* * *
Gapni uzoqroqdan boshlasammikin deyman.
1945–1946 yillarning koʻklami, kunlar ilib, koʻksimiz uzoq qishdan soʻng yayrab qolgan. Toshkentning shimol tomonlarida chakalakzor, doʻlanazorlar oralab ajib bogʻlar bagʻrida qamish tomli, yakkasinch, guvala uyli Teshik qopqa mahallasi joylashgan. Pochcham va otam urushdan qaytishdi. Pochcham temir yoʻlda mashinist yordamchisi boʻlib ishlaydi, yana poyezd haydovchi mashinist boʻlish uchun ishdan keyin oʻqiydi. U rus oʻrtoqlarining qalin daftarlar toʻldirib yozilgan leksiyalarini olib keladi. Men ularni boshqa daftarlarga koʻchirishga yordamlashaman. Pochcham urush yillari qarovsiz toʻkilib qolgan paxsa-guvala uylarni buzib, hovlini kengaytirib, tartibli qilib uy solish harakatiga tushib ketgan. Oʻqiydi, ishlaydi, ustalarga qarashadi, uning vaqti yoʻqligini koʻrib leksiyalarini koʻchirishga bajonidil yordam beraman. Pochchamning ota-onasidan qolgan hovlisi bizning bogʻ hovlimizga tutash. Ikki hovli oʻrtasida bogʻ eshik doim ochiq. Pochcham gaplashib hovlimizga sim tortib radio tushirdi. Radio degani qora lappak. Mahallamizning choyxona klubi tepasida esa katta radio karnay turadi. Undan uzun kun oʻktam, shijoatli sadolar yangraydi, bogʻlarga gʻalaba marshlari taraladi. Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Uygʻun, Hamid Gʻulom kabi shoirlarning joʻshqin, yoqimli ovozlari eshitilib turadi. “Sen yetim emassan, jigarim!” – degan jigarsoʻz ovoz quloqlarimizdan ketmasdi. Ushbu buzruk sas Teshik qopqaning tuproq koʻchasidan oʻtayotgan, boshlari taqir qirilgan va sariq allanima surtilgan bari biz tengi va bizdan yoshroq, ushoqdan ushoq bolakaylarning saflari ortidan ergashardi. Biz qish, bahor yogʻinlarida qamish tomlardan tinmay chakka oʻtadigan, besh-olti jon bir qulochgina tancha atrofida kuymalanib jon saqlaydigan, bir choʻntak turshak, jiyda va bir burda zogʻora non bilan yashasak-da va oʻz holimizni bilmasak-da, shu uzoqlardan ne azoblarni koʻrib poyezdlarda Toshkentgacha yetib kelgan oʻzimiz tengqur yetim bolalarga achinardik. Ularning qoʻllariga turshak-jiydalar tiqishtirardik. Ular saflanib borisharkan, hech qayoqqa qaramas, xuddi oʻzlarini butunlay yoʻqotib qoʻygandek, sarosimalanib, javdirab qadam tashlashardi. Ularning saflariga ergashib to guvillab oqadigan Qichqiriqning yolgʻizoyoq koʻprigigacha borardik. “Sen yetim emassan!” – deb qichqirayotgan qora lappakning soʻzlariga tushungandek boʻlardik, yuraklarimiz nechukdir orziqardi. Chamasi, biz ham yetim boʻlib qolib shunday gʻaribuddiyor, sargardon yurishdan qoʻrqardik. Oʻsha paytlar radiosining koʻp soʻzlari, kuylari, ashulalari, pyesalari, Abror Hidoyatov, Olim Xoʻjayev, Nabi Rahimov, Joʻraxon Sultonovlarning ovozlari miyamizga oʻrnashib qolgan, hech nari ketmaydi. Biz toʻtilardek radioning soʻzlarini takrorlab yurardik. Hoynahoy shu toʻtidek soʻzlarni takrorlab yurish bejiz emas ekan. Shoirlik soʻzdan uygʻonsa kerak. “Tohir va Zuhra”, “Alisher Navoiy” pyesalarini radiodan takror-takror tinglab tamom yod olgan edik. Ularning soʻzlaridan yuragimiz moyday erirdi. “Shum bola”, “Yodgor”, “Temur Malik”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi moʻjaz asarlarni xuddi shu paytlar, hali elliginchi yillar kirmayoq oʻqiganmiz. Mahallamizda koʻproq kosiblar, aravakashlar, bogʻdorlar, tramvay haydovchilar, temir yoʻl ishchilari, atrofimizga koʻchib kelgan zavodlarning xodimlari, farroshlari, oshpazlari, nonvoylari, muallimlar yashashardi. Hozir oʻylasam, oʻsha yillari mahallamiz chekkaroqda boʻlishiga qaramasdan, har oʻnta xonadonga bitta muallim va har oʻttiz xonadonga bir vrach toʻgʻri kelardi. Besh-olti qoʻshnilarimizning tikkaygan yoshlari naq ToshMIda oʻqishardi. Qachon qarasak, ular bogʻlardagi daraxtzorlarda taglariga koʻrpacha solib dars tayyorlashar, kitob oʻqishardi. Keyin ular ajoyib, bilimdon, xalq ichida obroʻ-eʼtibor qozongan vrach, harbiy unvonli vrachlar boʻlib yetishishdi, sharafli umr kechirishdi. Oʻn-oʻn ikki yoshlarimda men ularga qattiq havas qilar, atroflarida aylanib yurardim. Mahallamizda galma-gal hovlilarda qissaxonlik qilishardi. Koʻproq jangnomalar, ora-oralarda Qodiriy romanlari oʻqilardi. Odamlar yum-yum yigʻlashardi. Akam shu qissaxonlik kechalarida qatnashar, baʼzan iqi suyib qolsa, menga ham aytib berardi. Biz kabi bolalar kechalarga kiritilmasdi. Xolalarim, ammalarim nihoyatda xudojoʻy, eskicha savodli, mehribon, mushfiq ayollar edi. Ayyomlarda bogʻimizda yigʻilishib katta uy toʻla davra solib oʻtirib kitobxonlik qilishar, Navoiy, Yassaviy, Boqirgʻoniy, Mashrab, Huvaydo oʻqilardi. Gʻazallar, muxammaslarni kuylab oʻqishardi. Men bolalik muhitimni soʻylayotirman-da, qayerdan chiqqanim, qayerdan boshlanganimni andakkina boʻlsa-da, anglayotirman-da-ye… Mahalladoshlarim kamsuqum, juda sodda, kamtalab odamlar edi. Togʻam Husanbek Ibodov urushdan yaralanib qaytib, oqartuv texnikumida til va adabiyotdan dars berardilar. U kishini juda mohir pedagog deb eʼzozlashardi. Togʻamning katta sinchli uylarida besh tokcha liq toʻla kitoblari bor edi. Tokchalar oynavand javon qilib yasalgandi. Kitoblarning koʻpligi meni lol qilar, ularning hoshiyalaridagi nomlarini hijjalab oʻqib oʻtirardim. “Shu kitoblarning hammasini oʻqib chiqsa boʻlarmikin?” – deb oʻylardim. Elliginchi yillarning boshrogʻida togʻam menga Pushkinning oʻzbekchada chiqqan toʻrt latta jildli juda chiroyli kitobini sovgʻa qildilar. Yuragim yomon jizilladi bu qissalar, sheʼru dostonlarni oʻqib. Bu jildlar hamon kitob javonimda saqlanadi. Endi uning qogʻozlari yillarning zabtidan sargʻayib, kepagi chiqib ketgan. Bu kitob “Shum bola”, “Temur Malik” kabi, “Kuntugʻmish” kabi va togʻam kabi menga ustoz boʻlgan. Qush uyasida koʻrganini qiladi: muallim togʻamning kitobparvarligi menga ham meros boʻlib oʻtgan. Qayerda uchratmay kitob koʻzimga olovday koʻrinadi. “Kitobparvarlik” soʻzini men doim “insonparvarlik”day oʻqiyman, ularni teng koʻraman: biri biriga oʻtib turadigan, biri biridan quvvatlanadigan narsalar deb qarayman. Bu fetish emas. Bor gap oʻzi shu. Kitoblardan hayot uchun kerakli soʻzlarni qidiraman, axir kitob yurak qoni bilan yoziladi-da, unda bekorchi gap nima qilsin. Ammo bekorchi gaplar, bekorchilikdan yozilgan gaplar ham dunyoda istagancha topiladi. Ammo ular belgilamaydi hayot maromini, ular belgilamaydi yashash zavqlarini, ular belgilamaydi insoniyat orzu-havaslarini. Fidokor odamlar igna bilan quduq qaziydi: insoniyatga xaloskorlik qiladi, insoniyat karvonining ogʻir yukini yengillashtiradi, kelajak yoʻllarini yoritadi. Bir qultum obi hayot uchun qanchadan qancha quduqlar qaziganlar bor. Kitobparvar uyqusiz kipriklari bilan minglab kitoblarni varaqlaydi. Men doim shularga havas qildim: ularni oʻzimga doʻst tutdim, ularning chehralarini kitobday yorishgan va yaxshilikka cheksiz daxldor koʻrdim. Kitoblar ularda olijanob intilishlarni tarbiyalaganligini uqdim. Kitoblar intilishlarni hamma narsadan koʻproq tarbiyalaydi. Intilishlar esa ongning eng qimmatli mahsuloti. Intilishlar olijanob ong uygʻonganligini bildiradi. Bular biroz koʻtarinki soʻzlarga oʻxshaydi. Ammo psixikaga daxldor, ilmiy asosga ega. Kitob insoniyatga xaloskor boʻlmadimi? Xudo inson hayotini yengillashtirish uchun kitobga murojaat etmadimi?
* * *
Muallim togʻam mening kitob giriftori boʻlib qolganimni koʻrib, onamning: “Voy, togʻasi, buningizga qarang, kitob oʻqiyverib miyasi suyulib ketmasin”, deb ogohlantirishlariga qaramay, mening uncha-munchaga miyam suyulmasligiga ishonchi komil boʻlgan shekilli, universitetga orzulab oʻqishga kirgan yilim (1956) qutlab, alqab, menga “Oʻzbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi” (1942–1945) degan nihoyatda noyob ikki jildlik kitobni sovgʻa qildi. Bu butun boshli xazina edi. Uni Oybek, Hamid Olimjon, Porso Shamsiyev, Olim Sharafiddinovlar tayyorlagan, koʻp zahmatlar chekib urush yillari bosmadan chiqargandilar. U mening bir umrlik sadoqatli, suyukli kitobim boʻlib qoldi. Otam mening universitetga kiriboq eski arabcha alifboni yaxshi oʻrganib olganim va shu yozuvdagi kitoblarni oʻqiy boshlaganimni koʻrib menga oʻzlarining suyukli kitoblarini berdilar, u qizil saxtiyon muqovali katta salmoqli kitob boʻlib, “Ming bir hadis” deb atalardi. Shul tabarruk kitobga yozilgan Abdurashid degan ulamoning debochasida ushbu soʻzlarni oʻqigan edim: “Ming bir hadisi sharifni tartib va usmonli tilina tarjima qilgʻon kishi Turkiya ulamosindan Muhammad Orifbekdur. Tabʼ etdirgan kishi-da oʻgʻli doʻqtur Najmiddinbekdur. Biz shul doʻqtur Najmiddinbek himmati-la tabʼ oʻlunmush nusʼhaning muqaddimasinda har na vor esa tabrika oʻz iborasi birlan yozduq, hech tabdil va tagʻyir etmaduk. Abdurashid”. Undan ancha tabarruk hadislarni hijjalab oʻqib maʼnolarini anglab yetishga urindim, qiynalgan paytlarimda otam va togʻamdan soʻradim, miyamning nomaʼlum tarxlari ochilganday boʻldi. Ammo “Oʻzbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi” meni oʻziga tamomila mashgʻul qilib oldi, uni shu qadar koʻp oʻqir edimki, koʻp sheʼrlar, nasriy, badiiy va tarixiy parchalar menga yod boʻlib ketgan edi. Tinmay oʻzim ham tarixiy hikoyalar va gʻazallar qoralardim, ularni jurʼat qilib Yozuvchilar uyushmasi binosiga kiraverishda oʻng qoʻlda uchinchi eshikda oʻtiradigan Vahob Roʻzimatovga va Vahob akaning tavsiyasi bilan shu bino ichidagi yoʻlakning chap tomonida, ichkarida oʻtiradigan Jumaniyoz Jabborovga olib kirib oʻqitardim. Shu yerda deraza tagida Odil Yoqubov ham oʻtirardi, oʻsha paytlar “Tengdoshlar” va bir qancha hikoyalari chiqqan, u kishi yoshlar oʻrtasida mashhur edi, Jumaniyoz aka bilan suhbatimizni miyigʻida kulib diqqat bilan tinglab oʻtirardi, ammo sira oraga gap qoʻshmasdi. Gʻazallarni oʻqib oʻz mulohazalarini aytib boʻlgach, Jumaniyoz aka oxirida: “Siz fargʻonalikmisiz?” deb soʻradi. “Yoʻq, toshkentlikman. – Nega unday deyapsiz?”, “Gʻazalni koʻproq fargʻonaliklar yozishadi”, deb javob berdi Jumaniyoz aka va meni ranjitmaslik uchunmi: “Yozavering, koʻp mashq qilavering, lekin hozir gʻazalni eski deb kam yozishadi, kam bosib chiqarishadi”, deb qoʻydi. Meni Vahob Roʻzimatovga duch qilgan zot jurnalist va shoir Neʼmat Toshpoʻlat edi. Neʼmat aka juda yoqimtoy, shirin soʻzli, nazokatli odam edi. Oʻzi Chorsu tomonlarda tursa ham, Teshik qopqadagi chorbogʻi bizning tokzorimizga tutash edi. Bahor oylaridan shu shinam chorbogʻiga chiqib turardi. Uning baland boʻyli, oppoq, chiroyli singlisi bor edi. Baʼzan boʻsh vaqtlarida otamning nonvoylik ustaxonasida ishlariga qarashib turardi, chorsuliklar bir-birlarini juda izzat-hurmat qilishardi. 1959 yilda Neʼmat aka mening “Tanishuv” degan hikoyamni “Saodat” jurnalida bosib chiqargan, men shu hikoyaning puliga birinchi marta oʻzimga yangi moviy kostyum-shim olib kiyganman, kursdoshlarim oʻrtasida va hatto filologiya fakultetida ancha obroʻyim oshganligini sezganman. Shu yili Furqatning ikki tomligi Xolid Rasul tahriri ostida chiqqan, men uni rosa hijjalab oʻqib katta maqola yozgan va domlam Gʻulom Karimovga koʻrsatgan, domla bir kechada oʻqib chiqib shogirdlari Sharif Yusupovning qoʻliga “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida chiqarish uchun topshiribdilar. Koʻp oʻtmay maqola chiqdi, men oʻzimni olim va yozuvchi boʻlayotganday sezdim, ammo katta hayotni koʻrmagan, bilimlarim ham nazarimda yetarlicha chuqur va keng emasdi. Men 58-yillarda fundamental kutubxonamizdan “Russkiye pisateli o literaturnom trude” degan toʻrt tomlik ulugʻ bir kitobni olib, uni tinmay oʻqir va konspekt qilardim. Shu kitobni oʻqigach, men kitob oʻqish tartibli va maqsadga qaratilgan boʻlmaguncha foydasi – amaliy-hayotiy foydasi kam boʻlishini anglab yetdim. Ammo bu toʻgʻri xulosaga kelgunimcha ancha vaqt oʻtib ketdi-da, mening “Qilich qora” haqida yozgan hikoyalarim ham sochilib, tortmalarda gʻuborga aylandi. Ularni Yanning romanlarini oʻqib unga taqlid qilib yozgandim. Yana yuqorida eslangan xrestomatiyaga qaytsam, u hamon mening sadoqatli hamrohim, axir unda ikki ming yillikning boshida vujudga kelgan badiiy-tarixiy adabiyotimizning to X1X asr oxirlari – Zavqiy, Vasliygacha boʻlgan ulugʻ tarixini tanidim. Turkiy-oʻzbek soʻzi dunyo adabiyotlari tarixida qanday oʻrin olganidan keng xabar topdim. Xrestomatiyada juda qimmatli tarixiy asarlardan ham kenggina parchalar keltirilgan, ajdodlarning yoʻllari yoritilgandi. Tariximiz soʻngsiz fojiali karvon ekan. Otam 1950 yilda may bayramida qoʻlimga biroz hayitlik berdi. Unga shu yili Oybek tahriri ostida chiqqan “Oʻzbek sheʼriyati antologiyasi”ni sotib oldim. Oh, munaqa hashamatli, yarqiroq kitobni avval hech koʻrmaganman. U nazarimda oʻsha elliginchi yillar mafkurasi, yiltiroqlik va oʻta maqtanchoqlikning toʻkis bir ramzi edi. Oʻsha vaqtlar adabiyotda tushkunlik, turgʻunlik, xavotir avjga mingan edi. Biz goʻdaklar yana bilmaymiz, ammo qama-qamalarning sovuq nafasi hatto bizning kosib, bogʻdor mahallamizgacha kelib turardi. Universitetga kirganim menga xoʻb koni foyda boʻldi. Bungacha rostini aytsam, qoʻlimga nima kitob tushsa qoʻymasdan oʻqib chiqardim. Universitet menga kitoblarni maʼlum bir maqsad bilan, tanlab oʻqishni oʻrgatdi. Jahon milliy adabiyotlarini birma-bir, izchil intizom bilan oʻqishga kirishdim. Ongim, fikrim toʻlgʻin tortdi. Ustozlar haqida doim soʻrashadi: men universitet menga chin ustozlik qilganini aytaman. Keyin badiiy nashriyotga ishga joʻnatishdi. Nashriyot ikkinchi ulugʻ ustozim boʻldi. Barcha ulugʻ-kichik adiblar shu yerga yangi asarlari qoʻlyozmalarini koʻtarib kelishardi. Koʻplarning ijodlari bilan tanish edim. Erkin Vohidov ham, Abdulla Oripov ham, Odil Yoqubov ham, Mirtemir domla ham, Mirkarim Osim ham, Omon Matjon ham – hamma-hamma shu yerda edi. Gʻoyatda qizgʻin edi bu yerda adabiy hayot! Muharrirlar, tarjimonlar, adiblar, yoshlar kitob dardi bilan yashardi. Tortishuvlar, muhokamalar, taqrizlar bari kitob dardida! Men oʻzim orzu qilgan dunyoga kirgan edim. Bu yerda oltmishinchi yillarning boshida birinchi adabiy-tanqidiy kitobim – “Goʻzallikning olmos qirralari” chiqdi. Jamoatchilik xayrixohlik bilan kutib oldi. Kitobning hatto nomi ham bahslar qoʻzgʻadi: kimlardir “qatralar” boʻlsa aniqroq chiqardi dedi. Lekin oʻsha payt oʻquvchilariga “qirralar” maʼqul boʻldi. Men bu kamtarin kitob Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev kabi adabiy tengdoshlarimning ilk kitoblari bilan oldinma-keyin oʻquvchilar qoʻliga borib yetganiga quvonardim. Shu davrda – oltmishinchi yillar boshida qandaydir adabiy avlod oʻz ravishi, oʻz ovozi bilan oʻzbek adabiyotiga kirib kelayotgan edi. Prozada yangilanish shabadalari esa boshlagan, adabiy tanqidda ham shunday umid chechaklari unayotgan edi. Ilk kitobimni hayotga Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov yoʻllashdi. Ular universitetda bizga dars oʻtganlaridayoq eʼtibor bilan ijodga ragʻbatlantirar va Yozuvchilar uyushmasida boʻladigan muhokama, ijodiy yigʻinlarga doim borib turishni maslahat berishardi. Domlalarimning shunday daldasi bilan uchinchi ustozim – Yozuvchilar uyushmasida jonli adabiy jarayon ichiga kirdim. Men bu hayotni sevardim. Doim yangi asarlarning muhokama va munozaralari ichida edik. Yozuvchilar, tanqidchilar, tarjimonlar bilan muloqotlarda bizga kelajak jozibaliroq va maʼniliroq tuyulardi, yangi kitoblarning gʻoyalari tugʻilardi. Shunday ijodiy koʻtarinkilik muhitida oltmishinchi yillarda Usmon Nosir, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya, Said Ahmad, Gʻafur Gʻulom ijodiyoti haqida risolalar yozdim, ularni yangicha oʻqiganday, ijodiy usullarining ilgari ochilmagan yangi qirralarini topib ochganday boʻldim. Bu risolalar adiblar jamoatchiligi va oʻquvchilarning nazariga tushdi. Yozganlarimda Toʻxtasin Jalolov, Ozod Sharafiddinov, oʻsha davrning ilgʻor rus adabiyotshunoslaridan ulgi olar, lekin oʻz mustaqil nuqtai nazarim ajralib turishiga intilardim. Mirtemir domla bir risolamni qoʻlyozmada oʻqib, titul varagʻiga katta-katta harflar bilan “Barakalla!” – deb yozib meni qutlagan edilar. Shundan soʻng oʻzimga ishonch hosil qilgandim. “Qarqunoqdan chiqqan bulbul” boʻlib qolmaslikka jon-jahdim bilan kirishdim. Adabiyotga onadan tugʻma muhabbatimni izhor qilishga qattiq bel bogʻladim. Nima muyassar boʻldi, nima boʻlmadi. Iqtidorimni tarbiyalash, ilm-bilim bilan chiniqtirishga, qarashlarim doirasini qadam-baqadam kengaytirishga intilardim. Tepada “intilish” soʻziga nega alohida eʼtibor berganimni endi tushungandirsiz. Adabiy-badiiy izhorlarim uchun goh adabiy-tanqidiy maqolalar, goh mansuralar, goh badiiy tarjimalar, goh badialar shakllarini tanladim. Yetmishinchi yillarda tabiatim, yuragimda ilmiy ijod bilan badiiy ijod uygʻun tutashganligini angladim. Tahlillarimda bu xususiyat boʻrtib koʻrindi. Shu asnoda Sveyg, Zoshchenko, Irving Stoun, Paustovskiy, Uspenskiy, Garshin, Grin, Korolenko, singari ilmiy ijod bilan badiiy ijodni birlashtirgan adiblarning uslublariga razm solib, bizning ayni shu davrimizga ilmiy-badiiy tahlil, tasvir uslubi va yoʻnalishi hammadan ham yaqinligini angladim. Nitshe, Joys, Bekket, Kamyu, Sartrni oʻqib fikrim yanada mustahkamlandi. Shunday qilib, mansuralarda ilmiy fikrlash doim badiiy fikr tarziga ogʻushta boʻldi. Men xuddi Amerika qitʼasini yangidan ochayotganday boʻlayotganim yoʻq. Navoiy hamda Boburda ham ilmiy tafakkur bilan badiiy tafakkur chambarchas organik bogʻlanib ketgan, loaqal koinot va uning qurilishi, inson va uning vujudga kelishi, bulardan kuzatilgan maʼnolar, inson va tafakkur, inson va ruhoniyat, ishq-muhabbat va olamni boshqarish, psixika falsafasi, axloq, din, maʼnaviyat singari juda koʻp ilmiy muammolar haqida daho shoir oʻz tafakkur toʻrlarini keng yoyadi, bularni Aflotun, Suqrot, Arastu kabi emas, balki turkiylarning bedod shoiri kabi ado etadi, “Xamsa”day ulugʻ monumentni, “Chor devon”day sheʼr olami choʻqqilarini yaratgan, oʻn ikki yoshlaridayoq sheʼrlari butun Xurosonu Turonda keng xalq oʻrtasida qoʻshiq, ashula qilib aytilgan, xalq uning sheʼrlarini qoʻynida, qoʻnjida, yuragining toʻrida asrab, yod olib yashagan shoir uchun deylik, misol uchun, tarix, til, vazn, axloq risolalari yozish shart emas edi. Ammo u Uygʻonish dahosi, xalqning ishongan maʼnaviy rahnamosi sifatida ilmiy tafakkurdan oʻzini chetga olishi mumkin boʻlmagan hol edi. Buning ustiga ilmiy tafakkur uning tabiatan berilgan iqtidoriga tabiiy ravishda xos edi. Tabiiy xos narsalardan esa odam bolasi hech qachon voz kecholmaydi. Tabiiy xos narsalar psixikaga, jumladan, ijod psixikasiga hech ogʻishmay umr boʻyi kuchli taʼsir oʻtkazadi. Fransuz ensiklopedistlaridan Volter, Russo, Didro, Monteskyolarni qarang: ularda ilmiy va badiiy tafakkur qanchalar tarang va rang-barang harakatda boʻlgan, italyan, ingliz, nemis, ispan, hind mutafakkirlari ham shunday: ilm-ijodda naziri yoʻq. Mening ijodiy, ilmiy qiziqishlarim doim shu tomonda boʻldi. Barcha tarjimalarimga ham ilmiy-ijodiy yondoshishga intildim. Sirli intuitsiyaga ham ilmiy tushuntirish topmoqchi boʻldim. Dars oʻtgan chogʻlarimda ham talabalarimga: tarjima – bu avvalo grammatika, deb uqtirdim. Ikki til grammatikasi, stilistikasi, sintaksisini Ayub Gʻulom darajasida bilmaydigan odam qanday qilib uyalmay tarjimonman deydi, qanday qilib koʻz yumuq holda tarjimaga qoʻl uradi, dedim. Oʻzbek tili sodda boʻlib koʻrinsa ham, gʻoyatda nozik va goʻzal, rang-barang gap, jumla tuzilishlariga ega, biz hali oʻz tilimizni butun universal boyligi, xazinalari darajasida kashf qilgan emasmiz, hatto uzoq turgʻunlik zamonlarida mislsiz soʻz boyliklarini boy berib qoʻyganmiz, lahjalarimizdagi xazinalarning adabiy tilga kirib kelishi uchun jon kechmaganmiz, hatto bu lahja soʻzi deb koʻp goʻzal soʻzlarni matnlardan ixroj qilganmiz, quvganmiz.
* * *
Albatta, kitob degani yuz minglab nusxalarda tarqalsa, nur ustiga nur. Ammo endi kitoblar bunday keng yoyiladigan zamonlar allaqachonlar oʻtgan. Balki buning endi keragi ham yoʻqdir. Men qogʻoz isrofgarchiligidan saqlanishni juda muhim hisoblayman. Kitoblar endilikda Internet tarmoqlari orqali cheksiz tarqala oladi. Adabiy-tanqidiy, umuman ilmiy yoʻnalishdagi kitoblarning nusxalari koʻp deganda uch ming nusxadan oshmaydi. Hozirgacha yigirmadan oshiq kitoblarim chiqqan. Umumiy tiraji oʻziga yarasha. Ular mundarijasiga koʻra XX asrning ikkinchi yarmidagi adabiy jarayonlar, adabiy tajribalar, shu yarim asr mobaynida adabiy-badiiy olamga kirib kelib oʻz soʻzini aytganlar, men hayot va inson haqida nimalarnidir bilaman va aytolaman degan qalamkashlarning izlanishlarini taassurotlar tiliga va shakliga tushirilgan guvohliklari. Ularda davrning, avlodlarning oʻziga xos belgilari naqshlangan, umumiy badiiy jarayonga daxldor xususiyatlari aks etgan. Ularni adabiy jarayonlarning jismi holidan kuch bilan ham ajratib, uzib tashlab boʻlmaydi. Bu obʼyektiv hol. Ehtimol biz tayyor adabiy qoliplardan, infantilliklardan qutulolmagandirmiz, infantilizm bois gohi yuzakichilik balosiga giriftor boʻlgandirmiz, ammo inson toʻgʻrisida dardli soʻz bor va bu obʼyektiv haqiqat.
* * *
Navoiydan beri davom etib kelayotgan oʻlmas va olijanob haqiqatimiz bor: adabiyot xalqni bahramand etish uchun yaratiladi. Bahramandlik – badiiy va ilmiy adabiyotlarning ijtimoiy qimmati va ahamiyatini belgilaydi. Gogol dahosining butun qudrati bilan “Oʻlik jonlar”ni insonni qullik, krepostnoylik degan cheksiz zulmdan xalos qilish uchun yaratdi. Haqiqatan, dunyo dunyo boʻlib bunchalar shafqatsiz, qudratli fosh qiluvchi asarni koʻrmagan edi. Asar zulm va mazlumlikni ich-ichidan xuddi ilohiy qurol kabi kun-bakun yemirib bordi va oradan oʻn yil oʻtmay krepostnoy zulm barham topdi. Gogol – xaloskorning oʻzi u orzu qilgan kunlarni koʻrmadi, ammo uning asari hamon zulmga, qullikka qarshi kurashadi. Bundan adabiyotning, badiiy soʻzning ijtimoiy mohiyat va qudrati qay darajada mislsiz ekanligini anglash mumkin. Gogol hatto “Oʻlik jonlar” turganda avvalgi asarlari va hatto “Revizor” haqida maqtab gapirishlarini yoqtirmas, oʻrnidan turib ketar ekan, u adabiyot ijtimoiy oʻzgartirish quroli va vositasi boʻlishini hammadan ortiq istarkan.
* * *
Adabiyotning bosh predmeti inson va hayot. U insonga adolatli tuzalish va adolatli evrilish yoʻlini koʻrsatishi, uning rang-barang olijanob intilishlarini qoʻllab-quvvatlay olishi bilan qimmatli. U yana oʻz vazifasiga koʻra – yoʻl koʻrsata oladi. Odamga yoʻl koʻrsata olish bebaho narsa emasmi? Adabiyotimizning uzoq tarixdan kelayotgan oʻlmas anʼanasi – biz adabiyotni murabbiy deb tushunamiz. Adabiyotning muallimligi uning eng qimmatli belgisidir. Shuning uchun adabiyot barcha zamonlar uchun kerak va u hech qachon oʻlmaydi. Tiraji oʻntaga tushib qolganda ham, u oʻlmaydi. Murabbiylikdan ortiq nimasi bor adabiyotning! Biz suygan adiblar, sanʼatkorlarning barchalari murabbiy! Naqadar sevamiz biz ularni! Adabiyotda murabbiylik, muallimlik har qachon toʻxtamay davom etishi va yuzakilik barham topishini hammamiz istaymiz. Xudo oʻldi, adabiyot oʻladi degan shakkoklar yuzakilik oʻlishini nazarda tutgan edilar. Ammo antipodlar asosiga qurilgan dunyoda ayovsiz suratda yuzakilik bor, chunki teranlik bor. Maʼnilik bor, chunki maʼnisizlik bor. Ahriman bor, chunki Axuramazda bor… antipodlar cheksiz. Shuning uchun ham insoniyat Homer, Suqrot, Aflotun, Injil, Tavrot, Ramayana va Mahabxaratadan soʻng yomonliklarini qoʻyib, batamom yaxshilik yoʻliga kirishi, batamom olijanob nur yoʻlini tanlashi va undan hech ogʻishmay borishi kerak edi. Ammo bu muyassar boʻlmadi. Olamning antipodlarga qurilishi qonuniyatini hech qachon yengib boʻlmas ekan. Hukm absolyut kuchga ega ekan. Shuning uchun Odam Atoning oʻgʻillari bir-birini oʻldirgan ekan. Shuning uchun odamlar baʼzan xiyonatkorlarni olqishlar ekanlar va oʻz-oʻzlariga oʻlim chohini hozirlar ekanlar.
* * *
Endigi adabiyot kechagi adabiyotlardan butunlay farq qiladi. Bu farqning sababi adabiyotning oʻzida emas. Farq tashqarida. Odamlarning fikrlash tarzi, munosabatlar tarzi global darajada oʻzgarayotganida, qancha targʻib qilinmasin, kechagi adabiyot oʻqilmayotganida, oʻquvchilar nazarida unga ehtiyoj butunlay yoʻqolib borayotganida. Bu davr – adabiyot uchun ogʻir kataklizm davri. Yangi dunyoga moslashish, yangi dunyoni oʻzlashtirish va olgʻa jildirish kerak. Bu tuzumi oʻzgargan davlatga ham, uning fuqarolariga ham oson kechmaydi. Asoratlar, koʻnikmalar ongda uzoq yashaydi, ong esa konservatizmga moyil boʻladi, iloji boʻlsa, meni issiq oʻrnimdan qimirlatma, deydi. Oddiy odamlarga ongning mana shu eskilikka, konservatizmga moyilligini yengib oʻtish qiyin kechadi. Ammo ong oʻzgarmaguncha aql oʻzgarmaydi. Sezishlarimiz oʻzgararkan, ongimiz va aqlimiz ham oʻzgara boshlaydi va konservativlikka moyil ongimizni qattiq turib tarbiyalashga kirishamiz. Mana, sizning adabiyotni rivojlantirish haqidagi savolingizda ham oʻzingiz hisob bermagan holda konservativlikka moyillik bor. Misol uchun, natijasini aniqroq aytish mumkin boʻlgan, aytaylik, parrandachilik, paxtachilik, meva-sabzavotchilik sohalarida rivojlanish haqida haqli suratda gap yuritish, yaqin va uzoqqa moʻljallangan rejalar tuzish, jahon bozori talablarini hisobga olish mumkin. Avstraliya tajribalaridan oʻrnak olish mumkin. Lekin adabiyot koʻp karrali nomaʼlum, ertasini bilish oʻta mushkul soha. “Adabiyotdagi rivojlanish” zamirida yozuvchilik iqtidori mavjud odamning yuragidagi oʻtga bogʻliq. Agar bu oʻt qandaydir sabab bilan olib qoʻyilgan boʻlsa, yoki u umuman mavjud boʻlmasa “rivojlanishni” qaydan olamiz? Uni hech qachon Avstraliyadan keltirib boʻlmaydi. Chunki milliy adabiyot oʻz yuragi va oʻz tarixidan, milliy ildizlaridan oziqlanadi. Boshqa bir tomondan, Qodiriy milliy adabiyotni chin maʼnoda rivojlantirdi, oʻtgan asrlardan koʻra uni tamomila yangi bosqichga olib kirdi, yangi shakllar, yangi tasvirlar, inson va hayotga yangi yondoshuvlar, yangi adabiy til hodisalari bilan boyitdi. Mahmudxoʻja Behbudiy ijtimoiy tafakkurni milliy ozodlik va milliy ravnaq bilan chambarchas bogʻlab millatning kelajak ufqlarini ochdi, karvonning yoʻlini jahon sari burdi. Bularni va bularga yondosh maʼrifatparvarlik hodisalarini tom maʼnodagi rivojlanish va rivojlantirish deyish mumkin. Qodiriy va Choʻlpondan soʻng Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhorlar poeziya va prozaga yangi ufqlarni olib kirdilar. Milliy adabiyot kengaydi, boyidi, jamiyat va xalq hayotidagi mavqei qudratli tusga kirdi. Qahhordan keyin Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Hamid Gʻulom, Mirmuhsin, Oʻtkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, Togʻay Murod, Oʻlmas Umarbekov va bulardan soʻng Erkin Aʼzam, Xayriddin Sulton, Murod Muhammad Doʻst, Xurshid Doʻstmuhammad, Neʼmat Arslon, Nazar Eshonqul va bulardan soʻng Nodir Normat, Sobir Oʻnar, Abduqayum Yoʻldosh, Luqmon Boʻrixon va bular bilan birga yangilik izlayotgan Isajon Sulton, Ulugʻbek Hamdam, Qoʻchqor Norqobil va yana talay qalamkashlar qayerdan qayergacha keldilar? Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubovlarga nisbatan olganda bular ijodidagi rivojlanishning koʻrsatkichlari, badiiy sifat va nihoyat yangilik darajalari qanday? Yoʻq, men “rivojlanish” borasidagi savolingizga javob berolmayman. Uzrlar qoʻllayman. Rossiyaday ulugʻ mamlakatda Pushkin va Gogoldan boshlab to Tolstoygacha mislsiz rivojlanish haqida gapirish mumkin edi. Ammo Chexovdan soʻng rivojlanish Gorkiy va Zoshchenkogacha tamomila Chexovning ichida davom etdi. Yuksak salohiyatli adabiyot yaratildi, lekin hech kim Chexovdan oʻzib ketolmadi.
Rivoj har qanday holda ham tashqi ehtiyojga qarab boʻladi. Internet zamonlarida, Mirrixdan xonadonlarimizga Mirrix landshaftidan suratlar hamda ilmiy maʼlumotlar yuborilayotgan aql bovar qilmaydigan davrda umuman adabiyotga ehtiyoj bormi? Olimpiada chempionlarining yutuqlari hammamizni batamom lol qilmoqda. Har biri sportni yangi rivoj bosqichiga koʻtarmoqda. Biz tasavvur qilolamiz bu yutuqlar qanday mislsiz mehnat va ilm-texnika evaziga yuzaga chiqayotganligini. Adabiyotda ana shunday darajadagi va miqyosdagi mehnat-mashaqqatga qodir oʻt yuraklar, yuksak parvozli aqllar boʻlsa, juda boʻlmaganda, u Chexovdan oʻzib ketolsa, oh, unda albatta rivojlanish boʻladi va rivojlanish haqidagi gap ham qogʻozga yarashadi… Hozir bir qanchalab kitoblar va hatto romanlar chiqarib ham, adabiyotning vazifasi nimaligini bilmaydigan va bilishni ham istamaydigan qalamkashlar bor. Ularga rivojlanishdan gap qoʻzgʻasangiz, darhol qoʻllarini bigiz qilib shoʻrlik tanqidchilikni koʻrsatadilar, tanqidchilik adabiyotning rivojlanishi ustida bosh qotirmayapti, harakat qilmayapti deydilar, men ne deyman, qoʻbizim ne deydi… Holbuki jon koyitmay, yillab xalq ichida yurmay yozuvchi boʻlish mumkin emas. Yana takrorlayman: adabiyotning rivoji tanqidga emas, yozuvchilik iqtidoriga ega zotning yuragidagi azm-jazm oʻtiga yuz foiz bogʻliq.
* * *
Darvoqe, farzandlar masalasiga kelsak, baraka topishsin, adabiyotdan boshqa sohalarni tanlashdi va mutaxassis boʻlib yetishdi. Birlari falsafa, ikkinchilari tibbiyot, uchinchilari elektronika, toʻrtinchilari sharqshunoslik sohalariga qiziqib, farzandlarini ham oʻz ortlaridan ergashtirib borishyapti. Bolalarim men bilmagan yoki men egallay olmagan rang-barang sohalarni egallaganlaridan xursand boʻlaman. Boʻl, yaxshi mutaxassis boʻl, aqling qotib qolmasin, yaxshi mutaxassisdan odamlar hamisha minnatdor boʻladilar, kishi ogʻirini yengillatganga nima yetsin, duoning koni-ku bu.
Ibrohim GʻAFUROV
“Yoshlik”, 2014 yil 4-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/hayot-muallim/