“Hayrat ul-abror” dostonida toʻgʻrilik vasfi

 Annotatsiya

Mazkur maqolada Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonidagi toʻgʻrilik va egrilik gʻoyalari obrazlar asosida qiyosan taqqoslangan.

 

Annotatsiya

V dannoy statye dayetsya sopostavitelniʼy analiz osnovniʼx obrazov poemiʼ “Xayrat ul-abror” Alishera Navoi issleduyetsya konflikt idei pravdiʼ i krivdiʼ.

 

Annotation

Comparison ideas of honesty and lie in the base of images of epic poem “Khayrat ul-abror” by Alisher Navoi is discussed in this article.

 

Tayanch soʻzlar: toʻgʻrilik, egrilik, tashbeh, timsol, janr.

 

Alisher Navoiy “Xamsa”sining birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” didaktik ruhning ustuvorligi, obrazlar rang-barangligi, oʻsha davr jamiyatidagi bir qator dolzarb muammolarning roʻy-rost ochib berilishi bilan “Xamsa”ning keyingi dostonlaridan ajralib turadi.

Navoiy asarlariga qiziqish, kompozitsion jihatlari, obrazlar tizimi, gʻoyalarini oʻrganish, shoir mahorati va ilmiy faoliyatini tadqiq qilish, sheʼriy asarlarining mukammal nasriy matnini yaratish borasidagi izlanishlar turli davr adabiyotshunosligining dolzarb vazifasi hisoblangan. Shu jumladan, “Hayrat ul-abror” dostonini oʻrganish ham oʻtgan asrning boshlaridan bir qator adabiyotshunos olimlarning diqqat markazida turgan. Jumladan, Maqsud Shayxzoda va Oybekning “Hayrat ul-abror” dostoni, undagi dolzarb masalalar tadqiqiga bagʻishlangan ilmiy ishlari bugungi kun adabiyotshunosligining gʻoyat qimmatli materialidir. Ayniqsa, “Hayrat ul-abror”ning ilmiy-tanqidiy matni borasida adabiyotshunoslar S. Muttalibov va Porso Shamsiyevlarning ilmiy tadqiqotlari ahamiyatga molik. Bundan tashqari, Abduqodir Hayitmetov (dostonning nasriy bayoni matnini tayyorlagan), Najmiddin Komilov, Abdurashid Abdugʻofurov, Ibrohim Haqqulov va boshqa bir qator olimlar ijodida “Hayrat ul-abror” va unda insoniylik masalalarining tasvirlanishi, badiiy tasvir vositalari, obrazlar tizimi, muallifning timsol qoʻllashdagi mahorati, mohirlik bilan ochib berilgan.[1]

Hassos shoir mazkur asarida insonni har jihatdan mukammallashtirib boruvchi bir qator odamiylik fazilatlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtgan.

“Komil inson” tushunchasi borasida Navoiyning oʻz mezoni bor. Navoiy idealidagi komil inson – iymonli, xalqqa nafi tegadigan, xalq gʻami bilan yashaydigan, hunarli, kamtarin, vafoli, qanoatli, bir soʻz bilan aytganda, barcha insoniy xislatlarni oʻzida mujassamlashtirgan shaxs. Haqiqiy insonga xos boʻlgan fazilatlardan yana biri bu – rostlik, toʻgʻrilikdir. Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida mazkur mavzu tadqiqiga alohida maqolat bagʻishlaydi; rostlik, toʻgʻrilik hamda yolgʻonchilik, egrilik masalalariga keng toʻxtaladi.

Navoiy toʻgʻrilikni bir necha qirralarda koʻradi:

Birinchidan, koʻz yoki nazar toʻgʻriligi. Navoiy fikricha “Rostdur ul kim, nazari toʻgʻridur”. Egri koʻzning odatini esa, birni ikki koʻrish, vaziyatni notoʻgʻri baholashdir, deya eʼtirof etadi:

 

Koʻzki erur egri aning xilqati,

Birni iki koʻrmak erur sanʼati.

 

Shoir mazkur fikrlarini dostonning oʻn uchinchi maqolatida ham davom ettiradi. Jamiyatda shunday insonlar ham borki, bunday kishilarning fikri, xayollari buzuq. Nazari egri bunday kimsalarning koʻziga oddiy tosh – laʼl, sadafning siniqlari – inju, arqon – ilon va oddiy igna – nayza singari koʻrinadi:

 

Laʼl hisobida tutar xorani,

Inju sonar borcha sadaf porani.

 

Ham koʻrinur igna sinoncha anga,

Ham bilinur rishta yiloncha anga.

 

Birovning dasturxonidagi “qursi patir” (yumaloq patir)ni osmondagi “badri munir”(toʻlin oy), deb boʻrttiradi. Biroq ular atrofdagi hodisotlarni shunchaki notoʻgʻri koʻrish bilan kifoyalanmaydi. Balki, shu egri qarash orqali atrofidagi toʻgʻri insonlarga nisbatan hasad nigohini shakllantirgan:

 

Ulki xayoli bori fosid durur,

Borcha saloh ahligʻa hosid durur.

 

Ikkinchidan, qoʻl rostligi, toʻgʻriligi. Navoiy talqinicha, xatni toʻgʻri yozadigan kishilar haqiqiy sogʻlom shaxslardir: “Rostqalam xalq erurlar salim”. Shoir xatni toʻgʻri yozadigan insonlarni “Tengri nasib aylab anga shodliq”, deya taʼriflaydi. Shoir egri qoʻl sohibini ikki maʼnoda tushunadi:

1) xatni egri yozuvchilar, yolgʻonni boʻrttiruvchi kotiblar timsolida;

Egri xat sohibining oʻzini ham toʻgʻrilikka odatlangan deyish dushvor: “Egri durur xatki, emas mustaqim”.

2) oʻgʻri-kazzoblar timsolida. Qadimdan xalqimizda “qoʻli egri” iborasi oʻgʻri kishilarga nisbatan ishlatilib, xalqning ularga nafrati bisyor boʻlgan. Shuningdek, “Oʻgʻri qoʻli kesilmaguncha, oʻgʻriligini qoʻymas”[2] maqolida xalqda biror shaxs oʻgʻrilik qilganida unga qoʻlini kesib tashlash orqali jazo berilganiga ishora bor. Shu anʼanani Navoiy ham oʻz dostonida tilga oladi:

 

Boʻlsa ilik egrilik ichra samar,

El ani kesmakda tuz etgay magar.

 

Bir oʻrinda oʻgʻriga “qoʻlini kesish” orqali beriladigan jazoni loyiq koʻrgan shoir bir oʻrinda afv etish, gunohlaridan oʻtish orqali ham uning zimiston qalbini maʼrifat yogʻdusi ila ravshan qilish mumkinligini uqtiradi va bunday yuksak vazifani dostonning oʻn uchinchi maqolatida marhamatli Ayyub zimmasiga yuklaydi. Shoir eʼtiroficha, aslida, oʻgʻri ham jamiyatning aʼzosi. Uzoq yillar davomida xalqqa maʼnaviy madadkor boʻlib kelgan Navoiy oʻgʻriga har doim qattiq jazoni loyiq koʻrishi mumkin emas edi. Oʻgʻrini kechira bilish ham oʻgʻri shaxsiyatidagi mudrab yotgan toʻgʻrilik xislatlarini uygʻotishi, uni rostlik vodiysiga muyassar aylashi mumkin.

Uchinchidan, til rostligi, toʻgʻriligi. “Til pokligi, avvalo, inson lisoni – nutqining ezgu, olijanob niyat, komil, nuktadon fikrlar, shoirona lutf – fasohatli soʻz bilan ziynatlangan, yolgʻon, riyo va qalloblikning turfa koʻrinishlaridan xoli boʻlgan, toʻgʻri, mantiqli va tamizli xususiyatlaridan dalolat beradi”.[3] Navoiy talqinicha, faqat nazmdagi yolgʻon (mubolagʻa)ni tushunish, kechirish mumkin. Aslida, “soʻz aro yolgʻon kibi yoʻq nopisand”. Navoiyning toʻgʻrilik dunyosiga intilayotganlarga koʻrsatgan ikki yoʻlining birinchisi – insonning soʻzi toʻgʻri boʻlishi lozimligi. Til toʻgʻriligi, rostgoʻylik – komil shaxs uchun muhim xususiyat. Bu xususiyatni oʻzida aks ettirolmagan inson – yolgʻonchi. Navoiyning yolgʻonchilarga munosabati aniq: ularni hattoki musulmon sanamaslik kerakligini aytadi:

 

Ulki shior ayladi yolgʻon demak,

Boʻlmas ani eru musulmon demak.

 

“Hayrat ul-abror”ning oʻninchi maqolatida yolgʻonchilikning fojiali yakunini kitobxonga teranroq anglatish uchun shoir dostonga “Sher va durroj” hikoyatini kiritadi. Durroj doʻstlikning shartlariga sodiq qolmadi: doʻstini aldadi, uning soʻzlariga quloq osmadi. Hayotining eng mushkul nuqtasi – ovchining tuzogʻiga tushganida “hamdamu hamrozi” sherning yordamga yetib kelmasligi va hayotining fojia bilan nihoya topishiga sababchi qilib shoir durroj shaxsiyatidagi egrilik, xususan, yolgʻonchilik illatini koʻrsatadi.

Alif – arab alifbosidagi harflar ichida tik, adil holatda yozilgani uchun mumtoz adabiyotda bir qancha toʻgʻrilikni oʻzida mujassam etgan timsollar sifatida kela oladi. Bu oʻrinda toʻgʻri inson timsolini anglatayotgan – alif toʻgʻrilikni shior aylagani uchun balolar orasida sargardon. Bunda shoir balo soʻzining arabcha yozilishiga eʼtibor qaratib, soʻz soʻnggida keladigan alifni balo ichida qolgan insonga mengzaydi. Alifning baytda timsol sifatida olib kirilishi oʻz-oʻzidan kitobat (harf) sanʼatini yuzaga keltiradi va shu orqali mavzu mohiyati aniqroq va taʼsirchanroq ifodalanadi:

 

Tuzluk ila chun alif urdi salo,

Koʻrki oni ostigʻa olmish balo.

 

Qalam – Navoiy munosib saylab, ulugʻlagan eng ibratli toʻgʻrilik timsollaridan biri. Shoir qalam taʼrifida tengsiz sehr kuchiga ega, jarangdor misralar bitadi. Uni “

Noʻgʻi

nukat

naqshi

nigorandasi” (qalamning uchi maʼnoli gaplarni naqshlovchi), deb ulugʻlaydi. Qushga, ilonga oʻxshatib turib, bu tashbehdan qanoat hosil qilmay, xazina qoʻriqlovchi buyuk ajdarga mengzaydi. Biroq shu oʻrinda zukko shoir shuurida “qalamning koʻrinishi toʻgʻri, biroq ajdarda bunday xususiyat yoʻq-ku”, degan fikr aks etadi. Va shoir qalam uchun eng mukammal oʻxshashlikni topa oladi. Bu – Muso paygʻambarning sehrli hassasi:

 

Ajdar emaskim, emas ajdar salim,

Balki, degil oni, asoyi Kalim.

 

Navoiyning rostlik, toʻgʻrilik borasidagi fikrlarini koʻzdan kechirishda, Navoiy borliqda toʻgʻrilik uchun timsol tanlayotganda unga aks holatda turuvchi egrilik timsollarini ham eʼtibordan chetda qoldirmaganiga guvoh boʻldik. Toʻgʻriligi tufayli doim “sarbaland” nayzaga chirmash, egri boʻlgani uchun boʻyni bogʻlogʻliq arqon; soʻfiylar marhamatiga erishgan nay timsoliga qulogʻi burab sozlanadigan chang; qorongʻilikni munavvar etib “bazm mahbubasi”ga aylangan shamga egri uchishi tufayli umrning halokatli yakuni nasib etuvchi parvona yoki borliqni yoritsa-da, egriligi uchun yerning tagidan panoh topguvchi yashin; xazon kulfatidan mosuvo doim yashnoq sarv timsoliga chirmash oʻsgani tufayli yuzi qaro sunbul va h. k. Mazkur timsollarning barchasi jonli, qiziqarli va shoir badiiy mahoratining yorqin namunasidir.

Shoirning egrilik illatini xarakterlashda tanlagan timsollarini shartli ravishda ikkiga boʻlish mumkin:

  1. Egri koʻrinishi nuqtai nazaridan insonda salbiy taassurot uygʻotadigan, shoir yengil jazo berish bilan kifoyalanadigan predmetlar. Bular: koʻzboylogʻich shishasi va yasama soqoli, sunbul, arqon, chang, chirmash salla, ilon va h. k. Bu predmetlarga bevosita va bilvosita bogʻliq jarayonlarni ularga berilgan jazo sifatida sharhlaydi. (Izoh: sunbulning bargi qoraligi, changning buralib sozlanishi va h. k.)
  2. Tabiatidagi egrilik qirralari tufayli eng ogʻir jazoga loyiq koʻrilgan timsollar. Bular parvona, yer osti (goʻyo qabr)dan makon topuvchi yashin, durroj va h. k.

Shoirning tengsiz badiiy mahorati, “Xamsa” asari, xususan, “Hayrat ul-abror” dostonini yozishda toʻplagan uzoq yillik boy tajribalari, boshqa ijodkorlarda kam uchraydigan noyob fikr va xulosalarning koʻpligi, badiiy tasvir vositalaridan mohirona foydalanganligi, keng auditoriya istagini birdek inobatga olganligi, tabiatda, kundalik hayotda uchraydigan oddiy, xalqona timsol va detallardan mahorat bilan foydalanganligi shoir asarlarining taʼsir kuchini oshirib, xalqimizda asrlar osha sevib oʻqilishiga sabab boʻlmoqda.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

  1. Alisher Navoiy. Xamsa. 1-jild// Hayrat ul-abror. – T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. 2006.
  2. Akram B. Fasohat mulkining sohibqironi. – T.: Oʻzbekiston, 1991.
  3. Abdugʻafurov A. Buyuk beshlik saboqlari. – T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1995.
  4. Jalolov T. Goʻzallik olamida// “Xamsa” talqinlari// “Hayrat ul-abror. T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1979.
  5. Komilov N. Turfa talqinlar. Ajrim qiluvchi koʻzgu yoxud rost bilan yolgʻon mojarosi// Navoiyga armugʻon, – T.: 2006.
  6. Oybek. MAT. Oʻn toʻqqiz tomlik. Oʻn uchinchi tom. – T.: Fan, 1979.
  7. Shayxzoda M. Asarlar. Olti tomlik. Toʻrtinchi tom. Gʻazal mulkining sultoni. – T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti. 1972.
  8. Sharafiddinov O. Alisher Navoiy. – T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti, 1971.
  9. Hojiahmedov A. Mumtoz badiiyat lugʻati. – T.: Yangi asr avlodi, 2008.
  10. Haqqulov I. Zanjirband sher qoshida. – T.: Yulduzcha, 1989.

 

Nigora ShARIPOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

 


[1]Qarang: Shayxzoda M., Asarlar, Olti tomlik, Toʻrtinchi tom, Gʻazal mulkining sultoni, Toshkent, 1972; yana: Oybek, MAT, Oʻn toʻqqiz tomlik, Oʻn uchinchi tom, Toshkent, 1979; Yana: Hayitmetov A., Navoiy dahosi, Toshkent, 1970; Yana: Komilov N., Turfa talqinlar, Ajrim qiluvchi koʻzgu yoxud rost bilan yolgʻon mojarosi// Navoiyga armugʻon, Toshkent, 2006; Yana: Abdugʻafurov A., Buyuk beshlik saboqlari, Toshkent, 1995; Yana: Haqqulov I., Zanjirband sher qoshida, Toshkent, 1989; Yana: I.Haqqul, Abadiyat farzandlari, Toshkent, 1990.

[2]Oʻzbek xalq maqollari, Toshkent, “Sharq”, 2005, 50-bet.

[3] Akram B., Fasohat mulkining sohibqironi, Toshkent, “Oʻzbekiston”, 1991, 61-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hayrat-ul-abror-dostonida-togrilik-vasfi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x