Yaqinda Ismoil Mahmudning “Dilda vasling muddao” degan arxaikroq nomlangan sheʼriy kitobi va boz ustiga “Oʻzlik fayzi” deb nomlangan u haqdagi maqolalar toʻplangan toʻplam qoʻlimga tegdi. Fargʻonaning mashhur gʻazalnavislik maktabi bir yangilik, yangi bir badiiy tafakkur darajasi bilan boyidimi, muzayyan boʻldimi, Yugnakiy, Fargʻoniy, Yusuf Xos Hojib, Qoshgʻariy, Bobur, Mashrab, Huvaydo, Charxiy, Chustiylar ruhi poklari shod va rozi boʻldimi deb, ich-ichimdan quvondim. Axir ular gʻazal va ruboiyga qanchadan-qancha olamni kuydirgan va tirik olamga sigʻmagan, insoniyat dardini kuylagan soʻzlarini joylagandilar. Bobur bir ruboiysida “bevosita” degan soʻzni shunday ustalik bilan qoʻllaganiga duch kelib miyamga hayrat oʻqday urilgan edi. Va men shu birgina oʻzbek sheʼriyatida hech ishlatilmagan soʻzda buyukdan buyuk hayotiylik mujassamlashganini, Bobur oʻz davriga va bizning davrimiz hayotiga qanchalar yaqin boʻlganligi ustida oʻylab oʻylarimning oxiriga yetolmagandim.
“Eyki, olam shahlari shohi sensen
Bevosita manzuri ilohiy sensen”.
Bu “bevosita” shunday bir nuqtaga tushganki, odamni esdan ogʻdiradi. Gʻazal ruboiyni hashamatli yaltiroq soʻzlar, iboralar, ifodalar yigʻindisi deb oʻylovchilar chuqur adashadi. Shakl hashamni talab qiladi deguvchilar adashadi. Bevosita degan gʻazallarda koʻrinavermaydigan noyob soʻz birdan xudoning borligʻini ochdi va xudoni boqiy va boqiy boʻlmagan hayot bilan bogʻladi. Qodiriyning qahramoni undovlanganday; “Habba!” Bobur soʻzida olam-olam kashfiyotlar Jomolungma choʻqqilari kabi hamon zarracha ochilmay yotadi. “Dilda vasling muddao” degan ibora ustida xayolim qochib, shularni aytayotirman. Ammo Ismoil Mahmuddan uzoqlashgim yoʻq. Bugun uning kitobi haqida suhbatlashmoqchimiz. Dildoshlar suhbati qanday soz! Bu suhbatlarning tarixi bor: u tarix yetmishinchi yillarning avvallarida boshlangan. U paytda Ismoilni talaba doʻstlari va nashriyotda birga xizmat qiladiganlar tanishardi. U Abdunabiga sipo yigit boʻlib koʻrinardi. Ibrohim uni “tamkin” derdi. Koʻpchilik uni muloyim yigit deb tanirdi. Kamina men uni someʼ deb bilardim. Ismoil hozir basavlat, piri neʼmat hoji ota boʻlgan. Xuddi oʻziday tamkin hoji ona mehridan bahrador, orzulagan solih farzandlari ota-ona izmida baxtiyor. Shogirdlar esa minnatdor.
Men Ismoil Mahmudning qiyofasini qanday manzara bilan chizsam ekan? Uni qay manzarada koʻproq kuzatganman? Qaysi manzara uning roʻyini ochadi va nur ustiga nur qoʻshiladi?
Ismoil Mahmudni men doim suhbat manzarasi ustida koʻraman.
Shundan boshka kuzatganlarim, bilganlarim bir tomonlama emasmikin deyman. Baʼzan uncha yaxshi bilmay ham yozaverishadi, ishqilib yozsa bas. Asosiy tomon nimada? Qayerda? Mundarija nima va qanday? Mazmun doirasi? Originalligi? Bular bari ora yoʻlda qolib ketadi.
Men Ismoil ukamni suhbat ustida va yoki atrofida va yoki davrasida chizsam, dedim. Va, avvalo, Ismoilni someʼ – tinglovchi dedim. U haqiqatan, tinglovchi someʼ edi oʻsha yetmishinchi yillari. Davralar va nodavralarda ham Ismoiljon kishilarning soʻzlarini xuddi ulardan soʻz emas, oltin olganday tinglardi. Oʻzi esa doim oʻz ichiga tortilib turardi: bamisoli “narsa oʻzida”. Oʻzi qariyb gapirmasdi, Uning biron davrada uch-toʻrt jumladan ortiq gapirgani, kimningdir fikrini tasdiqlagani yoki inkor qilganini eshitmaganman. Uning koʻzlarining jiyaklari doim qizarib turar, koʻp yigʻlarmikin deb oʻylaganman. Oʻsha yillari son-sanoqsiz suhbatlar qilganmiz. Nashriyotda oʻsha yetmishinchi yillar Muinzoda, Anisiy, Ulfat, Laziz Azizzoda, Omonulla Valixonov, Hoshimjon Razzoqov, Xolid Rasul, Vosit Saʼdulla, Shukrullo, Chustiy, Charxiy, ilgariroq Toshqin, Habibullo Qodiriy kabi har biri oʻziga xos maʼnaviy pirlar fayyoz Toʻxtasin Jalolov atrofida adabiy davralarni qizdirib oʻtirishardi. Bu suhbatlarning bir uchiga Ismoil ham ulangandi. Gʻazal ustozlarining soʻzlarini suv va havodek shimirardi. Nashriyotimizda Miraziz Aʼzam va Omon Matjon atrofida yana bir davra suhbatlari juda qizgʻin oʻtardi. Maʼruf Jalil, Choʻlpon Ergash, Shavkat Rahmon, Asqar Qosim, Asqarali Sharopov… Azim, Usmon, Shavkat eski dunyoning yoqasidan olib toza silkitardilar… Rauf Turkiston gʻamida nola-faryodlar qilardi… Maʼruf Jalil mungli xayollar ogʻushidan bosh koʻtarmasdi. Umidli yosh qalamkashlar Miraziz Aʼzam va Omon Matjon chirogʻi atrofida toʻplanardilar. Keyin Qutlibeka kelib qoʻshildi. Suhbatlarda men shuni yaxshi bildimki, Ismoil ezgulik, Odamiylik, odamgarchilik tushunchalari ustida koʻp va muttasil oʻylarkan. Ilk sheʼrlaridan birida shunday satr yodimda qolgan:
“Har xayol dilimdagi iqtidorga yoʻl ochar”…
Ikki narsa bois bu satr esimda turibdi: biri – u Ismoil uchun, uning izlanishlari uchun juda toʻgʻri edi. Ikkinchisi – Ismoilning keyingi barcha izlanishlari, bir vaqt umuman sheʼr yozmay qoʻygani, keyin oʻzi uchun gʻazal shaklini kashf etgani shu misrada ifodalangan teran fikr bilan chambarchas bogʻlangan, Ismoil keyin barcha yozganlaridan shu gʻoyani davom ettirdi, uning atrofida aylandi. Xayolini iktidorining yoʻl ochuvchisi va yoʻl boshlovchisiga aylantirdi. Qiziq bir hol: Ismoilga oʻsha vaqtlar hamma ustoz boʻlib koʻrindi. Hammani tom maʼnoda Xizr deb bildi va Xizr deb qaradi. Pandomuz suhbatlardan koʻngli shamday eridi. Tinglagan sari koʻzlariga oʻy choʻkardi.
Ammo uni nima hayajonga solishini aslo bilib boʻlmasdi. Tinglaganlaridan taʼsirlanarmidi? Albatta, Ammo taʼsirlangani bilinmasdi. Muhabbati sharros sharillab yotgan shoirlar oldida uning muhabbati oʻta sust koʻrinardi. U ichida koʻp qidirdi, Oxiri ezgulik va imon makonlarini topdi. Ezgulik unga gʻazal qiyofasida namoyon boʻldi. Tulpor gʻazal qozigʻini topdi. Ismoil bir paytlar barmoqda yozgan havas sheʼrlaridan birida:
“Men faqat yuraman, yoʻlim tugamas” – deb yozgandi. Bu ham xuddi yuqorida eslaganimiz kabi taqdirsoz soʻz. Ismoil ijodkor sifatida yoʻli tugamasligini his qilib yozdi. U yana shunday bir ajoyib matlabini bayon etgan:
“Daqiqalar – yuragim mening…” Bunday teran hayotiy gʻoyalar baʼzan gʻazallari qavatlariga ham kirib qoladi va mabodo Chustiy tirilib kelib oʻqiganda ham uyaltirmaydigan taassurot qoldiradi. Chustiy yo Charxiy yonida turish oson emas. Yo Habibiy, Yongʻin Mirzodek lavhi sodda, toza, gulqoʻshiq yozish ham oson emas.
“Daqiqalar – yuragim mening…” Qanday tabiiy chiroyli, qanday tabiiy goʻzal obraz. Ismoil daqiqalarni shunday donishmandona va shoirona tushunmagan va ifodalamaganda keyin shoir boʻlarmidi?
Ibrohim GʻAFUROV,
Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi
5 iyun 2018 yil
“Ijod olami”, 2018/4
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/havas-gazal-va-gazalnavis/