HISOBOT — korxonalar, tashkilotlar, kompaniyalar tomonidan oʻz faoliyati toʻgʻrisida davriy (oy, chorak, yil) va belgilangan shaklda tuziladigan, davlat, statistika va moliya organlariga taqdim etiladigan axborot, maʼlumotlar, hisobkitob hujjatlari. Balans H., moliyaviy Hisobot va statistik Hisobot, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida muxim ahamiyatga ega. Balans Hisoboti — kompaniya buxgalteriya xisobotining asosiy shakli boʻlib, muayyan sana uchun kapitalni shakllantirish manbalari va kapi-tal qoʻyilmalar yoʻnalishini tavsiflaydi. Ikki tomonlama jadval shaklida tuziladi; uning chap qismi (aktiv)da kapital tarkibi va uning joylashtirilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar, oʻng qismi (passiv)da kapi-tal manbalari koʻrsatiladi. Aktivda asosiy va aylanma kapital koʻrsatkichlari, passivda oʻziniki boʻlgan va jalb etilgan kapital tuzilmasi va miqdorlari beriladi. Juda batafsil tuziladigan ichki balans kompaniya boshqaruvi tomonidan kompaniya faoliyatini rejalashtirish va boshqarish-da, filiallar ishini nazorat qilishda foydalaniladi. Tashqi balans tashqi xisobotning boshqa shakllari bilan birga kompaniya faoliyati toʻgʻrisida toʻliq va ochiq axborot hisoblanadi. Davlat soliq va yuqori rahbarlik organlariga, fond birjalariga taq-dim etiladi, aksiyadorlar oʻrtasida tarqatiladi, maxsus maʼlumotnomalarda eʼlon qilinadi. Tijorat-savdo sirini saqlash maqsadlarida kompaniyalar balansida rasman ruxsat etilgan modda (band)larni guruhlash va umumlashtirishdan keng foydalaniladi (qisqa balans). Kompaniyalarning moliyaviy Hisobot hisobot topshirishning majburiy shakli. Unga quyida-gilar kiradi: kompaniyaning umumiy balansi; foyda va koʻrilgan zarar toʻgʻrisida hisobot; pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisida hisobot va kompaniya rahbariyatining umumiy majlisda koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kom-paniya paychilari yoki aksiyadorlari eʼtiboriga havola etiladigan yillik dokladi.
Korxonalarning statistik hisoboti iqtisodiyotdagi ayrim boʻgʻinlarning ish koʻrsatkichlarini jamlash orqali tarmoqlar, mintaqalar va mamlakat iqtisodiy faoliyatining statistik koʻrsatkichlarini aniqlashga imkoniyat yaratadi.
Dildora Saidova.