Hilm

Hilm deb boʻlar-boʻlmas ishga achchigʻlanmaydurgan, arslon yurakli, yumshoq tabiatli boʻlmoqni aytilur.

Hilm insonlarning tabʼidan xusumat, adovat, gʻazab, hiddat kabi yomon xulqlarni yoʻq qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur.

Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur.

Nafsning rohati, qalbning matonati, fikrning salomati, vijdonning halovati halim tabiat boʻlmoq ila hosil boʻlur. Chunki halim kishilar har qancha quvvat va qudrat sohibi boʻlsa ham, oʻzidan ojiz kishilarga shiddat ila muomala qilmas. Fikri salomat kishilarning qalbi halim, tabʼi karim oʻlur. Zeroki, vujudimizdan paydo boʻladirgan afʼol va harakotimizning manbayi havas va orzudur. Bu havas va orzuga faqat hilm ila gʻolib kelurmiz va bu vasila ila toʻgʻri yoʻlga kirub, yaxshi xulq sohibi, din va millat xodimlaridan boʻlurmiz. Dunyoda chin inson boʻlmak uchun havasning qoʻliga nafsning jilovini bermaydirgan, boʻlar-boʻlmas narsalardan achchigʻlanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim soʻzli, halim va sabrli boʻlmak lozimdur.

 

Zotiga, hilmiyati mavsuf qilsa har kishi,

Ikki olamda boʻlur rohat, halovatda ishi.

 

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “Alhilmu sayyidal axloq – Hilm xulqlarning sayyididur”, – demishlar.

Suqrot hakim: “Shiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor”, – demish.

Bu soʻzga qaraganda saxovatning ifroti isrof oʻldigʻi kabi oʻrinsiz yerda hilm isteʼmol qilmak insonning viqor va eʼtiborini poymol qilur. Shuning uchun hilmiyat hududidan – chegarasidan chiqmay, gʻazab, hiddat kabi yerlarda hilm isteʼmol qilub, nafsning haroratini past qilmolidur. Lekin tepsa tebranmaydurgan, turtsa ting etmaydigan boʻlub, gʻayrat, shijoat oʻrinlariga ham muloyimlik ishlatuv halimlik hududidan oshub, boʻshlik, anqovlik dunyosiga chiqmakdur. Bunday halimlikdan qochmak, hazar qilmak kerak.

 

Halimlikni qilsang agar ixtiyor,

Boʻlur xalqi olam sanga doʻst-u yor.

Boʻlur mevalik shoxni boshi past,

Halim oʻlgʻusi oqili hushyor.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/hilm/

3.6 5 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x