Tasodifan Muazzamning allalovchi, sehrlovchi goʻzal qoʻshigʻini eshitgan toʻrtta hasharchi (Shamsi Saloh, Ismoil Ali va ikki aktyor) haqiqiy sanʼat sohibining iqtidoriga guvoh boʻlib qolishadi. Muazzamning xatti-harakatlari, tashqi qiyofasini yozuvchi koʻchim turlari metafora, metonimik koʻchim vositalari bilan ifodalab, tasvirda yanada originallikka erishish maqsadida oʻxshatish, jonlantirish, istiora kabi tasviriy vositalardan unumli foydalanadi. Chunonchi, adib Muazzamning erkin va ozod qoʻshiq kuylashini osmonda uchib yurgan qushchaga oʻxshatadi. Ayolning sehrli ovozi esa xayolda toza, begʻubor, samimiy bolalikni yodga soladi. Quyidagi badiiy tasvirga eʼtibor qaratsak: “Uning qizil chit koʻylagi yugurayotgan paytda rostdan ham olislardan kelayotgan kemaning alvon yelkaniga oʻxshab, hilpirab ketardi”. Bir qarashda, bu juda notabiiy metaforik koʻchim boʻlib koʻrinadi. Lekin ikkinchi tarafdan, haqiqatan ham uzoqdan kuzatilganda qizil koʻylak kiyib yugurayotgan ayolning xatti-harakatlari qizil alvonli kemaga oʻxshatilishi koʻngilda hech qanday eʼtiroz uygʻotmaydi. Aksincha, yangicha badiiy ifodadan koʻngil gʻalati tarzda qoniqadi. Qissada, ayniqsa, Shamsi Saloh ruhiyati bilan peyzaj tasviri, nihoyatda, bir-biriga uygʻun va mutanosib aks ettirilganini kuzatish mumkin. Chunonchi: “U sargʻayib qolgan barglari duv toʻkilayotgan daraxtlar orasidan yurib borardi. Quyosh allaqachon botgan, ufqda qizil shafaq yonardi. Oyoq ostida churkin novdalar qars-qurs sinar, bogʻda paxta va gʻubor hidi anqirdi.

… Hali kuzning yarmi ham oʻtmagan boʻlsa-da, bogʻ ichida va bogʻga tutash maysazorda qargʻalar toʻda-toʻda boʻlib izgʻib yurishardi va har-har damda nimadandir choʻchishgandek talvasali qagʻillab qoʻyishardi. Salohning yuragi birdan orqaga tortib ketdi, qargʻalar faqat qabristondagina shunday vahimali qagʻillashadi. U qachonlardir kimningdir inoyati bilan ekilgan gujum daraxtining tagidan oʻtar ekan, boʻyniga chars etib nimadir tushdi va koʻylagi ichiga sizib keta boshladi”. Shamsi Salohning qalbi oyoq ostida qars-qurs sinayotgan novdalar kabi siniq, yoyinki, barglari duv toʻkilgan daraxt tanasi singari yuragi ham boʻm-boʻsh, ship-shiydam. Osmonda toʻda-toʻda boʻlib qagʻillayotgan qargʻalarning talvasali qagʻillashi singari Shamsi Saloh yuragi ham qoʻrqinchli va vahimali. Uning qalbi quruq hoyu havaslar, yolgʻon, jirkanch, noinsoniy munosabatlar tufayli qabristonga aylangan. Bogʻdagi gʻubor hidi, aslida, Shamsi Salohning gʻarazli, gʻuborli niyatlariga ishora berayotgandek. Gujum daraxti shoxida oʻtirgan qargʻaning Shamsi Saloh ustiga najas tashlab ketishi ham bejiz tasvirlanmagan. Ramziy maʼnoda qahramon qargʻa axlati bilan taqdir tomonidan mukofotlanadi. Bu mukofot Shamsi Salohning Muazzam haqidagi gʻarazli maqsadlari, rejalariga loyiq va munosib tarzda belgilangan. Bizningcha, asar yakunida Shamsi Saloh Muazzam uchun haqiqiy baxt, umuman, inson his-tuygʻulari uchun tozalik va samimiylikning naqadar muhimligini anglab yetadi. Bu magʻlubiyat unga qanchalik ogʻir botmasin, nochor qishloq sharoitida yashasa-da, oʻzida yashashga, mehnat qilishga, kulishga, oʻzini baxtli sanashga kuch topa olayotgan Muazzam va Otaqulning baxtiyorona, masrurona hayotini kuzatib, xatolarini anglab yetadi. Uning ismidagi Shams – oftob, quyosh maʼnosini anglatadi. Afsuski, Shamsi Saloh oʻz ismidagi chuqur maʼnoga zid ravishda Muazzam va Otaqul orasiga nur, yorugʻlik, ezgulik sochish oʻrniga, ularning oʻrtasiga sovuqchilik tushiradi. Muazzam – soʻzi esa ulkan, katta maʼnolarini anglatadi. Asar qahramoni Muazzam ogʻir sharoitda, oʻz istaklari va xohishlaridan kechib boʻlsa-da, oila, farzand baxti uchun oʻzini fido etgan oʻzbek ayolining ramziy timsoli.

Bugungi oʻzbek hikoya va qissachiligini koʻzdan kechirish natijasida gʻayriodatiy uslub, gʻayrioddiy obrazlarga duch kelamiz. Nazar Eshonqulning “Momoqoʻshiq” qissasi qahramoni Shamsi Saloh nutqida uzundan-uzun monolog-orzular uchraydi. Xurshid Doʻstmuhammadning “Soʻroq” qissasi qahramoni Bozor nutqida esa koʻproq monolog-xayoliy-suhbat koʻzga tashlanadi. Nutq tiplari boʻyicha jiddiy izlanishlar olib borgan adabiyotshunos Yoʻldosh Solijonov monologning mazkur tipini monolog-dialog deb ataydi. Bizningcha, bu termin unchalik toʻgʻri ishlatilmayapti. Sababi, dialog, albatta, ikkita shaxs oʻrtasida kechadigan muloqot turi. Ammo monolog-xayoliy-suhbatda real shaxs boʻlmaydi. Balki qahramon xayolan maʼshuqasi, doʻsti, raqibi, onasi yo kim bilandir yoki oʻz-oʻzi bilan bahslashadi.

Soʻnggi oʻn yilliklar oʻzbek hikoya va qissachiligi shakl va mazmun eʼtibori bilan badiiy (badiiy uslubda, badiiy obrazda, badiiy tasviriy vositalarda) va, shuningdek, estetik yangilanishlar (aksar oʻzbek hikoyalarida komillik, halollik, maʼrifatparparvarlik – estetik ideal sifatida namoyon boʻlmoqda) qilganligini yaqqol kuzatishimiz mumkin. Xullas, hozirgi oʻzbek hikoya va qissachiligiga xos badiiy-estetik yangilanishlarni ilmiy asosda oʻrganish, tahlil etish, bugungi adabiyotshunosligimiz oldida turgan dolzarb masaladir.

 

Marhabo QOʻChQOROVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hozirgi-ozbek-nasrida-ramz-va-metafora/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x