Homiladorlikning ilk davrida bosh og‘rishi: me’yormi yoki xatar

Homiladorlik vaqtida, ayniqsa uning birinchi qismida ayolning organizmida juda katta o‘zgarishlar ro‘y beradi: u o‘zining yangi vazifasi – onalikka tayyorgarlik ko‘radi. Bu o‘zgarishlar ham jismoniy, tashqi ko‘rinishda, ham gormonal fon, ayolning hissiy holatida namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha bunday o‘zgarishlar unchalik yoqimli bo‘lmagan “nojo‘ya ta’sirlar” bilan kechadi, masalan, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, arterial qon bosimining ko‘tarilishi va bosh og‘rishi.

Homiladorlikda bosh og‘rishi sabablari

Homilador ayollarda bosh og‘rig‘i tez-tez uchrab turishining sababi nimada ekanligiga tibbiyot xodimlari aniq javob bera olishmaydi. Ularning fikricha, bunday holat yuz berishiga asosiy sabab gormonal fon va mazkur muddatda organizm qon aylanishida o‘zgarishlardir. Birinchi trimestrda bosh og‘riqlari ko‘pincha ancha kuchli bo‘ladi. Bundan tashqari, ularning ta’kidlashicha, agar ayolni avvallari ham bu kabi og‘riqlar bezovta qilgan bo‘lsa, homiladorlik boshlangandan keyin ular kuchayishi mumkin. Shuningdek bosh og‘rig‘iga quyidagi omillar ham sabab bo‘lishi mumkin:

  • stress, homiladorlarning emotsional foni ancha beqaror bo‘ladi, shuning uchun har qanday vaziyat ayolni stress holatiga olib kelishi mumkin;
  • kun tartibining o‘zgarishi, kam uyqulik, qattiq toliqib qolish;
  • iste’mol qilinayotgan biror oziq mahsuloti bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin, ayniqsa tarkibida kofein moddasi bo‘lgan ichimliklarga tegishlidir.

Balki biror jiddiy sabab bordir?

Homiladorlikning 1 trimestrida bosh tez-tez og‘rishi: me’yormi yoki xatarli holatmi? Ko‘pincha shifokorlar buni me’yordagi holat deyishadi, lekin istisno holatlar ham bor. Kamdan-kam hollarda homilador ayol boshining tez-tez og‘rib turishi preeklampsiya holatining alomati bo‘lishi mumkin. Bunda bu og‘riqlar oshqozon og‘rig‘i, quskisi kelishi, qo‘l-oyoqlarning shishishi va ko‘zning xiralashuvi bilan birga kechishi kerak. Agar ushbu alomatlar mavjud bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling, sababi preeklampsiya murakkab holatdir. Bunda homilador ayolning arterial qon bosimi keskin ko‘tariladi va buning natijasida yo‘ldoshning qon aylanishi yomonlashadi va homila hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun agar bosh og‘rig‘i kuchli bo‘lib, boshqa alomatlar bilan birga davom etsa, shifokorga borishni kechiktirib bo‘lmaydi – preeklampsiyani davolab bo‘lmaydi, lekin bu holatni yengillashtirishga harakat qilish kerak, buni qanday qilishni esa ayollar maslahatxonasi mutaxassisi yaxshi biladi.

Birinchi trimestrda bosh og‘rig‘iga qarshi qanday kurashish kerak?

Birinchi trimestr o‘ta muhim palladir – bu muddatda bo‘lg‘usi bolaning salomatligiga asos solinadi va ichki organlar shakllanadi, shuning uchun bosh og‘rig‘ini dori-darmonlar bilan davolash tavsiya etilmaydi. Agar bosh og‘rig‘i migrenga o‘tadigan bo‘lsa, unga qarshi kurashish usullarini shifokor bilan maslahatlashib olish kerak bo‘ladi. Lekin oddiy bosh og‘riqlarini ehtiyotkorlik usullar bilan bartaraf etgan ma’qul:

  • hordiq va uyqu og‘riqni yaxshi bartaraf etadi, shuningdek quvvatni tiklashga yordam beradi;
  • homiladorlik vaqtida ko‘pincha qondagi qand miqdori pasayadi, aynan shu narsa bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Bunday holatlarda kam-kamdan tez-tez ovqatlanish yordam beradi – o‘zingiz bilan yengil ovqat olib yuring hamda har bir-ikki soatda oz-ozdan tanovul qiling;
  • suv bilan ho‘llangan sochiqdan iliq kompress ham sizga bosh og‘rig‘iga qarshi kurashishda yordam bera oladi;
  • yaqin yillarda olimlar ba’zi mahsulotlarning xushbo‘y hidi bosh og‘rig‘iga qarshi kurashishda yordam berishini isbotlashdi. Xususan olmalar ana shunday mevalar sirasiga kiradi.

Bosh og‘rig‘iga chidab o‘tirish kerak emas, chunki bo‘lg‘usi ona qanchalik yaxshi hissiyotlarni boshidan o‘tkazsa, homiladorlik shuncha yengil va yoqimli kechadi.

Manba: Homiladorlik.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x