(Bashorat)
Qizil qoʻshin sarkardalari boshliq savit sallotlari tomonidan “Samarqand sayqali roʻyi zamin ast, Bidonki jannati ruzvon hamin ast”ning muqaddas tuproqlari toptalib, minorai muboraklarining toʻpga tutilishini eshitgan Ergash Jumanbulbul oʻgʻli:
– Qizil yalov koʻtarib kelgan bu qonxoʻrlar shaharni vayron qilganlari minan Oʻzbekiyaning, oʻziga bek boʻla kelgan elning bekligini ola bilar edimi! Bulardan katta-katta itlar ham boshlarini egdira olmagan bu ulusning boshlarini egib, koʻngillariga gʻulu sola olar edimi! Bu enasi baytol Qoʻyboship[1] minan Purunza[2] degan itlarning qadamlari jetgan jerga Sher qadami jetmas ekanmi? – deya falakdan nolib, Yaratganga iltijo qilib turgan yeri:
– Ne gunohim bor bilolmam men bu kun xazon holinda.
Inson qavmining qadri ham tuproqdin arzon holinda.
Ertamiz ham belgilidur orzular armon holinda.
Koʻkning avzoyi nechundir zulmatdin nishon holinda.
Qizil qoʻshin maʼmurlarin bosgan yeri qon holinda,
Togʻu toshni qoplamishdir yovvoyi hayvon holinda.
Rizqi-roʻzimizga sherik oshimiz yovgʻon holinda.
Endi zinhor boʻla bilmas noz-neʼmat darxon holinda.
Togʻlar boshinda qor turmas, sor, marol sarson holinda.
El-ulusning ahvoli ham yomondin-yomon holinda.
Taxt tomondin kelgan borliq vaʼdalar yolgʻon holinda.
Koʻrsam armonim qolmasdi bu elni omon holinda.
Har ovul, qishloq, muzofot, kentni farovon holinda.
Oʻz tugʻi, tugʻrosi birla mustaqil makon holinda.
Toʻra SULAYMON
“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.
[1] Qoʻyboship — Kuybishev.
[2] Purunza — Frunze.
https://saviya.uz/ijod/nazm/holinda-i/