Ijodning muqaddasligini tan olish, muallif obrazini aniqlash, sanʼatkor “men”ining oʻziga xosligini oʻrganish adabiyotshunoslikning eng dolzarb, muhim va kechiktirib boʻlmaydigan masalalaridan biri sanaladi. Muallif oʻz asarida turli qiyofalarda (sheʼriyatda lirik qahramon, nasrda hikoyachi, roviy) namoyon boʻladi. Oʻquvchi kitob mutolaasiga kirishgan ilk lahzadayoq u bilan uchrashadi, hamsuhbat boʻladi. Agar muallifning tili shirin, tasviri tiniq, taʼsirchan va ishonarli boʻlsa, uni sevib qoladi, unga ishonadi, aytgan har bir soʻzini qalbiga jo qiladi. Ijodkor ham ana shu qalbdan munosib oʻrin egallaydi, asarning umri boqiy boʻladi. Navoiy, Bobur, Qodiriy, Choʻlpon, Oybek va boshqa yuzlab atoqli ijodkorlarning Shaxs sifatidagi barhayotligi ana shu fazilati bilan oʻlchanadi. Aksincha, ijodni hoyu havas, shon-shuhrat va boylik vositasi deb bilgan qalamfurushlar yoʻl-yoʻlakay haqiqiy ijodkorlar bogʻida yetishgan sarxil mevalardan oʻgʻirlab, nechogʻlik rang-barang dasturxon tuzamasin, koʻpchilikka manzur qilolmaydi. Undan tatigan odamning qorni ogʻriydi, koʻngli behuzur boʻladi.
Adabiyotshunos Ulugʻbek Hamdamning “Muallif oʻlimi”ga siz ham ovoz berasizmi? (yoki asl ijod sogʻinchi)” sarlavhali munozarali maqolasi (“Sharq yulduzi” №1 2014) ana shu masalaga bagʻishlangan boʻlib, koʻpdan buyon koʻnglimizda yigʻilib qolgan mulohazalarning vulqondek otilishiga, norozilik uchqunlarining alangalanishiga turtki berdi. Nazarimda, “Muallif oʻlimi”ga sabab boʻladigan masalalar ichida eng xavflisi, hozirgi paytda nihoyatda ommalashib ketayotgani koʻchirmakashlik bilan taqlidchilikdir (binobarin, maqola muallifining asosiy tashvishi ham shundan). Negaki, keyingi yillarda koʻchirmakashlik, taqlidchilik, tayyor ilmiy, ijodiy materiallarni oʻziniki qilib olish odat tusiga kirdi. Ajablanarli tomoni shundaki, bu kabi illatlarni xaspoʻshlaydigan, uni qoʻllab-quvvatlaydiganlar ham topilmoqda.
Aslida, adabiyot mangu qaynab turadigan shifobaxsh ijod bulogʻi boʻlib, oʻz taʼmi va tarovatini hech qachon yoʻqotmaydi. Bu buloqni qalam bilan qazib dunyoga keltirgan va shifobaxsh suvlari bilan insoniyat qalbini tozalagan (katarsis) kishilar ham sira unutilmaydi. Ammo keyingi yillarda bu asl ijod bulogʻidan foydalanish borasida isteʼmolchi toifaning turli nayranglari koʻzga yaqqol tashlana boshladi. Bu ish bilan shugʻullanayotgan kimsalar (aslida, koʻchirmakash va taqlidchilar) oʻzlarini goʻyo “tadbirkor” deb sanamoqdalar. Ayrimlar buloqning joyini ham, uni kashf etgan sohibi nomini ham pinhon tutib, suvini oʻz idishiga bemalol quyib olayotgan boʻlsa, baʼzilar suvini har xil shakldagi idishlarga joylab, boshqacha nom bilan oʻzi ishlab chiqargan mahsulot sifatida isteʼmol bozoriga olib chiqayotirlar. Bunday “tadbirkorlik” esa adabiyot, fan va sanʼatga katta zarar keltiryapti.
Shunga qaramay, baribir, asl ijod bulogʻining suvi ham, taʼmi ham oʻzligini yoʻqotmaydi va shubhasiz, sohibining nomini ham asrab qolaveradi. Hozirgi paytda adabiyotga eʼtibor kuchayganligidanmi, oldi-qochdi voqealar asosiga qurilgan asarlarning bozori chaqqon boʻlganligidanmi yoki yozuvchilik shon-shuhrati ilinjidami, har qalay, badiiy ijod bilan shugʻullanishni kasb qilib olgan kimsalar juda koʻpaydi. “Asl ijod sogʻinchi” (U. Hamdam), masʼuliyatini his qilish xiyla susaydi. Ularning ayrimlari oʻzlari oʻqigan chet el kitoblari yoki koʻrgan kinolaridagi voqealarni xuddi karta chiylagandek aralashtirib, qayta hikoya qilishga usta boʻlib ketdilar. Bu koʻchirmachilikning yangicha – “oʻzlashtirilgan” nusxasi shaklida namoyon boʻlayotir. Shu boisdan bunday asarlarning syujeti biri bogʻdan, boshqasi togʻdan keladi, personajlari esa kapalaksimon – u yoqdan bu yoqqa uchishdan boshqasiga yaramaydi. Negaligini soʻrasangiz, “axir, modern (yo boshqa biron “izm”) shunaqa boʻladi-da!” deb ogʻzingizga uradilar. Afsuski, bu xizmatlari bilan oʻquvchining boshini qotirib, ularni kitob oʻqishdan sovityaptilar, adabiyotimizni boshi berk koʻchaga olib kirayotirlar. Xususiy nashriyotlar esa (nadomatlar boʻlsinkim, davlat qaramogʻidagi ayrim nashriyotlar ham) boyib olish ilinjida bunday boʻsh-bayov asarlarni koʻp nusxada chop etib, xazinasini toʻldirishga ruju qoʻyganlar.
Maʼlumki, fan va texnika gʻoyat rivojlangan, kommunikatsiya koʻlami nihoyatda kengaygan hozirgi sharoitda axborot manbalari shu qadar koʻpaydiki, kunu tun hafsala bilan shugʻullangan mutaxassis ham ularning barchasidan xabardor boʻlolmaydi. Shunday ekan, tayyor narsani koʻchirib, “oʻziniki” deb eʼlon qilsa, kim bilib oʻtiribdi? Biroq unutmaslik kerakki, soxtalikning umri qisqa, muallifga hurmatsizlik bir kunmas, boshqa kuni fosh boʻladi. Chunki “muallif” soʻzi gʻoyatda muqaddasdir. Bu soʻz tarkibida toʻgʻrilik ramzini anglatuvchi “alif” bilan donolik belgisi boʻlmish “ilm” maʼnolari yashiringan. Kimki ijodda toʻgʻri soʻz va tuganmas ilm zahirasiga ega boʻlmasa, mualliflikka daʼvo qilmay qoʻya qolsin. Yana eʼtibor berilsa, soʻzning 3-6 harflarida “Olloh” nomiga ishora borligini ham sezish mumkin. Unga shak keltirib boʻlmaydi.
Shuni oʻylaganimda, bundan 10-15 yillar muqaddam sodir boʻlgan bir voqea esimga tushdi. Respublikamizning nufuzli gazetalaridan birida boshlovchi bir adibning hikoyasi bosildi. Asar chindan ham juda taʼsirchan, ramziy timsollarga boy, uslubi pishiq edi. Tabiiyki, u koʻpchilikka maʼqul boʻldi, muallif maqtovlar eshitdi. Biroq oradan ikki haftalardan keyin shu gazetaning oʻzida bir mutaxassis olimning oʻsha hikoyaning xorij adabiyotidan koʻchirilganligi haqidagi maqolasi chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, hikoya muallifi oʻzi oʻrgangan chet tili adabiyotida ijod qiladigan bir yozuvchining asari nomini, qahramonlari ismini, voqealar yuz beradigan zamon va makonni oʻzbekchalashtirib, “oʻziniki” qilib olgan ekan. Koʻryapsizki, asl muallif omon qoldi, soxta muallif oʻlim topdi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov aytganidek: “Taqlid – butun mahalla biladigan oqsoqolning choponini boshqa birov kiyib yurganday gap”. Uni havas qilib kiygani bilan oʻziniki boʻlib qolmaydi-da. Koʻrgan odamki bor, “qarang, falonchining libosini kiyib olibdi” deya, taqlidchining ustidan kuladi. Ehtimol, adabiyotda taqlid qilish unchalik ayb emasdir. Agar u originallikka erishish yoʻlidagi maʼlum bosqich – izlanish jarayonining mahsuli tarzida vaqtinchalik koʻzga tashlansa, uni ayblamaslik mumkindir. Ammo u doimiy mashgʻulotga aylanmasligi, eng muhimi, taqlid qilingan obʼyektning aynan oʻziga oʻxshab qolmasligi kerak. Oʻqish, oʻrganish, taʼsirlanish boshqa, taqlid qilish boshqa narsa. Shu maʼnoda N. Eshonqulning “Goʻroʻgʻli” romani atayinlikdan koʻra taqlidga oʻxshab qolganligini isbotlamoqchi boʻlganman (“Kitob dunyosi” № 8. “Sharq yulduzi” № 3 2013). A. Dilmurod tomonidan “Rang va mehvar” romanida qoʻllanilgan “Uliss”ga xos bayon uslubini esa qahramonlar ong oqimining turli darajasini ifodalashga urinish, oʻzbek kitobxoni tasavvurini kengaytirish yoʻlidagi intilish deb baholash tarafdoriman. Biroq bu masalada Yevropacha qolipga oʻralashib qolmaslik, milliy mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydigan xatti-harakat, soʻz va iboralarni qoʻllashga yoʻl qoʻymaslik lozim. Aynan shu masalada A. Dilmurod personajlari oʻzbekka xos fikrlash, andisha, milliylik kabi xususiyatlardan mahrum boʻlib qolganlar. Shu jihatdan atayinlikning X. Doʻstmuhammad, I. Sulton asarlarida ayon boʻlayotgan oʻzbekona ruhidan oʻquvchi koʻngli toʻladi.
Aslo kechirib boʻlmaydigan illat, U. Hamdam haqli ravishda taʼkidlaganidek, koʻchirmakashlik (plagiatizm)dir. Chindan ham keyingi yillarda “Koʻchirmakashlikning xili urchib, turfalashib ketdi”. Ilmiy, ijodiy ishlardagi koʻchirmakashlik haqida U. Hamdam ham, Z. Isomiddinov ham, M. Mahmudov va H. Boltaboyev ham kuyinib, aniq misollar asosida toʻxtaldilar. Men esa koʻz oʻngimda roʻy berayotgan va tobora odat tusiga kirib, koʻpchilikni ajablantirmay qoʻygan, aksincha, xayrixohlikka sabab boʻlayotgan koʻchirmachilik illati va uning oqibatlari toʻgʻrisida gapirib oʻtmoqchiman.
Maʼlumki, oliy oʻquv yurtlarining bitiruvchilari va magistrlari koʻp yillardan buyon yozma ravishda bitta Davlat imtihoni topshiradigan boʻlishgan. Ular bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiyasi tayyorlaydilar va komissiya huzurida himoya qiladilar. Bitiruvchilar (mutaxassisligidan qatʼi nazar) bitiruv-malakaviy ish tayyorlashi shart qilib qoʻyilgan. Aslida, bitiruv malakaviy ish ham, magistrlik dissertatsiyasi ham yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishi bilan shugʻullanishi uchun dastlabki koʻnikmani hosil qiluvchi, ilmiy izlanish usullarini oʻrganish, egallagan bilimini amalda qoʻllay olish va ilmiy jihatdan isbotlash qobiliyatini namoyon qilishning eng qulay va samarali yoʻlidir. Chunki izlanuvchi-tadqiqotchi bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash jarayonida koʻplab ilmiy manbalar bilan tanishadi, ularni oʻzaro taqqoslaydi, oʻziga tegishli xulosalar chiqaradi. Baxtimizga, ana shunday qobiliyatli yoshlar oz emas va ular fanimizning yanada taraqqiy etishiga munosib hissa qoʻshishiga umid uygʻotadi.
Biroq bitiruvchilarning ayrimlari tayyor luqmani yamlamay yutib, hech narsa koʻrmagandek semirib yashash yoʻlini qidirayotgan kimsaga oʻxshaydilar. Ogʻirning ustidan, yengilning ostidan oʻtishga oʻrgangan bitiruvchilar jonini koyitmay ish tutishga odatlanayotganligi jiddiy tashvish tugʻdiryapti. Dastlabki yillarda bunday ilmiy-tadqiqot ishlariga talab ham, ularni baholash mezonlari ham risoladagidek edi. Ammo tajriba ortgani sari masʼuliyat kamayib, eʼtibor susaydi. Hozirga kelib, avvalo, mavzular nihoyatda maydalashib, bachkanalashib ketdi. Ikkinchidan, ularning mazmun-mohiyatida bir xillik paydo boʻldi. Ayrim professor-oʻqituvchilar bir xil mavzuni deyarli har yili beraveradi. Masalan, bu yil “Falon yozuvchi ijodida syujet va kompozitsiya” deb bersa, kelasi yili yozuvchi va asarning nomi oʻzgaradi, xolos. Nazariy maʼlumotlar esa oʻsha-oʻsha qolaveradi. Natijada, poʻstlogʻi yangi, magʻzi oʻxshash bir xil mahsulotlar paydo boʻlyapti. Uchinchidan, koʻchirmakashlik avjiga chiqdi. Bitiruv malakaviy ishlar hamda magistrlik dissertatsiyalari bilan tanishsangiz, darsliklar va qoʻllanmalardan, internet maʼlumotlaridan tayyor koʻchirilganligining guvohi boʻlasiz. Toʻrtinchidan, oliy oʻquv yurtlarida bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertatsiyalarini yozib beradigan ishbilarmon mutaxassislar otryadi shakllandi. Ular shu yoʻl bilan katta boylik orttirib, ilmiy ish qilishni bir chetga yigʻishtirib qoʻymoqdalar. Bu kabi ishlarni qancha koʻp yozsa, choʻntagi shuncha qappayishini oʻylagan “yozarman”lar ham mavjud manbalardan boshdan oyoq koʻchirib berishga odatlandilar. Beshinchidan, toʻrt yil mobaynida faqat test savollariga javob topish, referativ, mustaqil va bitiruv malakaviy ishlari yozish bilan band boʻlgan boʻlgʻusi oʻqituvchilar fikrini ogʻzaki bayon qilish qobiliyatidan mahrum boʻlib, badiiy asarlarni tahlil qilish, sheʼrlarni ifodali oʻqish sanʼatini mukammal egallay olmayapti.
– Qoʻshni kafedrada ishlaydigan tanishlarimdan biri mening nomzodlik dissertatsiyamni soʻrab qoldi, – dedi bir tanishim. – Bajonidil opkelib berdim, chunki u ham koʻpdan beri ilmiy ish bilan shugʻullanayotgandi. Oradan maʼlum vaqt oʻtib, uning ilmiy rahbarligida tayyorlangan bitiruv malakaviy ishini mutaxassis sifatida taqriz yozib berish uchun menga olib kelishdi. Olib qolib, mutolaaga kirishdim: barcha fikrlar, misollar, tahlil usullari tanish. Qarasam, dissertatsiyamning bitta bobi boshdan oxirigacha koʻchirib olingan ekan. Men rahbarini chaqirib, ahvol bilan tanishtirdim va ijobiy taqriz yozib berishdan bosh tortdim. U esa, uyalmay-netmay: “Nima boʻpti, dugonajon! Axir, boshqalar ham shunaqa qilyapti-ku. Kim oʻqib oʻtiribdi? Mayli, haqingizni beramiz, yozib beravering”, desa boʻladimi? Unamadim. Keyin talabaning oʻzini chaqirib, ishni qayta yozdirdim.
Aynan shunday hodisa oʻzimning boshimdan ham oʻtdi. Bitiruvchi magistrlardan biri men yaxshi koʻrgan isteʼdodli adiblardan birining ijodi boʻyicha dissertatsiya tayyorlabdi. Unda oʻsha yozuvchining individual uslubi va personajlarni tasvirlash mahorati toʻgʻrisida gap borishi kerak edi. Adib asarlari toʻgʻrisida men ham bir-ikkita maqola eʼlon qilganman. Shuning uchun bu ish meni qiziqtirib qoldi. Ammo uni faqat himoya kuni qoʻlga olishga muvaffaq boʻldim. Aslida, magistrlik dissertatsiyalari bir necha hafta oldin kafedraga topshirilishi, professor-oʻqituvchilar bemalol tanishish imkoniyatiga ega boʻlishlari zarur edi. Shunga qaramay, himoya paytida dissertatsiya bilan bir qur tanishib chiqdim. Oʻqiganim sari hayratim osha bordi. Boshdan oxirigacha goh u, goh bu ilmiy manbalardan koʻchirilgan, ammo bir-biriga bogʻlanmagan, oʻsha taniqli adibga daxli yoʻq fikrlarga duch kela boshladim. Ikkinchi bobning “Nutq va uslub” deb atalgan fasli esa mening shu nomdagi monografiyamdan koʻchirilgan, ammo adabiyotlar roʻyxatiga kiritilmagan edi. Muallifi bilib qolmasin deb oʻylagan boʻlsa kerak-da! Men magistrning bu kamchiliklarini ochiq aytdim va uni koʻchirmakashlikda aybladim. Ammo mening gaplarim na dissertantga, na uning ilmiy rahbariga pashsha chaqqanchalik ham taʼsir qilmadi. Aksincha, ular meni iqtidorli yoshlarni koʻrolmaslikda ayblashdi. Vaholanki, men oʻsha “iqtidorli” magistrning bilimsizligini bir necha bor yuziga aytganman, unga dastlab “qoniqarsiz”, keyin homiylarining iltimosiga koʻra “qoniqarli” baho qoʻyganman. Shunisi alam qiladiki, uni hech tap tortmay kafedrada ishga olib qolishga harakat qilishyapti. Agar u bu maqsadiga erishsa, koʻchirmakashlik yanada avjiga chiqadi, deyavering.
Shunisi borki, agar bitiruvchi talaba yoki magistr ishini muvaffaqiyatli yoqlay olmasa, bilimsizligi, hafsalasizligi uchun ular emas, aksincha, eʼtiborsizligi, oʻz vaqtida tayyorlashga yordam bermaganligi uchun ilmiy rahbari jazolanadi. Bunday nohaqlikdan qutilish uchun koʻzimizni koʻr, qulogʻimizni kar qilishga majburmiz. Oliy oʻquv yurtining professor-oʻqituvchilari jonining huzurini koʻzlab baholab bergan bu tadqiqotlarning bir nusxasi tegishli idoraga yuboriladi. Idoraning shu sohaga masʼuliyatli xodimlari bitiruv malakaviy ishlar hamda magistrlik dissertatsiyalarining ilmiy va texnikaviy sifatini tekshirib, qoʻyilgan ballning haqqoniyligini aniqlashi zarur. Biroq hali biron marta u yerdan “mana bu ish ortiqcha baholanibdi yoki qoʻyilgan bahoga javob berolmaydi”, degan xulosa kelgani yoʻq.
Aytilganlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, asl ijod sohibi, haqiqiy sanʼatkor muallif hech qachon oʻlmaydi. Aksincha, bunday mualliflarni “oʻldirish”ga jazm etganlarning oʻzi nochor ahvolda qoladilar. Chunki fransuz adibi G. Flober aytganidek, “oʻzi koʻrinmasa ham asarning hamma yerida olam Xudosidek hoziru nozir boʻlib turadi”gan haqiqiy muallif yashaydi. Shunday ekan, uni hech qachon oʻlimga mahkum etib boʻlmaydi.
Yoʻldosh SOLIJONOV
“Sharq yulduzi”, 2014–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/haqiqiy-muallif-olmaydi/