Hayosizlik illati

Qilgan gunohlari bilan maqtanayotgan odamni koʻrganmisiz? Kimdir ogʻziga urib, toʻxtatsa-ku, xoʻp-xoʻp. Boʻlmasa…

Bu borada shunday hadis bor. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.) bunday deb ogohlantirgan ekanlar: “Har bir ummatimning gunohlari kechiriladi, ammo (hayosizlarcha) oʻz gunohini oʻzi oshkora qiluvchilar bundan mus­tasnodir”.

Xoʻsh, gunohlarni nega boshqalarga aytib boʻlmaydi? Balki aytib beruvchi shu bilan biroz yengillashar? Yoʻq, gunohlarini gapiruvchilar koʻpincha maqtanish niyatida boʻladi. Maqtanarkan, qilganlari gunoh emasligiga ishonch sezadi. Bu – katta musibat. Garchi til bilan tasdiqlamasa-da, ongida shu xulosa bor.

Bunday gaplar – uyatsizlik belgisi. Ularni aytgan kishining hurmati, obroʻ-eʼtibori oshmaydi, aksincha kamayadi. Soʻzi eʼti­bordan qoladi. Eshitgan kishilarning esa koʻngli kirlanadi. Boshqa tomondan, agar soʻzlovchi boʻlgan voqealarni zavq-shavq bilan, qiziqarli qilib aytib bersa, tinglovchilarda gunoh ishlarga nisbatan ragʻbat paydo boʻlishi ehtimoli bor. Bu esa boshqalarning ham egri yoʻlga qadam qoʻyishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, gunoh ishlar yoki odamda noxush taassurot uygʻotadigan narsalar haqida ham umuman gapirmaslik zarur. Bizning ongimiz biror narsa-buyum yoki voqea haqida gapirilganida ularni oldin tasavvurda jonlantirib oladi. Gunoh ish haqida gapirilganida ham shunday – ongostining bir joylarida koʻmilib yotgan maʼlumotlar “uygʻotiladi”, yangilanadi. Bu esa insonni gunohlarga yaqinlashtiradi.

Olomoncha madaniyat qiyofasida targʻib etilayotgan odatlar, ishlanayotgan film va roliklar zamirida xuddi shu narsa bor. Odamning tomirlarida, ongining qayerlaridadir harakatsiz yotgan shaytoniy hislarni jonlantirish va shu orqali uni toʻgʻri yoʻldan ozdirish. Hatto xorijning risoladagiday deb hisoblanadigan ayrim filmlarida ham anʼa­na­viy oilaviy munosabatlarga zid keladigan holatlarni, hayosizlikni zimdan targʻib etuvchi manzaralarni koʻrish mumkin. Shu jihatdan olib qaralsa, bu illat jamiyat uchun ham katta havf tugʻdirishini anglash qiyin emas.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Irfon” taqvimida (2014 yil, I chorak) chop etilgan.


 

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/hayosizlik-illati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x