HAYITOVA Olmaxon (1940.6.3, Xonqa) — xonanda, Oʻzbekiston xalq artisti (1993). Ashula aytishni dastlab Oʻ. Saidov, keyinchalik K. Otaniyozovdan oʻrgangan. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-tini tugatgan (1974). Ayollar orasida tor chalib kuylashni rasm qilganlardan biri. Yangiyoʻl teatri (1958-59), «Xorazm» (hoz. «Lazgi») ansambli (1959-y. dan)da yakkaxon xonanda. «Oʻzbeknavo» birlashmasining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari (1995 — 2003), Toshkent madaniyat intida prof. (2003-y. dan). Hayitova barcha pardalarda jarangdor. kuchli va keng diapazonli ovoz sohibasi. Repertuaridan ommabop qoʻshiqlar, mumtoz ashulalar («Feruz — 1», «Toshkent Irogʻi» va b.), Xorazm xalq doston qoʻshiqlari («Oshiq Gʻarib va Shohsanam»dan «Ozod qil», «Bilo-bilmadim», «Xatingni» va b.), bastakor va kompozitorlar asarlari (Hojiabdulazizning «Guluzorim», «Samarqand Ushshogʻi», K. Otaniyozovning «Naylayin», S. Hayitboyevning «Oʻzbekiston gullari» va b.), shuningdek, turkman, ozarbayjon xalq qoʻshiqlari oʻrin olgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi fonotekasiga (jami 250 dan ortiq), bir necha gramplastinka («Oʻzbekiston gullari», 1976 va b.) va audiokassetaga yozilgan. Hayitova ijodiga bagʻishlangan «Olmaxon Hayitova kuylaydi» telefilmi ishlangan (1982). Bir qator mamlakatlarda gastrolda boʻlgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые