Hordiq kunidagi ish – fidoyilikmi?!

Aksariyat iqtidorli kishilar nega davlat tashkiloti emas, balki xususiy sektor yoki xoʻjalik hisobidagi korxonalarda ishlashga intilishadi? Maosh miqdori uchunmi? Bizningcha, yoʻq. Agar shu vaj ikki yilcha ilgari aytilsa ham bunga qoʻshilsa boʻlardi. Endilikda esa ilgari ramziy miqdordagina maosh olgan davlat tashkilotlari xodimlarining ish haqi anchayin koʻtarildi.

Ish hajmining koʻpligi uchunmi? Bu fikrga ham qoʻshilish qiyin. Negaki, pulni qiynalib topgan tadbirkor xodimlariga maosh tarqatishda ham yetti oʻlchab bir kesadi. U biror xayriya aksiyasida hotamtoylik qilishi mumkin, ammo hech qachon maosh tarqatishda emas.

Demak, birgina sabab qoladi: ish vaqtining chegaralanmaganligi. Garchi davlat idorasi oldidagi peshlavhalarda “Ish vaqti 9.00 dan 18.00 gacha. Dam olish kuni – shanba, yakshanba” yozuvi boʻlsa-da, amalda oʻsha idoralarda kechqurun ham chiroqlar yoniq turganligini, dam olish kunlari ishchilar qatnoviga guvoh boʻlamiz.

Qiziq, biror zavod yoki fabrikada kechki smenada ish tashkil qilinsa, unda ishlab chiqarish hajmi, daromad salmogʻi oshadi. Ammo kechayu kunduz, dam olish kunisiz ishlaydigan tuman hokimliklari yoki boshqa boshqaruv organlarida oʻsish surʼatiga oid raqamlar tilga olinmaydi. Faqat ushbu tashkilotlar yigʻilishida fidokorona ishlagani uchun ragʻbat yoki rahmat emas (bir yilda bir marta boʻladigan davlat mukofotlarini topshirish marosimi yoki kasb bayramlarida tashakkurnoma va faxriy yorliqlar taqdim etish bundan mustasno) tanbeh, dakki eshitiladi, natija koʻrsatmaslikda ayblanadi.

Xoʻsh, uzzukun ishlaganda ham xodim natija koʻrsata olmas ekan, bunda ish hajmi koʻpligini sabab sifatida koʻrsatish kerakmi yoki xodimning uquvsizliginimi?.. Har ikkala sababni ham rad etuvchi asosli dalillar bor. Birinchidan, davlat idorasida bir shaxsning mavjud ish kunlari va ish soatlarida amalga oshirishga jismoniy imkoniyatlari yetadigan miqdorda vazifalar taqsimoti va ish haqi miqdori belgilangan. Ikkinchidan, davlat idorasiga ishlash uchun xodim bir necha bosqichli sinov va nazoratlarda muvaffaqiyatli oʻtgandagina qabul qilingan. Demakki, uni uquvsiz deb ham boʻlmaydi.

Bizningcha, bunda asosiy sabab, ish vaqti va soatlari tartibiga amal qilmaslikdir. Har qanday texnika ham kamida bir haftada bir marotaba quvvati tugab, zaryadlanishga ehtiyoj sezadi. Bu yerda esa gap texnika emas, odam haqida ketmoqda. Odatda dam olish kunlari ishlaydigan kishiga fidoyi sifatida qaraymiz. Aslida ham shundaymi? Bizningcha, yoʻq! Nega?

Birinchidan, xodim shanba va yakshanba kunlari, ish vaqtidan tashqari soatlarda ishlagani bilan yuqorida aytilgandek, vazifalar taqsimotidan ortiq ish qilmaydi. Qaytanga korxonaning elektri, issiqlik taʼminoti, jihozlarini ortiqcha ishlatyapti. Demakki, muayyan ish hajmi uchun korxona resurslarini boshqa tashkilotlarnikidan koʻproq sarflayapti. Qolaversa, ijro intizomida ham bemalolgarchilikka yoʻl qoʻyadi. Haftalik topshirigʻini juma yoki shanba kuni emas, “yakshanba ham ishlayman-ku” degan oʻyda keyingi haftagacha ham sudraydi.

Ikkinchidan, xodimning shanba va yakshanba kunlari, ish soatlaridan ortiqcha vaqtlarida oila bagʻrida dam olishi, sayohatlarga chiqishi yoki uyda, bogʻ-hovlidagi jismoniy mehnati uni yanada kuchga toʻlib, ishga kelishini taʼminlaydi. Yoʻqsa har kuni, har soatda bir xil davom etadigan kun tartibi har qanday kuchli xodimni ham charchatib, zeriktirib qoʻyishi mumkin. Demakki, aniq ish kun tartibiga amal qilish xodimning ishni sogʻinib, yetarli miqdorda dam olib, ishga chanqoq holda kelishiga sabab boʻladi va samaradorlik oshadi.

Uchinchidan, dam olish vaqtlarini oila davrasida oʻtkazish, oila mehrini his etishga undaydi.

Ammo kun boʻyi ishda boʻlsa-chi? Uyga kelganda bolalari uxlagan, ayoli ming xavotir bilan koʻchaga koʻz tikkan… Xodim ovqatini chala-chulpa yegandek boʻlib, yotadi. Tongda uygʻonib yana ish. Bolalarining quvnoq oʻyinlarini koʻrmaydi, maktabdagi kunlik taassurotlarini toʻlib-toshib aytishini eshitmaydi, darslarini surishtirolmaydi. Ayoli bilan uy, roʻzgʻor haqida tuzuk gaplasholmaydi. Faqat oy oxirida maoshini tutqazadi: “Bozorga vaqt yoʻq, oʻzing roʻzgʻorga qararsan”. Bora-bora oila ham, oʻzi ham shunga koʻnikadi. Ammo eng dahshati, endi oiladagilar unga ota, yor emas, balki daromad keltiruvchi, pul topuvchi mexanizm, robot singari qarashga odatlanishadi. Oylik maosh ming katta boʻlmasin, baribir koʻchadagi savdogarning topadiganicha emas. Mehrdan sovigan, erkakka robotdek qaragan oila esa undan ushbu vazifani eplab bajarishni talab qiladi. Shunda erkak nima qilsin. Qoʻshimcha daromad topadigan ish qilay, biror biznes boshlay desa, shundoq ham uzzukun – 24 soatli ish tartibida bunga iloj yoʻq. Bu yoqda esa unga solishtirib, izza boʻlishiga sababchi boʻlgan boyvachcha tadbirkor eshigi oldida elanib turibdi. Shunday holatda nima qiladi, albatta, poraxoʻrlik?

Toʻrtinchidan, farzandlar tarbiyasi! Tarixga eʼtibor berganmisiz, koʻpchilik sulola asoschilari mavqilarini “nol”dan boshlashadi, oʻzlari kurashib, davlat yoki biror tizim barpo etishadi. Keyinchalik ularning farzandlari esa otalari qurgan oʻsha tizimni barbod etishadi.

Sabab nimada? Oʻsha daho bolaligida boylikka, hokimiyatga ega boʻlmagan, lekin haqiqiy oila bagʻrida ulgʻaygan, ota mehrini his etgan. Uning katta muvaffaqiyatlarida ana shu oila bagʻrida orttirgan ruhiy va maʼnaviy quvvatlari poydevor boʻlgan. Keyinchalik u ota boʻlganda davlat yoki ilmiy ishlari, harbiy yurishlar bilan boʻlib oʻz ishining davomchilari hisoblangan farzandlari tarbiyasiga eʼtiborsiz qaragan, natijada oʻzi yaratgan tizimning tanazzuliga oʻzi sababchi boʻlgan.

Hozir ham biror obroʻli, jamiyatda katta mavqega ega insonning farzandi betayin chiqib qolganini afsus bilan tilga olamiz. Oʻsha otaga achinib, padarining mavqeiga yarasha ish tutmagan farzandni ayblaymiz.

Aslida bunda tunu kun davlat ishida ishlab, bolalariga vaqt ajratolmagan, ularga mehr koʻrsatolmagan ota aybdor emasmi?..

Beshinchidan, tashkilot ichki muhiti. Davlat tashkilotida har qancha ishlashga jalb etilmasin, baribir ular orasida oʻz huquqini biladigan va kun tartibi qoidalariga amal qiladigan, dam olish vaqtining bir daqiqasida ham ishxonasida qolmaydigan xodimlar topiladi. Rahbarning fidoyilikka yoʻnaltirilgan har qancha tanbehiga qaramay, oʻz ishini vaqtida bajargan va vaqtida dam olishni bilgan xodim oʻz huquqlarini koʻrsatib, shu pozitsiyasida davom etaveradi.

Natijada esa korxona ichida ichki boʻlinish paydo boʻladi: shanba va yakshanba kunlari ishlaydigan xodimlar rahbariyatning barcha xodimlarni bir koʻzda koʻrmagani, dam olish kunlarida kelmagan xodimga tegishli jazo qoʻllamasdan unga yengillik yaratib berganidan nolishsa, oʻz huquqlariga amal qilgan xodim boshqalarning dam olish kunlari kelishi oʻzining rahbar nazdida “yomonotliq” boʻlib qolishiga sabab boʻlganini koʻrsatadi.

Qolaversa, tunu kun ishda boʻlgan xodim ish vaqtining istalgan soatida shaxsiy ishi uchun koʻchaga chiqib ketishi, asos sifatida dam olish kunlarida ham ishda boʻlganini koʻrsatishi mumkin. Bu orqali tashkilotda mehnat intizomi, tartib va tizim ishdan chiqadi.

Savol tugʻiladi: dam olish kunlari tashkilot ishini qilish har kimning xohishi, xodimni hech kim ishlashga majburlamayapti-ku! Ammo kimdir ushbu kunda rahbarning koʻziga yaxshi koʻrinish uchun borsa, yana kimdir dushanba kuni rahbardan tanbeh eshitishni istamagani uchun ishga sudralib boradi.

Yechim: mehnat kunlari ish tartibi boʻlgani singari tashkilotda ham dam olish tartibi qatʼiy belgilansin! Shunda rahbardan xodimlargacha oila davrasida dam oladi. Tabiiyki, dam olish kunida ishga chiqmagani uchun soʻrovlar ham, tanbehlar ham boʻlmaydi.

Shuningdek, ishida ulgurolmaganlarning dam olish kuni ishga kelib tashkilot resurslaridan foydalangani uchun jarima amaliyotini ham qoʻllash maqsadga muvofiq.

Xulosa: xodimning ishchan va fidoyiligining mezoni uning qanchalik koʻp vaqtda ish joyida boʻlgani emas, ish samaradorligiga qarab belgilanishi kerak! Samaradorlik esa bilim, qobiliyat, ishning koʻzini bilish orqali roʻyobga chiqadi, aslo kabinet qoʻriqlashdan emas!

 

Akbar RUSTAMOV

“Mahalla”

 

mahalladosh.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/hordiq-kunidagi-ish-fidoyilikmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x