Ular oqsoqlanib soyga tomon tushib borardilar. Hamrohlardan biri, oldinda borayotgani toshloq yerda qoqilib gandiraklab ketdi. Ikkalasi ham charchab holdan toygan va tishlaini tishlariga qoʻyib taqdirga tan berganliklari yuzlaridan koʻrinib turardi bu uzoq vaqt chekkan qiyinchiliklari oqibati edi. Orqalaridagi qayish bilan tortib bogʻlangan ogʻir yuklari yelkalarini ezardi. Ikkalasida ham bittadan miltiq. Ikkalasi ham bukchayib, koʻzlarini yerdan uzmay borardilar.
Qani endi yashirib qoʻygan joyimizdagi oʻqlardan hozir ikkitaginasi boʻlsa, deb qoʻydi ulardan biri.
Azbaroyi madorsizlikdan ovozi zaif chiqdi. U juda behafsalalik bilan gapirardi. Toshlarga urilib, koʻpiklanib oqayotgan sutdek oppoq suvga endi oyoq bosgan sherigi esa unga hech narsa deb javob bermadi.
Ikkinchisi ham sherigi orqasidan suvga tushdi. Suv muzdek sovuq boʻlishiga qaramay ular oyoq kiyimlarini yechmadilar. Suv shu qadar sovuq ediki, oyoqlari barmoqlarigacha uvishib qoldi. Baʼzi joylarda suv tizzadan kelardi. Shunda suv shitob bilan urganda, ular oʻzlarini tutolmay, gandiraklab ketardilar.
Orqada kelayotgan yoʻlovchi silliq toshga tiygʻanib ketib, yiqilishiga oz qoldi, ogʻriqdan qattiq ixrab yubordi, ammo yiqilmadi. Boshi aylandi, shekilli, munkib ketib, xuddi havodan madad soʻraganday, boʻsh qoʻlini oldinga choʻzdi. Oʻzini oʻnglab oldi-da, oldinga qadam bosdi, lekin yana toyib ketib, yiqilishiga sal qoldi. Shundan keyin toʻxtab, oʻz sherigiga qarab qoʻydi: sherigi esa orqasiga ham qaramay, hamon oldinga qarab ketmoqda edi.
Orqada qolgan bir narsani oʻylagandek birpas qimirlamay turdi, keyin:
– Menga qara, Bill, oyogʻimni chiqarib oldim, shekilli! deb qichqirdi.
Bill oyoqlarini sudrab, sutdek oppoq suvdan kechib borardi. U orqasiga biror marta ham qayrilib qaramadi. Sherigi uning orqasidan qarab turardi. Uning yuzi avvalgidek hech narsani ifoda qilmasa-da, koʻzlarida yaralangan bugʻuniki singari chuqur qaygʻu ifodasi aks etdi.
Mana, Bill qarshi qirgʻoqqa oʻtib oldi-da, kalovlanib yurib ketdi. Suvning oʻrtasida turgan hamrohi undan koʻzini olmay qarab turdi. Uning lablari shu qadar titrar ediki, oʻsiq sariq moʻylovi uchib-uchib ketardi. U tilining uchi bilan qovjiragan lablarini bir yalab oldi-da:
– Bill! deb qichqirdi.
Bu falokatga yo ‘liqqan odamning jon achchigʻidagi qichqirigʻi edi, ammo Bill qayrilib ham qaramadi. Ketib qolgan sherigining orqasidan uzoq vaqt qarab turdi: sherigi lapanglab, oqsoqlanib, qoqilib-suqilib, tepalikda koʻringan egri-bugri chiziqlar tomon asta-sekin koʻtarilib borardi. Bill to tepalikdan oshib, koʻzdan gʻoyib boʻlguncha sherigi orqasidan qarab turdi. Shundan keyin u tarafdan koʻzini uzdi-da, Bill ketgandan keyin yolgʻiz oʻzi qolgan yerni bir-bir koʻzdan kechirib chiqdi.
U butun ogʻirligini bir oyogʻiga solib turib, soatini oldi, soat toʻrt edi. Soʻnggi ikki hafta ichida u hisobni yoʻqotib qoʻydi: iyulning oxiri yoki avgustning boshlari boʻlganligi sababli quyosh shimoli gʻarbda boʻlishi kerak edi. U janub tomonga qaradi. Mana shu koʻrimsiz tepalik orqasida, allaqayerdadir Katta Ayiq koʻli bor, xuddi oʻsha tomonda Kanada sahrosidan mudhish Shimoliy Qutb doirasi oʻtadi, deb oʻylab qoʻydi. U turgan soy Kappermayn daryosining irmogʻi, Kappermayn esa shimol tomonga oqib, Koronatsiya koʻrfaziga, Shimoliy Muz dengiziga quyiladi. Uning oʻzi u yerlarga hech qachon bormagan, lekin buning hammasini Gudzon koʻrfazi kompaniyasining xaritasida koʻrgan edi.
U oʻzi yolgʻiz qolgan joyini yana bir marta koʻzdan kechirdi. Tevarak-atrof jimjit, koʻrimsiz edi. Na daraxt, na buta, na oʻt-oʻlan koʻrinadi poyonsiz va dahshatli sahrodan boshqa hech narsa yoʻq. Uning koʻzlarida qoʻrquv ifodalari koʻrindi.
Bill! deb pichirladi. Bill! deb takrorladi u yana ketidan. Poyonsiz sahro goʻyo qudratli kuchi bilan bosayotganday, oʻzining mudhish sokinligi bilan ezayotganday boʻldi: u loyqalanib oqayotgan soy oʻrtasida choʻqqayib oʻtirib qoldi. U xuddi bezgak tutayotgandek qaltirab ketdi, shu payt miltigʻi shalp etib suvga tushdi. Bu uni oʻziga keltirdi. U qoʻrquvni yengib, es-hushini yigʻdi, keyin qoʻlini suvga tiqib, paypasladi-da, miltigʻini topdi. Soʻng mayib oyogʻiga ogʻirlik kamroq tushsin deb, yukni chap yelkasiga oldi-da, ogʻriqdan basharasini burishtirib, juda ehtiyotlik bilan asta-sekin qirgʻoqqa tomon yurdi.
U yolgʻiz qolgan boʻlsa ham yoʻldan adashmadi. Yana biroz yurgandan keyin atrofini pastakkina, nimjon, quruq pixta va archalar oʻrab olgan kichkina Titchi-nichili koʻliga yetib borishini bilardi. Bu koʻlning nomi mahalliy tilda “Kichik ogʻochlar oʻlkasi” degan maʼnoni anglatardi. Shu koʻlga bir ariq kelib quyiladi, suvi ham loyqa emas. Ariq boʻylarida qamish oʻsadi. Buni u yaxshi eslaydi, lekin u yerda daraxt yoʻq. Shu yerdan gʻarbga tomon boshqa bir ariq oqadi, shu ariq yoqalab u Diz daryosiga qadar boradi. Xuddi oʻsha yerda toʻnkarib, ustiga tosh bostirib qoʻyilgan qayiqni topadi. U qayiqning ostida miltiq oʻqi, qarmoq, qarmoq iplari, kichik bir toʻr, umuman, ovqat topish uchun zarur boʻlgan narsalarning hammasi yashirib qoʻyilgan. Bundan tashqari oʻsha yerda oz boʻlsa ham un, bir parcha goʻsht, loviya ham bor.
Bill uni oʻsha yerda kutib turadi, keyin ikkisi Diz daryosi bilan Katta Ayiq koʻliga boradilar, undan keyin koʻldan oʻtib janubga, to Makkenzi daryosiga yetib olguncha janubga qarab boraveradilar. Janubga, hamma vaqt janubga qarab boraveradilar, qish esa ularni quvib boradi. Tezoqar soy va jilgʻalar muz bilan qoplanadi, sovuq tushadi, ular esa janubga, Gudzon koʻrfazidagi faktoriyalardan biriga yetib oladilar. U tomonlarda balandbaland azamat daraxtlar oʻsadi va oziq-ovqat ham istagancha topiladi.
U tez-tez egilib, rangsiz botqoq mevalarini uzib ogʻziga solar va chaynab yutib borardi. Mevalar juda sersuv, suvi ichiga ketib, ogʻzida faqat taxir va qattiq urugʻlargina qolardi. Bu mevalar qorin toʻygʻizmasligini u bilardi, shunday boʻlsa ham ularni sabr bilan chaynar, chunki umid achchiq haqiqat bilan hisoblashishini istamas edi.
U qopini ochib hammadan burun gugurtlarni sanab koʻrdi. Hammasi boʻlib oltmish yetti dona gugurt choʻpi bor edi. U yanglishgan boʻlmay, deb gugurt choʻpini uch marta sanab chiqdi. Gugurtni uch boʻlakka ajratib, har bir boʻlagini bir qogʻozga oʻradi. Bir boʻlagini boʻsh hamyonga solib qoʻydi, ikkinchisini ohori toʻkilgan shapkasining astariga tiqdi, uchinchisini esa koʻkragiga yashirib qoʻydi. Shundan keyin uni birdan qoʻrquv bosdi: uch boʻlak gugurtni yana qaytadan ochib sanab koʻrdi. Gugurt choʻplari avvalgidek oltmish yetti dona edi.
Oyoq kiyimini oʻtga tutib quritdi, moka^sining julduri chiqib ketgan, odeyaldan tikilgan paypoqlari teshik, oyoqlari boʻlsa qontalash boʻlib ketgandi. Toʻpigʻi shishib, xuddi tizzasidek yoʻgʻon boʻlib ketgandi. U odeyallardan bittasining chetidan uzun qilib yirtib oldida, toʻpigʻini mahkam siqib bogʻladi. Keyin yana bir necha parcha yirtib, mokasini va paypoq oʻrnini bosar [1] deb, oyogʻiga aylantirib oʻradi-da, qaynagan suvdan ichib oldi, soatni buradi, soʻng odeyalga oʻranib yotdi.
U dong qotib uxladi. Yarim tunga borib qorongʻi tushdi, lekin bu uzoqqa choʻzilmadi.
Choshgohda u bir botqoqqa yetib keldi, bu yerda ov koʻproq edi. Xuddi unga oʻchakishganday, oldidan yigirmatacha bugʻu oʻtib ketdi, ular shunday yaqindan oʻtdiki, miltiq bilan bemalol otib olsa boʻlardi. Bugʻularni quvlagisi keldi, quvlasa ushlab olishiga juda ishonardi. Uning oldidan kaklik tishlagan bir qora tulki ham oʻtib ketdi. U qichqirib yubordi. Shunday qattiq qichqirdiki, choʻchib ketgan tulki oʻzini bir chetga urdi, ammo kaklikni ogʻzidan tushirmadi.
Kechqurun u qamishlar orasidan oppoq ohakdek loyqalanib oqayotgan ariqcha yoqalab borardi. Bir qamishning ostidan mahkam ushlab, xuddi piyozga oʻxshagan bir narsani sugʻurib oldi. Qamishning tomiri yumshoq boʻlib, chaynaganda qars-qars ovoz chiqarar edi. Lekin mazasi taxir, xuddi chalchiqzor mevasiga oʻxshagan sersuv boʻlib, och qorinni toʻygʻizmasdi. U yukini yerga tashladi-da, xuddi kavsh qaytarayotgan molga oʻxshab kavshana-kavshana qamishlar orasidan oʻrmalab ketdi.
U juda charchagan, biroz orom olgisi, yotib uxlagisi kelardi, lekin Kichik ogʻochlar oʻlkasiga yetib olish orzusi, undan ham zoʻrroq boʻlgan ochlik azobi unga tinchlik bermasdi. U bunday uzoq shimolda qurt va qurbaqa boʻlmasligini bilsa ham, chuqurchalardan qurbaqa axtarar, oyoqlari bilan yerni titkilab, qurt qidirar edi.
U har bir koʻlmakni sinchiklab qaradi. Nihoyat qosh qorayganda bir chuqurda bittagina baliq suzib yurganini koʻrib qoldi. U qoʻlini yelkasigacha suvga tiqdi. Lekin baliqcha qoʻlidan sirgʻalib chiqib ketdi. U baliqni ikki qoʻllab tutmoqchi boʻlib suvni loyqalatib yubordi. Esidardi baliq bilan boʻlib, hayajondan suvga tushib ketdi, beligacha suvga botdi. Suvni shunday loyqalatib yubordiki, baliqni koʻrib boʻlmay qoldi. Shundan keyin u suvning tinishini kutib turdi.
U yana baliqni tutish bilan ovora boʻldi, suvni yana loyqalatib yubordi. Ortiq kutishga toqati qolmadi. Yukka qoʻshib bogʻlangan paqirchani oldi-da, chuqurdagi suvni chetga olib toʻka boshladi. Avvaliga u zoʻr berib ishladi, usti-boshi shalabbo boʻlib ketdi, shoshganidan suvni chuqurga shunday yaqin toʻkar ediki, suv yana qaytib chuqurga oqib tushardi. Soʻngra u qoʻlining titrashi va yuragining qattiq urishiga qaramay, xotirjam ishlashga qaror berdi. Yarim soatdan keyin chuqurchada bir hovuch ham suv qolmadi. Biroq baliq yoʻq boʻlib qolgandi. Uning koʻzi toshlar orasidagi bir yoriqqa tushdi. Baliq shu yoriqdan katta bir chuqurga oʻtib ketibdi, u chuqurda suv shu qadar koʻp ediki, uning suvini bir kecha-yu bir kunduzda ham tamom qilib boʻlmasdi. Yoriq borligini ilgari bilganida, hammadan burun uni tosh bilan berkitib qoʻygan boʻlardi, shunda baliq uning qoʻlidan qochib qutulolmasdi.
Odam chalchiq yerga oʻtdi-da, alamiga chidayolmay yigʻlab yubordi. Boshda sekin-sekin yigʻladi. Keyin atrofni oʻrab olgan shafqatsiz choʻlni uygʻotmoqchi boʻlganday ovozining boricha hoʻngrab yigʻlayverdi. Aʼzoyi badani titrab, uzoq yigʻladi.
U oʻt yoqdi. Qaynagan suvdan ancha ichib, biroz isidi, yotish uchun tosh ustiga kechagidek joy qildi. Yotishdan avval gugurtning hoʻl-quruqligini tekshirib koʻrdi va soatini burab qoʻydi. Odeyal hoʻl va muzdek edi. Ogʻriqdan oyoqlari oʻtday yonar, lekin u faqat ochlik azobini sezar edi, xolos. Kechasi har xil ziyofatlar, mehmondorchiliklar va dasturxonga tortilgan turli noz-neʼmatlarni tushida koʻrib chiqdi.
U sovqotib uygʻondi, tobi qochgandi. Quyosh koʻrinmasdi.
U yirtiq odeyaldan qolgan qismini yana uzunasiga yirtib, shilinib qontalash boʻlib ketgan oyogʻini bogʻladi, chiqqan toʻpigʻining lattasini yangiladi-da, yana yoʻlga tushishga hozirlandi. Yukni koʻtarib olishdan oldin bugʻu terisidan tikilgan xaltaga uzoq tikilib turdi-yu, yana xaltani oʻzi bilan olib ketdi.
Yomgʻir qorni eritib yuborgandi, tepachalarning choʻqqilarigina oqarib turardi. Quyosh koʻrinib qoldi, bundan foydalanib yoʻlovchi dunyoning toʻrt tomonini belgilab oldi, yoʻldan adashganligi aniq boʻldi. Soʻnggi kunlarda chap tomonga koʻproq ketib qolgan boʻlsa kerak, endi u toʻgʻri yoʻlga tushib olish uchun oʻng tomonga qarab yura boshladi.
Ochlik azobi unga kor qilmay qolgan edi-yu, lekin u oʻzining holdan ketganini sezdi. Dam olgani tez-tez toʻxtar, yerdan meva terar va qamishlarni tomiri bilan sugʻurib olardi. Uning tili qaqrab, shishib ketdi. Ogʻzida ham achchiq va bemaza taʼm bor edi. Hammadan koʻproq uni yuragi bezovta qilardi. U bir necha qadam bosmasdan yuragi duk-duk urib ketar, qinidan chiqib ketay deb dukkillab ura boshlardi-da, nafasi boʻgʻilib, boshi aylanar, oʻzidan ketib qolay derdi.
Tush paytida u katta bir chuqurda ikkita tanga baliq suzib yurganini koʻrib qoldi. Chuqurning suvini quritib boʻlmasdi. Lekin u oʻzini ancha bosib olgandi, paqirchasi bilan baliqlarni tutib oldi. Baliqlar jimjiloqdek-jimjiloqdek kichkina edi. Lekin uning uncha ovqat yegisi yoʻq edi. Qorin ogʻrigʻi ancha pasaygandi. U, baliqlarni xomligicha ogʻziga solib, hafsala bilan chaynay boshladi. Ishtahasi boʻlmasa ham, ovqat yeyishga oʻzini majbur qildi, chunki yashamoq uchun ovqat yeyish zarurligini yaxshi bilardi.
Yana tun kirdi. Tongda u biroz oʻziga kelib, xaltaning qayishini yechdi-da, ichidagi oltinni yerga toʻkdi. Oltinni bab-baravar ikki qismga boʻldi. Bir boʻlagini lattaga oʻrab, uzoqdan yaxshi koʻrinib turadigan bir tepalikka, toshlar orasiga yashirib qoʻydi. Ikkinchi qismini yana xaltaga solib, ogʻzini bogʻladi. Keyin u bitta-yu bitta odeyalini yirtib, oyoqlarini oʻradi. Lekin u hamon miltigʻini tashlamasdi, chunki Diz daryosi boʻyida yashirib qoʻyilgan narsalar orasida patronlar bor, axir.
Yarim soat oʻtdi. Keyin miyasiga yana oʻsha fikr keldi, u bu fikrni miyasidan chiqarib tashlayolmadi-da, oʻzini biroz ovutish uchun miltigʻini yana tekshirib chiqdi.
Ahyon-ahyonda miyasi ishlamay qolar, oʻzi esa jonsiz narsadek beixtiyor kalovlanib borar edi; gʻalati xayollar va bemaʼni tasavvurlar uning miyasini qurtday kemirar edi. Lekin u tez oʻziga kelardi, chunki ochlik uni hamma vaqt haqiqatga qaytishga majbur qilardi. Bir marta uning koʻz oldida shunday bir ajib manzara paydo boʻldiki, hushidan ketib qolishiga sal qoldi. Uning oldida bir ot turardi. Ot! U koʻzlariga ishonmadi. Koʻz oldi jimirlashib, atrofni tuman bosganday boʻldi. U zoʻr berib koʻzini ishqaladi, koʻz oldi ravshanlanganda qarasa, qarshisida ot emas, kattakon bir targʻil ayiq turibdi. Ayiq unga oʻqrayiboʻqrayib qarardi. U miltigʻini yelkasidan oldi-yu, shu ondayoq esini yigʻdi. Miltiqni qoʻyib, munchoq qadalib tikilgan qinidan pichogʻini sugʻurdi. Uning oldida goʻsht va hayot turardi. Bosh barmogʻi bilan pichoqning tigʻini tekshirib koʻrdi. Pichoqning tigʻi ham, uchi ham oʻtkir edi. U hozir ayiqqa tashlanib, uni oʻldiradi. Lekin uning yuragi xuddi xavfdan ogohlantirayotgandek duk-duk ura boshladi. Keyin birdan yuragi qinidan chiqar darajada sakrab ketdi; miyasi xuddi iskanjaga olgandek qattiq ogʻridi, koʻz oldi qorongʻilashdi.
Hozirgina joʻsh urib turgan botirlik oʻrnini qoʻrquv egalladi: u shu qadar zaif tortib ketdiki, ayiq hujum qilsa, nima boʻladi? U mumkin qadar haybatliroq boʻlib koʻrinish uchun qaddini rostladi, pichoqni qoʻliga olib, toʻgʻri ayiqning koʻzlariga tikildi. Yirtqich lapanglab oldinga bir qadam bosdi, ikki oyogʻini koʻtarib oʻkirib yubordi. Odam qochganda, ayiq uning orqasidan quvgan boʻlardi. Lekin odam qoʻrquvni bosib, oʻrnidan qimirlamadi; u ham yirtqich hayvonday dahshat bilan oʻkirib yubordi, bu oʻkirik qoʻrquv ifodasi edi, chunki qoʻrquv yashash uchun kurash bilan chambarchas bogʻliqdir.
Ayiq undan qoʻrqmay tik turgan mana shu sirli maxluqdan hayiqib, oʻkirgancha bir tomonga chekindi. Lekin odam oʻrnidan qimirlamadi. U xavf oʻtib ketguncha qaqqayib turaverdi, keyin xuddi bezgak tutgandek titrabqaqshab hoʻl chimlikka yiqildi.
U biroz oʻziga kelib, qoʻrquv ichida yana yoʻlga tushdi. U endi ochlikdan oʻlishdan emas, balki hayot uchun kurashning soʻnggi intilishlari soʻnguncha yirtqich hayvonlar panjasida oʻlib ketishdan qoʻrqardi. Atrofida boʻrilar izgʻib yuribdi.
Qor va yomgʻirli kunlar yetib keldi. U endi qachon yotib, qachon yoʻlga tushganini eslay olmasdi. Vaqtni surishtirmay, kechasi ham, kunduzi ham yoʻl bosdi, yiqilgan yerida dam oldi, undagi soʻnayotgan hayot uchquni alangalandi deguncha yana oldinga qarab oʻrmaladi. Odam endi hayot uchun kurashmay qoʻydi. Undagi hayotning oʻzi oʻlishni istamas, shuning uchun ham uni ilgariga haydardi. U ortiq azob chekmasdi. Uning asablari uyushib qolgan, miyasi esa gʻalati xayollar, shirin tushlar bilan toʻla edi.
Bir kuni u yassi tosh ustida yotganida hushi oʻziga keldi. U uzoq vaqtgacha qimirlamay yotdi. Quyosh saxiylik bilan nur sochib, uning ayanchli badanini isitar edi. U ming azob-uqubat bilan bir yonboshiga agʻdarildi. Pastda katta sokin bir daryo oqib yotardi. Bu daryo odamga notanish edi: bu uni ajablantirdi. U notanish daryoning oqimini shoshmasdan, sovuqqonlik bilan to ufqqa qadar kuzatdi-da, daryoning uzoqda yarqirab turgan dengizga quyilayotganini koʻrdi. Shunday boʻlsa ham bu narsa uni sira hayajonlantirmadi. “Qiziq, deb oʻyladi u, koʻzimga shunday koʻrinyaptimi yoki miyam aynib qoldimikin?” Dengiz oʻrtasida langar tashlab turgan kemani koʻrganda bu fikrning toʻgʻri ekanligiga yana bir bor ishondi. U bir zumga koʻzlarini yumib, yana ochdi. Qiziq, oʻsha narsalar yana koʻrindi. Bunga ajablanmasa ham boʻlardi. Miltigʻida patron boʻlmaganidek, mana shu sahroning qoq oʻrtasida dengizning ham, kemaning ham boʻlishi mumkin emasligini bilardi u.
Orqadan xirillagan bir tovush eshitildi, bu xoʻrsinishmi, yoʻtalmi bilib boʻlmas edi. Gʻoyat zaiflik va karaxtlikni juda sekinlik bilan yengib, u ikkinchi yonboshiga agʻdarildi. Yaqinida hech narsa koʻrinmadi. U sabr bilan kuta boshladi. Yana xirillagan va yoʻtal tovushi eshitildi. Yigirma qadamcha narida oʻtkir qirrali ikki toshning orqasidan bir boʻrining kulrang boshi koʻrindi. Uning quloqlari boshqa boʻrilarniki singari tik emas, koʻzlari xira va qon quyilgan, boshi solingan. Boʻri kasal boʻlsa kerak: u tinmay aksa urar va yoʻtalar edi.
“Hech boʻlmaganda bunisi haqiqatdir”, deb oʻyladi u va sarob pardasi bilan qoplanmagan, haqiqiy dunyoni koʻrish uchun boshqa yonboshiga agʻdarildi. Lekin dengiz hali ham ilgarigidek uzoqda yaltirab turar, kema ham aniq koʻzga chalinardi. Ehtimol, bu rostdan ham haqiqatdir. U koʻzlarini yumib oʻylay boshladi. Pirovardida hamma narsa ayon boʻldi. U sharqi shimolga qarab yurgan va Diz daryosidan uzoqlashib, Kappirmayn daryosi vodiysiga kelib qolgan. Sokin oqayotgan shu daryo Kappirmayn daryosining xuddi oʻzginasi. Yaltirab turgan dengiz Shimoliy Muz dengizi. Bu kema kit ovchilarining kemasi boʻlib, Makkenzi daryosi dengizga quyiladigan joydan sharq tomonga ancha ketib qolgan. Bu kema Koronatsiya koʻrfazida turibdi. U bir vaqtlar koʻrgan Gudzon koʻrfazi kompaniyasining xaritasini esladi-yu, shunda bor gap ravshan va tushunarli boʻlib qoldi.
U juda sekin qimirlar, shol odamdek qaltirar edi. Quruq xashak yigʻmoqchi boʻldi-yu, lekin oʻrnidan turolmadi. Bir necha marta oʻrnidan turishga urinib koʻrdi, boʻlmagach, emaklab ketdi. Bir gal hatto kasal boʻrining oldiga juda yaqin borib qoldi. Boʻri istar-istamas oʻzini chetga oldi va zoʻrgʻa tilini qimirlatib, tumshugʻini yaladi. Uning tili sogʻlom boʻrinikidek qizil emas, kulrangsargʻish boʻlib, yelim singari quyuq shilliq bilan qoplangan. Odam qaynagan suvdan ichdi-da, deyarli kuchquvvatdan qolgan boʻlsa ham, oʻrnidan turishga, hatto yurishga ham madori yetishini his qildi. Minut sayin toʻxtab dam olardi, bazoʻr qadam tashlar, boʻri ham uning orqasida xuddi shu yoʻsinda sudralib borardi.
Ufqdan yorqin quyosh koʻtarildi. Odam choshgohga qadar yiqilib-surilib yaltiroq dengizda turgan kemaga qarab yurdi. Tushdan keyin u bir izga duch keldi. Bu boshqa bir odamning izi boʻlib, u odamning emaklab yurgani bilinib turardi. “Ehtimol, bu Billning izidir”, deb oʻyladi u xotirjam. Unga baribir edi. Toʻgʻrisi, u hech narsani sezmay, hech narsadan hayajonlanmay qoʻygan edi. U hatto ogʻriqni ham sezmasdi. Qorin bilan asablari goʻyo mudrab qolgandek. Lekin hali soʻnmagan hayot uchquni uni olgʻa boshlardi. U juda charchagan, lekin sira oʻlgisi kelmas edi. Shuning uchun ham u chalchiqzordan meva terib yer, tanga baliq ovlar, suv qaynatib ichar va olazarak boʻlib kasal boʻrini kuzatar edi.
U oʻrmalab oʻtgan boshqa odamning izidan borardi. Koʻp oʻtmay oʻzidan oldingi odamning manziliga yetib keldi. Hoʻl chimliq ustida kemirib tashlangan suyaklar va boʻrining iziga koʻzi tushdi. Yerda xuddi oʻzinikiga oʻxshash, oʻtkir tishlar tortqilab yirtgan bugʻu terisidan tikilgan xalta yotardi. Bunday ogʻir yukni koʻtarishga madori kelmasa ham kuchsiz barmoqlari bilan qopni yerdan koʻtarib oldi. Bill oltinlarini soʻnggi minutlarga qadar tashlamagan. Ha-ha-ha! U hali Billning ustidan masxara qilib kuladi, tirik qoladi va xaltani yarqirab turgan dengizdagi kemaga olib ketadi. U xuddi qargʻaning qagʻillashiga oʻxshagan boʻgʻiq ovozda dahshatli qilib kulardi. Kasal boʻri ham unga joʻr boʻlib xirillagan tovush bilan uvilladi. Odam darhol jim boʻldi. Agar mana shu suyaklar Billniki boʻlsa, shu toza kemirilgan, qizgʻish suyaklar Billniki boʻlsa, qanday qilib uning ustidan kulyapti-ya?!
U yuzini oʻgirib oldi. Nima qilsin, Bill uni tashlab ketdi, lekin u Billning oltinlarini olmaydi, uning suyaklarini kemirmaydi. Agar mening oʻrnimda Bill boʻlganda shunday qilgan boʻlardi, deb oʻylab qoʻydi va kalovlanib yoʻlga tushdi.
Oʻsha kuni u kemagacha boʻlgan masofani uch milga qisqartdi. Ertasiga esa ikki mil yoʻl bosdi. Endi u xuddi Billga oʻxshab oʻrmalab borardi. Beshinchi kun kechqurun kemaga yetish uchun yana yetti mil yoʻl qolgan edi; endi bir kunda bir mil yoʻl bosishga ham madori qolmadi.
U bir marta orqasiga qayrilib qarab, boʻrining ochkoʻzlik bilan qonli izlarni yalayotganini koʻrib qoldi. Agar boʻrini bir yoqliq qilmasa, holi nima kechishini juda yaxshi bilardi. Shundan keyin hayotda uchrashi mumkin boʻlgan kurashlarning eng shiddatlisi boshlandi: emaklab borayotgan kasal odam, uning orqasidan sudralayotgan kasal boʻri ikkisi ham chala oʻlik holda bir-birini poylashib, sahrodan sudralib bordilar.
U yana alahlay boshladi, yana koʻziga allanimalar koʻrina boshladi, bu safar uning oʻziga kelishi ancha qiyin boʻldi.
Bir marta xuddi qulogʻi ostida kimdir tez-tez nafas olayotganini eshitib, hushiga keldi. Tepasida turgan boʻri oʻzini orqaga tashladi va qoqilib ketdi-da, nimjonligidan yiqilib tushdi. Bu juda kulgili edi, lekin odam kulmadi. U hatto qoʻrqmadi ham. U endi qoʻrqish nimaligini ham sezmay qolgan edi. Uning ongi bir minutga ravshanlashdi, u oʻylab ketdi. Kemaga qadar endi koʻpi bilan toʻrt mil yoʻl qolgandi. U tuman bosgan koʻzlarini ishqalab, kemani juda ravshan koʻrdi, yarqirab turgan dengizni kesib oʻtayotgan oq yelkanli qayiqchani ham koʻrdi. Yarim mil ham yoʻl bosa olmasligiga aqli yetardi. Shunday boʻlsa ham yashashni istardi. Shuncha azob-uqubatlardan keyin oʻlib ketish bemaʼnilik boʻlardi. Taqdir undan juda koʻp narsa talab qilardi. Joni halqumiga tiqilganda ham u oʻlimga boʻysunishni istamasdi. Ehtimol, bu aqlsizlik edi, lekin u oʻlim changaliga tushib qolgan boʻlsa ham, uning changalidan qutulib chiqish uchun jon-jahdi bilan kurashaverdi.
Qoʻllari yuqoriga choʻzildi, barmoqlari xuddi changak singari bukildi, lekin mehnati zoye ketdi. Tez va ishonch bilan harakat qilish uchun kuch kerak, unda esa kuch
yoʻq.
Boʻri sabrli edi, lekin odam undan ham sabrliroq edi. U hushdan ketib qolmaslik uchun urinib va boʻrini poylab, yarim kun qimirlamasdan yotdi. Boʻri uni yemoqchi edi, qoʻlidan kelsa, odam ham boʻrini yemoqchi edi.
Vaqti-vaqti bilan u hushidan ketib qolar, shunda u uzoquzoq tushlar koʻrar edi; lekin tushida ham, oʻngida ham mana hozir boʻri tili bilan meni yalaydi, deb kutib yotardi.
Nafas tovushini eshitmadi, lekin boʻri uning qoʻlini yalayotganligini sezib oʻziga keldi. Odam kutib yotdi. Boʻri uning qoʻlini tishlari orasiga olib kuchining boricha qisdi, keyin u shuncha vaqt kutgan oʻljasiga tishlarini qattiqroq botiraverdi. Lekin odam ham shu paytni sabrsizlik bilan kutgandi, uning tishlangan qoʻllari boʻrining jagʻini qisdi. Boʻri bazoʻr oʻzini himoya qilardi, odam bir qoʻli bilan uning jagʻini qisardi, ikkinchi qoʻlini ham uzatib boʻrining tomogʻidan boʻgʻa boshladi. Besh minutdan keyin odam oʻzining butun ogʻirligi bilan boʻrini bosib tushdi. Boʻrini boʻgʻib oʻldirish uchun uning kuchi yetmas, shunda odam tishi bilan boʻrining tomogʻiga yopishdi, uning ogʻzi yungga toʻldi. Yarim soat oʻtdi, odam oʻz tomogʻiga issiq qon quyilayotganini sezdi. Xuddi uning ogʻziga eritilgan qoʻrgʻoshin quyilayotgandek, uni yutish bir azob edi. Lekin u oʻzini chidashga majbur qildi. Keyin odam chalqanchasiga agʻdarildi-da, uyquga ketdi.
Kit ovlovchi “Bedford” kemasida ilmiy ekspeditsiya aʼzolari bor edi. Ular kema palubasida turib, qirgʻoqda gʻalati bir maxluqni koʻrib qolishdi. Bu maxluq qum ustida zoʻrgʻa oʻrmalab dengiz tomonga kelardi. Olimlar buning nima ekanligini bilolmadilar, tabiatshunos boʻlganliklari uchun qayiqchaga oʻtirib qirgʻoqqa suzib ketdilar. Ular tirik bir maxluqni koʻrdilar, lekin uni odam deb boʻladimi?! U hech narsani eshitmas, hech narsani tushunmas, qum ustida ulkan qurt singari buralar edi. U oldinga deyarli siljimas, lekin orqasiga ham qaytmasdi, buralib-buralib oldinga qarab harakat qilar va soatiga yigirma qadamdan yoʻl bosardi.
Uch hafta oʻtgandan keyin u “Bedford” kemasida karavotda yotgan holda koʻz yoshlarini oqizib, oʻzining kimligi va qanday mashaqqatlarni boshidan kechirganini hikoya qilib berdi. U onasi, serquyosh janubiy Kaliforniya apelsin daraxtlari va gullar orasiga koʻmilgan uyi haqida poyma-poy gapirib berdi.
Bir necha kun oʻtgandan keyin u olimlar va kapitan bilan birga kayut-kampaniyada oʻtirar edi. U ovqatning moʻlligidan quvonar, boshqalarning ogʻziga tushib yoʻq boʻlib ketayotgan har bir luqma uni zoʻr tashvishga solardi. Uning aqli joyida, lekin stol atrofida oʻtirgan odamlarga nafrat bilan boqardi. Ovqatning tamom boʻlib qolishidan qoʻrqib, bezovta boʻlardi. U hadeb oshpazdan, xizmatchi boladan, kapitandan ovqat zaxirasini surishtirardi. Ular yuz martalab tasalli bersalar ham ishonmas, oʻz koʻzi bilan koʻrgani ovqat omboriga tez-tez tushib turardi.
Olimlar indamay uni oʻz holiga qoʻyib qoʻydilar. Ular oʻziga bildirmay uning karavotini tekshirdilar. Karavotning osti suxari bilan toʻla edi. Toʻshakning ichiga ham suxari toʻldirgan ekan. Har bir burchakka suxari yashirilgan. Lekin uning miyasi joyida edi. U faqat yana och qolguday boʻlsam deb shuning chorasini koʻrardi, xolos. Olimlar bu kasallik tez oʻtib ketadi, degan fikrda edilar. Haqiqatan ham “Bedford” kemasi San-Fransisko gavaniga langar tashlamasdanoq bu kasallik oʻtib ketdi.
Jek LONDON
[1] M o k a – qalin matodan tikilgan oyoqkiyim.
https://saviya.uz/ijod/nasr/hayotga-muhabbat/