“Ashulachi” jurnalida ish boshlaganimga bir hafta toʻlmay, bosh muharrir chaqirtirdi. Xushlamayroq qarshi olganidan kayfiyati chatoqligi koʻrinib turardi.
– Siz muxbirlikka oʻqiganmisiz, yo chilangarlikkami?
Haligina ming istihola bilan birinchi maqolamni yozib topshirgandim. Rahbarimning bunaqa gʻazabnok savolidan bildimki, qandaydir qovun tushirganim aniq. Gʻazabni sukut yengar qabilida indamadim. Boshligʻimiz esa battar oʻdagʻayladi.
– Sizda kasb etikasi degan narsa bormi, oʻzi? Yozgan maqolangizni qarang, boʻyalmagan joyi qolmadi! – u shunday deb shap etkazib oldimga ikki qogʻoz qoralamani tashladi. – Boring, tahrirlarimni kiritib, boshqatdan koʻchirtiring.
Yelkamni qisib chiqib ketdim. Rahbarimizning “chumoli karvoni”dek mayda yozuvlarini qoʻshib, maqolani qayta oʻqib chiqqunimcha koʻzim teshilay dedi. Men-ku, mayli, buni hali qaytadan koʻchiradigan Lobarxonga qiyin. “Yozmay qoʻlginang sinsin, ashula aytmay yergina yutsin”, demasmikin?
Koʻrinishdan bib-binoyidek boʻlgan maqolam muharririmizga nega oʻtirishmaganiga hayronman. Loaqal biror jumlam qolmabdi-ya. Masalan, muqaddimada bunday yozgan edim:
“Yoshlar orasida oʻzini qoʻl yetmas yulduz sanaydigan Toʻychi Boyqul haqida lavha yozmoqchi boʻlib, maqsadimizni aytganimizda, prodyusserim bilan gaplashing, deb, telefonni shart oʻchirdi…”
Rost, shunday boʻluvdi-da. Endi “katta”miz shu jumlani mana bunday toʻgʻirlabdi:
“Kamtarin sanʼatkor Toʻychi Boyqul haqida lavha yozmoqchi boʻlib, maqsadimizni aytganimizda, u bajonidil rozi boʻlib, bizni shinamgina studiyasiga taklif qildi…”
Buyam mayli, mana bu jumlamga nima deysiz?
“… Sigaret va ayollar atri burqsib turgan ofisga kirib borganimizda, xonandamiz bir oyogʻini naq monitorning peshonasiga niqtab, kompyuterda oʻyin oʻynab yotgan ekan. Ekranga qarab ichimizdan oʻtgan gap shu boʻldi: “Bularning hammasi poyga jinnisi!”
Buyam toʻppa-toʻgʻri edi. Koʻrganimni yozganman. Tahrirni qarang, tahrirni:
“Zamonaviy va milliy cholgʻular bilan bezalgan shinam va ozoda studiyaga kirib borganimizda, sanʼatkorimiz kitob mutolaasi bilan band ekan. Kitobning naqshinkor muqovasiga koʻzimiz tushib, Qodiriy bobomizning mashhur lutfi yodimizga keldi: “Fuzuliy – yaxshi kitob…”
Ochigʻi, xonanda bilan suhbatimiz uncha qovushmadi. Toʻgʻrirogʻi, qoʻlidagi uyali telefonning jingir-jingiri gapimizni boʻlaverdi. Odamlar goh hofizning oʻziga, goh yonidagi maʼmuriga tinmay qoʻngʻiroq qilib, toʻyga taklif etishar, mol bozorining dallollaridek “sari-giri” qilib savdolashishardi. Qiziq detal, toʻgʻrimi? Shuni ham yozgandim:
“… xonanda bitta toʻyga birrovga borish uchun muxlislardan deb, tap tortmay ming dollar soʻrar, “Sakkiz yuz beray” degan bechoralarning gapini eshitgisi ham kelmasdi. “Bitta toʻyga shuncha pul olsa, buning tuvagi tilladan boʻlib ketgandir, deb oʻyladim. Toʻy qilayotgan shoʻrliklarga ham achinib ketdim. Bir tomondan jahlim ham chiqdi. Sodda boʻlmay ketgurlar, qishin-yozin ketmon chopib, yemay-ichmay yiqqanini bir kunlik toʻyda otarchiga qoʻshqoʻllab topshiradi-ya…”
Ustasi usta ekan-da. Muharririmizning qalamidan keyin jumla jonivor “sayravoribdi”:
“Suhbatimiz davomida xonandaga muxlislar ustma-ust qoʻngʻiroq qilib, toʻy-tantanalarga taklif qilishar, bunday samimiy eʼtibordan sanʼatkorimizning boshi osmonga yetar, vaqti boʻlsa-boʻlmasa, hech kimga rad javobini bermas, hammaning koʻnglini olishga intilardi. U oʻzini shunday olqishlab, eʼzozlab kelayotgan odamlarning yaxshi kuniga sherik boʻlishni katta baxt, ayni paytda, sanʼatkorlik burchi deb bilardi…”
Davom etamiz. Iya, bunisiga nima deysiz?! Qoʻligul “usta”miz barmoqlariga bamisoli eskishaharlik Mirvaqqos sartaroshning ustarasini tutib, suhbatdoshimizga bergan mana bu savolimizni ham, unga olgan javobimizni ham avvaliga obdon “qirtishlab”di. Epaqaga keltirolmagan shekilli, keyin butunlay “kesib” tashlay qolibdi.
Ming boʻyalgan boʻlmasin, olib tashlangan oʻsha jumlalarni oʻqiyman:
“Savol: Bir qoʻshigʻingizda “Kamon nishonga tegmasdan, oʻzim uylanib ketmasdan, yorim boʻlib qol”, deb kuylagansiz. Sal gʻalatiroq-ku. Nishonga oʻq tegishi, paykon tegishi, boringki, nayza tegishi mumkindir, lekin hech zamonda kamon ham nishonga tegadimi?
Javob: Iya, xatomi hali bu? (quvonib ketadi va yonidagi maʼmuriga qaraydi). Sheʼr Dardiyornikimidi? Ha oʻshaniki! Ikki yuz “baks”ga olgandik. Mana, xatosi borakan. Tez telefon qilib, “koʻk”ni qaytib ol, pulini halollab topsin-de, toʻgʻrimi?..”
Hartugul, “Jonli ijroga munosabatingiz?..” degan savolimiz va unga berilgan javob joyida qolibdi. Qolishga qolibdi-yu, qirq kunda ikki kilo tosh bosadigan Amriqo tovugʻidek pati toʻzib, qashqatayogʻi chiqibdi.
Ashulachining javobi asliyatda mana bunday edi:
“Muxlislar “jonli ijro, jonli ijro”, deyishadi-yu, ammo sanʼat bilan fonogrammaning farqiga borishmaydi. Tuzukroq pul toʻlaydigan ayrim akaxonlarning toʻyida jonimizni jabborga berib, “jonli ijro” ham qilib koʻrdik. Bilasizmi, qurgʻur “qistir-qistir”da farq sezmadik. Jonli aytsang ham, oʻsha pulni qistirishadi, fonogrammani ursang ham! Yana gʻashingni keltirib, toʻyda ovqat chaynab oʻtirishgani ortiqcha. Shunday ekan, zaril keptimi, mast-alast davrada kekirdagimni choʻzib, “jivoy” aytish…”
Xoh ishoning, hoh ishonmang, xonanda xuddi shunday degandi-da. Ammo keyingi satrlarni oʻqib, hafsalam pir boʻldi. Ana tahriru mana tahrir! Jumla deganingiz “pardoz-andoz”dan keyin “toshturma”lik ammamning kelinidek bezanib olganini qarang:
“Xalqimiz haqiqiy sanʼatni tushunadi, qadrlaydi. Jonli ijroning zavqini, taʼsirini ham teran anglaydi. Shuni inobatga olib, konsertlarda, xalqimizning toʻy-hashamlarida jonli ijroda qoʻshiq kuylashga intilayapmiz. Ammo, baʼzan yoshlik qilibmi, ijroda juzʼiy xatoliklarga yoʻl qoʻysak, noziktaʼb muxlislarimiz darrov payqashadi. Chunki ustozimiz – shu xalq! Biz, sanʼatkorlar hamisha mana shu el xizmatidamiz!”
Darvoqe, muharririmiz sarlavhani ham yoʻrgʻalatvoradiganlardan. Bizning sarlavha “Oʻzim toʻqiyman, oʻzim oʻqiyman” edi. Yuqoridagi tahrirdan keyin sarlavha deganlari ham oʻz “oyogʻi” bilan kelibdi: “Hamisha el xizmatidamiz”. Ammo mening ham qoʻlim qichidi. Goʻyoki bilmagan kishi boʻlib, “el”ni “pul” qilib oʻzgartirvordim…
Shu joyga kelganda kotibamiz Suxsurxon qoʻngʻiroq qilib, boshliq bilan uladi. “Labbay” deganim hamono u yoqdan “ustoz”ning silliqqina ovozi eshitildi:
– Aytmoqchi, maqola chiqqach, Toʻychijonga bizdan salom, deysiz-da, uka. Kelasi oyning oʻn sakkizida kenjamiz Abdulazizning toʻyi-ya…
Gʻayrat SHERALIYEV
“Yoshlik”, 2016 yil 8-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/hamisha-pul-xizmatidamiz/