Homiladorlikning beshinchi oyidaman. Oxirgi paytlarda juda yig‘loki bo‘lganman, bo‘lar-bo‘lmasga yiglayveraman, asabiylashaveraman. Maslahat bering, nima qilay?
Statistika bo‘yicha homilador ayollarning qariyb 20 foizi yengil yoki o‘rta darajadagi depressiyaga moyil bo‘lishadi. Xo‘sh, homiladorlikda depressiyaga nima sabab bo‘ladi? Uning bo‘lajak ona va tug‘ilajak bola salomatligiga qanday ta’siri bor? Depressiyadan qututish uchun nima qilish kerak? 9 oylik baxt og‘ushida yurgan bo‘lajak onalar bularni bilib qo‘ysalar foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki “raqib”ni yengish uchun uni o‘rganish nechog‘lik muhimligi bor gap. Savollarga esa oliy toifali shifokor-ginekolog Muborak PIRIMQULOVA javob beradi.
Homiladorlik davridagi depressiya — salomatlikning shunday holatiki, unga bee’tibor qarash homiladorlikning ko‘ngildagidek kechishi va homilaning normal rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni ham ona, ham tug‘ilajak bola uchun u yoki bu asoratlarni keltirib chiqaradi. Ko‘ngilga taskin beradigan jihati shundaki, homiladorlikdagi depressiyani davolash va “jilovlash”ning imkoni bor.
Homiladorlik davridagi depressiya cabablari
- Munosabatlardagi muammolar;
- stressli vaziyatlar;
- haqorat yoki jarohat;
- ortiqcha e’tibor;
- ko‘ngilsizliklarga oldindan o‘zini tayyorlash;
- jismoniy o‘zgarishlardan qo‘rqish;
- bolani tarbiyalash bilan bog‘liq moliyaviy chiqimlar;
- yonida turmush o‘rtog‘ining bo‘lmasligi;
- homiladorlik bilan bog‘liq asoratlar;
- rejalashtirilmagan, kutilmagan homiladorlik.
Xullas, bo‘lajak onalarda depressiya yuzaga kelish sababi homiladorlik davrida miya tarkibini o‘zgartiradigan gormonal muvozanatning buzilishi bilan izohlanadi. Lekin homiladorlarda depressiya yuzaga kelishiga nima sabab bo‘lishidan qat’i nazar, unga “taslim bo‘lish” mumkin emas!
Homiladorlik davridagi depressiya alomatlari
Depressiya holati turli salbiy hislar bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy-hissiy kechinmalar bilan bog‘liq. Bu quyidagi belgilarda namoyon bo‘ladi:
- lanjlik;
- o‘zi va tug‘ilajak farzandi uchun muntazam qo‘rquv his qilish;
- injiqlik;
- toliqish;
- g‘amginlik;
- xavotir;
- uyqusizlik yoki odatdagidan ko‘ra ko‘proq uxlash istagi;
- jizzakilik;
- qiziqishning so‘nishi;
- ishtaha yo‘qolishi yoki haddan ortiq yeyish;
- diqqatni jamlay olmaslik;
- o‘ziga bo‘lgan bahoning tushib ketishi;
- umidsizlik;
- aybdorlik hissi;
- yig‘loqilik.
Uzoq vaqt bunday holatda bo‘lish ayolning o‘zi uchun ham, homilasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Axir bolaning rivojlanishida hissiyot va kechinmalarning ham muhim o‘rni bor. Ular hatto bolaning tug‘ilgandan keyingi rivojida ham ahamiyatli.
Qanday qutulish mumkin?
1. Agar homilador ayol toliqayotgan bo‘lsa ham shunday hol kuzatiladi. Shunday paytda ba’zan homilador ayol iqlim almashtirishi unga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Biror dam olish maskaniga borish, biror hafta onasinikiga yoki boshqa yaqinlariga mehmonga yuborish ham foyda keltiradi. Shunda uning asablari tinchlanadi.
2. Yaqinlarining munosabatini o‘zgartirishi ham foydali. Bo‘lajak onaga qaynonasi, turmush o‘rtog‘i va boshqa yaqinlari har doimgidan ko‘ra shirinso‘z, e’tiborli, mehrli bo‘lishlari lozim.
3. Magne va yod yetishmaganda ham homilador ayolda depressiya kuzatiladi. Shuning uchun shifokor bilan maslahatlashgan holda muntazam Magne V6 va yodid 200 qabul qilish o‘rinli.
4. Homilador ayolda depressiya ikki haftadan ko‘p vaqt davom etaversa, albatta davolovchi shifokorga murojaat qilish lozim. U tegishli tekshiruvlarni belgilaydi. Agar tekshiruvlar hech qanday somatik patologiyani tasdiqlamasa, shifokor parhez yozib berishi, muayyan jismoniy mashqlar belgilashi (masalan, suzish yoki yoga bilan shug‘ullanish), e’tiborni tug‘uruqqa tayyorgarlik jarayoniga qaratishni tavsiya etadi.
5. Agar yuqorida ko‘rsatilgan choralar kutilgan samarani bermasa, antidepressantlar yoki psixoterapiya yordamida davolash taklif etiladi. Antidepressantlar yozib berish — eng oxirgi chora.
6. Psixoterapiya ayollarga zararli dorilar qabulisiz, ijobiy maslahatlar berish orqali homiladorlikda depressiyani yuzaga keltiradigan omillarni bartaraf etadi. O‘zini tutish borasidagi bu terapiya orqali ayol hayotidagi stress darajasini pasaytirishga e’tibor qaratiladi.
7. Agar homilador ayolning turmush o‘rtog‘i yonida bo‘lmasa, o‘ziga, o‘z kuchi va muvaffaqiyatiga bo‘lgan ishonchni oshirishga harakat qilinadi.
8. Shuningdek, parhezli o‘zgarishlar va huzur baxsh etadigan biror yangi yumush bilan mashg‘ul bo‘lish ham depressiyani davolashda katta ahamiyat kasb etadi.
Oldini olishning iloji bormi?
Albatta bor! Homiladorlikni rejalashtirish va homiladorlikkacha qo‘shimcha parvarish, tayyorgarliklar depressiya boshlanishi “imkoniyati”ni kamaytirishga qodir. Ya’ni ayol homiladorlikkacha bo‘lgan paytda bu davrda depressiya ham bo‘lishi mumkinligi, u boshlansa, nima qilish kerakligini bilib olsa, o‘zini turli o‘zgarishlarga tayyor his etsa, ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi. Oila a’zolarining qo‘llab-quvvatlashi, muntazam mashqlar, meditatsiyalar, ozuqaviy va sog‘lom ovqatlanish yordamida homiladorlik davridagi depressiya xavfini kamaytirish mumkin.
Bo‘lajak onaning yaqinlariga tavsiyalar: buni bilishingiz shart!
Chunki agar homilador ayol asabiylashaversa, unda depressiya davom etaversa, bu tug‘ilajak bolaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayol homiladorligida Depressiyadan aziyat cheksa, bola asabiy, jizzaki bo‘lib tug‘iladi. Shuning uchun bo‘lajak onaning qaynonasi, turmush o‘rtog‘i va barcha yaqinlari quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
- uni avaylang;
- hatto o‘zi ham tushunmayotgan erkaliklariga sabrli bo‘ling;
- imkon qadar e’tiborli bo‘lib, mehr Bering;
- shirin so‘zlaringizni ayamang;
- farzandlari homilador ayolga farzandlari injiqlik qilavermasligini ta’minlang.
Xullas, muammoning yechimi homilador ayol atrofidagi insonlarga, ularning munosabatiga bog‘liq.
Mutaxassis: Muborak PIRIMQULOVA, ginekolog.
Jurnalist: Nilufar.
Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.