Haq yoʻlga intiq, ilohiy nurga chanqoq boʻlib turganda muqaddas Islom dinining yuzaga kelishi butun insoniyat hayotida tub burilish yasadi. Ular oʻzlarini toʻgʻri yoʻlga boshlagan Haqqa cheksiz shukronalar aytar, Qurʼoni Karimda kelgan oyati shariflarga soʻzsiz amal qilar, paygʻambarlari Muhammad alayhissalom sunnatlarini mahkam tutgan edilar. Ammo xuddi toʻgʻon ochilganda daryo suvi shiddatli shovullab, uning yuzidagi xas-choʻplar birinchi boʻlib oqmoqqa shaylangani kabi Islom dini Yer yuzi boʻylab keng tarqalayotgan bir davrda turfa adashgan guruhlar, firqalar chiqib, odamlar ongini zaharlashga, haq qolib, oʻzlarining botil yoʻllariga yetaklashga tushdilar. Bir yoqda moʻtaziliylar (“Moʻtazila” atamasi arab tilidan tarjima qilinganda, “adashgan, ajralib chiqqan, uzoqlashgan” degan maʼnolarni bildiradi), bir tarafda zindiqiylar (arabcha: dinga ishonmaydigan, xudosizlar), botiniylar, qarmatiylar, xavorijlar oʻzlari hidoyatdan chetlanganlari yetmagandek, odamlar orasida ham buzgʻunchilik, johillikni yoyishga zoʻr berardi.
Vaziyat shu darajaga yetdiki, shu paytga qadar tinchgina ibodatini qilib kelayotgan kishilarning koʻnglida ham turli shubhalar, savollar paydo boʻla boshladi. Rost bilan yolgʻonni, haq bilan botilni, toʻgʻri bilan egrini farqlash oson boʻlmay qoldi. Ana shunday qaltis, ham nozik bir paytda iymon ahli orasidan chiqqan ilm sohiblari Qurʼoni karim va paygʻambar hadislari asosida, sahobalar tutumiga, oʻtgan mujtahid ulamolar uslubiga amal qilgan holda kishilarni haqqa daʼvat etib, adashganlarni toʻgʻri yoʻlga solishga bel bogʻladilar. Sof Islom aqidalarini tushuntirish va yoyish maqsadida jiddu-jahd koʻrsatdilar. Ular orasida eng ulugʻlari Ahli sunna va jamoa mazhabining yirik imomlari – basralik Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ashʼariy hamda samarqandlik Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy boʻlib, keyinchalik ularning taʼlimotlari ashʼariya va moturidiya nomlari bilan mashhur boʻldi.
Ikki taʼlimot orasidagi farq
Ashʼariya va moturidiya taʼlimotlarini chuqur oʻrgangan olimlarning fikricha, ular mohiyatan bir-biriga oʻxshashdir, faqat lafzda (ifodada) ayrim tafovutlar kuzatiladi.
Ikki alloma bir narsani taʼkidlashida (tadqiqu tatbiq etishida) qanday mantiq bor, deguvchilarga javob shuki, ular hayotda bir-birlari bilan koʻrishmagan holda bitta ishni ado etganlar. Yaratganning marhamati bilan ularning eʼtiqod masalasidagi qarashlari bir xil boʻlib, Islom dini hukmron yurtlarga tarqalgan.
Ilk saboq, kalom ilmiga mehr
Imom Moturidiy hayoti va faoliyatini teran tadqiq etgan olimlardan biri Shovosil Ziyodovning “Abu Mansur Moturidiy” risolasida aytilishicha, alloma Samarqand shahri yaqinidagi Moturid qishlogʻida, taxminan 870 yilda tavallud topgan.
Ilk ustozi Abu Bakr Juzjoniy boʻlib, boʻlajak olim shuningdek, Abu Nasr Ahmad Iyodiy, Nasr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn al-Fadl singari ulugʻ zotlar sabogʻini oladi. Dastlab dinimizga oid umumiy maʼlumotlarni oʻrgangan alloma, keyinchalik fiqh (Islom huquqshunosligi) va kalom ilmi bilan qiziqib (Imom oʻazzoliy taʼbiri bilan aytganda, kalom bir ilm boʻlib, uning maqsadi – ahli sunnaning aqidasini bidʼat ahlining tashvishidan muhofaza qilishdir), ularni puxta oʻrganadi.
Imom al-Huda – Hidoyat yoʻli imomi
Odatda buyuk insonlar ilmda, faoliyatda qanchalik yuksak choʻqqilarni zabt etmasin, kundalik hayotda shunchalik kamtar boʻladilar.
Oʻz davrida ham, keyinchalik ham yuksak ehtiromga sazovor boʻlib, Islom dunyosida imom al-Huda, yaʼni Hidoyat imomi degan ulugʻ maqomga loyiq koʻrilgan alloma hayotda nihoyatda kamtar, pok eʼtiqodli, koʻngilchan inson boʻlgan. Biroq bu koʻngilchanlik faqat yaxshi odamlarga nisbatan edi, imoni sust, eʼtiqodi puch, adashganu, toʻgʻri yoʻlga tushishni xohlamaydigan kimsalarga nisbatan esa gʻoyatda murosasiz boʻlgan. Bu u zotning asarlarida, xususan, “Kitob taʼvilotu ahli-sunna” kitobida moʻtaziliylar, xavorijlar, rofiziylar va boshqa adashgan firqalarga qarshi bildirgan raddiyalaridan anglash mumkin.
Moturidiyning oʻzi qanday sof eʼtiqod sohibi boʻlganiga Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobida keltirilgan bir hikoyat ham yorqin misol boʻladi.
Aytishlaricha, shayxning Moturid qishlogʻida bir bogʻi boʻlib, uning daraxt va toklarini oʻtqazishdan tortib, parvarish qilishgacha boʻlgan barcha yumushlarni koʻpincha oʻzi bajarar ekan.
Bir kuni olim xizmatchisi bilan birga ketmon chopib, tok oʻtqazayotgan mahal muazzin azon aytib qolibdi. Odatda, masjiddan azon ovozi eshitilgach, u barcha ishini tashlab, ibodatga oshiqardi. Ammo negadir, bu gal “Kel, shu tokni oʻtqazib olay, masjidga soʻngroq borarman” deydi…
Bir yildan keyin yurt podshosi har bir boqqa odatga xilof tarzda bir necha koʻzadan ichkilik soligʻini soladi. Ana shunda alloma: “Ushbu bidʼat [soliq] mening tok oʻtqazishga mashgʻul boʻlib, namozni keyinga qoldirishim kasofatidan chiqdi” deya qattiq nadomat chekib, yigʻlagan ekan…
Mana shunday ulkan va pokiza qalb sohibi boʻlgan vatandoshimiz hayoti davomida koʻplab faqih va muhaddislar bilan muloqot qilgan, fiqh va kalom masalalariga doir asarlar bitgan. “Kitob at-Tavhid” (“Allohning yagonaligi haqida kitob”), “Kitob al-maqomat” (“Maqomat kitobi”), “Kitob taʼvilotu ahli-sunna” (“Qurʼon haqida ahli sunna taʼvili kitobi”) singari asarlar shular jumlasidan. Afsuski, allomaning barcha asarlari ham bizgacha yetib kelmagan yoxud hali topilgan emas. Masalan, “Kitob al-maqomat” shunday asarlar sirasiga kiradi.
Aytib oʻtganimizdek, Imom Moturidiy hazratlari butun umri mobaynida sof eʼtiqod uchun kurashdi. U “Abu Hanifa (Sunniylikning hanafiya fiqhiy mazhabi asoschisi) taʼlimotiga suyangan holda, zamon talabidan kelib chiqib, uni taraqqiy ettirdi va Islomning eʼtiqodiy asoslarini qayta ishlab chiqdi” (Shovosil Ziyodov). U adashgan firqalarga qarshi kuyunib: “Ular tafakkur va tadqiq bilan qarasalar edi, Alloh taolo bandalarini tafakkur va tadqiqot, ibrat va tajriba bilan ish qilishga buyurganini tushunar edilar, ibrat va tafakkur esa ilm manbalaridan biridir” deya yozadi “Kitob at-tavhid” asarida.
Oʻlmas meros
Asl aynimas, oltin zanglamas, deganlaridek, bashariyatni mudom ezgulikka chorlab, qalblarni quyosh kabi yorituvchi asarlar hech qachon ahamiyatini yoʻqotmaydi.
Ulugʻ alloma bobomiz Imom Moturidiy kitoblari ham mana ming yildan oshibdiki, hamon Islom olamida eng moʻtabar manbalar qatorida oʻqib, oʻrganilib, amal qilib kelinadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, milliy va diniy qadriyatlarimizga munosabat tubdan oʻzgardi. Oʻtgan ulugʻ allomalarimiz merosini oʻrganish va asarlarini xalq orasida keng targʻib qilishga eʼtibor qaratildi. Ular yashagan yoki abadiy makon tutgan joylarni obod qadamjolarga aylantirish uchun bunyodkorlik ishlari bajarildi.
Xususan, dinimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshgan, aqida (yaʼni eʼtiqod) hamda kalom ilmlarining asoschilaridan biri sifatida vatanimiz dovrugʻini dunyoga taratgan shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturidiy xotirasini tiklash, asarlarini keng va chuqur tadqiq-tahlil qilishga kirishildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 dekabrdagi qaroriga koʻra 2000 yilda buyuk allomaning 1130 yilligi keng nishonlanib, u zot dafn etilgan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida allomaning maqbarasi va ziyoratgohi bunyod etildi.
Abu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid tadqiqotlar hamon davom etmoqda. Chunki manbalarda u zotning fiqh, kalom ilmiga oid asarlardan tashqari, boshqa fanlarga doir kitoblar ham taʼlif etgani aytiladi. Bu esa olimlardan yanada koʻproq izlanish talab etadi. Binobarin, buyuk vatandoshimiz qoldirgan ilmiy, maʼnaviy meros borgan sari ustuvor ahamiyat kasb etib borajakdir.
Elmurod NISHONOV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/hidoyat-yoli-imomi/