Leninobod (hozirgi Xoʻjand) Davlat pedagogika instituti filologiya fakultetining oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimiga oʻqishga kirganimda Asqar Mahkam ikkinchi kursda edi. “Shoir” desa, koʻpchilik ikkilanmay uni koʻrsatar edi.
Keyin keyin ancha-muncha yaqinlashib qoldik.
U zahmatlari besamar ketmasligiga komil ishonch-la oʻsha davrda peshqadam hisoblanganlarning asarlariga ishtiyoq bilan shoʻngʻir, ayniqsa, Abdulla Oripovga ixlosi baland, uning ijodini boshdan oyoq yoddan bilardi, desam mubolagʻa boʻlmas. Uchinchi kursda boʻlsa kerak, pochta orqali bir dasta qoʻlyozmalarini Abdulla Oripovga yubordi. Koʻp oʻtmay oq qogʻozda shoshib yozilgan bir betlik javob xati keldi. Men uning mazmunidan ham koʻra, shoir dastxatiga havas bilan tikilganim taassuroti hali hanuz qalbimda saqlanib qolgan. Ammo mazmuni ham chakki emas, Asqar Mahkamning oʻsha mahallardagi izlanishlariga samimiy tarzda oʻz munosabatini bildirgan edi. Eng muhimi, eʼtiborsiz qaramagan edi. Keyinchalik Asqar Mahkamning Shavkat Rahmon bilan munosabati yanada teran tus olib, yuksak insoniylik bilan yoʻgʻrilib ketganiga koʻpchilik havas bilan qarashadi.
Oʻshanda, talabalik yillarimizda bir kuni Xoʻjanddan Toshkentga keldik. U mahallarda “Sharq Yulduzi” jurnali nainki Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida juda mashhur edi. Yuz minglab nusxalarda chop etilsa ham doʻkonlardan topib boʻlmas edi. Qissa yoki roman singari yirik janrlarniku qoʻyavering, bu jurnalda bir turkum sheʼri chop etilgan shoir ham eng baland maoshdan koʻra koʻproq qalam haqi olishi haqida ham uzunquloq gaplar orqali eshitgan joyimiz bor edi.
Toshkentga kelgach, dastlab shu jurnal tahririyati joylashgan manzilni izlab topdik. “Oʻzbekiston” mehmonxonasining oʻng tomonida, yoʻlning naryogʻidagi beqiyos meʼmoriy koʻrinishga ega uch qavatli koʻrkam binoda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi joylashgan ekan. Bu yer hamisha gavjum boʻlar ekan. Ijod ahli uchun kutubxona, oshxona singari shart-sharoitlar ham muhayyo etib qoʻyilgan ekan. “Sharq Yulduzi” jurnali tahririyati esa shu binoning ikkinchi qavatida ekan. Biz Asqar Mahkamning sheʼrlarini shu jurnalda chop ettirish maqsadimizni bayon etib, uning salmoqligina qoʻlyozmalarini jurnalning sheʼriyat boʻlimi xodimi Shukur Qurbon qoʻliga tutqazdik (Shukur aka meni har koʻrganda oʻsha lahzalarni hozir ham yodga olib turadilar). U kishi Asqar Mahkamning qoʻlyozmalarini erinmay oʻqib chiqdi. Baʼzan bosh chayqar, baʼzan esa zavqlanganidan “yaxshi!” deya xitob qilib qoʻyar edi.
– Sheʼrlaringiz menga yoqdi, – dedi axiyri u bosh koʻtarib. – Katta shoir ekansiz.
Biz bu eʼtirofdan nihoyatda quvondik. Ammo Shukur Qurbon uning forscha-tojikcha soʻzlarni haddan ziyod koʻp qoʻllab yuborganini vaj qilib, sheʼrlarni hozircha jurnalda chop eta olmasliklarini ochiq-oydin aytdi. Ikkimizning ham tarvuzimiz qoʻltigʻimizdan tushdi.
Keyinchalik, oradan oʻn yildan ortiq vaqt oʻtganda buyuk soʻfiy shoir Mavlono Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”sining tarjimasiga Asqar Mahkam qoʻl urdi. Biz ana shu tarjimadan parchalar bermoqchi boʻlganimizda, bu paytda radioning sheʼriyat boʻlimida faoliyat koʻrsatayotgan Shukur Qurbon tarjimada ham forscha-tojikcha soʻzlar koʻp qoʻllab yuborilgani, iloji boʻlsa ularni turkiylashtirish haqida oqilona maslahat bergan edi. Shoir tarjimaning efirga uzatiladigan qismini tahririyatning oʻzida ishlab bergach, efirga berilgan, bu tinglovchilarda yoqimli taassurot qoldirgan edi.
U nihoyatda sermahsul edi. Buni adabiyot ixlosmandlari yaxshi bilishadi. Ijodkor zimmasidagi masʼuliyatni teran his etardi. Imon, eʼtiqod, dinu diyonat, ilmu urfon, millatu xalq masalalarida ham oʻziga xos qarashlarga ega boʻlgan shoir nazdidagi yaqqol koʻrinib turgan Haq yoʻlni guyoki koʻpchilik payqay olmayotgani, nazarimda, uni iztirobga solardi. Oʻzlikka intilish, oʻzlikni topish orqali ezgulikka ishonch, buyuk ajdodlarga muhabbat hislari uning ijodiga oʻziga xos inqilobiy ruh bagʻishlagani esa, shubhasiz, mangulikka daxldordir.
Shoyim BOʻTAYEV
“Ijod olami”, 2018/6
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/haq-yolida/