Har bir asarim – dardim mahsuli!

Bu suhbat, yanglishmasam, may yoki iyun oylarida boʻlib oʻtishi, keyin avgust boshida – mashhur adibimizning qutlugʻ 70 yoshi arafasida matbuot yuzini koʻrishi lozim edi. Uning ortga surilganiga ikkita sabab bor. Birinchisi, Oʻtkir aka sal toblari qochib, shifoxonada davolandilar. Ikkinchi (balki, asosiy) sabab shu boʻldiki, Oʻtkir aka “Oldimizda shunday ulugʻ bayram – yurt mustaqilligining 20 yilligi turganida, oddiy bir yozuvchining tugʻilgan sanasi nima boʻlibdi, suhbatni keyin qilamiz”, deya azza-bazza turib oldilar. Nimayam qilardik, tengqur-salaflari orasida kamtarliklariyu samimiyliklari bilan ajralib turadigan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov bilan suhbatimiz, mana, bugunga nasib qilgan ekan…

 

 

Odam qanday boʻlsa, asariyam shunaqa…

 

Kela-kelguncha soʻlim mahallangizni tomosha qilib keldim. Hadeganda, yozuvchilarning Doʻrmondagi ijodxonasiga boravermasligingiz sababini tushungandayman. Ammo rahmatli ustoz Said Ahmad tirikliklarida “bir oyogʻingiz oʻsha yerda” edi, chamamda

– Ustoz, koʻpincha, Erkin aka Vohidov bilan menga qoʻngʻiroq qilib: “Ke, bolam, yurtga osh beryapman, uch kishilik”, derdilar. Borsak, haqiqatan ham ajoyib qoʻlbola osh damlab qoʻygan boʻlardilar, uning ustida gangir-gungir suhbatlashardik. Koʻp hangomalar kechardi. Keyinchalik qogʻozga tushirganlarim – “Said Ahmad safarda” hangomalaridagi “Behi operatsiyasi”yam, “Bemor piyoz” ham, “Guruch operatsiyasi” va boshqalariyam gʻirt hayotdan olingan. Bir kuni huquqshunos olim Akmal Saidov bir gapni aytib qoldi. Bilishimcha, Said Ahmad aka meni “Anavi yaramas nega chekishni tashladi”, deya koyibdilar. Shunda Akmaljon: “Domla, bu yaxshi-ku!”, desa ustoz: “U chekib yurganida oshna-ogʻaynilari sovgʻa qilgan “Rodopi”dan menga ham besh-oʻn pachka tegib turardi, endi men nima qilaman”, dermishlar yarim chin qilib…

Mana bu hovli bizga “Dunyoning ishlari” orqali chakka oʻtgan tomlarigacha tanish boʻlgan ota hovlingiz, shekilli? Yashirmayman, shunaqa paytda bir boshqacha hissiyotlar kecharkan koʻngildan…

Toʻgʻri topdingiz. Biz ota-onamizda besh farzand edik – opam va toʻrt aka-uka, men uchinchi oʻgʻilman. Oyimning aytishlaricha, menga ism berilishiyam sal gʻalatiroq boʻlgan. Boisi – ota-onam mendan oldin koʻrgan oʻgʻil farzandlarining oti ham Oʻtkir boʻlib, u vafot etgan ekan. Oʻsha bolaning nomi oʻchib ketmasin, deb mengayam shu ismni qoʻyishgan. Bolaligim esa… Uyimiz oʻsha, Siz eslatgan “Dunyoning ishlari”da tasvirlanganidan ham xarobroq edi, sovuqdan hatto devorlarning ichki tomoniyam qirov bosib ketardi. Mening bolaligim urush davri avlodining bolaligi qandoq boʻlsa, oʻshalardan bittasi-da. Bu haqda juda koʻp yozganman… Bu yer opam, aka-ukalarim – hammamizning kindik qonimiz toʻkilgan uy. Oradan koʻp yillar oʻtib, oʻsha koʻhna uy oʻrniga zamonaviy imorat solindi.

Boshda eslaganimiz – ustozingiz Said Ahmadning juda koʻp gaplari, baʼzi odamlarga bergan taʼriflari bugun mutoyiba mavzusiga aylanib ketgan. Domla, bir yozuvchi ogʻayningiz 60 yoshga kirganida uni “soqoli ichiga qarab oʻsgan chol” deya, boshqa birovga qarata “Bizning davrimizda shu yoshga kirgan odam nosqovogʻini beliga osib, “haq” deb yurguvchi edi, buning gijinglashini qara”, deya mulozamat qilganlar. Aytmoqchimanki, goʻring nurga toʻlgur yozuvchimiz bugun hayot boʻlganlarida Sizga qarab ham bir gap topar edilar, xuddi Sizni bir paytlar “Men yosh bola deb yonimda yurgan odam mundoq qarasam, shuncha ishlarni qilib ulguribdi. Chinorning ulkanligi uzoqdan qarasang, bor boʻyi bilan koʻrinarkan”, deb eʼtirof etganlaridek. Keling, oʻzingizdan soʻrab qoʻya qolay – odam yetmish yoshda nimalarni his qilarkan?

Erkin Vohidov taʼriflari boʻyicha aytadigan boʻlsam, yetmish – maqtanadigan yosh emas: belingdan quvvat ketib, yon-atrofga ancha boshqacha nigoh bilan qaray boshlarkansan. Ammo hammasini bosib keta oladigan bir tuygʻu ongu shuurimni band etib ulgurdi – bu yoshda odam bergan umriyu neʼmatlari uchun Yaratgan oldida buyuk bir shukronalik tuygʻusini har qachongidan ham koʻproq tuyarkan. Shu nuqtadan qaraganda, bugun hayotga terangina boqib, shukr qilib oʻtiribmiz.

– Boshqa tengdosh salaflaringizga qaraganda Sizning tarjimai holingiz, hatto ayrim detallarigacha shaxsan menga, jumladan, kitobxonga ham ancha ochiq, tanish tuyulaverdi. Masalan, qayerda, qay sharoitda tugʻilganingiz, nasl-nasabingiz, kimlarga oshno tutinganingiz, xullas, kitobxon bularning barchasi bilan boshqa yozuvchilarnikidan farqli tarzda, ancha tanish. Buni mashhur odamlarga nisbatan mudom qiziqish zoʻr boʻlgani bilan izohlaydigan boʻlsak ham boʻlar-u, ammo boshqa mashhur yozuvchilarning hayotini Sizchalik bilmaymiz-da… Shu haqda oʻylab koʻrganmisiz?

Shuncha yillik ijodiy tajribamdan bir narsaga amin boʻlganmanki, odam qanday boʻlsa, uning asariyam shunday boʻlarkan. Masalan, ichi qora odamning asaridayam oʻsha “xislat” boʻy koʻrsatib turadi, qitmir boʻlsa, asarining qahramonlariyam shu “fazilat”dan bebahra boʻlmaydi, tajang yozuvchining asaridayam tajanglik ruhi hukmron. Chunki ijodkorning qalbi asarga koʻchmasa, u asar emas. Muallif xohlasa-xohlamasa, qalbining bir boʻlagi asarga koʻchadi. Eng muhimi – yozganlaring kitobxonni larzaga solishida. Oʻquvchi kitobingni bagʻriga bosib oʻqisa, asar qahramonlari qismatini uzoq yillar eslab yursa, oʻsha kitobni qaytadan mutolaa qilganida undan yangi maʼnolar topsa, yozuvchi uchun eng katta baxt shu.

Asar dard bilan tugʻiladi, deganlari toʻgʻri. Kitob qahramonlarining quvonchi ham, iztirobi ham muallif qalbidan oʻtishini Qutbiddin ismli shifokor ukam oʻzimga oʻzimdan koʻra yaxshiroq tushuntirib bergan edi. Kunlardan birida u shunday dedi: “Dunyoning ishlari”ning soʻnggi sahifasini, “Ikki eshik orasi”da Munavvaraning nobud boʻlishini, “Tushda kechgan umrlar”da Shahnozaning Rustam qabrini silab, yigʻlayotganini oʻqiyotganimizda koʻzimdan yosh chiqib ketgan. Men-ku, kitobni oʻqiyotib shu ahvolga tushdim. Siz uni yozgansiz-ku! Shundoq ekan, Siz kasal boʻlmay men boʻlaymi?”

Darvoqe, shifokorlar haqida gap ketganda aytishim kerak – bu yil men uchun maʼlum maʼnoda sinov yili boʻldi. Shunday sinov bergani uchun Ollohga shukr. Oʻshanda bir narsaga amin boʻldim – doʻxtirlar orasida oʻz burchini chin dildan oʻtaydigan fidoyi, sof vijdonli insonlar juda koʻp ekan. Abdugʻaffor ismli jarroh yigit uch kecha-kunduz boshimda oʻtirdi. Kechalari uygʻonib ketib: “Uyingizga boring, kelin xavotir oladilar”, desam, “Xavotir olmaydi, bugun dejurman”, deydi. Ming rahmat, shunday insonlarga. Xudo xohlasa, oʻsha shifokorlar haqida yozish niyatim bor.

 

 

Kitobxon bebahra qolgan asarlar

 

– Har bir yozuvchining oʻz “amplua”si boʻladi, yaʼni, adib yo jiddiy janrda asarlar yozib, eʼtirofga sazovor boʻladi va yoki yakkash hajviy asarlari bilan mashhur boʻladi. Ijodingizni kuzatgan odamga shu narsa maʼlum boʻladiki, Siz ham jiddiy, ham hajviy asarlar borasida “uloqni oldirmagansiz”…

– Adabiyotimiz tarixida ikki janrda ham qalam tebratib nom qozonganlar aytarli koʻp emas. Ular Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor va Said Ahmad. Meniki endi oʻsha ulugʻ ustozlardan olgan taʼlimning mahsuli, xolos. Hajviy asarlarimni toʻplab, alohida bir kitob qilsammikin, deb oʻylab yuribman oʻzi. Biroq hajviy yoki satirik asar hammaga ham yoqavermaydi. Masalan, “Ikki karra ikki – besh” qissamni bir tanqidchi rosa “changini chiqarib” savalagan edi.

Oʻzim ham hozir oʻsha tanqidlaru tanqidchilar haqida soʻrayman, deb turgan edim. “Ikki karra ikki – besh”ning nimasi yomon ekan? Umuman, adabiy tanqidchilik, yetakchi va talabchan olimlar Sizning ijodingiz haqida koʻp va xoʻb yozishgan. Ammo oʻz vaqtida baʼzi tanqidchilar “boshingizda yongʻoq chaqqanini” ham bilamiz…

– “Ikki karra ikki – besh”da bir lavha bor, yaʼni, Qoʻshoqvoy baland yongʻoqdan yiqilib tushadi va boshi yoriladi. Biz hazillashib “Xudo urgan” deb ataydigan bir tanqidchi kitobning xuddi oʻsha joyiga yopishib olib, “Nega shuncha balanddan yiqilib tushgan bola oʻlmaydi”, deb turib olgan. “Axir, bu hajviy asar, bunaqa asarlarda, xohlasa tuya dengizda suzib yurishi, daraxt shoxida baliq sayrab oʻtirishi ham mumkin”, desangiz, tushunishni ham xohlamaydi. Uning hajviyani umuman tushuna olmasligini bilardik, ammo jiddiy asarlarni xuddi shu taxlit tuturiqsiz mantiq bilan oʻlchaganiga “dod” deb yuborardingiz baʼzan. Bir uchrashuvda Erkin Vohidov oʻsha tanqidchi haqida gapirib: “Oʻrmonda boʻri sanitar vazifasini bajaradi, yaʼni mayib-majruh hayvonlarni yeb, qirib oʻrmonni tozalaydi. Falonchi adabiyotning “sanitar”i, faqat boʻridan farqi shundaki, yaxshi asarlarni gʻajiydi”, degan edi.

Tanqidlarga kelsak… Bir majlisda “Shamol esaveradi” degan qissamni, Vladimir Tendryakovning “Maqtovning umri qisqa” asaridan koʻchirgan, deya daʼvo qilishgan. Nima qilarimni bilmay, Adbulla Qahhorning oldilariga borsam, u kishi oʻzlariga xos nim jilmayish bilan: “Qoʻyavering, unaqa boʻlsa, oʻsha Tendryakovi, aslida, mendan koʻchirgan, chunki “Nurli choʻqqilar” asarim unikidan oldinroq eʼlon qilingan. Tanqidchingiz borib, daʼvosini oldin oʻshanga qilsin. Bir mavzuda oʻnta yozuvchi oʻn xil asar yozishi mumkin”, deya meni yupatgan edilar. Kaminaga faqat adabiyot tanqidchilari emas, baʼzi xamkasblarimiz ham hujum qilishgan. 70-yillarda “Iqrornoma” degan hikoyam eʼlon qilingan. Unda paxta ustidan dori sepadigan samolyot bir dehqonning qizalogʻini zaharlab oʻldiradi. Ertasiga dehqon oʻsha aeroplanni miltiqdan otib tushiradi. Men, oʻzimcha “ustalik qilib”, voqealarni Turkiyaga koʻchirgan edim. Shunda bir majlisda “siyosiy hushyor” yozuvchi akamiz “Bu yigitcha voqea Turkiyada boʻlib oʻtadi, deb yozgani bilan, aslida oʻzimizni nazarda tutyapti. U paxta siyosatining dushmani”, deya baqrayib menga ayb qoʻydi. Yaxshiyam, Ozod Sharafiddinov: “Yoshlarga hadeb ayb qoʻyaversak, kim asar yozadi?!” deb zarba bergani esimda. Ammo oʻsha hikoyaning qoʻlyozmasi ham, eʼlon qilingan gazeta ham arxivimda qolmagan. Jahl ustida mayda-mayda qilib yirtib tashlaganman.

Xuddi oʻshanaqa “yirtib tashlangan” va kitobxon bebahra qolgan asarlaringiz koʻpmi?

– Koʻp emas-u, bor. 80-yillarda dengizga dam olishga borganimizda “Ertaga kuz” degan roman boshlab, chamasi yuz varaqlar qoralagan edim. Keyin qarasam, undagi mavzuni bir romanga sigʻdirolmas ekanman, yaʼni, trilogiya qilish kerak ekan. Lekin trilogiya yozish eski uslub boʻlgani bois, oʻzimga yoqmadi va oʻsha asarniyam yirtib tashladim. Bilasiz, har qanday ijodkor oʻz ijodini sheʼr yozishdan boshlaydi. Mening ham baʼzi sheʼriy mashqlarim bor edi va ulardan ham siz aytmoqchi, kitobxon bebahra qolgan.

I-e, bu yogʻi qiziq boʻldi-ku… Keling, oʻsha sheʼrlaringizni bizga koʻrsating. “Oʻtkir Hoshimovni shoir sifatida bildik”, deb maqtanib yurardik…

– Ularni baribir koʻrsatmayman, chunki oʻzim uchun yozilgan. Faqat bittasi “Uzun kechalar” hikoyasiga kirgan, shunda ham asar qahramoni adib boʻlgani uchun. Oʻzim yoshi bir joyga borganda sheʼru ruboiylar yoza boshlaganlarning ustidan kulib yurardim. Tagʻin menam oʻshandoq kulgularga nishon boʻlib yurmay…

 

 

Asar qahramonlari tirik odam boʻlmogʻi kerak

 

– Ijod jarayonida “razvedka qilish” degan tushuncha bor. Yaʼni, adib salmoqliroq asar yaratishdan oldin kichik hajmdagi biror nasriy yoki nazmiy asar yozib, qalamini sinab koʻradi. Xuddi sozanda kuy chalishdan oldin “tingʻir-tingʻir” qilib mashq qilganidek… Sizdayam shunday boʻlganmi? Agar buni sir deya oshkor qilishni istamasangiz, uzr…

Nega endi sir boʻlarkan? Bemalol aytishim mumkin. Klassik yozuvchilar yoki ustozlar misolida ham xuddi shu narsani kuzatish mumkin. Masalan, Lev Tolstoy “Hojimurod” qissasini yozishdan oldin Kavkaz hikoyalari turkumini yozib qalamini sinab koʻrgan, Sholoxov ham “Tinch Don” romanidan oldin shu mavzuga yaqin qator hikoyalar yozgan, Oybek domla “Qutlugʻ qon”dan oldin “Oʻch” dostonini yozib, mavzuga “kirib olgan”. Bularning hammasi oʻsha siz aytgan “razvedka”ga misol boʻla oladi. Oʻzimdayam xuddi shunday holat kechgan. Masalan, “Bahor qaytmaydi” qissasidan oldin shu mavzuda “Halokat” degan drama yozganman, “Tushda kechgan umrlar” romanidan sal oldinroq ayni mavzuda “Nega? Nega?” degan hikoya yozilgan. Ijodda bunday tajribalar koʻp boʻladi.

– “Bahor qaytmaydi”ni tilga oldingiz. Eshitishimcha, shu qissangiz eʼlon qilinib, televideniyeda uning inssenirovkasi namoyish etilgach, mashhur hofiz Faxriddin Umarov sizdan oʻpkalagan ekan-a?..

– Faxriddin aka telespektakl efirga ketgach, ranjigani rost. Chunki undagi qoʻshiqlarni Hojakbar Hamidov ijro etgan, u esa, tabiiyki, Faxriddin Umarov yoʻlida aytar – hofizning eng yaqin shogirdi edi. Shuni aytishim kerakki, men hali shu paytgacha Faxriddin Umarovchalik kitobga oshno, klassik shoirlar ijodi boʻyicha uncha-muncha olimlarni yoʻlda qoldirib ketadigan hofizni bilmayman. Mendan xafa boʻlganda u kishiga: “Aka, men bitta hofiz hayoti haqida butun boshli asar yozadigan darajada goʻl emasman. “Bahor qaytmaydi” isteʼdodning parvozi va inqirozi haqidagi, qolaversa, umuman, inson qismati haqidagi asar”, deganman…

Boshqa tomondan kimdir asarda oʻzini “koʻrishi” – oʻsha asarning hayotiyligidan dalolat beradi-ku. Masalan, menga “Nur borki, soya bor” romanidagi jurnalist Sherzod kechinmalari – oʻzingiznikidek tuyuladi. Boshqa asarlaringiz, xususan, “Dunyoning ishlari”, inchunin…

Toʻppa-toʻgʻri, har bir asar voqeliklari ham, qahramonlari ham yon-atrofda, shu zaminda biz bilan birga nafas olayotgan real odamlar taqdiriga asoslangan. Jumladan, “Ikki eshik orasi” romani voqealari oʻzim tugʻilib oʻsgan joylarda, Doʻmbirobod, Qatortol, 16-shifoxona hududida, undan u yogʻi Janubiy vokzal atrofidagi joylarda kechgan. Romandagi Husan duma hayotda ham shunday atalgan inson, Orif oqsoqolning hayotdagi prototipini Mulla Roziq ota deyishardi. Xullas, odamlar har qanday badiiy asarda, eng avvalo, oʻzini koʻrishi kerak. Shu oʻrinda bir misol aytishim mumkin. Romandagi Parcha aynan hayotda boʻlgan ayol. Bilasiz, u sal telbaroq. Jiddiy asarga shunday obraz kiritish shartmidi, degan tabiiy savol tugʻiladi. Holbuki, Parcha shunchaki dovdir emas, oʻzi xohlamagan holda rost gapni aytib qoʻyadi. Hayotda ham koʻpincha mingta donishmand aytolmagan haqiqatni bitta telba aytishi mumkin. Shu boisdan Parcha romanda oʻziga xos katta yuk tashigan obrazdir.

 

 

Adabiyotda hech kim hech kimning oʻrnini egallay olmaydi

 

– Ijodingiz haqiqatdan ham havas qilarli darajada. Ammo menda ham, koʻpchilik kitobxonlarda ham bir ishtiboh tugʻiladi. Keyingi yillarda yirikroq asaringizni oʻqimadik…

Mening bir odatim bor – oʻzimni majburlab asar yozishni yomon koʻraman. Badiiy asar tirik farzand kabi oʻzi tugʻilmogʻi shart. Bunday vaziyat yetilganda menda yozish jarayoni shunday kechadiki, yillab xayolimda pishitib yurgan voqealar juda tezlik bilan qogʻozga tushadi. Yozuv stoliga bir oʻtirsam, u yerdan meni hech kim turgʻazib ololmaydi. Masalan, “Bahor qaytmaydi” – 20 kunda, “Tushda kechgan umrlar” – 30 kunda yozilgan. Lekin asar voqealari yillab xayolimni oʻgʻirlab yurgan. Eng uzoq muddat yozilgan asarlar “Ikki eshik orasi” bilan “Dunyoning ishlari”dir. Bilasiz, “Ikki eshik orasi” katta polotno, qoʻlyozmasi ming sahifadan ortiq. “Dunyoning ishlari” esa, garchand ixcham kitob boʻlsa-da, bir yil davomida yozilgan. Chunki undagi har bir hikoya – alohida mustaqil asar. Har qanday asar tirik mavjudot, yozuvchining bolasi ekan, oʻsha mavjudotning har bir aʼzosi, chunonchi, ongi shakllanib ulgurishi kerak. Shundan keyingina oʻsha qahramonlarning oʻzi “meni yoz” deb qoladi va oʻshandan keyin asar “tugʻiladi”.

– Demak, oʻsha “bola”ni “kesarevo” usulida tugʻdirib olishga rozi boʻlmaysiz?..

– (Kulgi koʻtariladi). Yoʻq, hammasi tabiiy ketishi lozim.

– Oʻtkir aka, ijodkor ham tirik odam. Ular orasida har xil feʼlli odamlar boʻlishi mumkin. Deylik, hatto qalam ahli orasida ham ichi qora va hasadgoʻylar uchrab turishini sezganimda, juda boshqacha ahvolga tushaman…

– Afsuski, shunday. Koʻzingiz tushgan boʻlsa, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida ular haqida ancha ravshan yozilgan. Men hasadgoʻyni quturgan itga oʻxshataman. Farqi shundaki, quturgan it duch kelganni qopadi. Hasadgoʻy esa eng yaxshilarini tanlab qopadi. Bunaqalar hamma zamonda boʻlgan, shekilli. Boshqalar oʻnglanmasin, hech kim mendan oʻzib ketmasin, degan ichi qora va xudbin odam hech qachon, hech kimga yaxshilik sogʻingan emas. Bir gap aytaymi? Salkam oʻttiz millionli oʻzbek xalqi uchun 100 ta buyuk yozuvchi, 100 ta buyuk shoir, 100 ta buyuk rassom, 100 ta buyuk sanʼatkor kamlik qiladi. Ularning salmogʻi koʻpayishi uchun odam, ayniqsa, ijodkor degani boshqalarning yutugʻidan quvona bilishi, uni imkoni boʻlsa, qoʻllab-quvvatlashi kerak. Lozim paytda suyay bilish, oyogʻidan chalmaslik ham katta jasorat aslida. Balki sanʼatda biror aktyorning rolini boshqasi oʻynagisi kelib, “Attang, shuni men oʻynashim mumkin edi”, deya gʻishava qilishi, uddasidan chiqsa, oʻynay olishi ham mumkindir, ammo hech zamonda, hech bir yozuvchining oʻrniga boshqasi “U boʻlmasa, asarni men yozardim”, deyolmaydi. Adabiyotda hech kim, hech kimning oʻrnini egallay olmaydi.

 

 

Yaxshiliging yomonlikka xizmat qilmasin

 

– “Daftar hoshiyasidagi bitiklaringiz”da koʻplab falsafiy hikmatlar qatori ishi tushganda odamning izidan qolmay, hatto “Oʻgʻillik daʼvo qilgan”, ishi bitgach, qorasini koʻrsatmay ketgan baʼzi kaslar haqidagi gʻoyat hayotiy bir misolni qalamga olgansiz. Xoʻsh, oʻsha “Endi axtarib yurilgan oʻgʻillar”ga boʻlgan munosabatingiz bugun qanday?

Bunaqa “oʻgʻil”larni ham, “jiyan”lar va “birodar”larniyam qanchasini koʻrdim, Komiljon. Ishi tushganda, tong otmasidan eshigingizga kelib ahvol soʻraydigan, siz qoʻngʻiroq qilishingiz bilan ovozingizni tanib “Assalomu alaykum”, deya qiroat bilan salom beradigan, ishi bitganidan keyin oʻzingiz qoʻngʻiroq qilib, salom bersangiz bir oz oʻylab turib, oʻshandayam “Yaxshimisiz?” deb qoʻya qoladiganlarni ham koʻrdim. Mayli, har kimning omadini bersin. Oldinlari bu narsalarni yuragimga yaqin olardim. Bugun endi unchalik eʼtibor berib oʻtirmayman. Boshida aytdim-ku, bu yoshda odam hayotga sal boshqacharoq qararkan, deb. Odam bolasining qoʻlidan biror ish kelsa, uni qandaydir tama bilan emas, begʻaraz qilishi kerak. Yoʻqsa, savobga oʻtmaydi.

Bu 70 yoshingizdagi chiqargan falsafangizmi?

– Yoʻq, meni dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onamdan qolgan oʻgit. Bizga bolaligimizdan yolgʻondan va haromdan hazar qilishni oʻrgatishgan.

Darvoqe, yolgʻonga munosabatingiz?..

Bir gap aytsam, hayron qolmang. Hozir ham meni hatto yosh bolayam aldab keta olishi mumkin. Oʻzim toʻgʻri gapirganim uchun hammani shunaqa deb oʻylasam kerak.

– Sizning oʻsha ishonuvchanligingiz ortidan “chuv tushirishgan” paytlar haqida birorta misol keltira olasizmi?..

Xalqning oʻzi aytgan bir gap bor: yaxshilik qilib, suvga tashla – baliq bilmasa, Xoliq biladi. Bu gapda teran haqiqat bor. Lekin kimgadir qilgan yaxshiliging yomonlikka xizmat qilishi ham mumkin ekan. Bundan bir necha yil avval bir ayol bolasini yetaklab kelib, yigʻlayverib enka-tinkamni chiqarib yubordi. Eri oʻzini himoya qilaman deb bexosdan “qotil” degan nom ottirib qamalib ketgan ekan. Ayolga, ayniqsa, goʻdak bolasiga rahmim kelganidan uning ishiga aralashdim. Mutasaddi tashkilotlarga iltimos qilib, ayolning erini muddatidan oldinroq qamoqdan chiqarib yuborishlarini soʻradim. Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, koʻchada tasodifan yana oʻsha ayolni koʻrib qoldim. “Qalay, kuyov yaxshi yuribdilarmi?” deb soʻrasam, u: “Xudo olsin, erim yana bittasini oʻldirib qoʻydi”, dedi. Tanamdan muzday ter quyilib, qattiq afsuslandim. Buni qarangki, birovga qilgan yaxshiligim, birovning hayotdan erta ketishiga sabab boʻlibdi. Juda qattiq oʻkinganman oʻshanda…

Siz ijtimoiy hayotdagi voqeliklarga va, eng avvalo, ayolning jamiyatdagi oʻrniga hech vaqt befarq boʻlmagan odamsiz. Ayting-chi, bugun xuddi shu mavzu atrofida xayolingizdan nimalar oʻtmoqda?

Ayollar haqidagi fikrlarim 50 yil oldin qanday boʻlgan boʻlsa, bugun ham shunday. Agar dunyoda ayol zoti boʻlmasa, erkaklar vahshiylashib bir-birini qirib yuborgan boʻlardi. Men uchun eng muqaddas tushuncha – ONA. Agar dunyodagi bor ayollarga, eng avvalo, ona deb qarasak, hammasi joyiga tushadi. Ammo oʻsha buyuk nomga hamma ayollar ham munosib, deyishdan oʻzimni tiygan boʻlardim. Bu gap takror boʻlsa, uzr soʻrayman. Menga qolsa, yetimxona darvozasi tepasiga shunday soʻzlarni yozdirardim: “Hoy ona! Sen bu dargohga “mehr” degan niholni tashlab ketyapsan. Undan “qahr” degan daraxt unib chiqishi esingda boʻlsin”. Urush yillari olislardan olib kelingan oʻn minglab yetim bolani bagʻriga bosgan oʻzbek ayollari orasida bolasini “Tugʻish mendan, boqib olish davlatdan”, deya yetimxonalarga tashlab qochayotgan ayollar borligiga oʻkinaman.

Yana bir fikr. Ming afsuski, oʻz tanasini sotib kun koʻrayotgan ayollar ham, bogʻ va hiyobonlardagi harraklarda yigitning tizzasiga oʻtirvolib, “choʻlp-choʻlp” oʻpishib yurayotgan qizaloqlarimiz ham, baxtini olislardan izlayotgan qizjonlarimiz ham yoʻq emas. Tavba, deb gapiraylik, hammamizning ham farzandlarimiz yoki nabiralarimiz bor. Ularni Gʻarbdan kelayotgan “erkin muhabbat” deb ataluvchi behayolikdan asrash ham siz bilan bizning vazifamiz…

Biz buyuk xalq farzandlarimiz. Shunga munosib boʻlaylik!

 

Komiljon Shamsiddinov suhbatlashdi.

 

“Aʼlo kayfiyat” gazetasi,

2012 yil

https://saviya.uz/hayot/suhbat/har-bir-asarim-dardim-mahsuli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x