Hayvonlar haqida sara sherlar to‘plami

Hayvonlar haqida sara sherlar to‘plami

Barcha xonaki va yovvoyi hayvonlar haqida, kattalar va bolalar uchun eng sara sherlar to‘plami.

Hayvonlar haqida sherlar (Hayvonot bo‘gi)

Hayvonot bog’ida jayronni ko’rdim,
Tutqunlikda dili vayronni ko’rdim.
Ko’rdim, quruq shoxda sayrar to’tilar,
Yig’lamsirab tovush qayrar to’tilar.

Qanotdan ayrilib, qilar pardozlar,
Osmonida endi ucholmas g’ozlar.
Burgutlarning boshi egilgan yerga,
Bulbullarning yoshi to’kilgan yerga.

Kaklikning to’shi qon, tumshuqlari qon,
Qumrilarning ma’yus ko’zlari — doston …
Bu dunyo aslida hayvonot bo’gi,
Mushtoq — zorlikka kon boshdan-oyog’i.

Bir-bir barin sanab netarman, bas-da,
Neki go’zal bo’lsa, bari qafasda!

Uy hayvonlari haqida sherlar

Mushuk bilan kuchuk,
Va bir bedana,
Yashardilar kichik,
Uyda jamuljam.

Ular bilan birga,
Yashardi yana,
Egni-boshi xoll-xol,
Bir xonqizi ham.

Bir kuni shu uyda,
Yashovchi kishi,
Xuddi qolmaganday,
Bironta ishi.

Yuzlanib bedana,
Hamda kuchukka,
Yuzlanib mo‘ylovdor,
Baroq mushukka:

– Men aytsam noqulay,
Siz ayting, o‘zi,
Kerakmikin, – dedi, –
Bizga xonqizi?

– Bizga kerak emas
Bashang xonqizi, –
Deya miyovladi,
G‘iybatchi mushuk, –

Xoll-xol ipak ko‘ylak
Kiyadi o‘zi,
Bizni o‘ylamaydi,
Hech vaqt bu shumshuk.

Shunda uy egasi,
Oynakni ochib,
Dedi xonqiziga:
– Xayr, mitticham!

Bizga seni asrash,
Emas-ku vojib,
Bizga xoll-xol ko‘ylak,
Tikmaysan sen ham.

Va-vaqlab bedana,
Dedi: – Pitpildiq!
Shuyam ish bo‘ldimi?
Bu qanday qiliq?

Ezilib kuchukning,
Kattakon boshi,
Ko‘zlaridan oqdi,
Injuday yoshi.

Xonqizi-ku ketdi,
Beshovqin, bejang.
Ammo bir yil o‘tgach,
Qurib polizi.

Uy egasin holi,
Yomon bo‘ldi tang:
Kul tushib, em bo‘ldi,
Karam va sabzi.

Xonqizini chorlab,
Uyning egasi,
Har yoqqa yugurdi,
Ming holga tushib.

Eshitilmas edi,
Xonqizi sasi,
Qaylarga ketdiykin,
Bechora uchib.

Shunda uy egasi,
Pichirlab sekin,
Hasrat qildi birdan,
Sodiq kuchukka:

– Bu uyda hammaga,
Ishonish mumkin,
Ishonib bo‘lmaydi,
Faqat mushukka.

Echki haqida sherlar

Hammaga ma’lumdir echkining fe’li,
Qozonga tushguncha tinch tura olmas.
Doim egri bo‘lgay tanlagan yo‘li,
Hunar ko‘rsatmasa jim yura olmas.

Goho nihollarni g‘ajiydi obdon,
Cho‘pon tayog‘iga teginar goho.
Suruvni jarlikka boshlar nogahon,
O’zi chetlab o‘tar xatarni ammo.

Bir kuni echkining g‘ayrati qo‘zib,
Baland bir qoyaning uchiga chiqdi.
Boqdi bulutlarga ko‘zini suzib,
Yuksaklik zavqini surdi, miriqdi.

Tog‘larga to‘shaldi qorayib oqshom,
Endi qaytib tushmoq kerak-ku axir.
Izg‘irin boshlandi, yo‘qoldi orom,
Na giyoh, na suv bor, qoya tap-taqir.

Qandoq chiqdi u yon, o‘zi ham bilmas,
Qaytib tushmoqlikka topmadi chora.
Eng yuksak qoyaning ustida xullas,
Mung‘ayib bir o‘zi qoldi bechora.

Endi madad so‘rab ma’ray boshladi,
Osmonu falakni ko‘tarib boshga.
Bizning tilda aytsak, ko‘zin yoshladi,
Omad boshqa dedi, falokat boshqa.

Tongda nazar soldi qoyaga cho‘pon,
Echki haykal yanglig‘ qotgancha turar.
Yurakni ezgudek ma’raydi nolon,
O’ziga beto‘xtov himoya so‘rar.

Cho‘pon ham chiqolmas bundoq qoyaga,
U ham noilojdan boshin qashladi.
Fursatni ketkazmay deya zoega,
Qutqazish yo‘lini izlay boshladi.

Bir bora qaynaydi har holda qozon,
Suruv ro‘yxatidan uni o‘chirdi,
Darhol o‘qladi-yu miltig‘in cho‘pon,
Echkini qoyadan urib tushirdi.
Abdulla Oripov

Jazoladim echkimni

Rahmat aytar daraxtlar,
Qarsak chalar teraklar.
Ularning ham joni bor,
Ular bizga keraklar.

Avaylayman daraxtlarni,
Shoxini sindirmayman.
Shirin jonini og‘ritib,
Ko‘zini tindirmayman.

Navdasini g‘ajib ema,
Qaysar echki ket, bundan!,
Daraxtni xafa qilsang,
Rosa ko‘rasan mendan.

Bir kun echkim yashirincha,
Boqqa kirganin sezdim.
Ushlab oldim ayamay,
Quloqlaridan cho‘zdim.

Rosa kuldi daraxtlar,
Qarsak chaldi teraklar.

O‘rmonda navro‘z

Bahor kelib, Navroʻzni,
Kutvoldi ahli oʻrmon.
Ishonmasang kelib koʻr,
Qizir tomosha chunon.

Tantanani qirol Sher,
Ezgu soʻz bilan ochdi.
Shoir Bulbul sheʼr oʻqib,
Maʼno gavharin sochdi.

Soʻng boshlandi bellashuv,
Qiziq musobaqalar.
Bayram «askiya»sini,
Avj oldirdi baqalar.

Shoxdan-shoxlarga sakrab,
Akrobat boʻldi Qoplon.
Maymun esa eng baland,
Dorda oʻynadi chaqqon.

Goʻzallik tanlovida,
Tovusoyning tengi yoʻq.
Uzoqqa tez chopishda,
Kiyikvoy misoli oʻq.

Oʻynab-kular jonzotlar,
Quvonch keksa-yoshida.
Toshbaqa ulkan Filni,
Koʻtaroldi toshida.

Hamma qoldi hayratda,
Tulki – mohir fokuschi.
Chaqqon harakat qilar,
Kenguru – zoʻr bokschi.

Muxlislar olqishladi,
Kurashga toʻldi maydon.
Toʻqayning polvonlarin,
Yengdi Ayiq pahlavon…

Xullas, zoʻr boʻldi bayram,
Gʻoliblar endi tayin.
Oʻtsa hamki oʻn soat,
Tugamas bitta oʻyin.

Suv ostida koʻp turmoq –
Hozir shu bahs mahali.
Begemot bilan Timsoh,
Koʻlning tagida hali.

Ayiq haqida sherlar

O‘rmonda bo‘lganmisiz?
Ayiqni ko‘rganmisiz?
Ustida po‘stini bor,
Pisand emas unga qor.

Men uning naslidanman,
Ayiqning aslidanman.
Otamdan qoldi po‘stin,
O‘sha po‘stin menga to‘n.

Farqim shu: men qo‘g‘irchoq,
Bolalarga o‘yinchoq!

Buzoq haqida sherlar

Men buzoqman, buzoqman,
Shoxim chiqqan — suzoqman.
Lekin yumdalab tortmang,
U yon-bu yonga otmang.

Iflos yerga yo‘latmang,
O‘yinchoqman, qulatmang.
Buksangiz qayrilaman,
Oyoqdan ayrilaman.

Sigir bo‘lmayman unda,
Qaymoq bermayman kunda.
Mayli, o’ynang erta-kech,
Lekin ozor bermang hech!

O‘rmondagi armiya (Jonzotlar haqida)

Jonzotlarga bilsangiz,
Oʻrmon – yagona Vatan.
Qoʻriqlashar tun-u kun,
Boʻlishar bir jon-u tan.

Fillar «harbiylar» uchun
Zoʻr binolar quradi.
Lochin – «Havo hujumi»,
Hamlaga shay turadi.

Nazardan chetda qolmas,
Hech ne. Suvda-chi, dema.
«Hammasi nazoratda!»,
Nahang – «Suv osti kema».

Xushyor chegarachidir,
Dovyurak Jayra degan.
Yovga nayza urishda,
Uchiga chiqqan «mergan».

Maymunlar – kuchli juda,
Bari jasur va tanti.
Daraxtdan sakrar yerga,
Boʻlib «havo desanti».

«Taʼminot»da sichqon-u,
Asalchi ari ham bor.
Olmaxon tashir yongʻoq,
Yemishga toʻlar «ombor».

Yumronlar – «razvedkachi»,
Atrofni kuzatadi.
Qizilishton – «telegraf»,
«Signal»ni uzatadi.

Yovqur, tengsizdir ular,
Barchasi sara «jangchi».
Boʻrivoylar – «sanitar»,
Ayiqvoy – usta «tankchi».

«Maslahatchi» Tulkini,
Yengolmay yovlar garang.
«Harbiy xiyla»ga rosa,
Ekan ustasi farang…

Nomin aytsam birma-bir,
Yana qancha «piyoda».
Asrar ona Vatanin,
Dilda mehr ziyoda.

Mardlar safiga qoʻshil,
Bir chekkada turma-da.
«Maydon»da – Yoʻlbars, Qoplon,
Timsohlar – «pistirma»da…

Dono, adolatli Sher,
Bu qoʻshinga qoʻmondon.
Shu sababli yashnagay,
Zavol koʻrmasdan Oʻrmon!

Ona bola jonivorlar

Jirafaga
Dunyo kezib shahar, goh
Qishlog‘-u, cho‘l, tog‘daman.
Qulog‘ingga bir gapni
Aytolmasdan dog‘daman.

Mingoyoqqa
Butunlay xonavayron
Bo‘larman, endi bilsam:
Oyog‘ingga yetarli
Botinka sovg‘a qilsam.

Jirafaning bolasiga
Fe’ling juda ajoyib,
Hech kimga ranj eltmassan.
Qoqib qo‘yay yelkangga,
Bo‘ying o‘sib ketmasdan.

Mingoyoqning bolasiga
Bolalik zavqli paytdir,
Tinmay yugur, o‘ynay qol.
Zerikkanda oyog‘ing
Nechtaligin sanab ol.

Bo‘ri haqida sherlar

G‘or ichida och-nahor,
Barmoqlarin so‘rishib,
O‘tirishar Bo‘rilar,
Televizor ko‘rishb.

Paydo  bo‘lgach ekranda,
O‘tlab yurgan qo‘y- qo‘zi,
Birdan hamma yirtqichning,
O‘ynab ketdi och ko‘zi.

Tish qayrashib so‘ng ular,
Ur-yiqitni boshlashdi,
Televizor sho‘rlikni,
Paqqos g‘ajib tashlashdi.

Bo‘rining dеgani

– Yurardim Bo‘riman dеb,
O‘rmonning zo‘riman, dеb.
Bugun esa ochman, hoy,
Madorim yo‘q butunlay.

Do‘st-u yor boqar zimdan,
Madad so‘rayman kimdan?
Xiralashgan ko‘zlarim,
Og‘riydi oyoqlarim.

Holim yo‘q, rangim – somon,
Shu qishdan chiqsam omon,
Bosh olib kеtar edim,
Qishi yo‘q yurtlar tomon.

Bo‘ri tush ko‘rsa

Bo’ri qay bir kun,
Chiqarmasdan un,
Boribdi ovga,
Kepti o’tovga.

So’lak oqizib,
Yotibdi pishib.
Charchab tolibdi,
Uxlab qolibdi.

Ko’rsa bo’ri tush,
Ko’ngil emish xush.
Yam-yashil o’tloq,
Talay qo’zichoq.

Bo’pti xushchaqchaq.
Uyg’onib, biroq,
Cho’pon bobodan –
Yeganmish tayoq.

Bo’rilar shundan,
Uxlamas tunda…

Tulki haqida sherlar (Tulkining degani)

– Salom, bu – mеn, tulkiman,
Sizga ayon kimligim.
Tan olaman, bor biroz
Ayyorligim, shumligim.

Yurmagayman lallayib,
Iz qilmayman qishloqni.
Hatto qarg‘a og‘zidan
Ob qochganman pishloqni.

Yo‘ldagi bo‘g‘irsoqni,
Tushirgayman paqqos man.
Tutqich bеrmay qochishda
Uddaburon raqqosman.

Tulkining so‘zi

Nomimdir ayyor tulki,
Mugʻombirligim shulki,
Asrash uchun jonimni,
Toʻq tutmayman qornimni.

Bilaman, hayvon borki,
Bir-biridan koʻp farqi.
Biri ojiz, biri zoʻr,
Biri toʻq, biri bazoʻr.

Kun koʻrar, bunda sabab –
Yurmas holiga qarab.
Koʻrsa shudgorda quyruq,
Nafs berar unga buyruq.

Deyman, boʻl oʻzdan hazir,
Ammo gap qilmas taʼsir.
Oʻrmon, toʻqay sultoni,
Sherning uzundir qoʻli,
Aytsam gapning dangalin,
Boʻlolmas ammo tulki.

Yoʻlda koʻp tuzoq-qopqon
Tushgaydir – nafsi oʻpqon.
Mana olaylik boʻri,
Oʻlja deb qurir shoʻri.

Ortiga qaytmas chunki,
Tingla, xoh qoʻling silki,
Boʻlmasang gar ehtiyot,
Silliq emasdir hayot.

Ahil bizning qavmimiz,
Juda nozik taʼbimiz,
Qilmaymiz oʻzni koʻz-koʻz,
Hamda ortiqcha gap-soʻz.

Hayvonning har xil turqi,
Oʻziga xosdir xulqi.
Mendan olmayin ulgi,
Boʻlishar mudom kulgi.

Yerga urib nomimni,
Bulgʻamang siz shaʼnimni.
Chiranmasin hayvonlar,
Hech tulki boʻlolmaslar.

Qirqta hiylam boʻlsa ham,
Kelavermas doim qoʻl.
Dushmanga koʻrinmaslik –
Yashash uchun qulay yoʻl.

Tipratikan haqida sherlar (Oyim bilmasin)

Tipratikanga,
Dedi G‘anisher:
-Buncha ignang ko‘p?
Birin menga ber.

Axir ko‘ylagim,
Qoldi yirtilib.
O‘rikning shoxi,
Qolgandi ilib.

Uyga tez borib,
Olib kelay ip.
Oyimga aytmay,
Qo‘yaman tikib!

Maymun haqida sherlar

Changalzorda bir zamon,
Avji tiriklik fasli.
Bizlarga esh, birodar,
Bo‘lgan odamzod nasli.

Yon qo‘shni-yu jon qo‘shni –
G‘orlarda yashaganmiz.
Neki topsak, qizg‘anmay,
O‘rtada oshaganmiz.

Shoxdan-shoxga sakrashib,
Terganmiz banan, kokos.
So‘ng taqsimlab olganmiz,
Jonu jigarlarga xos.

Shunday ahil edik biz –
Birgalikda qilib ov.
Yo‘lolmagan biz tomon,
Hatto qonxo‘r, yirtqich yov.

Beminnat po‘stin deya,
Mo‘yimizni asrardik.
Aqlning balosidan,
O‘yimizni asrardik.

Bilmadim ne xayolda,
Fikr qildi odamzod –
Quvib ilm ortidan,
Bo‘ldi bizga etti yot!

Asli azal do‘stlikka,
Shundan raxna tashlangan.
Ustara kashf etilgach,
Begonalik boshlangan.

Mushuk haqida sherlar (Mushukning sartaroshi)

Mushugimning mo‘ylovini
Qirqqan edim yashirib,
Buvim rosa koyidilar,
Bobom so‘kdi oshrib.

Dadam ushbu qilmishimni,
Ishdan kelib ko‘rdilar.
Etmaganday ular rosa,
Ta’zirimni berdilar.

Boshqa bunday qilmaslikka,
Qayta-qayta so‘z berdim.
Sartaroshlik menga emas,
Mana sinab ham ko‘rdim.

Men yaxshilik qilmoqchiydim,
Ishlar teskari oldi.
Yaxshilikka yomonlikmi?
Savolim ichda qoldi.

Qora mushukcha

Oyi, qora mushukchaga,
Popuk taqib qo‘yaylik.
Oyi, qora mushukchani,
Oppoq rangga bo‘yaylik.

Shunda qora mushukchani,
Quvmas daydi bolalar.
“Falokatning belgisi” deb,
Atamaydi xolalar.

Hamma uni ko‘rgan oni,
Deydi: “Buncha chiroylik!”.
Oyi, qora mushukchani,
Oppoq rangga bo‘yaylik.

Ohu haqida sherlar (Ohujon)

Muncha chiroyli o‘zing,
Ohujon.
Qop-qora shahlo ko‘zing,
Ohujon.

Yaqin borsam hurkasan,
Ohujon.
Sen nimadan qo‘rqasan,
Ohujon.

Bu yerlarda ovchi yo‘q,
Yo‘q xatar.
Biz holingdan doimo,
Boxabar.

To‘dang bilan sen yayrab,
O‘tlayver.
Qir-u adrda sakrab,
O‘ynayver.

Muncha chiroyli ko‘zing,
Ohujon.
Sahro suluvi o‘zing,
Ohujon.

manba: uzbaza.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x