Haqiqat yoʻli

XX asr dunyo adabiyotining zabardast vakillaridan biri Frans Kafka 1883 yil 3 iyulda Avstriyada tavallud topdi. Uning “Jarayon”, “Qasr”, “Amerika”, “Evrilish”, “Hukm” kabi qator asarlari dunyo kitobxonlariga yaxshi tanish. Kafkaning turfa xil jumboqlarga boy asarlarini oʻqib, tadqiq etganimiz sayin, uning badiiy olami yangi-yangi qirralari bilan bizni hayratga solaveradi. Quyida havola etayotganlarimiz ham sizni albatta qiziqtiradi, deb oʻylaymiz, zero – ularda hayotning gʻoyat chuqur va murakkab nuqtalariga fikran yetib borgan adib turmushning turfa xil ziddiyatli vaziyatlarini falsafiy mushohadalar shaklidagi aforistik iboralarda ifodalashga harakat qilgan.


 

* * *

 

* Haqiqat yoʻli yerning ustidan biroz balandlikda tortilgan arqon boʻylab oʻtadi. U unda yurishdan koʻra koʻproq u toʻgʻrida xayol surishga moʻljallanganga oʻxshaydi.

 

* Qarashlarning xilma-xilligi qanday boʻlishi mumkin, masalan, olmaga nisbatan deylik: stol ustidagi olmani bir bor koʻrish ilinjida boʻynini choʻzayotgan bolakayning qarashi qanday-ku, hech bir malol chekmay, olmani olib, uni ilhaq boʻlib turgan bolakayga uzatayotgan uy egasining qarashi qanday?..

 

* Agar sen qalb amring ila toʻgʻri yoʻldan ketayotgan va hayotingdagi jamiki kechmishlar ortingda qolgan boʻlsa, unda hammasi oʻtmish qaʼriga kirib yoʻq boʻlib ketarmidi; ammo bu “qilkoʻprik”dan oʻtayotganingda sen unga osiltirib qoʻyilganga oʻxshaysan, unda qadamlar faqatgina yerning amriga koʻra tashlangan boʻlishi mumkin va ortga qaytishingning imkoni qolmaydi.

 

* Kuz yoʻliga bir nazar tashlang: hozirgina undagi xazonlarni supurib tashlashdi, u esa yana qurigan barglar bilan qoplandi.

 

* Qafas qush izlagani ketdi…

 

* Oʻzingda diyonat emas, yovuzlik ustun degan tasavvur uygʻonishiga yoʻl qoʻyma.

 

* Qoʻl toshni mahkam siqib olgan. Toshni uzoqqa otish uchun ham qoʻl uni mahkamroq siqib oladi. Lekin yoʻl toshni borib tushish joyiga emas, balki oʻz manziliga olib boradi.

 

* Haqiqiy dushman oldida senda cheksiz mardlik paydo boʻladi.

 

* Dunyoda qanday qilib shodlanish mumkin? Basharti faqat sen uning ichiga qochib kirsang.

 

* Seni yovuzlik sari undayotgan yot fikrlar bu sening fikrlaring emas, balki yovuzliknikidir.

 

* Hayvonlar oʻz egalarining qafasidan chiqib, oʻzlarini xoʻjayin deb his etmoqni istaydilar, lekin ular bu oʻyin faqat egalari yangi qafasni qurib bitkazgunicha oʻylab chiqqan bir hiyla ekanini bilmaydilar.

 

* Yaxshilik, qaysidir maʼnoda, minnatli hamdir.

* Qargʻalar faqat qargʻagina osmonni yoʻq qilishga qodir deb biladilar. Ammo osmon – bu osmon, qargʻaning – qargʻa ekani hammaga ham maʼlum-ku!

 

* Ilgarilari men bir narsani sira tushunmas edim: odamlar oʻz savollariga nega javob olisholmaydi? Endi esa soʻrash mumkinligini oʻylab, oʻzim hayron qolaman. Bundoq oʻylab qarasam, men ilgarilari oʻylamas ekanman, faqat soʻrar ekanman.

 

* Boshni quyi egish – bu cheksiz nafrat va jirkanish alomatidir.

 

* Taraqqiyotga ishonish taraqqiyotga erishilganiga ishonish, degani emas. Yoʻqsa bu ishonch deb atalmagan boʻlur edi.

 

* Inson oʻzidagi barham topmaydigan qandaydir bir narsaga doimo ishonib yashaydi, negaki u barham topmaydi va bu ishonch uning uchun uzoq vaqt maxfiy qolishi ham mumkin. Bu maxfiylikning koʻrinishlaridan biri ilohiyotga boʻlgan ishonchdir.

 

* Kuchli bir yorugʻlik bilan butun olamni munavvar etish mumkin. Koʻrishi kuchsiz boʻlgan koʻzlarni u qamashtira boshlaydi, unga qiyo boqishni istamaganlarni esa mahv etadi.

 

* Biz shunchaki javob berolmaydigan savollar bor, shukrki tabiatning oʻzi javob berishdek mashaqqatni boʻynimizdan soqit qildi.

 

* Hissiyot olamidan tashqaridagi barcha narsalarni til ishora qilish bilangina izhor eta oladi, ammo unga eng yaqin boʻlgan ifodani ayta olmaydi, chunki til hissiyot olamiga muvofiq holda faqat bor boʻlgan moddiyatlar va ular bilan bogʻliqlarnigina taʼrif eta oladi.

 

* Oyoq bosib oʻtilmagan zinapoya aslida quruq ogʻochdir.

 

* Bizning sanʼatimiz – bu haqiqat bilan koʻzlarning qamashishi: faqat yuzda nafrat alomati bilan orqaga tislangandagi nur haqiqatdir.

 

* Baxtga erishishning nazariy jihatdan yuz foiz imkoniyati bor: oʻzingda barham topmaydigan bir narsaga ishonish va unga intilmaslik.

 

* Odamlar bilan muloqotda boʻlish oʻzingni anglashingga olib keladi.

 

* Ruh qachon jon boʻlishdan toʻxtasa, u ozod qilinadi.

 

* Biz jannatda yashash uchun yaratilgan edik, jannat esa – bizlarga xizmat qilish uchun. Bizning yozigʻimiz oʻzgartirildi, jannatning yozigʻi haqida esa gapirilmaydi.

 

* Yovuzlikni xuddi qurol kabi baʼzan qoʻlga olib turiladi; u qarshilik koʻrsatmasdan oʻzining bir chekkaga olib qoʻyilishiga izn beradi, agar bunga iroda yetsa…

 

* Gunoh doimo oshkora keladi va darhol bilinadi. U oʻz ildizlariga qaytib ketadi, shuning uchun ham uni kavlab olib boʻlmaydi.

 

Rus tilidan Shavkat QODIROV tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/ijod/nasr/haqiqat-yoli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x