Xalq tarix va madaniyatini, moddiy va maʼnaviy boyliklarini yaratuvchi buyuk kuchdir. Har bir xalq asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba toʻplaydi, shu tajribani turli vositalar bilan kelajak avlodlarga meros qilib qoldiradi. Maqol va hikmatli soʻzlar ana shunday bebaho merosimiz hisoblanadi. Tafakkurning bunday bebaho va noyob durdonalarini xalqimiz asrlar osha koʻz qorachigʻiday asrab-avaylab, sayqal berib, turli zamon hodisalaridan eson-omon olib oʻtgan.
Maqollarning hayotda tutgan oʻrni va ahamiyatiga ulugʻ adib LevTolstoy ham juda katta baho berib: “Har bir maqolda shu maqolni yaratgan xalqning siymosi koʻrinadi”, deya eʼtirof etgan. Darhaqiqat, maqollarda ota-bobolarimiz bosib oʻtgan yoʻlni, turmush tarzini, shodlik va gʻussalarini, ajdodlarimiz urf-odatlarini, anʼanalarini koʻramiz va his etamiz. Qolaversa, maqollarda xalqning qomusiy bilimi, teran nigohi oʻz ifodasini topgan. “Holva degan bilan ogʻiz chuchimas”, “Loysiz suv, qurbaqasiz koʻl boʻlmas”, “Qalamning ishini qilich qilolmas”, “Jahl – dushman, aql – doʻst”, “Igna oʻtgan joydan ip ham oʻtar”, “Devona ham xurjunini bir marta yoʻqotadi”, “Yuvvosh otning tepkisi qattiq”, “Sumbulaning suvi tiniq, oʻzi sovuq” kabi loʻnda, oʻynoqi maqollarda bus-butun kitoblarga yetadigan, olam-olam maʼno, fikr va tuygʻu jo boʻlgan. Har biri bamisli badiiy asardir. Ana shu boy ijod durdonalarining har bir satrida ming bir hikmat mujassam. Zamondosh tadqiqotchilardan Sh. Shomahsudov, Sh. Shorahmedovlar oʻzlarining “Nega shunday deymiz?” risolasida ham xalq maqol va matallarining kelib chiqish tarixiga batafsil toʻxtalishgan. Masalan, “Koʻrgan kuning unutma, koʻn chorigʻing quritma” xalq maqolini olib koʻraylik. Rivoyat qilishlaricha, Ayoz ismli kishi xon vaziri darajasiga koʻtariladi. Oliy martabada oʻzidan ketib qolmasligi va haddidan oshmasligi, ilgari koʻrgan azobli kunlarini unutmasligi uchun u eski koʻn chorigʻini koʻzi tushib turadigan joyga – saroyning tepasiga osib qoʻygan ekan. Har gal chorigʻini koʻrgan payt oʻziga-oʻzi “Koʻrgan kuning unutma, koʻn chorigʻing quritma”, deb tanbeh berib qoʻyarkan. Bu maqol ana shu afsona bilan bogʻliq. Oʻtmishda koʻndan (xom teridan) tikilgan chorigʻ vaqti-vaqti bilan namlab turilgan. Shundan kelib chiqib, “Koʻn chorigʻing quritma” deyilgan.
“Aytilgan soʻz – otilgan oʻq” xalq maqolining ham maʼnosi keng. Bunda jamoa orasida biror gapni aytishdan avval uni obdon oʻylab, atroflicha mulohaza qilib olish zarurligi uqtirilgan. Chunki kishining ogʻzidan chiqqan har bir soʻzni xoh yaxshiyu, xoh yomon, xoh oʻrinli-yu, xoh oʻrinsiz boʻlsin, aslo qaytarib boʻlmaydi.
“Yelka yagʻiri – otga, ota yagʻiri oʻgʻilga meros” xalq maqoliga ham eʼtibor beraylik. Otning yelkasidan boshqa yerida yarasi boʻlsa, uni davolab, tez tuzatish mumkin. Ammo yelkada, old oyoqlar ustida, yagʻiri boʻlsa, oʻla-oʻlguncha tuzalmaydi, davolab boʻlmaydi ham. Chunki jonivor yelkasi umurtqa boʻgʻinlarining birlashgan joyi boʻlib, ot har oyoq koʻtarib tashlaganda qimirlab, bitay deb kelayotgan yara yana ochilib, battar boʻlaveradi. Bu – otlarga xos meros yagʻirdir. Maqolda ota yagʻiri deyilganda otaning oʻz oʻlimiga qadar ulgurolmagan qarzi nazarda tutilgan. Xalqimizning udumlaridan biri shuki, marhum ota dafn etib boʻlingach, mahalla oqsoqollaridan biri mozor tepasida, dafn etish marosimiga kelgan barcha kishilar ishtirokida marhumning oʻgʻliga murojaat qilib: “Mabodo otangizning birovdan qarzlari boʻlsayu, vasiyat qilolmay vafot etgan boʻlsalar, shu qarzning egasi kelib biror hujjat koʻrsatsa yoxud ikki guvoh bilan isbotlasa, siz qarzni toʻlaysizmi?” deb soʻraydi.
Odatda oʻgʻil “Toʻlayman” deb javob beradi. Shunda oqsoqol: “Mana, otangizning yuki yengillashib, pok boʻlib ketdilar” deydi. Shunday qilib, otaning qarzi oʻgʻilning gardaniga tushadi. Yaʼni ota yagʻiri oʻgʻilga meros boʻladi.
Maqollar zamonlar osha tobora sayqallanadi, jumlalari pishiqlashadi, mazmuni teranlashadi, shakli ixchamlashadi. Baʼzi hollarda esa, buning aksicha, eshituvchi va qayta talaffuz etuvchilarning muayyan maqolda aytilmoqchi boʻlgan maʼnoni tushunmasligi yoxud eshitganini eslay olmay oʻzicha qoʻshib-chatib aytishi, yoinki maʼlum bir fikrni isbotlamoq, maʼlum bir holni ifodalamoq uchun eshitgan maqoli tarkibidagi ayrim soʻzlar oʻrniga atayin boshqa soʻzlar ishlatib, asl maʼnosi va mazmunini boshqa tomonga burib aytishi oqibatida koʻpgina maqollar keyingi avlodlar orasida asliga nisbatan notoʻgʻri, mantiqqa zid tarzda qoʻllanadigan boʻlib qolgan. Bu holni hozir ham xalqimiz orasida qoʻllanayotgan va yozma adabiyotda, kinofilmlar va teatr tomoshalarida, matbuot, radio, televideniyeda ishlatilayotgan, hatto hikmat durdonalarining ayrim toʻplamlariga kiritilgan bir qancha maqollarda ham koʻrish mumkin. Masalan: ayrim asarlar va maqollar toʻplamlarida”Hayt” degan – tuyaga madad” maqolini “Hoy” degan tuyaga madad: “Chu” degan ham tuyaga madad”, “Ha-ha” degan tuyaga madad” tarzida, “Erni nomus oʻldirar, quyonni qamish oʻldirar” maqolini “Erni nomus oʻldirar, quyonni qamchi oʻldirar” tarzida: “Arzimaydi gʻallasi, kuydiradi shirdonasi” maqolini “Arzimaydi gʻalvasi, kuydiradi shavlasi” tarzida, “Yov qochsa botir koʻpayar” maqolini “Yov qochsa dushman koʻpayar” tarzida uchratamiz va hokazolar. Bu kabi maqollarning qaysi varianti toʻgʻri-yu, qaysi biri notoʻgʻri ekanligiga xalq maqollarining maʼnosi haqidagi kitoblardan toʻgʻri javob olishingiz mumkin.
Maqollarning oʻtgan asrlarda, turli viloyatlarda va tumanlarda hamda turkiy xalqlarda mavjud boʻlgan variantlarni bir-biriga chogʻishtirib, tekstologik oʻrganib, eng toʻgʻri variantini topish ayniqsa, muhimdir.
Maqollar magʻziga ularni yaratgan xalqning asriy hayoti, dunyoqarashi va urf-odatlari singib ketgan. Modomiki shunday ekan, maqollarning tarixiy ildizlarini aniqlash, ularning gʻoyaviy mazmunini yechib berish koʻp izlanishlarni, uzoq yillar mobaynida sabr-toqat bilan ish olib borishni taqozo etadi.
Shahnoza RAHIMOVA
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hikmatlarga-yogrilgan-sozlar/