Hayotni oʻrganish

(Rassom doʻstim aytib bergan hangoma)

 

Chillalik kuyovman. Keliningiz didlikkina chiqib qoldi. Zamonaviy. Eng yaxshi fazilati – vaqtni toʻgʻri taqsimlaydi.

Masalan, xuddi qoʻngʻirogʻi burab qoʻyilgan soatdek roppa-rosa yettida uygʻonadi. Bir yarim soat toshoyna oldida oʻtiradi. Taroq bilan upani, qalam bilan boʻyoqni shunaqayam chaqqon ishlatadi, shunaqayam chaqqon ishlatadi!

Keyin roppa-rosa toʻqqizda meni bekatga yetaklab chiqadi. Farosatning zoʻrligini qarang. Tramvay toʻqqizdan uch minut oʻtganda kelishigacha bilib olgan, baraka topkur.

Uning ishxonasiga – atelyega yetib boramiz. Shundoqqina biqinida qahvaxona bor. Oʻsha yerda nonushta qilamiz. Kelin deganni quruq non-choy bilan boqib boʻlarmishmi? Achchiqqina qahva, yogʻlikkina qaymoq, yumshoqqina pirojenoye, zar qogʻozli shokolad boʻlmasa, koʻngli toʻlmaydi. Keyin u ishiga kirib ketadi. Men halloslab Rassomlar uyushmasiga yuguraman.

Roppa-rosa soat ikkida oshxonaga yetib borishim kerak.

Oʻrtoqlarim masxara qilganday ketimdan qarab qolishadi. Kulsa-kulaversin, menga nima. Kuyov degan kelin bilan birga ovqatlanmasa, tomogʻidan ovqat oʻtarmishmi?

Kechqurun ham shunday. Rosa soat yettida yana atelyega yoʻl olaman. Keyin restoranga kirib, alla-pallagacha oʻtiramiz. Keliningizning aytishiga qaraganda, uyda ovqat pishirgandan koʻra restoranda mehmon boʻlish sogʻlikka foydali emish… Shanba-yakshanba kunlari magazin aylanish. Eng “modniy” kiyimlar sotib olish…

Xullas, hammasi risoladagidek ketayotgan edi-yu, bu yogʻi choʻntakda shamol gʻirillaydigan boʻlib qoldi.

Toʻydan buyon opam uch marta kelib kirimizni yuvib ketdi. “Derazalarning changini qara, kim aytadi kelinlik uy deb”, dedi koyib. Koyisa koyiyversin! Endi deraza artaman deb uchinchi qavatdan tushib ketsinmi kelin bechora!

Shunday deyman-u, opamning bir maslahati maʼqul kelib qoldi. “Bu ketishda pul yetkazib boʻladimi, roʻzgʻoringni butlab ol”, dedi. Bozordan kartoshka, piyoz, sabzi, koʻkat, goʻsht degan narsalarni, xoʻjalik magazinidan qozon, choʻmich, kapgir degan buyumlarni sotib oldik.

Dushanba kuni keliningiz meni tong otmasidan uygʻotdi.

– Turing, – dedi shirin kerishib, – anavi stol ustida turgan yaltiroq narsaning oti choynak boʻladi. Oshxonaga chiqib joʻmrakni burasangiz, suv degan narsa tushadi. Kashandasiz, gugurt degan narsani bilasiz. Oʻshani chaqsangiz, gaz degan narsa yonadi. Oʻn besh daqiqada choy degan narsa qaynaydi.

Boshimni qashlab turib qoldim.

– Shundoq-ku, lekin bu yogʻi qanaqa boʻlarkin? – dedim boʻshashib.

– Voy, – dedi keliningiz chiroyli kipriklarini pirpiratib, – kim aytadi sizni rassom deb, hayotni shunaqa qilib oʻrganmasangiz, qachon durustroq asar chizasiz?

Odam bolasi qilolmaydigan ish yoʻq ekan. Bir balo qilib choy qaynatib keldim. Keliningiz oydek boʻlib toshoyna oldida oʻtiribdi. Qoʻlida taroq, harakatlari biram chiroyli! Meni koʻrishi bilan shunaqayam shirin kuldiki…

– Aptingizni qarang, – dedi oynaga roʻpara qilib.

Munday qarasam, chap yuzim qorakuyaga belanibdi. Qachon tekkan, qayerda tekkan, bilsam, har narsa boʻlay!

– Mayli, hayotni oʻrganasiz, – deydi keliningiz hamon kulib.

Bugun keliningizning sartaroshxonaga boradigan kuni edi.

– Prichyoskamni oʻzim ham qilaveraman, – dedi muloyimlik bilan, – siz oshxonaga chiqing. Stol tagida kartoshka degan narsa turibdi. Oʻshani pichoq degan narsa bilan archasiz, yogʻ degan narsani qozonga solib qizdirasiz-da, goʻsht degan narsani piyoz degan narsaga qoʻshib qovurasiz.

“Obbo! Hayotni oʻrganish shunaqa boʻlsa, oʻlsin”, deyman ichimda. Nachora, rassomman, oʻrganishim kerak.

Ovqat shoʻr boʻlib qolgan ekan, keliningiz didlikkina emasmi, darrov yoʻlini topdi. Suv degan narsani ilitib, quyib yuborsam, qovurdoq shoʻrvaga aylanib, tuzi raso boʻlar ekan.

Endi dam olay deb turganimda, yana ish chiqib qoldi. Vanna degan narsaga suv toʻlatib, koʻylak-maykamni, kelinning ich kiyimlarini poroshok degan narsa solib ishqalasam, toza boʻlarmish. Keyin uni dazmol degan narsa bilan tekislasam, hayotni oʻrganarmishman.

Xullas, ishlarim yurishgandan yurishib ketdi. Ovqat qilish, pol artish, kir yuvish, dazmol bosish, yirtiq-yamoq, tugmacha qadash, hatto pirog pishirishgacha oʻrganib oldim. Eng yaxshisi, ishxonada ertadan kechgacha mudrashga koʻnikib ketganimni aytmaysizmi?

Bahonada restoranga borishdan qutuldik.

Keliningiz men qilgan choʻzma lagʻmonni yaxshi koʻradi, qoʻlim shirinligini aytib maqtaydi. Oʻzi har shanba, yakshanba dugonalari bilan mehmongami, “gap”gami, palakat bosib chiroq oʻchib qolsa, ovozi ham oʻchib qoladigan xonandaning konsertigami borib turadi. Men uyda qolib, hayotni oʻrganaman.

Hammasi risoladagidek ketayotgan edi-ku, bir kuni gʻalati ish boʻldi. Ikkalamizni sudga chaqirib xat keldi.

– Bu nima? – dedi keliningiz hayron boʻlib.

– Bumi? Bu qogʻoz degan narsa boʻlsa kerak, – dedim iljayib. – Qogʻoz degan oppoq narsaga qalam degan qora narsa bilan ariza degan narsani yozgan edim. Uch bekat narida sud degan mahkama bor ekan, oʻshanga tashlab keluvdim.

Keliningiz negadir xavotirlanib oʻrnidan turib ketdi.

– Qanaqa ariza? – dedi kipriklarini pirpiratib.

– Ajrashish haqidagi ariza.

– Voy, nimaga ajrashasiz, jonim?

– Men hayotni oʻrganib boʻldim, – dedim pinagimni buzmay. – Endi boshqasiga oʻrgatasiz!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/hayotni-organish/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x