Kishi qayerda yashamasin, tugʻilib oʻsgan yurtini qoʻmsayveradi. Meni ham baʼzan Qizilkarvon xayoli tinch qoʻymaydi.
Bolalikda yozgi taʼtilning yarmini togʻamnikida oʻtkazardik. U kishi Nurobod tumanidagi Eshat qishlogʻida yashaydi. Oʻzi ham polvon, ogʻzi ham. Ammo shu paytgacha togʻamdan biron yomon gap yo jerkish eshitganimizni eslolmayman. Shundanmi, uyimizga togʻalarimizdan biri mehmon boʻlib kelgan kun biz uchun bayramga aylanib ketardi.
Yozda Zoyir togʻam telefon qilib toʻyga aytdi. Kichkinasining qoʻlini halollayotgan ekan. Lop etib oʻskilik usta Tangir yodimga tushdi…
Usta Tangirni uch-toʻrt yoshligimdan bilaman. Oʻzi Oʻski, Eshat, Gumbaz, Boshquduq, Sariqoʻl, Qizilkarvondagi har bir bola esini tanishdan avval usta Tangirni taniydi. Yoʻq, usta Tangir televizorda chiqadigan ertakchi bobo emas. U shunchaki bolalarni “sunnat” qilib qoʻyadigan usta.
Yaltiroq poki, qora surgi dori va koʻk “Yupiter” mototsikl. Esimda qolgani shular. Ammo baribir uni yaxshigina taniyman…
Diplomsiz, ammo oliy maʼlumotli!
– Koʻmirchida sizlar tengi bir yigit: “Usta bova, doʻxtirlikka qayerda oʻqigansiz?”, – deb soʻrab qoldi. Bilmadim, yurish-turishimdan katta akademiklarga oʻxshatdimi. “Toʻrtinchi klass savodim bor, oʻgʻlim”, – dedim. Ishonmadi. Hazillashmang-ay deydi. Oʻtrik (yolgʻon) aytib nima, chinim shu deyman…
Ustani oxirgi marta oʻn besh yilcha oldin qishlogʻimizga kelganida uzoqdan koʻruvdim (yaqin borishga u payti yurak qani!..). Shuncha yil oʻtdi, keksayib qolgandir dedim.
– Endi saksondan oshdi, qayerdan qariydi? – dedi usta bilan qirq yillik qadrdon Zoyir togʻam. – Qarigan odam bir kunda yuz ellik dasta yantoq chopmaydi…
Togʻam bilan piyoda yoʻlga tushamiz.
Togʻam yashaydigan Eshat bilan usta Tangirning Oʻskisi orasida Oq ajrim mozoroti bor. Aytishlaricha, oʻtgan asrning yigirmanchi yillarigacha qizilkarvonliklar ham mayitni shu mozorotga qoʻyishgan. Demak, bobo-momolarimizning xoklari shu yerda…
– Anavi koʻprik kattaotang bilan tengdosh. Kattaotang oʻtib ketganiga oʻn olti yil boʻldi. Bu koʻprikning bazoʻr osilib turganini qara.
Chindan ham Oʻskini ikkiga boʻlib oqadigan Eskianhor kanalidagi koʻprikdan yurak hovuchlamay oʻtish qiyin. Yoʻq, yigirma-oʻttiz metrlar chuqurlikda oqayotgan suvning shiddati, tik jarlikdan koʻra, joyidan yarim metrlar yerga choʻkkan koʻprik koʻngilga vahima soladi.
Omonat koʻprikdan oʻtgach, ellik-yuz qadamcha naridagi qoʻra darvozasi oldida bir yigitning berilib bolgʻa urayotganini koʻrdim. Bu “yigit” usta bovaning oʻzi ekan.
– Assalomu alayku-um, usta bova! Qani, tulporga noʻxta yasayapsizmi?
– Vaalaykum assalom, keling, Zoyirboy! Koʻrinmaysiz, qimir-qimir bilan bizam borolmaymiz…
Oʻsha baquvvat, chayir ustani tanidim. Uzun moʻylovi – oʻsha-oʻsha. Faqat unga oppoq soqol ham qoʻshilib, chehrasiga nuroniylik baxsh etgan.
Salom-alikdan soʻng uyga kirdik.
– Men oʻzi koʻp gap bilmayman, oʻgʻlim, – gurung boshladi usta. – Qani, savol-pavol bersangiz, u-bu narsani suroblarman…
…Birinchi savoldan keyinoq usta dahlizda oʻtirgan momomiz bilan kelinlariga buyurdi:
– Ay, eshikni yopinglar-ay! Gurungimiz sizlar eshitadigan gurung emas.
Soʻng picha tanaffus qildi-da, davom etdi.
Ustalikning ibtidosi
– 1956 yili armiyadan qaytdim. Oʻskiga choʻnqaymishlik Saidmalla otli kishi rais boʻlgan ekan. Pishiq gavdali, dangal odam edi. Bir majlisda qishloqda maishiy xizmatni joyiga qoʻyish haqida soʻz boribdi. “Yaxshi sartarosh kerak, evi boring bormi?”, – soʻrabdi rais. Kattaotam – usta Mahmashukur, qishloqning katta ustasi shu kishi boʻlgan, qazo qilib ketgan, undan soʻng yurak yutib hech kim “men ustaman” deyolmas ekan.
“Boboqul rahmatlining bir oʻgʻli bor, usta Mahmashukurning nevarasi. Rais bova, shuni bir sinab koʻrmaysizmi?”, – debdi oqsoqollardan biri.
Armiyaga ketishdan oldin bola-chaqaning soch-pochini qirtishlab yurgichiydim. Ana u gapdan keyin rais chaqirdi.
– Tatarqishloqda, oʻzing bilasan, bitta usta bor. Uyam bir musofir tatar. Borsang, yoniga oladi. Oʻrganib, soʻng oʻzing mustaqil ishlaysan, qoʻlingdan keladimi? – dedi…
Gohida inson hayotini birgina soʻz oʻzgartirib yuboradi. Usta Tangir, yigirma uch yashar yigit, ustachilikka evi borligini oʻzi ham bilardi. Biroq…
– Armiyadan yangi kelgan yigitda boshqacha orzu-havaslar boʻladi, – deydi usta. – “Asfalt koʻrgan” emasmanmi, raisning taklifiga biroz ikkilandim. “Qanday boʻlarkan, rais bova?”, – dedim. Saidmalla rais dildan oladigan odam edi. Kattaotam bilan otamning mohir ustalar boʻlishganini eslatdi. “Sen davom ettirmasang, Choʻnqaymishdan birov kelib ustachilik qilmaydi”, – dedi. Shunday qilib, oʻsha kundan boshlab qaychi bilan ustara kundalik hamrohimga aylandi…
Tangri bergani rost boʻlsin…
(lirik chekinish)
1935 yil…
Momoqiz bir etak bola bilan beva qolganda suyangani bir Xudo boʻldi. Besh qizi va bir oʻgʻlini yeru-koʻkka ishonmadi. Lekin qancha poʻpilamasin (eʼzozlamasin), yolgʻizginasining sogʻligʻi moʻrtlashib boraverdi.
– Kuni koʻp boʻlsinku-ya, Momoqiz, uling juda nimjon, – dedi kayvoni momolardan biri. – Lekin sen koʻpam ich-etingni yema. Oladigan ham, beradigan ham Xudoi taolo…
Kunlar tunday qorongʻi, tunlar yilday uzun boʻldi.
– Tangrim, Egajonim! – yolvordi u uzoq tunlarning birida. – Tangirginamni tilovdim, berding. Endi shuginamni oʻzing asra, Xudoyjonim, Oʻzing asra!..
Uloqoʻynar shamoli Oʻski qirlarida oʻynoqlab, “uv” tortib, yoshu-qari yuragiga vahm solayotgan uzun kechalarning birida Momoqizning koʻngliga kun chiqdi.
– Ena, nimaga yigʻlayapsiz? – koʻrpaning ostidan boshini chiqarib jilmaydi uch yashar Tangir. – Men tuzaldim-ku! Endi yigʻlamaysiz-a, ena?..
Bobomeros kasb
– Goʻdakligimda koʻp kasal boʻlgan ekanman. Shuning asoratimi, bilmadim, oʻsmir chogʻim ham, katta yigit boʻlib ham tez-tez ogʻrib qoladigan odatim bor edi, – deya hikoyasini davom ettirdi usta. – Xudoyning qudratini qarang-ay, shu hunarni oʻrgandim-u, shundan keyin biron marta bir joyim ogʻriganini eslolmayman. Asli bobom xatna ustasi boʻlgan. U kishi men oʻn bir yoshimda olamdan oʻtgan. Shu bois undan qoʻl olib qolmaganman. Baribir qonda bor ekan, shu hunarga koʻnglim ketaverdi. Niyatimni boshquduqlik Eshniyoz ustaga aytdim. U bobomni yaxshi tanir ekan. “Mayli, faqat men bilan koʻp birga yurishing kerak, chidaysanmi?”, – dedi. Rozi boʻldim. Bir yilcha ustozimning ishini faqat kuzatib yurdim. 1960 yil edi, adashmasam, usta menga omin berdi. Birinchi xatna qilgan bolam oʻzimizdan Turkmanov Avaz boʻladi. Ellik yil oʻtgan boʻlsayam, birinchi ishim yodimda ekaniga oʻzim ham hozir hayron boʻlayapman…
Xatnaga tayyorgarlik
– Xatna qildirmoqchi boʻlgan uyga tahoratsiz bormayman. Ustozim: “Tanang bilan ruhingni poklamay turib bu ishga qoʻl urma”, degan. Oʻzi shunday qilardi, bunga men ham amal qilaman.
Xatnaga kamida bir kun oldin aytishadi. Boradigan kunim ertalab oddiy paxtani olovda kuydirib soʻxta (toza paxtani kuydirib tayyorlanadigan malham) tayyorlayman. U aʼzoning ustiga surtiladi. Tigʻ oʻrni tezroq bitishi uchun. Oddiy paxta yopishmaydi, shuning uchun uni kuydiramiz. Soʻng loʻkchoʻp (mevali daraxt shoxchasini yoʻnib tayyorlanadigan bigizsimon asbob) bilan gʻorov (qamishdan yasaladigan qistirgʻich asbob)ni spirt bilan yuvaman. Pokiyam shunday yuviladi. Mikrob tushmasin deb hammasini toza qogʻozga oʻrayman.
Xatna jarayoni
– Bolani yotqizib chalgʻitaman. Otini aytib maqtayman. Bugun bir koʻrib ketay deb keldim, dori surtib qoʻyay, ertaga kesamiz, – deyman. Kesmaymiz degan bilan bola degan ziyrak boʻladi, ishonmaydi. Soʻng asta loʻkchoʻpni aʼzoning uchidagi et orasiga tiqib, gʻorov bilan qistiraman. Shunday qilinmasa, ortiqcha et kesilib ketishi mumkin. Oxirgi ish pokiga qoladi…
Shunaqasiyam boʻlgan
Bola degani ayyor boʻladi. Ayniqsa u chopqillab yuradigan boʻlsa!
Gumbazga – Sattor degannikiga ayttirishdi. Ertalab bordim. Uy egalari, qarindosh-urugʻlar jam. Toʻydan kichikroq maʼraka. Bir mahal chopa-chop, izla-izla boʻlib qoldi. Toʻybolani qidirishayotgan ekan. Tom ustini qarashdi, qoʻni-qoʻshninikini qarashdi – yoʻq. Quduqlarniyam koʻrishdi, qochib tushib ketgan boʻlsa-ya deb qoʻrqishgan-da! Choshgoh oʻtdi, tush oʻtdi, namozdigar – bolakaydan taani (hech ham, aslo) darak yoʻq deng. Hamma toriqqan. Kunbotar palla ming uzrlar bilan menga javob berishdi. Ertasiga ertalab keldim. Harqalay bola “topilibdi”. Ammo qayerga yashiringanini aytmasmish. Oʻn yillar oʻtib oʻsha “esi yoʻq bolakay”ni bir toʻyda uchratdim. U menga oʻshanda hech kimga aytmagan “sir”ini oshkor qildi. “Mototsiklingizning tovushini eshitib yashirindim. To ketguningizcha chiqmadim”, – dedi u. Aytishicha, mening ketishimni kutib, kun boʻyi makkapoya orasida poylab yotgan ekan.
Xatna yoshi chegaralanganmi?
– Hech qayerda falon yoshgacha sunnat qildirish mumkin deyilganini koʻrmadim. Eʼtiborsizlik, yaʼni bunga jiddiy narsa deb qaramaslik yoki boshqa sabablar oqibatida baʼzi musulmon oʻgʻlonlar xatna qilinmasdan balogʻat yoshiga yaqinlashib qolganini koʻrganman. Toʻrt-besh marta oʻn bir-oʻn ikki yashar ana shunday oʻspirinlarni xatna qilishimga toʻgʻri kelgan. Aytishadi-ku “yaxshilikning erta-kechi boʻlmaydi” deb. Ammo men yaxshilik uchun shoshilish kerak deb hisoblayman. Ayniqsa oʻzimning sohamda. Uch-besh yoshli bolaning aʼzosi oʻn ikki yoshli oʻspirinnikidan tezroq tuzalib ketadi. Qiynalmaydi.
Xudoning qudrati-da, baʼzi goʻdaklar sunnat qilingan holda tugʻiladi. Ularni qayta sunnat qilishga hojat boʻlmasa ham ayrim ota-onalar usta chaqiradi. Borib nomiga tigʻ tekkizib kelaman. Koʻngillari uchun.
Kasbim – tirikchilik emas
– Gohida bir kunda uch-toʻrt joyda oʻntalab bolani xatna qilganman. Ellik yilda, bilmasam, biror oʻn minglar boʻlib qolgandir.
Ota-onalarga buncha haq berasan degan talab qoʻymaganman. Har kim oʻzining ep koʻrganini bergan. Bitta tovuq (tovuqni albatta berishadi, irimi shunday) va pul. Bu kasb men uchun tirikchilik manbai emas. Qoʻlimdan keladigan boshqa ishlar ham koʻp. Yantoq chopaman, dehqonchilik qilaman, mol-hol deganday… Uyda bekor oʻtirgim kelmaydi. Momongiz guvoh, yaqin qirq yillardan beri kunduzi uxlamayman. Koʻp yaxshi ishlar kunduzi bajariladi. Uxlashim uchun tun bor-ku deyman…
Oʻski suvi shovullab, haybat bilan oqadigan kanalning ikki yonida joylashgani bilan uning bir tarafigina obod. Oq ajrimga yaqinlashgan sari, kim bilsin, suvda ham his-tuygʻu boʻladimi yoki bu Yaratganning yana bir sinoatimi, kanal ancha sokin oqadi. Teparoqda kanalga goʻyo qoʻrqinchli ulkan chohga qaragandek qaragan odam, Oq ajrim yoqalab oqadigan joyida huzur qilib choʻmilishi mumkin. Eni oʻttiz-qirq quloch boʻlib oqayotgan kanalning shu yeridan odamlar ekin-tikin uchun ariq ochishgan. Mol-holni ham bexavotir shu joydan sugʻorsa boʻladi. Biroq usta Tangirning uyi joylashgan chap qirgʻoq – Tatarqishloq yeri lalimi. Bu yerlarda dehqonchilikdan koʻra chorva qilish ancha oʻngʻay. Xudo bahorini bersa boʻldi… Qiziq, shunday sharoitda ham bogʻ qilsa boʻlarkan. Biz borganimizda usta hovlisidagi mevali daraxtlar bilan tok hosilga kirgan ekan, zardolini turshak qilishibdi, olma-yu anorlar ham pishay deb qolibdi.
– Usta bova bularni kanaldan pilaklab suv tashib koʻkartgan, – deydi shiraga enib qolgan husaynini tomosha qilarkan Zoyir togʻam.
Men boʻlsam, bir chaqirim quyidan bidonga suv toʻldirayotgan navqiron ustani koʻz oʻngimga keltiraman. Bogʻ yaratish oson ish emasligini oʻylayman…
Shogirdlari
– Ellik besh yildan beri ustara qoʻlimda. Shukrki, koʻz nurim joyida, oyoq-qoʻl butun. Kampirga soʻz oʻtib turibdi… Sakkiz oʻgʻlim, ikki qizim bor. Nevara-chevara bilan qoʻshilib biror yuz ellik nafar bormiz-ov. Bu tomondan qisilgan yerim yoʻq. Ammo shogird degandan koʻp emas.
Kasbimni oʻrganmoqchi boʻlganlar koʻp boʻlgan. Oʻgʻillarim: “Ota, kasbingizni davom ettiraman”, deb urinib koʻrdi. Yaxshilab oʻrganishdi, bajarib ham koʻrishdi. Lekin hammasi ham olib ketolmadi.
Bu hunar shunday hunarki, qoʻling kelishib, qonun-qoidasini ming bilganing bilan, chin eʼtiqod qilmasang, olib ketolmaysan. Sen bir hunarni yaxshi koʻrasan, biroq u seni xohlamasligi mumkin. Har bir hunar oʻzining odamini izlab yuradi.
Men ichkilikni ogʻzimga olmaganman. Bu hunarni egallagan odamning ruhiyati pok boʻlishi kerak.
Kenja oʻgʻlim Tohir – usta. Bolaligidan menga ergashib yuradi. Qoʻli ancha kelishib qolgan. Unga: “Oʻgʻlim, sen ishimni davom ettir”, deb majbur qilmaganman. Bundan keyin ham bu shartni qoʻymayman. Koʻnglida boʻlsa, oʻzi bilib davom ettirar. Lekin shunday boʻlsa, nimaga xursand boʻlmas ekanman…
Tangir Boboqulov:
Elmurod Nishonov
“Turkiston” gazetasining 2009 yil 7 noyabr sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Elmurod Nishonov 1986 yil 28 yanvarda Samarqand shahrida tugʻilgan.
1993 – 2002 yillarda Nurobod tumani Qizilkarvon qishlogʻidagi 15-maktabda, 2002 – 2005 yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litseyda, 2005 – 2009 yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida oʻqigan.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/usta-tangir-boboqulov-har-bir-kasb-oz-odamini-izlaydi/