“Har lahza zamonlar umridek uzun…”

Dadam oʻtgan asrning 30-yillari oxirlarida Moskvaga, Yozuvchilar sʼyezdiga borganlarida oʻzlaridan ancha yosh boʻlgan atoqli rus adibi Konstantin Simonov bilan tanishib, doʻstlashgan. Keyin har safar Simonov Toshkentga kelganida, albatta, bizning uyda mehmon boʻlgan.

Dadam insoniy fazilatlarini koʻkka koʻtarib maqtagan adib 1958–1960 yillarda maxsus muxbir sifatida Oʻzbekistonda yashadi. Undan oldin, 1956 yili K. Simonov Toshkentga kelganida dadam Berdi Kerboboyev, Sergey Borodin va boshqa shoirlar bilan birga uni ham uyimizga mehmonga chaqirgandilar.

Bir kuni dadam “Ertaga Konstantin Simonov biznikiga keladi”, deb qoldilar. Shunda maktabda chiqadigan devoriy gazetaga adib haqida hujjatlar toʻplaganim yodimga tushdi. Ayam va uydagilar ertalabdan qadrli mehmonni kutish uchun tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Endi oʻsha jasur odamni koʻrar ekanman, deb betoqatlik bilan kuta boshladim. Nihoyat, orziqib kutilgan daqiqalar yetib keldi. Konstantin Simonov baland boʻyli, kelishgan, gaplari qatʼiy, lekin koʻrinishi qandaydir horgʻin edi. Koʻzlari gʻamgin koʻrinsa ham gapirganida yuzi yorishib, koʻzidan uchqun chaqnayotganday boʻlardi. Sochlarining qorasidan oqi koʻp, hatto kipriklari, qoshlari ham oqarib ketgandi.

Urushning dahshatlarini, bomba portlashidan oʻlgan onasini emib, muzlab qolgan goʻdakni, nomusi paymol boʻlgan, koʻz oldida qiynab oʻldirilgan bolasini quchoqlab, oʻlib yotgan onani, dushman bomba portlatganda butun bir qishloqdan hech bir tirik jon qolmaganini oʻz koʻzi bilan koʻrib, qogʻozga tushirgan insonning sochi oqarmaydimi? Shularni oʻylab, Konstantin Simonovga avvalgidan ham mehrim oshib ketdi. Uning yuragi urush fojialariga qanday chidaganiga hayratlanardim. Adib urushdan keyingi tinch hayotda ham, baribir, oʻlim qiynoqlarida jon talashganlar xayoli bilan yashab, ularni oʻz asarlarida qayta “tiriltirdi”. Askarlarning mardligi, xalqiga, Vataniga, oilasiga chuqur muhabbatini oddiy voqealar timsolida nihoyatda taʼsirchan aks ettirdi. Yuragini qiynab, ich-etini yeb yotgan voqealarni front ortida ogʻir mehnati bilan urushni yengishga hissa qoʻshgan, gʻalabaga ishonchi bilan toʻrt yil intizor yashagan oʻzbeklar orasida qogʻozga tushirish uchun kelgandi… Adib bagʻrikeng, mehridaryo xalqimizdan kuch olardi, koʻngli tinchlanardi.

K. Simonov dadamga chuqur hurmat bilan murojaat qilardi. Gʻafur Gʻulom va Konstantin Simonovni urush yillari ijodlaridagi hamnafaslik, urushga nafrat oʻzaro bogʻlab turardi. Ularning urush vaqtida yozilgan sheʼrlarida qandaydir uygʻunlik bordek edi… Bir-birlarining suhbatlarini sogʻinishardi. Adib har kelganida begʻubor suhbatlarning keti uzilmasdi.

1959 yili Moskvada Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati kunlari boʻlayotganida dadam mehmonxonada “Bizning uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim” sheʼrini yozgan. Sheʼr oʻsha kuniyoq K. Simonov tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, dastlab adib Gʻafur Gʻulom sheʼrining tarjimasini, undan keyin dadam oʻzbekchasini oʻqigan.

Dadamning arxivlarida Konstantin Simonovning tabrik telegrammalari, Gʻafur Gʻulom haqida gazetalarda eʼlon qilingan koʻpgina maqolalari saqlanadi. Adib “Sen yetim emassan”, “Men – yahudiy” sheʼrlarining jahon sheʼriyatidagi oʻrniga yuqori baho bergan. “Bu sheʼrlar urushni yengishimizda juda katta xizmat qilgan, maʼnaviy qurol boʻlgan edi”, degandi K. Simonov. Ikki ulugʻ ijodkorning doʻstligi, yurak qoni bilan yozgan sheʼrlari, maqolalari, romanlari xalqimiz qalbida matonat, mardlik hislarini uygʻotgan boʻlsa, kelgusi avlodlar qalbiga gʻurur tuygʻusini joylab, xalqi, ota-onalari jasorati yodini abadiy saqlashga oʻrgatdi.

Gʻafur Gʻulom va Konstantin Simonovning doʻstligi, ularning urush yillarida yozgan sheʼrlari bir-birini toʻldirib, xalqning gʻalabaga ishonchini mustahkamlaganiga, ayni paytda bu tuygʻu hech qachon eskirmasligiga aminmiz. Zotan, Gʻ. Gʻulom yozganidek:

Har lahza zamonlar umridek uzun,

Asrlar taqdiri lahzalarda hal,

Umrdan oʻtajak har lahza uchun

Qudratli qoʻl bilan qoʻyaylik haykal.

 

Olmos GʻULOMOVA

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/har-lahza-zamonlar-umridek-uzun/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x