“Hanuz sheʼr yozishni bilmayman…”

 Tursunboy Adashboyev bilan suhbat

 

Tahririyatimizda taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Shoir yoshlarning savollariga atroflicha javob berdi, xotiralari, shaxsiy kuzatishlari, adabiyot haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Quyida ana shu gurungdan parchalar eʼtiboringizga havola etilyapti.

 

Bizning Jumavoy aka

Bolaligimizda “Katta boʻlsang, kim boʻlasan?” deb soʻrashsa, tengdoshlarim hech ikkilanmay: “Tegirmonchi boʻlaman”, derdi. Chunki non chuchuk edi, tansiq edi. Bolalarning koʻziga tegirmonchi toʻq yashaydigandek koʻrinardi. Urushdan keyingi ogʻir yillar, bir oyogʻi jang maydonida qolib ketgan qishloqdoshimiz dars beradi. Bir xonada ikkita sinf oʻqiymiz. Uchinchi sinf oʻngdagi, toʻrtinchi sinf chapdagi partalarda oʻtiradi. Oʻqituvchimiz: “Hozir toʻrtinchi sinf topshirigʻini beraman”, deydi. Uchinchi sinfda oʻqiydigan ayrim oʻquvchilar toʻrtinchi sinfga berilgan mashqlarni bajarib qoʻyadi. Bir oydan keyin “Sen toʻrtinchi sinfga koʻchding”, “Sen yaxshi oʻqimaganing uchun toʻrtinchi sinfdan uchinchi sinfga oʻtasan”, deb qoladi muallim. Bir xonada oʻqib, bir yilda ikkita-uchta sinfni tugatgan tengdoshlarimiz boʻlgan. Oʻsha paytlarda Jumavoy Moʻminov degan qishloqdosh akamiz Toshkentda oʻqirdi. Koʻp oʻtmay televizorga chiqib, “Olamda nima gap?” koʻrsatuvini olib bora boshladi. Qishloq ahli yigʻilib, ana shu dasturni koʻradi. Oʻqituvchilar esa: “Tuzuk oʻqisalaring, sizlar ham Jumavoyday televizorga chiqasizlar”, deydi. Bolalar Jumavoy akadek boʻlishga intilib, kitobga yopishadi. Ana shunaqangi qiziqishlar, muallimlarimizning qiziqtirishlari bizga qanot bagʻishlagan.

 

Doston oʻqib ulgʻaydim

Menda adabiyotga mehrni oʻzbek xalq dostonlari uygʻotgan boʻlsa kerak. Urushdan keyingi yillarda kitob kam edi. Qashqadaryo, Surxondaryoda baxshilar dostonni doʻmbirada kuylasa, biz tomonlarda esa qiroat bilan, ohang bilan oʻqilardi. Bobomga va u kishining davradoshlariga doston oʻqib berib ulgʻaydim. Vaqti kelib, Til va adabiyot institutida ishlayotgan ilmiy xodimlardan biri: “Tursunboy aka, xalq dostonlarini yozib joʻnatgan ekansiz. Ulugʻ dostonchilar xat yozgan ekan”, deb qoldi. U menga Hodi Zaripov, Muzayana Alviyaning maktubini eslatgandi. Keksalarning davralarida gurung qizir edi. Qahramonlik ertaklari, kichik dostonlar aytilardi. Ularning koʻplarini yozib olib, shu sohaning bilimdonlariga xat orqali joʻnatganman. Hodi Zaripov ana shunday maktublarimning ayrimlariga oʻz mulohazalarini bildirib javob yozgandi. Yana bir gap, eskidan odatim bor. Qanday kitob oʻqimay, muallifga xat orqali munosabatimni bildirib kelaman. Masalan, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor singari ustozlarning kitoblarini oʻqib ham maktub yozganman. Bu ulugʻ zotlardan javob maktubini ham olganman. Ana shunday xatlarni bugungacha asrab kelaman.

Abdulla Qahhorga hikoyalarini sheʼrga solib maktub yozdim. “Teshik dasturxon” hikoyangiz nega toʻplamga kirmadi?” deb soʻradim. Adib: “Nashrga tayyorlayotganimda “Teshik dasturxon”ga oʻxshagan hikoyalarning koʻpini kiritmadim, chunki juda boʻsh ekan”, degan.

 

Adabiy qahramon bilan uchrashuv

Koʻpchilik ijodkor doʻstlar va kitobxonlar: “Tursunboy aka, koʻrgan-kechirganlaringiz haqida nasrda biror asar yozmaysizmi?” deb soʻrab qolishadi. Men esa: “Chavandoz bir otni chopsa, yaxshi uloqchi boʻladi”, deb oʻylayman. Negaki, mahorat ham, tajriba ham bir adabiy turda yaxshi oshib boradi-da! Teng-toʻsh ijodkorlarning ayrimlari har maqomga yoʻrgʻalab beobroʻ boʻldi. Nasr tabiatiga mos adabiy kechinmalar, voqea-hodisalarni yozuvchilikni uddalaydigan qadrdonlarimga ilinib turaman. Masalan, doʻstim Tohir Malikni ona qishlogʻim Safed-Bulonga taklif qilganimda Kesak polvon bilan uchrashtirgan edim. Usta adib bu odamning obrazini “Shaytanat” qissasiga mahorat bilan kiritib yubordi. Bundan kamina ham, yozuvchi ham birdek xursandmiz.

 

“Siz Tursunboy Adashboyevsiz-a!”

Oʻtgan asrning 60-yillarida qiziq voqea boʻlgan edi. Viloyat gazetasida ishlayman. Toshkentga oʻqishga boraman, deb chogʻlanib yuribman. Ishdan ruxsat olish uchun muharririmiz Halimjon Hamidovga maslahat soldim. Rahbar esa: “Tursunboy, oʻqishga boraman deganingizni hech kimga aytmang! Elga tanilib qoldingiz, hamma jurnallarda sheʼrlaringiz chiqyapti. Bordi-yu, kirolmay qolsangiz, masxara boʻlasiz-da!” deb qoldi. Boshqa yoru doʻstlarga aytmasdan, Toshkentga keldim. Hozirgi Milliy universitetga imtihon topshiryapman. U paytlarda kirish sinovlarida insho yozilardi. Menga “Oygul bilan Baxtiyor” mavzusi tushdi. Bu doston yod boʻlib ketgandi. Oʻzimga ishonganimdan qoralamasiz yozib berdim. Besh kundan soʻng ikki baho chiqib turibdi. Dodimni kimga aytishni bilmayman. Dardimni ichimga yutib, qishlogʻimga qaytdim. Imtihon natijasini muharririmizga aytgandim: “Ertadan ishga chiqing”, dedi. U kishi ana shunday bagʻrikeng, mehribon kishi edi.

Keyingi yili yana keldim. Qarangki, bu safar ham “Oygul bilan Baxtiyor” haqida insho yozdim. Bu gal besh chiqib turibdi. Hayronman. Ogʻzaki imtihonga kirsam, bir oʻqituvchi:

– Siz Tursunboy Adashboyevsiz-a! – deb soʻrab qoldi.

– Ha, menman, – dedim.

– Men Sattor Haydarovman. Oʻtgan yili imtihonda birinchi marta nazoratchi boʻlib ishlagandim. Tajribasizlik qilibman. Sizning inshongizni olgʻirlar boshqasiga berib yuborgan, – dedi.

Hayron qoldim. Bu toʻgʻrisoʻz va dangal muallim bilan qadrdon ogʻa-ini boʻlib ketdik. Endi oʻylab qarasam, u paytlari oʻqishga kirish imtihonlarida har xil “fokus-mokus”lar boʻlgan ekan. Bugun eski zamonlar ortda qoldi. Sizlar test sinovlaridan oʻtib, oʻqishga qabul qilingansizlar.

 

Parodiyabop emasmi?!

Yaxshi asar oʻqisam, quvonaman. Badiiy baquvvat asar faqat muallifning emas, adabiyotning, millatning yutugʻi boʻladi. Shu bois “Sharq yulduzi”da, “Yoshlik”da, umuman olganda, adabiy nashrlarimizda yaxshi asarga koʻzim tushsa, albatta, tahririyatga borib, ijodkorning telefonini olib, qoʻngʻiroq qilib tabriklayman. Qoraqalpogʻistonda boʻladimi, Surxondaryodami, asarining qaysi jihatlari maqʼul kelganligini aytaman. U esa: “Tursunboy aka, parodiyabop emasmi?” deb soʻraydi. “Yaxshi yozilsa, parodiyaga oʻrin qolmaydi”, deb javob beraman men.

Soʻz oʻrnida ishlatilmasa, bitganida tuz boʻlmasa, parodiya yoziladi-da. Mana, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfiday shoirlarning sheʼrlari parodiyaga imkon bermaydi. Menga sovgʻa qilingan kitoblarning koʻpiga “Parodiya yozmaslik sharti bilan”, deb dastxat qoʻyilgan. Ayniqsa, keyingi paytda bu shart yanada koʻpaydi. Kitob berdingmi, shart qoʻyib nima qilasan! Yana bir gap, parodiyadan nega qoʻrqasan?! Bir-birimizga kamchiligimizni aytmasak, kim aytadi. Har qanday xatoni oʻz vaqtida tuzatishdan, kelgusida yana shunday nuqsonlarga yoʻl qoʻymaslikdan muallif va adabiyot yutadi-ku!

Shoir-yozuvchilar adabiyotshunoslar bilan “shahar talashmasdan”, doʻst boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Shunda badiiy baquvvat asarlar paydo boʻladi. Hozir bir odat avj oldi: ayniqsa, yosh ijodkorlar tanqidni yoqtirmaydi. “Iya, sen tanqidga chidamasang, fikrni yomon koʻrsang, nimaga yozasan?!” desangiz, ogʻrinadi. Adabiyot chidaganga chiqarilgan, buni, ayniqsa, jiddiy niyatli ijodkor anglashi kerak.

Parodiya yozganimga rahmat aytib, kamchiliklarini tan olib, “Shu sheʼrimni qayta ishladim, bir eshiting”, deydiganlar ham bor. Ammo xatosini tan olmasdan tumtayib, bir yil, yarim yildan keyin: “E, Tursunboy aka, toʻgʻri yozgan ekansiz”, deydiganlar ham bor. Adabiyot masalasida doim xolis soʻzni aytish kerak. Yoʻqsa, malomatga qolamiz. Vaqti kelib, falon asrda yashagan ustozlar bir-birining kamchiliklarini koʻrmay, koʻrsa-da koʻrmaslikka olib yashagan ekan, deyishadi-ku?!

Mirtemir domlaning “Xoʻrsiniq” sheʼrini eslaylik. “Hanuz sheʼr yozishni bilmayman” degan satr bilan yakunlanadi. Bir oʻylab koʻring-a, Mirtemir domla bu sheʼrni 1973 yili yozgan ekan. Bu paytda u kishining oldiga tushadigan shoir yoʻq edi. Atrofida shogirdlari bisyor, obroʻ-eʼtiborli shoir. Ammo domlaning gapini qarang:

 

Taqdirimga hech ham oʻpka qilmayman,

Qoʻlimdan kelmaydi degan pesha kam.

Baʼzan koʻzlarimda tomchi-tomchi nam…

Hanuz sheʼr yozishni bilmayman.

 

Men esa, hanuz hayronman. Mirtemir sheʼr yozishni bilmasa, kim bilar ekan?!

Zamondoshlarimizdan biri yozadi:

 

Sheʼr yozmagan tunim yoʻq,

Sheʼr aytmagan kunim yoʻq.

 

Har kuni sheʼr yozib boʻladimi, axir? Yozilgan taqdirda ham, qanday sheʼr boʻladi u!? Shu sheʼrni yozgan doʻstimga shunday parodiya yozdim:

 

Ustoz Gʻafur Gʻulom ham

Yozmagandir har kuni.

Eslang Asqad Muxtorni

Yoki Rauf Parfini.

Shoir nahot dam olmay,

Qalam tishlab oʻtirsa;

Koʻk burjida bulutlar

Elak qoqsa, koʻpirsa;

Evaziga osmondan

Sheʼrlar tutday toʻkilsa?

Joʻn va oddiy satrni

Kashfiyot deb joʻshmaylik.

Birodar, sheʼrimizga

Yolgʻon gapni qoʻshmaylik.

 

Parodiya yozish uchun sheʼr qidirmayman. Ammo koʻp uchrataman. Keyingi paytda parodiyabop sheʼrlar koʻpayib ketayotganday. Mana, masalan, yosh shoirlardan biri “Suyguli” sheʼrida:

 

Yoʻlingni kuta-kuta,

Kunim yelga sovurdim.

Garmselda guvranib,

Yuragimni qovurdim…

 

deb yozibdi. Uning bu soʻzlariga parodiya yozmaslikning hech imkoni yoʻq.

 

Garmselda guvranib,

Bisotingni sovurma.

Oʻpkangni bos, kofe ich,

Yegin turkcha shovurma.

Burgaga achchiq qilib

Qaltis ishga dov ursang,

Zira, piyoz qoʻshmasdan

Yuragingni qovursang,

Alkash doʻsting bilmasdan

Qilar uni zakuska,

Unda qizni yetaklab

Kim boradi ZAGSga?..

 

Bundan maqsad yosh shoirni kulgiga olish emas, sheʼrdagi kamchiliklarini sheʼriy yoʻl orqali koʻrsatib, soʻzni oʻrinli ishlatishiga xayrixohlik bildirishdir.

Shoira singillarimizdan birining shunday misralari bor:

 

Men koʻprikning oʻrtasida

Qotib turgan serkaman.

Yoʻlim boʻshat, erka boʻlsang,

Men ham sendek erkaman.

 

Unga mana bunday soʻz aytgandim:

 

Olmaxonning oʻrischasi

“Belka” boʻladi.

Kurakning sal teparogʻi

Yelka boʻladi.

Farzandlarning kenjatoyi

Erka boʻladi.

Hayvonlarning hayvonlardan

Farqi bor, singlim!

Taka zotin axta qilsa,

Serka boʻladi…

 

Sumkangizda nima bor?

“Nega faqat bolalar haqida yozib oʻzingizni cheklaysiz, kattalar haqida yozish niyatingiz bormi?” deb soʻrab qolishadi. Yoʻq, qoʻlimdan kelmaydi. Bolalar uchun yozadigan ikki-uch yozuvchi bor, shoir bor. Bolalarga sheʼr yozib topgan jinday obroʻmni yerga urmoqchi emasman. Ammo katta sheʼriyatning, katta prozaning muxlisiman. Shoir-yozuvchilarimizning ijodini kuzatib boraman. Sababi oddiy – har kim qoʻlidan keladigan ishni qilgani yaxshi-da! Bolalarga atab yozgan sheʼrlari bilan ustoz Qudrat Hikmatning nazariga tushgan Yoʻldosh Sulaymon birdaniga prozaga oʻtib ketdi. Qissa yozdi, roman yozdi. Keyin bolalar adabiyotiga qayta olmadi. Yozdi, ammo avvalgi asarlariga hech yaqin kelmadi. Bilasizmi, nega? U bolalar dunyosidan chiqib ketgandi.

Gohida katta sumka koʻtarib yuraman, hamma hayron: “Saksonga chiqqan otaxon bu sumkaga nima solib olgan”, deb. Ichi toʻla sheʼr boʻladi. Viloyatlarda ijod qilayotgan uka-singillarimning sheʼrlari boʻladi. Biri xorazmlik, biri namanganlik… Ularni yaxshi tanimayman ham, ijodiy uchrashuvlarda gaplashgan boʻlsam kerak-da. Xat yoʻllab, mashqlarini joʻnatishadi. Oʻqiyman, yaxshi sheʼr uchrab qolsa, “Gulxan”, “Gʻuncha”, “Tong yulduzi” va boshqa nashrlarga tavsiya etib boraman. Chunki bizga ham bir zamonlar Qudrat Hikmat, Mirtemir domla, Asqad Muxtor kabi ulugʻ shoirlar shunday yordam qilgan. Sheʼrlarimizning xato-kamchiliklarini koʻrsatib, tuzatish uchun yoʻl-yoʻriq berib, nashrlarga tavsiya etishgan. Yoshlarga gʻamxoʻrlik qilish, toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, intilishlarini ragʻbatlantirish katta avlodning burchidir.

 

Gurungni Nurilla qogʻozga tushirdi.

 

“Yoshlik”, 2016 yil, 5-son.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/hanuz-sher-yozishni-bilmayman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x