Muallif Abdumajid Azimovning oʻtgan yili 12 oktyabrda eʼlon qilingan”Aytilayotganu lekin amal qilinmayotgan gaplar” nomli maqolasini oʻqib chiqib, yaqin oʻtmishimizdagi va bugungi toʻylarimiz bir-bir koʻz oʻngimdan oʻtdi. Va shu oʻrinda toʻylarimizni fayzli, esda qolarli oʻtishi uchun nimalar qilish keragu, nimalarning umuman hojati yoʻqligini oʻylab qoldim. Ilgari oʻtkazilgan oʻzbek toʻylarida boʻladigan oʻyin-kulgi, sheʼrxonlik, kurash, koʻpkari, askiya, baxshilarning chiqishlari, tarbiyaviy ahamiyatga ega ashulalar, xalq ogʻzaki ijodi namunalari mehmonlarga oʻzgacha zavqu shavq ulashardi. Bolaligimizda kechqurungi bazmlarga maxsus kinomexaniklar taklif etilib, ular toʻyxonalardan xoliroq joyga oq mato tortib kichkintoylarga filmlar koʻrsatar edilar.
Toʻyning ertasiga kelin tushgan uyda yuzochar boʻladi. Kelinposhsha oʻz qoʻli bilan chetlari toʻqilgan roʻmolchalar, naqshlar tasvirlab tikkan sochiq-roʻmolchalarni kichkintoylarga, yosh yalangga taqdim etardi. (Roʻmolchalar kelin sarposi uchun tikilgan koʻylaklardan ortib qolgan boʻlaklardan ekani uyat hisoblanmasdi.)
Hozirgi zamonaviy toʻylarda kelin yuzocharda mezbon bolakaylarga qimmatbaho yumshoq oʻyinchoqdan tok bilan ishlaydigan mashinalargacha, yomgʻirpoʻshdan qutichalarda shirinliklargacha sovgʻa qilishiga nima deysiz?! Goʻyo shu ortiqcha xarajatlar yoshlarning baxtli yashab ketishlari uchun ahamiyati bordek. Kim bilsin, balki biz – oʻtgan asr odamlarining dunyoqarashi rostdan ham yoshlar uchun qoloq fikrdir. Ammo bir keksa pedagog sifatida mulohazalarimni qogʻozga tushirgim keldi.
Bundan besh-olti yil burun qishloq toʻylarining birida ayni bazm qizigan paytda toʻyxonada birdan chiroq oʻchirildi. Olachipor chiroqlar yorugʻida kuyov kelinni yetaklab oʻrtada yevropacha valsga tusha boshlashdi. Avval kelinning atrofida kuyov, keyin tiz choʻkib oʻtirgan kuyovtoʻra atrofida kelinposhsha chiroyli zamonaviy raqs (vals) ijro etdilar.
Toʻydan keyin mahallada duv-duv gap tarqaldi. Kimgadir maʼqul boʻldi, kimdir kelin-kuyovning koʻpchilik oldida qilpillab oʻynashini maʼqullamadi. Keyinchalik, eshitsak, oʻsha kelin-kuyov toʻydan bir oy avval shaharga qatnab falon dollarga maxsus raqqosalardan saboq olgan. Ming afsuski, “raqqosa” kelin-kuyov ikki farzandli boʻlganda ajrashib ketishdi…
Aslida har bir ota-ona oʻz farzandining kelajakdagi orzularining roʻyobi uchun jonini tikishga ham tayyor. Biroq hozirgi zamonaviy deb atalmish marosimlarga bir keksa ota-onaning eng koʻp miqdordagi maoshi yoki pensiyasi urvoqdek gap. Agar kelin yoki kuyov talaba boʻlsa-chi?
Toʻydan keyingi taʼma, minnat, qarz yukini, toʻy tashvishini hazm qilib yashash-chi? Hayot davom etaveradi. Toʻydan keyingi “yuzochar”, challari, haftalik hayit, tugʻilgan kun marosimlari-chi? Mushtipar ota-ona pensiyasini oʻzining dori-darmoni, qolgan umriga ham ataydimi? Qachon biz oʻz ehtiyojimizga yarasha yashashni oʻrganamiz? Ikki soatli toʻyda bitta salat, bitta somsa, yarim kosa issiq suyuq ovqat insonni uyqu oldidan bemalol qoniqtiradi. Yangi uzilgan sabzavotlar, meva-cheva, qoʻziqorinu yana allambalo mevalar sharbati…
Yaqinda doʻmbirabodlik bir tanishim gʻalati voqeani gapirib berdi. Bir kuni uni ogʻaynisi toʻyga taklif qilibdi. U borsa, yangi uyda besh-oltita mehmon oʻtirganmish. “Men toʻy vaqtini adashtirdimmi, odamlar qani?”, deb soʻrapti mehmon. Nima, biz odam emasmi, deyishipti mezbonlar. Maʼlum boʻlishicha, ikki quda kelishib, kelin-kuyov roziligi bilan toʻyning barcha xarajatlarini yigʻib yoshlarga ikki xonali uy olib berishibdi. Kelin-kuyovning aka-opalari nega shu qarorga avvalroq kelmagansizlar? Axir uy-joy eng muhimi ekan, deya oʻpkalanishipti.
Albatta, men bu bilan toʻydan uy-joy muhim demoqchi emasman. Toʻy qilayotganlarning qarindoshlariga ham oson emas. “Toʻy qarindoshda, tashvish bizning boshda”, “Qiz uzatganga qirq yil tegma”, “Men qargʻamayman, faqat oʻgʻil-qizing koʻ-oʻp boʻlsin” deyman degan iboralar bekorga aytilmagan. Yana bir voqea. Bir qudamiz bir nechta qizdan keyin oʻgʻil farzandli boʻlishdi. Katta doshqozonda osh damlab qaysidir bolalar uyiga joʻnatdi. Bor sovgʻa, noz-neʼmatni, yiqqan-terganini mahalladagi nochor oilalarga tarqatdi. Ularni hech kim oʻgʻlingni “yuvmading” deya koyimadi.
Kuni kecha bir qoʻshnimiz kelin oldi. Challariga bitta “Isuzu” avtobusida 10-15 ta yaqin qoʻshni va qarindoshlar, bitta Damasda 5-6 ta kuyov va uning ogʻaynilarini, bitta yengil mashinada kelin-yangalar bordik. Haydovchi halqabodlik ekan. Yoʻl-yoʻlakay u Halqabod qishlogʻi aholisi, urf-odati va quda boʻlishi yangi qarindoshlar haqida iliq gaplarni soʻzlab ketdi. 10-15 chogʻli mezbonlar bilan tinch, osoyishta hech qanaqa dangʻir-dungʻirsiz rohatlanib suhbatlashdik, tanishdik. Marosimdan maza qilib, yaxshi kayfiyatda qaytdik. Kechagina xalqqa osh bergan, katta toʻy tashvishlarini boshidan kechirgan ikki qudaga shu challarini oʻtkazish ham oson emas. Kelin tomon ham oʻziga yarasha patir, somsa, meva-cheva, kabob… bilan keladi. Mezbonlar ham mehmonlarni yedirib-ichirishdan tashqari sovgʻa-salom bilan kuzatishlari-chi? Bu challari men koʻrgan-bilganim ichida eng kamtar, saranjomlisi boʻldi. Bir kunlik toʻy, orzu-havas, nahotki yillar davomida peshona teri bilan misqollab yiqqan halol mablagʻning sochilishi evaziga amalga oshsa? Hammasi oʻz qoʻlingizda. Toʻy bir kunlik – 2 soatli marosim. Xoʻjakoʻrsinga amalga oshiriladigan toʻy va boshqa marosim eng avvalo oʻzimizni aldash ekanini anglab yetish vaqti keldi.
Muhayyo TOʻLAGANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi,
“Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibi
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/hammasi-ozimizga-bogliq/