“Hech bir ish qilmaydiganlarga nasiba oʻzi kelib yordam berolmaydi”

Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulugʻ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.

 

*****

Men faqat Robbimga suyanaman.

Qoqilsam, faqat U meni turgʻazib qoʻyadi.

Kasal boʻlsam, faqat U menga shifo beradi.

Kambagʻal boʻlib qolsam, faqat U meni boy qiladi.

Gunoh qilsam, faqat U meni magʻfirat etadi. 

“Hikmat durdonalari”

*****

Qalbingni hasad bilan yoqma, gina bilan oʻldirma, adovat bilan kasal qilma. Salim qalb egasi, xotiri jam inson boʻlib yasha. Xalqlarni esa Xoliqqa qoʻyib ber.

“Hikmat durdonalari”

*****

Hech bir ish qilmaydiganlarga nasiba oʻzi kelib yordam berolmaydi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Modomiki toʻgʻri yurgan ekanman, soyamning odamlar tarafga egilishiga eʼtibor bermayman.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Toʻgʻri ish qil! Boshqalarning sen haqingda nima deyishlariga eʼtibor berma!

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Oʻlik ummat oʻz qahramonlarini, ular vafot etganidan keyin eslaydi. Buyuk ummat oʻz qahramonlarini, ular tirikliklarida hurmat qiladi.

“Tarix muhrlagan soʻzlar”

*****

Qiyin vaziyatlarda odamlarning qandayligi fosh boʻladi. Shuning uchun bir insonga, uning gapiga qarab hukm qilma. Insonlar gapirayotgan paytda koʻpincha namunali boʻladilar.

“Hikmat durdonalari”

*****

Bobom menga shunday dedilar: “Bolam, bu sayyorda yashash qiyin boʻlib qoldi. Odamlar bir-birini oʻyin qilishyapti. Pok inson qiynalyapti. Munofiq kimsa qalblarni oʻziga qaratyapti. Odamlar yolgʻonchiga yaqinlashib, haqni aytadiganlardan qochishyapti”.

“Hikmat durdonalari”

*****

Jim turganimiz doim ham rozi ekanimizni anglatmaydi.

Sabrimiz doim ham zaifligimizni anglatmaydi.

Tabassumimiz doim ham qabul qilganimizni anglatmaydi.

Bir narsani qidirganimiz doim ham oʻsha narsaga muhtojligimizni anglatmaydi.

Biror masala muhokamasi paytida yoʻqligimiz doim ham oʻsha masalaga eʼtibor bermayotganimizni anglatmaydi.

Ehtiyot boʻlishimiz doim ham qoʻrqishimizni anglatmaydi.

Savol berishimiz doim ham bilmasligimizni anglatmaydi.

Xato qilishimiz doim ham ahmoqligimizni anglatmaydi.

Kechirishimiz doim ham ojizligimizni anglatmaydi.

Bularning barchasi biz oʻtadigan koʻprik boʻlib, oʻsha koʻprik orqali choʻqqiga yetib boramiz.

“Hikmat durdonalari”

*****

Odamlarga koʻp ham ishonaverma. Odamlarni koʻp ham yaxshi koʻraverma. Dunyo ishlari haqida koʻp ham oʻylayverma. Chunki bularning koʻpi sening koʻp alam chekishingga sabab boʻlishi mumkin.

“Hikmat durdonalari”

*****

Ogʻriqlarni jim turib qabul qiladigan va boshqalarning xatolarini yaxshi niyat bilan kechiradigan kishilar meni hayron qoldiradi.

“Hikmat durdonalari”

*****

Baʼzilar ilonning zahri bilan bellasha oladigan gaplarni muloyimlik, yumshoqlik ohangida gapiradi. Oʻsha gapni gapirayotganda yuzida tabassum ham boʻlishi mumkin.

“Hikmat durdonalari”

 

 

Internet materiallaridan toʻplab, tarjima qiluvchi

Nozimjon Iminjonov

 

muslim.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/hech-bir-ish-qilmaydiganlarga-nasiba-ozi-kelib-yordam-berolmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x