“Hajru firogʻingda gulladi anor”

Ibroyim YUSUPOV

 

OSHIQLIKNING OʻZ YOʻLI BOR

 

Oshiqlikning oʻz yoʻli bor,

Suymaganga salom yoʻqdur.

Suluvlikda sening bilan

Bahs boylashar sanam yoʻqdur.

 

Oshiq boqmas oʻz holiga,

Qanot bogʻlar xayoliga,

Mashaqqatsiz visoliga

Yetsam degan taʼmam yoʻqdur.

 

Saharda yigʻlab uygʻondim,

Hijroningda jondan tondim,

Ishqing azobida yondim,

Bedardlarga alam yoʻqdur.

 

Bulbul qoʻmsar gul jamolin,

Sirtim butun, ichda yolqin,

Oshiq Ayozning ahvolin

Xatga solar qalam yoʻqdur.

 

 

GULLAR ANGLAMAS

 

Toʻdadan ayrilgan toʻrala gʻozning

Faryodini oydin koʻllar anglamas.

Gul ishqida kuygan bulbul nolasin

Bahorda ochilgan gullar anglamas.

 

Birovga – ayriliq, birovga – sayron,

Dunyoning ishiga qolarsan hayron,

Suv izlab yugursa yarador jayron,

Oʻzi suvsab yotgan choʻllar anglamas.

 

Qasding borday shuncha qiynab jonimni,

Ayovsiz chertarsan koʻngil torimni.

Mening: “Sen” – deb chekkan ohu zorimni,

Xudoga ming shukur, ellar anglamas.

 

Gul mavsumi oʻtar bahori yozi,

Bemavrid urmagay xazon ayozi.

Oshiq Ayoz: “Sen” – deb bitgan bayozin

Bedard jonlar, nodon dillar anglamas.

 

 

JONON KIRAR TUSHLARIGA

 

Baland togʻlar muzlab yotsa,

Boʻron kirar tushlariga.

Bulbul qushlar mizgʻib yotsa,

Boʻston kirar tushlariga.

 

Ishq-muhabbat tuygʻusida

Boʻydoqlar yor qaygʻusida,

Boʻz yigitlar uyqusida

Jonon kirar tushlariga.

 

Ovchi feʼlin angda koʻrdim,

Ovni togʻda – sangda koʻrdim,

Savdogarni jangda koʻrdim,

“Chervon” kirar tushlariga.

 

Ayriliqning dardin yozdim,

Ishqingda sargʻaydim – ozdim,

Bechora Oshiq Ayozning

Tugʻyon kirar tushlariga.

 

 

ANOR GULLADI

 

Bogʻ sayliga boraylik, kel, sevgilim,

Muhabbat bogʻinda gulladi anor.

Meva tugib boshqa daraxtlar soʻlim,

Boʻy yetgan chogʻinda gulladi anor.

Ochilganda gulga qoʻnadi bulbul,

Gulning chiroyiga bulbul boʻlar qul,

Gulbogʻdan teraylik emin-erkin gul,

Oʻrtangan dogʻingda gulladi anor.

 

Oʻrik gullaganda kelmading, yorim,

Olma gulin bersam, olmading, yorim,

Boshqa meva guli qolmadi, yorim,

Hajru firogʻingda gulladi anor.

 

Tirsillab yorilar anor poʻstlogʻi,

Gʻanimatdir yoshlik – sevgi, ishq bogʻi,

“Yoz oʻtsa, kuz bor” deb, boy berma tagʻi.

Yoz. Chilla chogʻinda gulladi anor.

 

 

OROL

 

Tangrim berdi seni insoniyatga,

Rizq qozoni boʻlib qaynab tursin deb.

Bandalarim yetib orzu-niyatga,

Saodat sohilin oʻngda koʻrsin deb.

 

Qadringga yetmadik, Orol, azizim,

Xoʻrlangan ovozing qalbimda hamon.

“Umiding – yoʻldoshing” derlar, dengizim,

Toʻlarsan orzuing ushalgan zamon.

 

 

ODAM

 

I

Moda mamont hamla qilgan chogʻ

“Ma” deb, qattiq baqirgandi u.

(Bu eng toʻngʻich soʻz edi, nogoh,

Onasini chaqirgandi u).

 

U tosh bilan urdi hayvonni,

Aqlu hiyla jangni qildi hal,

Lek urmadi mamont bolasin,

Bolasin oʻyladi shu mahal…

 

Odam edi bu hayvon tusli.

 

II

Oʻtxonaga tiqqach, bolalar

“Mama” deya, yigʻlashdi chuvlab.

(Bu eng soʻnggi soʻzi ularning).

U dastakni yubordi tovlab,

Vagonetka tisirlab kuchli,

Krematoriyaga shoʻngʻidi…

 

Hayvon edi bu odam tusli.

 

 

IKKI QUVONCH

 

Men otimni boshqa birovga berdim:

Egari, jilovi, qamchisi bilan.

Sen darhol quvonib yugurib kelding,

Koʻzingda shodlik – yosh tomchisi bilan.

 

Sen boyoqish quvonding, zavqlanib, kulib:

“Otsiz qolib, piyoda jazolanding-ay”, deb.

Men boyoqish quvondim: “Piyoda yurib,

Koʻp yaxshi qoʻshiqlar yozaman-ay”, deb.

 

 

XITOY XALQ MAQOLI

 

Dunyoning barcha xalqi oyoqqa turib,

Bir vaqtda yerni tepsa, yer silkinar.

Dunyoning barcha xalqi lunjin toʻldirib,

Puflasa, dovul turib, kun qalqinar.

 

 

“BESh QOʻNOQ”[1]

 

Kelsin, mayli, ertami-kech, tush qoʻnoq,

Qoraqalpoqdan xafa boʻlmas xush qoʻnoq.

Kelsin, mayli, oltov boʻlib, oʻn boʻlib,

Faqatgina kelmasa bas: “Besh qoʻnoq”.

 

 

TOʻRTLIKLAR

 

* * *

Koʻcha toʻla odamlar oʻtgan ekan,

Nigohlarin sen tomon otgan ekan.

Hozir menday, seni oʻylab, toʻlgʻanib,

Yana kimlar uxlamay yotgan ekan?

 

* * *

Bor shumlikni oʻylayversa, ahmoqning

Kuchi yetar aqllini yiqmoqqa.

Chunki, ahmoq jamlab boru yoʻq aqlin

Bagʻishlaydi faqat qiyshiq soʻqmoqqa.

 

* * *

Odam koʻngli – yoʻlda oʻsgan koʻk eman,

Soyasi bor, buloq oqar qoshinda.

Turli tuyoq bilan, turli qoʻl bilan

Bitilgan dastxatlar koʻrinar unda.

 

Qoraqalpoq tilidan Rustam MUSURMON tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

 


[1] “Besh qoʻnoq “ – kuzgi qattiq sovuq.

https://saviya.uz/ijod/nazm/hajru-firogingda-gulladi-anor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x