Post Views:
131
Muqaddima
– Qani dada, «Afg‘on kelini» hikoyangizni boshlang… – der edim, kayfi kelib turgan choqlarda, otamga. Yuz yoshlardan oshib qolgan otam esa ko‘ksini tutgan oppoq soqolini silab «heh-heh» deb kular, po‘stagi tagidan nosqovog‘ini olib nos iskar va boshidan kechirgan uzun qissasini, ipidan-ignasigacha qoldirmay asta hikoya qilib berar edi:
– Bu voqyea boshlangan kezlarda o‘ris hali Toshkantga kelmagan edi. Ammo, el orasida: «O‘ris Oqmasjid shahrini olipdi. Xudoyorxon Oqmasjidni qaytarib olish uchun Shodmonxo‘ja O‘roqni lashkarboshi tayinlab qo‘shin yuboripdi. Shodmon O‘roq o‘ris bilan urushishga yuraksinmay Qo‘qonga qaytib kelibdi. Xudoyor Shodmonni qo‘rqoqlikda ayblab: «Sen xotin ekansan, o‘ris askarlari bilan urushmay qaytibsan», – deb uni boshiga ro‘mol o‘ratib, oldiga charx-dug qo‘yib sharmanda qilibdi…», – degan mish-mishlar duv tarqalib yurar edi. U vaqtlarda shahar hovlimiz Eski Jo‘va mahallasida bo‘lib, Xo‘ja ko‘chasida turar edik.
I
Jo‘va mahallasi
Hech bir narsa dunyoga eski bo‘lib kelmagan, har bir narsa ham avvaliga yangi bo‘ladi, keyin-keyin eskiydi va «eski» sifatini oladi. Shunga o‘xshash bizning hozirgi kundagi Eski jo‘va ham har holda qachonlardir yangi, obod mahalla bo‘lgan, keyin-keyin eskib Eski jo‘va nomini olgan bo‘lsa kerak… Binobarin, biz bundan yuz ellik yil burungi voqyeani tasvirlamoqchi bo‘lganimizdan, «yangi», «eski» sifatlarini qo‘yib, Jo‘va deb yuritsak xato bo‘lmas.
Jo‘va mahallasi Toshkentning shimol qismida chorroh yo‘l ustida joylashgan. Agar o‘rtadagi keng maydon – Registonni markaz deyilsa, undan turli tomonlarga katta-kichik ko‘chalar ketadi. Ko‘cha betlari turli binolar bilan tutash o‘ralgan, ayniqsa Bo‘zsaroyi , Jome’ masjidi, Beglar-begi madrasasi, Xotin masjid va ular oralig‘iga joylashgan turli do‘konlar, choyxonalar, novvoyxonalar, sartaroshxonalar Registonga bir xil ko‘rkamlik, fayz berib turadi. Registonda erta-kech xalq qaynar, do‘konlarda savdo qizir, ayniqsa qish-ro‘za kunlarida kechalar sayilgoh-bozor shabga aylanib, yoz kezlari Janggoh suvi bo‘yida dor o‘yini, maddohlik, masxaraboz-qiziqchilik o‘yinlari ham bo‘lib turar edi.
Bo‘z saroyi doim atrof shahar-viloyatlar, uzoq mamlakatlardan kelgan savdogarlar, yurt kezar darveshlar, maddohlar bilan liq to‘la. Unda: qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, eron, afg‘on, hind, xitoy, uyg‘ur, qoraqalpoq, ozarbayjon, tatar, boshqird kabi millat kishilarini ko‘rish mumkin.
Shu yil bahor erta keldi, yoqimli iliq shabada esib, o‘rik, shaftoli daraxtlari qiyg‘os gullay boshladi.
Darvozasi janubga qaragan Bo‘z saroyining o‘ng tarafiga tirab qurilgan hujradek kichik bir do‘konchada soch, soqol-murtlariga bir-yarim oq oralagan, baland bo‘y, yo‘g‘on gavdali, cho‘ziqqa moyil bug‘doy yuzli, o‘siq qora qosh-ko‘zli qirq yoshlardagi bir kishi ko‘rpacha ustida chordana qurub savdo qilar edi. Do‘kon oldiga tortilgan chizimchalarga qator-qator osilgan rang-barang kalava ipaklar; qora, kulrang jun-tivit iplar va tevarakka kichik-kichik maxsus qopchiqlarda pay urib qator terib qo‘yilgan xushbo‘y ko‘k-pamil choylardan boqqolning nimalar bilan savdo qilishi ko‘rinib turar edi. Kech tushib qolgani uchun ko‘chada odam tovsilgan, baqqollar do‘konlarini berkitish harakatida, ipakfurush boqqol esa ko‘rpachasi tagidagi bugungi savdodan tushgan pullarni sanar, tillo tangasini chaqalardan ajratib cho‘ntagiga solar edi.
– Vaalayk… E, Keling Murotali!
Qodirboy qo‘lidagi pullarini ko‘rpachaga tashlab o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Qo‘l uzatib ko‘rishdi va do‘kon yoniga, yo‘l ustiga qo‘yilgan kursiga o‘tirishga taklif qildi. Fotiha o‘qilib hol-ahvol so‘rashdi:
– Uy-ichilar, o‘zlari salomatmilar?…
– Rahmat! – dedi, siyrak soqol-murtli, uzun qotma bo‘yli, peshonasi chandiq, oq yuzli kishi.
– O‘zlaridan so‘rasak … Tinchmilar? Yangamiz sihat topib qoldilarmi, savdolar durustmi?
– Durust, rahmat, kunimiz bir navi o‘tib turibdi.
Qodirboy ro‘molga o‘rab qo‘yilgan choynakdan choy quyib uzatdi.
– Ko‘rinmay qoldingiz, do‘stim, tinchmisiz?
– Shukur, – dedi Murotali va kuldi. – To‘y boshlab yubordik, sizni xabarlagani keldim…
– E-e-e, muborak, muborak! Qutlug‘ bo‘lsin. Qanday to‘y?
Qodirboy yuzida xursandchilik sezildi. Murotali choy xo‘pladi:
– O‘g‘limiz Muzaffar yigirmaga kiribdi… Uylantirib, shu vazifamizdan ham qutilib qo‘ya qolaylik dedik…
– Juda soz o‘ylabsiz-da. Savobli ish boshlabsiz, uyingizda dastyor ko‘payadi…
Murotali Qodirboy do‘sti farzandsizligini bilgani uchun so‘z ohangining farqiga bordi.
– Ezgulikni kechi yo‘q deydilar. Hali ko‘p to‘y ko‘ramiz, oshnam.
Murotali so‘zni burdi:
– Assalomu alaykum, Qodirboy!
Juma kuni nikoh. O‘zingiz to‘yimizga bosh bo‘lasiz, o‘rtoq. Bizning ham kimimiz bor…
– Albatta, albatta. Nasib qilsa…
– Xayr, endi men boray. To‘yning tahlikasi ko‘p bo‘lar ekan, oshna. Bugun kuni bilan to‘yga xabar qilib horidim. Hali yana qancha ish oldinda.
Qodirboy o‘rnidan qo‘zg‘algan Murotalini to‘xtatib, yonidan besh tillo chiqarib uzatdi:
– Manavi bizdan to‘yona, oshnam. Kam-ko‘stingizga yaratarsiz…
– E-e. Sadag‘ang ketay Qodirboy, siz hamisha meni uyaltirasiz-da. To‘yning kam-ko‘sti bitarmidi. Qo‘ying, oshnam…
Murotali Qodirboyning qo‘lini qaytarmoqchi bo‘ldi. Biroq, do‘stining astoydil ra’yini sezib tillolarni oldi:
– Xayr, biz ham yaxshi kunlaringizga qaytaraylik. Rahmat, oshnam.
Murotali Qodirboyning eski do‘stlaridan biri edi. U bilan bir vaqtlar sarbozlik qilishgan. Qashg‘arga hokim qilib tayinlangan piskentlik YOqubbekni birga kuzatib borishgan. Uzoq Qashg‘ar safarining achchiq-chuchuklarini birga totishgan, qalbi pok, xoksor kishi edi. Murotali asli Qoratosh mahallalik bo‘lib, uch-to‘rt yil burun Qodirboylar yashab turgan ko‘chaning ichkarirog‘idan hovli olib ko‘chib kelgan. O‘zi Ko‘kaldosh madrasasi tagida do‘koncha ochib, egar chopar edi.
II
Qodirboy ko‘cha eshikni ochib, yo‘lakdan kirdi. Qator loy tomli uylar bilan o‘ralgan ichin-tashin hovlilar huvullar edi. Yo‘lak yonidagi otxonada turgan ot egasini sezib asta kishnab qo‘ydi. Qodirboy to‘g‘ri ichkari hovliga o‘tib, ayvonda ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan yoshgina, ozg‘in, rangsiz xotinidan hol so‘radi:
– Qalay? Yaxshimisan, Umri?
– Shukur.
Qodirboy boshqa so‘z aytmay, to‘nini yechib, ayvon qozig‘iga ildi. Otga suv berib, beda soldi. Qo‘lini yuvib, samovar kulini qoqdi. Suv to‘ldirib, olov tashladi va oshxonaga kirib nimadandur xursand bo‘lganday qaytib chiqdi:
– Ovqat pishirib qo‘yibsanmi, Umri?
– Ha, boya oyim kelgan edilar. Qaynatib ketdilar.
Qodirboy tahorat yangilab shom namozini o‘qishga tutindi.
Shunday… Hayot insonlarni hamisha ham tilaganlaricha siylayvermas ekan. To‘ti qush: «Hamma yog‘im to‘kis, oyog‘im pes», deb g‘am chekgandek, Qodirboy ham, yuqoridan bir qadar anglashilgandek, hamma yoqdan but bo‘lsa-da, oila vajhidan qisilgan edi. U uch marta uylandi. Birinchi xotini shaharda tarqalgan vabomi, o‘lat kasalidan hali farzand ko‘rmay vafot etdi. Ikkinchisi tug‘a olmay dunyodan o‘tdi. Mana, uchinchisi kelin bo‘lib kelgandan buyon uzun og‘riq kasal, ikki marta tuqqan bo‘lsa ham bolalari chaqaloqligidayoq nobud bo‘lgan. Qo‘sh-qavat hovlida er-xotin yashaydilar. Otasi hoji Muhammadboy va onasi Farog‘at bibi allaqachon dunyodan o‘tishgan. Akasi Toshmuhammadboy va singlisi Xayriniso bo‘lsa uyli-joyli bo‘lib chiqib ketishgan. Har zamonda bir xabar olsa oladilar, bo‘lmasa o‘zlaridan ortmaydilar.
Namozdan so‘ng Qodirboy dasturxon yozdi, choy damladi va ikki kosa sho‘rva suzib keltirib, kechlikka o‘tirdi.
– Non to‘g‘rab beraymi, Umri?
– Yo‘q, rahmat. Suvidan ichsam bas…
– Ovqatni durustroq yemasang sillang quriyveradi, bu yog‘i bahor… Tabibning dorisini ichyapsanmi?
– Ichyapman… Ha, aytgandek, Murotali oshnangiz, xotini Risolat xola bilan kelib to‘yga aytib ketishdi…
– Xabarim bor, hali Murotali do‘konimga keldi, – deya Qodirboy bo‘ktirilgan nonlarni qo‘li bilan ilib-ilib yeb, parvosiz so‘radi: – Kim bilan qudalashibdi? Bildingmi, hali so‘rashni unutibman…
– Risolat xola kelganida oyim shu yerda edilar. Ular so‘radilar, – dedi Umri bibi va o‘ylanib qoldi. – Oti… oti… Huv, men endi kelin bo‘lib kelgan kezlarimda dorga osib o‘ldirilgan kishi bor edi-ku?
– Dorga osilganlardan ko‘pi bormi, gaping qiziq.
– O‘zi sizning oshnangiz bo‘lgan chog‘i, Tinchob mahallalik, xotini palakdo‘zlik qiladi…
– E-e-e , Egamberdi… O‘shaning qizigami?
– Ha.
– Bo‘lmasa, Murotali yaxshi joydan quda qilibdi. Ota-onasi yaxshi odamlar. Qizi ham aqlli, barno…
Umri bibi kulimsigancha sho‘rva ho‘plab, qoshlarini chimirdi.
– Qizini qayerdan bilasiz?..
– Bilaman-da. Otasi oshnam bo‘lgandan keyin… Uylariga borganimda dasturxon yozgan, choy-non keltirgan, – dedi Qodirboy suyak tozalab. – Bu qiz hozir ham ba’zan-ba’zan do‘konimga paranjida kelib turadi. Ipak xarid qiladi, hol-ahvol so‘rab turaman. Ismi Zuhro…
Erining batafsil javobi yoqmadimi yoki boshqa sababdanmi, Umri bibi qonsiz yuzini chetga o‘girib qo‘lini artdi. Yarim-yorti qolgan kosasini chetga surib, choynakdagi choyni qaytardi va quyib eriga uzatarkan, kulimsiradi:
– Yaxshi odamlar deysiz-u, dorga osishgan…
– Xo‘sh?
– Yaxshini dorga osishadimi?…
Umri bibi rashkchi edi. Qodirboy buni sezdi va yuzaki fikr yuritib tirnoq ostidan kir axtargan xotinidan achchiqlandi. Beixtiyor tozalagan suyagini tashlab xo‘rsindi.
– Qiziq gapirasan. Seningcha, hamma dorga osilganlar yomon, gunohkori azim kishilar bo‘laverar ekan-da!.. Egamberdi nega o‘ldirilganini bilasanmi?!…
– Men qayoqdan bilay.
– Bilmasang, nega yomonlaysan?
Umri bibi indamadi. Chunki, erining zapti tezligini bilar, agar yana bir og‘iz ortiqcha so‘z desa, yonib ketishini tushunar edi… Xotini gap qaytarmay past kelishi Qodirboyni hovuridan tushurdi. U qo‘lini artib, kosalarni chetga olib qo‘ydi va choy xo‘plagancha yostiqqa yonboshladi.
– Biz Murotali, Egamberdi uchov tengqur do‘st bo‘lganmiz. Birgalashib sarbozlik qilishganmiz. Egamberdi juda halol yigit, Rais saroyida choyxonachilik qilar edi, – dedi Qodirboy asta so‘z boshlab. – Bir kun saroyga qayerdandir bir qofila savdogarlar kelib qo‘nadi-da, uch-to‘rt kun turib, o‘z yo‘llariga jo‘nab ketadi. O‘rinlariga besh-o‘n kunlardan keyin yana boshqa savdogarlar kelib qo‘nadi-da, ulardan birisi Egamberdiga: «Bizning hujraga kirib ko‘ring, yomon bir hid kelyapti. Tag‘in biror narsa ko‘milgan bo‘lmasin», deydi. Egamberdi kirsa, darhaqiqat hujrani bir badbo‘y hid tutib ketgan. U yoq-bu yoqni tekshirib, namat-bo‘yra taglarini ko‘tarib, ko‘zi uyning bir burchagidagi tuproQi bo‘shalgan yerga tushadi. Shubhasi ortgan Egamberdi darrov chiqib, saroy xo‘jayiniga sirni aytadi. Ko‘plashib kirib ma’lum yerni ochsalar, qopga solinib, yuzagina ko‘milgan jasad chiqadi…
Qo‘rboshi boshliq bu xabar Azizbekka (Bu voqyea bo‘lgan choqlarda Toshkent hokimi Azizbek edi) yetkazilib, uning buyrug‘i bilan necha-necha odamlar so‘roq-taftish qilinadi. Biroq, taftishlar hech qanday natija bermay, o‘lik ham, o‘ldiruvchi ham kimlar ekanligi aniqlanmaydi. Azizbekka bu muhmal ishning natijasizligi arz qilinadi. Azizbek shu choqda biror narsadan g‘azablanib turgan bo‘ladimi, birorta g‘arazgo‘yning so‘ziga ishonadimi yoki siyosat yuzasidanmi, bahorhol Egamberdining o‘zini qotillikda gumon qilib, dorga ostiradi… Ammo, keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, bechora oshnam noxaq o‘ldirilgan, qotillar butunlay boshqa kimsalar ekan.
Umri bibi yonboshlagan ko‘yi erining hikoyasini anqayib tinglar edi. U ko‘tarilib o‘tirib, eriga yana choy quyib uzatdi va asta so‘radi:
– Kimlar, nima uchun o‘ldirgan ekan?
Qodirboy kamzulining ko‘krak cho‘ntagidan yog‘liq qog‘ozga o‘ralgan tish kavlagichlardan birini qo‘liga oldi va choy xo‘plab davom qildi:
– Egamberdi dorga osilib, oradan uch-to‘rt oy o‘tgandan keyin, bir kun, uch nafar musofir Azizbekka kelib arz qilishadi:
«Janob hokim, bizlar Buxoroi sharifdanmiz. Kasbimiz tujjorlikdur. Har yili Shamay shahriga safar qilib, o‘rislarga ko‘plab qorako‘l, jun, ipak, paxta kabi mollar sotib qaytamiz. Bu yil ham biz to‘rt do‘st savdogar ko‘klam kezi odatimizcha Buxorodan karvon bilan Shamayga safar qildik. Ko‘zlagan yerimizga eson-omon yetib bordik va darhol savdoyi kelishib, birimiz mollarini sotdi. Ammo, uchimizning molimiz sotilmay, to‘xtalib qoldi. Chunki, biz Shamay shahriga yarmanka vaqtidan ancha ilgari borib, o‘risning bizga mijoz bo‘lgan katta ko‘poslari hali ichki O‘risiyadan yetib kelmagan edi. Biz to mijozlar kelguncha o‘ris shaharlarini tomosha qilmoqchi bo‘ldik. Biroq moli sotilib, oldi-berdisi bitgan boyagi sherigimiz Shamayda ortiq qolgisi kelmadi. «Zarur ishlarim bor», deb bizni kutmay, Buxoroga qaytishni jazm etdi. «Birga ketaylik», – deb qilgan iltijolarimizga hech ko‘nmagach, biz uni qaytishiga noiloj rozilik berdik va Chimkent shahriga ketayotgan qozoqlar karvoniga qo‘shib jo‘natdik.
Yarmanka o‘tib ishimiz bitdi. Ma’lum sherigimizdan biror oy chamasi keyin shahrimizga qaytdik. Biroq, Buxoroga yetib kelsak, mazkur sherigimiz hali kelmagan… Biz qarindoshlaridan so‘rasak, qarindoshlari bizdan so‘radilar… Qisqasi, shahrimizga salomat yetib kelishimiz quvonch emas, qayg‘uga aylandi.
Shunday bo‘lsa-da, kelib qolar umidida yana bir muncha vaqt kutdik. Kelmadi. Sekin-sekin qarindosh-yoronlari haqli ravishda bizdan gumonsiray boshladilar… Chunki, biz sherigimizni yo‘lda qoldirib, safar rasmini buzgan edik… Shundan so‘ng biz uchovlon maslahatlashib, o‘zimizni oqlash maqsadida Chimkent shahriga safar qildik. Mashaqqatli izlanishlardan keyin, mazkur qozoq karvonboshisini topdik va undan sherigimizning daragini so‘radik.
– Sherigingiz eson-omon biz bilan Chimkentga yetib kelgan va u bunda qandaydir hamshaharlarini uchratib, ular bilan birgalikda Buxoroga jo‘nab ketgan edi. Men ularni Toshkentga borayotgan karvonga qo‘shib kuzatgan va xotirjam bo‘lgan edim, – dedi u.
– Agar siz o‘sha birga ketgan hamshaharlarni ko‘rsangiz taniysizmi? – deb so‘radik.
– Taniyman. Ular uch kishi edi, – dedi karvonboshi.
Biz qanday yomon ahvolda qolganimizni aytdik.
– Jon birodar, biz bilan birga Buxoroga boring. O‘sha sizga ma’lum kishilarni tanib bering. Bizni gumondan xalos eting. Sizni rozi qilurmiz va salomat qaytishingizga kafil bo‘lurmiz, – deya yolvordik.
Bechora qozoq do‘stimiz rahmi kelib, iltimosimizga rozi bo‘ldi. Birgalashib Buxoroga safar qildi. Biz, yo‘lakay maslahatlashib, ehtiyotdan qozoq do‘stimizni shaharga yashirincha kirishini ma’qul ko‘rdik… Birimiz oldinroq Buxoroga bordik-da, Labihovuz ro‘parasidan bir uy hozirlab, mehmonimizni shunda tushurdik. Uyning ko‘cha tomonidan nazorat uchun maxfiy bir tuynuk-oyna ochib, qozoq do‘stimiz har kun undan kuzatib o‘tiradigan, ma’lum kimsalarni izlaydigan bo‘ldi…
Xullas, kuzatishning bir kuni mehmonimiz oynadan qarab turib, birdan:
– Ana, birisi hovuzdan suv ichayotir, qizil etiklik yosh yigit, – deb qoldi.
Biz asta chiqib yigit ortidan tushdik. U qayerda turishi, kimligini aniqladik. Shu yo‘sin, bir necha kun ichida mazkur kimsalarning uchovini ham bilib, darhaqiqat ular jo‘n odamlar ekaniga ishondik. Bu sirni amirimizga arz qildik. Amir darhol ularni oldirib, zindonga soldi. So‘roq-tergash, shohid-isbot qildi, qiynadi… Nihoyat, azobga bardosh berolmagan qotillarning birisi, pul-dunyo qastida sherigimizni Toshkant shahringizda o‘ldirgan va Rais saroyi musofirxonasi hujralaridan birida qopga solib ko‘mganligiga iqror bo‘ldi. Biz qotillar so‘zini tasdiqlash va chin bo‘lsa jasadni o‘z qo‘limiz bilan tuproqqa qo‘yish maqsadida shahringizga keldik. Amirimiz bu borada bizga yordam ko‘rsatishingizni so‘rab, ushbu nomani siz janoblariga yo‘lladilar…
Qodirboy hikoyasini bitirib, tez-tez choyini icha boshladi. U xufton namozini o‘tash uchun masjidga hozirlanardi. Erini tinglab, tong ajablanib o‘tirgan Umri bibi asta so‘radi:
– Keyin nima bo‘libdi?
– Nima bo‘lardi? Hokim «Odamingizni duoi-takbir qilib falon mozorga qo‘yganmiz», debdi xolos. Musofirlar ham nima qilsin, tilovot-qur’on qilib yurtlariga jo‘nab ketishibdi…
– Hokim-chi, o‘ylamay-netmay ikki orada bir gunohsizni o‘ldirgani uchun pushaymon bo‘lgandir?..
– Be-ye, xotin, qiziq gapni aytasan-a, – Qodirboy ajablanganday xotiniga qaradi. – Nahotki Azizbekni bilmagan bo‘lsang. U pushaymon bo‘lishni biladigan insonmidi? Qip-qizil kallakesar, o‘z akasini ham o‘ldirgan hokim edi-ku…
– Azizbek o‘z akasini o‘ldirganmi?
– Azizbekning akasi ulamo kishi bo‘lgan. Musulmonqul Azizbekni Chust shahriga hokim qilib tayinlagach, haligi akasi unga: «Uka, insofli bo‘l, fuqaroga zulm qilma, Musulmonqulga o‘xshab qonxo‘r bo‘lma!», – deb nasihat qiladi. Azizbek sen mening valiy ne’matimni «qonxo‘r»ga chiqarding deb, akasini o‘ldiradi. Musulmonqul esa bu «sadoqat»ni eshitib Azizbekni yanada qadrlaydi va uni Toshkentga hokim qilib tayinlaydi. Ana undan keyin Azizbekning Toshkentda fuqaroga ko‘rsatgan xilma-xil zulmini o‘zing yosh bo‘lsang ham balki eshitgandirsan. Mal’un, hatto «gunohkor»larni chayon chaqdirib o‘ldirishni ham o‘ylab chiqardi-ya! Chayon yig‘ish maqsadida xalqqa chayon soliQini soldi. Bechora fuqaroning o‘shanda soliqni to‘ldirish uchun eski paxsa devorlarini buzib, yiqitib chayon izlab yurganini ko‘rsang… Hay, esiz-esiz ko‘rgan kunlarimiz!.. Uning oldiga chaqirilgan kishi: «Albatta meni o‘ldirsa kerak» deb, bola-chaqasi bilan xayrlashib, rozi-rizolik tilashib ketar edi-ya!
Qodirboy to‘xtalib birdan nimanidir xotirlaganday bo‘ldi:
–Azizbek bir vaqt mulla Isamuhammad nomli saqichmonlik bir kimsani nimagadir O‘rdaga chaqirtiribdi. Mazkur kishi O‘rdaga borsa ma’lum bo‘liptiki, Azizbek uni emas, boshqa bir Isamuhammad nomli kishini chaqirgan ekan… Mulla Isamuhammad hokim changalidan eson-omon qutilganiga xursand bo‘lib, uyiga qaytib keladi. Biroq, ikki-uch kundan keyin mulla Isamuhammad to‘satdan vafot etadi. Chunki, bechoraning joni o‘sha chaqirilgandayoq ko‘chib qolgan ekan-da… Ana, xotin, shunaqa odamdan pushaymon, tavba-tazarru kutish mumkinmi? Bunaqalarga odam o‘ldirish qo‘y so‘yganday gap. Mana, oxiri nima bo‘ldi? «Zulmi kuchaygan podshohning umri qisqa bo‘ladi», deb mashoyixlar bekorga aytmagan. O‘zi ham yulduz bermay jon berdi-ketdi… Kel, qo‘y, sen mushtipar yolg‘iz zang bosib yotganing uchun ozgina ovutay, deb bu gaplarni aytdim-da, qani endi sekin o‘rningdan tur. Men ayvonni yig‘ishtirib, o‘rningni uyga kiritib berib, masjidga chiqaman. Havoning avzoyi buzuq, yomg‘ir yog‘sa ham ehtimol, bunda sovuq qotasan. Men namozdan chiqib, Murotalining uyiga o‘tib qaytaman…
TUHMAT
Qodirboy Murotali do‘stining uyidan qaytib kelib uxladi. Erta bilan barvaqt uyg‘onib, hayratda qoldi: osmon tiniq, ochiq. Ammo, tom boshida, hovlida tizza barobar qor yotardi. Deraza yaqinidagi bir tup yosh olmaning shoxlari egilib, uy devoriga suyanganday turar edi. Qodirboy beixtiyor attang, deb yubordi. «O‘zi kecha havoning avzoyi buzuq edi-ya. Bu yil ham mevalar ofatga uchrar ekan-da», deb qo‘ydi. U kiyinib hovliga chiqib, qor kechib borib otxonadan kurakni oldi. Uy-ayvon oldilarini kuradi, oshxona va yo‘lak tomonlarga yo‘l ochdi.
Tahorat olib, bomdod namozini o‘tadi.
Samovarga o‘t tashlab, otxona ot oziqlariga ham qaradi va oxiri eshik oldilarini ham kurab qo‘yish uchun ko‘chaga chiqdi.
– Assalomu alayko‘m. Hormang, amaki, – qorkurak qo‘ltiqlagan oqish rangli chiroyli yigit Qodirboyga tavoze’landi.
– Vaalaykum assalom. Ha, mulla Muzaffar. Yo‘l bo‘lsin, azonda, kurak ko‘tarib?..
– Dalaga. Qo‘rg‘on tomlarini kurab kelmasam, bosib qoladi, bu qorda…
– Ukangni ham oldinga olaqolmabsan-da, yolg‘iz o‘zing xilvat dalaga?..
Muzaffar xalacho‘p bilan eshagini xixladi:
– Xavotir bo‘lmang, amaki, dalalarda endi ishlagani chiqqanlar ko‘payib qolgan.
– Xayr, ko‘p xayollama. Bilasana, uyingda ish ko‘pligini, birisi kun to‘y…
Muzaffar Qodirboyga qayrilib beixtiyor kuldi va katta ko‘cha tomon jadallab ketdi.
Qodirboy ko‘cha qorlarini kurab bo‘lib, ayvonga chiqarkan, «Men ham boqqa chiqib uy-ayvonlar qorini kurab kelsam bo‘lardi. Bu qorlar erisa uylar ivib, darhaqiqat, tomlar tappa tashlab yuboradi», degan fikrni ko‘nglidan kechirdi. Yana: «Zoraki, akamning bolalari bizning tomni ham kurab qaytsa. Bu yoqda Afg‘on savdogorlari bilan oldi-berdini bugun-erta tugatish kerak. Ular yurtlariga ketish harakatida”, – deb qo‘shib qo‘ydi.
Qodirboy choy hozirlab, Umri bibi bilan nonushta qilib bo‘lgach, asta Jo‘vaga do‘kon ochkani jo‘nadi. U shu kunlarda juda ezilgan edi. Yolg‘iz uy, xotiniga qarovchi yo‘q, bahor kelib bog‘ ishlari qaynagan vaqt, bu yoqda do‘kon savdosi. Xullas, to‘qqiz to‘lg‘oq baravar kelgan vaqt… Yo‘lakay shu tashvishlarni o‘ylab borib do‘konini ocharkan, kimningdir shijoat bilan so‘zlaganini eshitib, orqasiga qaradi. Ko‘chaning narigi betidagi Ashir bazzozning do‘koni oldida ancha odam yog‘ilgan. O‘rtada uch-to‘rt nafar otliq yigitlar bilan shahar qo‘rboshisi Salohiddinbek ham ko‘rinar edi. Qodirboy qiziqib bir o‘tkinchidan so‘radi :
– Nima gap u yerda?
– Ashir boyvachchaning do‘koniga o‘g‘ri tushibdi…
– O‘g‘ri!.. Ushlashibdimi?..
– Yo‘q.
Qodirboy ajablandi. Chunki, bunday hodisa juda siyrak sodir bo‘lar edi. Do‘konini ochar yerda yana qaytib yopib, sekin to‘daga yaqinlashib bordi va yiroqdan Ashirning do‘koniga nazar soldi. Darhaqiqat, do‘kon sahobalar uyidek shib-shiydon, faqat u yer-bu yerda bitta-yarimta shohi matolar to‘kilib yotar edi. Do‘kon oldida esa beliga qilich taqib, qo‘lida qamchi o‘ynayotgan qo‘rboshi yoshgina bir mullavachchani so‘roq qilardi, Ashir bo‘lsa ular oldida ma’yus bosh egib turar edi.
– Xo‘sh, xo‘sh, ayt-chi? – der edi qo‘rboshi.
– Men kecha kechqurun bir o‘rtog‘imnikiga mehmon bo‘lib borgan edim, unda uzoq so‘zlashib o‘tirdim va sahar choqlarida xayrlashib ko‘chaga chiqdim. Ko‘chada hech kim yo‘q, gupillatib qor yog‘moqda edi. Kela turib, qop orqalab bir uyga kirib ketayotgan ikki kishiga yiroqdan ko‘zim tushdi. Tag‘in bilmadim, ularmi, boshqami…
– Qaysi ko‘chada?!
– Manavi ko‘chada, – dedi mullavachcha, Qodirboylar ko‘chasiga ishora qilib.
– Qaysi eshikka kirganlarini bilasanmi?
– Bilaman.
– Qani boshla, – dedi qo‘rboshi. Mullavachchani oldiga olib Qodirboylar ko‘chasi tomon yurdi. Xaloyiq gurillab qo‘zg‘aldi. Qodirboy qarab turdi-da, negadir ko‘ngli g‘ash tortib, ular ketidan asta bordi. Borarkan, o‘g‘rining kimligini o‘ylab, turli mulohazalarni ko‘nglidan kechirdi. Olomonni boshlab borayotgan mullavachchaning qayerlik ekanligini bilmasa ham,
Beglar-begi madrasasida yotib o‘qishini va shu ko‘chaga qatnab yurishini bilar, shu sababli uning so‘zi haqiqat bo‘lib chiqsa ehtimol», deb o‘ylar edi. Mullavachcha Qodirboyning eshigidan o‘tib, ancha ichkariga yurdi va to‘g‘ri borib Murotali eshigida to‘xtadi.
– Mana shu eshik…
Qodirboyning rangi birdan quv o‘chib, qaltirab ketdi, tanasi sovqotib, muzdak ter sezdi. «Nahotki u?!» dedi o‘ziga.
Murotalining eshigi lang ochiq edi. O‘sha kuni peshinda to‘y yuboriladigan bo‘lgani uchun ichkarida besh-o‘nta urug‘-aymoqlarining uymalashgani ko‘rinadi. Murotalining o‘zi bo‘lsa to‘nining ikki barini belbog‘iga qistirib olib, bolalarga bosh bo‘lib, tomlardan tor hovlisiga kurab tushirilgan qor uyumlarini zambillab jarlikka chiqarib tashlamoqda edi. U eshigi oldida to‘xtagan olomonni ko‘rib xayron bo‘ldi. Zambilni yerga qo‘yib, qo‘rboshiga qulluq qildi. Qo‘rboshi salomiga javob ham qilmadi. Yigitlaridan birini eshik oldida qoldirib, ichkariga kirdi. Xotinlarni yashirinishga buyurib, yigitlari bilan bir chekkadan uylarni tintishga boshladi.
Ko‘chada yig‘ilgan tomoshabin xalq ish qanday tugashini kutardi. Qodirboy bo‘lsa tashqari hovlida bu tashrifdan qo‘rqib dag‘-dag‘ titragan Murotali do‘stiga: «Xafa bo‘lmang, o‘zingizni tuting, biron tushunmovchilik bo‘lgan-da», deb tasalli berib turardi. Qaysi uydandir bir ayolning uvvos solib yig‘lagan ovozi eshitildi…
Nihoyat, qo‘rboshi uylarni behuda axtara-axtara xafsalasi pir bo‘ldi shekilli, qamchisini buklab Murotali oldiga keldi. Endi undan nimanidir so‘ramoqchi bo‘lib turgan ham ediki, yo‘lakdagi somonxonani axtarayotgan yigit birdan qo‘rboshini chaqirib qoldi:
– Topildi! Mana bu yoqda ekan, taqsir!..
Bu gap Qodirboyni boshiga go‘yo bolta muxasi tushganday esankiratdi. Murotali sho‘rlik bo‘lsa, hamon hech narsaga tushunmay, ovsar kishidak to‘rt tomonga anqayar edi. Qo‘rboshi shoshib somonxonaga ketdi. Boshqalar ham uning ortidan oldinma ketin borishdi.
Qo‘rboshi somonxonaga kirganida, yigit chilvir bilan og‘zi bog‘langan bir qopni somon tagidan tortib olmoqda edi… Qodirboy qopni ko‘rib hayratga keldi, ko‘ruvchi ko‘zlariga ishonmaganday bo‘ldi. Qo‘rboshi borib yigitga yordam berdi. Qopni tortib olishdi va og‘zini ochdilar. Qop ipaklik gazlamalarga liq to‘la, tappa-taxt Ashir boyvachcha do‘konidagi mollar edi.
Salohiddin qo‘rboshi qopni qayta boQlashga buyurub, Murotaliga: «Qo‘lga tushdingmi?» – deganday kinoyali qarash qildi. Masalaga endi tushunib yetgan Murotali bechoraning rangi to‘satdan oqarib, peshonasidan duv ter quya boshladi.
– Yo‘q! Bu tuhmat! – dedi Murotali tovushini boricha xayqirib va birdan xo‘ngrab yig‘lab yubordi.
– O‘g‘rilikni qilishga qilib, tag‘in baland kelasanmi, muttaham?! – dedi qo‘rboshi. Uning katta ko‘zlari yanada olayib, go‘yo kosasidan chiqayozdi, havoda aylangan qamchisi
Murotalining boshiga sharaqlab tushdi…
Qamchi zarbidan esankiragan Murotali:
– Yo, Olloh, yo Olloh! – dedi-da, yerga o‘tirib oldi. Yuzini kaftlariga qo‘yib, xuddi o‘limga chog‘langan kishiday kalima ayta boshladi… Hovli tomondan uvvos solib yig‘lagan ayol va bolalar ovozi eshitildi…
Bir lahzada ro‘y bergan bu foje’ hodisa Qodirboyni juda shoshirib qo‘ydi. Uni bir jihatdan oshnasining ayanch ahvoli, el oldida barbod bo‘layotgan nomusi dahshatga solsa, ikkinchi yoqdan: «Nahotki, Murotali yoki Muzaffarlarning shunaqa «hunar»lari bor bo‘lsa-a?» – degan shubha o‘ylatar edi. Biroq, u o‘z shubhasiga sira ishonmas, orada qandaydir bir g‘araz borligini sezar edi. Qanday bo‘lmasin hozir gunoh guvoh-isbotlar bilan Murotalining bo‘yniga qo‘yilgandi, uni himoya qilish og‘ir va hatto xavfli edi. Qodirboy do‘sti yonida quruq tomoshabin bo‘lib turishni ep ko‘rmay, ko‘ziga yosh olib indamay ko‘chaga chiqib ketdi.
Ko‘chada ang‘-tang‘ bo‘lib turgan xalq Qodirboy ichkaridan chiqishi bilan: «Nima gap? Tinchlikmi? Somonxonadan topildimi?» – deb so‘roqqa tuta ketishdi. Qodirboy mujmal bosh qimirlatib olomon orqasiga shoshildi. Ko‘p o‘tmay ko‘chani jimlik bosib, eshikdan sarboz yigitlar, bir ko‘zini qiyiq bilan bog‘lab qop orqalagan Murotali va keyinda mag‘rur qadam bosib qo‘rboshi chiqdilar-da, Jo‘va tomon yurdilar.
Qodirboy olomon ketida bo‘shashib ma’yus borar edi. «Endi nima qilsam ekan? Murotalini qo‘rboshi changalidan qanday qutqarsam ekan?» – degan yuz xil fikrlar bir zum tinchlik bermas edi. Ammo boshiga hech bir durust fikr kelmas edi.
– Murotali aka bunaqa odam emas edi. O‘g‘lining to‘yi kunisi o‘g‘rilik qilib, o‘lipti-da, – dedi kimdir jimlikni buzib.
– Xarajatga qiynalib qolgan bo‘lsa, ajab emas.
– Menimcha, bu ishni o‘g‘li qilgan bo‘lsa kerak.
– Ehtimol… Lekin Muzaffar ham unday yigitlardan emas.
– Bo‘lmasa, shuncha molni somonxonasiga kim kelib yashiradi, jinmi?!
– Qani, olib borsinlar-chi, bek pochchamiz haqiqat qilar.
– Haqiqat… Haqiqat qayerda bo‘ladi? Dorga osadi, qo‘lini kesadi, sazoyi qiladi.
Ana, haqiqat!..
Olomonning biri olib, biri qo‘yib aytgan bu so‘zlar Qodirboy yuragini battarroq uvushtirib yubordi. Nahotki, bechorani haqiqat qilmay-netmay ossalar, kessalar?..
Jo‘vaga chiqgach, qo‘rboshi otiga minib buyruq berdi:
– Qopdagi molni egasiga topshiringlar. Gunohkorni O‘rdaga olib boringlar. Men oldinroq borib bekka arz qilib turaman, – dedi u va yoniga ikki yigitini olib Xadraga tomon yelib ketdi.
Qodirboy ko‘cha boshida o‘ylanib to‘xtadi. «Endi-ku, bo‘lar ish bo‘ldi, Murotali xaqmi-noxaqmi biron jazo oladi. Uning ortidan quruq tomoshabin bo‘lib yurishdan foyda yo‘q. Masalaning ikkinchi nozik tomonini o‘ylash kerak. Bordi-ku, Murotali hokim oldida soddalik qilib yoki shoshib qolib, gunohni o‘Qlining bo‘yniga qo‘yib qo‘ysa bormi, ish juda xunuk tugashi, gunohsiz yigitning hayoti barbod bo‘lishi mumkin». Qodirboy fursatni boy bermay, Muzaffarni topmog‘i va ish bartaraf bo‘lguncha uni ko‘zdan qochirib turmog‘i zarur edi.
U uyiga burildi. Naridan-beri xotinidan xabar olgan bo‘ldi-da, og‘ilxonaga o‘tib otni egarladi. Xurjin ko‘ziga uch-to‘rtta non solib, qorkurakni qo‘ltiqqa oldi. Otga minib yo‘lga tushdi. Jangoh suvidan o‘tib Xadraga, undan Qalandarxona orqali Chorsuga tushib, to‘g‘ri Beshog‘och darvozasiga yo‘l oldi. Chunki, Muzaffarlar dalasi Chilonzor mavzeida edi. Qodirboy yo‘lni tiklab borib, Muzaffar qarshisidan to‘sib chiqmoqchi edi.
Quyosh musaffo havoda jim-jim tovlanib yer yuzini qizitmoqqa, qor qatlamini asta eritmoqqa boshlagan edi. Tom bo‘g‘otlardan osilib turgan qator sariq sumalaklar ko‘chaga bir xil tus berib, issiqdan chirt-chirt uzilar, yo‘laklarga tushar edi. Otliq yoki yayov borayotgan yo‘lovchilar esa, mavridsizroq tushgan qordan zorlanib bir-birlariga shikoyatlanishar edi.
– Avji mevalar gullaganda qor tushib, bola-chaqaning rizqini qiydi-da…
– Shukur qilish kerak. Hali bunisi xolva, – der edi eshakli uzun soqol qo‘ygan keksa yo‘lovchi, yoshroq hamrohiga. – Bobomiz rahmatli qish chillasida tariq pishganini, yoz chillasida muzlagan Chirchiq daryosidan aravada o‘tganlarini hikoya qilar edilar… Ob-havo shunaqa qarorsiz bo‘ladi, zo‘rlanish yaramaydi…
Qodirboyning qulog‘i yo‘lovchilarning so‘zida, ko‘zi Muzaffarning yo‘lida bo‘lib borsa ham, xayoli boshqa andishalar bilan band edi: Muzaffarni uchratsa nima deyishini, bechoraning qay ahvolga tushishini tasavvur qilar edi. Haqiqatdan ham erta-indin uylanaman, deb yuragi shopirinib turgan yosh yigitga kutilmagan bu shum xabarni eshitish juda og‘ir edi. Ammo uni uchrata olmasa oqibati undan-da og‘ir bo‘lishi mumkin edi. Chunki, Toshkent hokimi Qushdodhoh, boya olomonda aytilgandek, qattiqqo‘l – gunohkorni ortiqcha tekshirib, haqiqat qilib o‘tirmay, xohlagan buyrug‘ini beraverar edi…
Qodirboy Qo‘shmozor, Chaqar, Guliston, Badalboy mahallalaridan o‘tib, Beshog‘och darvozasiga yetdi. Biroq, Muzaffar hamon ko‘rinmas edi. «Balki, u Qoratosh ko‘chasi bilan qaytdimikan-a?..» deb xavotirlana boshladi.
Janubga qaratib qurilgan Beshog‘och darbozasi lang ochiq. Qor tushib dala ishlari to‘xtagani uchun qatnovchilar oz edi. Uzun guppasi ustidan kalitlarini beliga bog‘lab olgan darvozabon hujrasi yoniga cho‘nqayib oftobda kim bilandir so‘zlashib o‘tirar edi. Qodirboy ko‘prikdan o‘tib, darvozabon bilan omonlashdi-da, shahar tashqarisiga chiqdi.
U vaqtlarda Beshog‘och darvozasining sirt yon-yerlari jar-jilg‘a tepalik yerlar bo‘lib, bog‘ot joylar ancha nari, Badalsoydan o‘tgandan so‘ng boshlanar edi. Tevarakni bosib yotgan qor quyoshda jimirlab tovlanib ko‘z nurini olar, onda-sonda shoxlari egilib turgan daraxtlar go‘yo ta’zim etganday ko‘rinar edilar. Bora-bora Qodirboy ko‘zlari qor uvalariga qarashdan toliy boshladi, otni yo‘lga qo‘yib ko‘zlarini kaftlari bilan to‘sdi…
– Qodir amaki, yo‘l bo‘lsin, buyoqqa?!.
Qodirboy ko‘zlarini ochdi. To‘nining bir uchini yelkasiga olib ushlagan Muzaffar kurak qo‘ltiqlab, Badalsoydan chiqib kelar edi. Qodirboy otni to‘xtatdi. Muzaffar ham asta kelib to‘xtadi va savol nazari bilan qaradi. Qodirboy orqadan keluvchi bir yo‘lovchining o‘tib ketishini kutib jim qoldi. Keyin:
– Seni izlab kelyapman, – dedi.
– Xo‘sh?
– Bizning boqqa ikkov borib kelamiz.
– Nega?
– Zarur yumush chiqib qoldi. Tom kuraymiz, ko‘maklashasan.
Muzaffar bu muhmal taklifdan ajablandi va ikkilandi:
– Kechiksam, dadam koyimasmikinlar? Uyimizda to‘y…
– Koyimaydi. Dadangdan izm oldim. Yur.
Muzaffar qobil yigit edi, indamay yo‘lga tushdi. Bir oz orqaga qaytishdi-da, shaharga kirmay so‘l tomondagi Charx ko‘chasiga burildilar va Komolon darvozasiga qarab yurdilar.
Charx ko‘cha bog‘ot yerlar, tip-tinch, kimsasiz huvullar, faqat chumchuqlar chirillashi, allaqaysi bog‘dan kimningdir qirt-qirt tom kuraganigina eshitilar edi. Havo ham endi ancha ilib, qorlar erimoqqa, yerlar shilip-shilip loy bo‘lmoqqa boshlagan edi. Qodirboy ko‘ngilsiz xabarni ko‘chada ochmaslikka qaror bergani uchun so‘zsiz, o‘ychan borar edi. Ular Xo‘ja alambardor qabristoni yonidan Komolon darvazasiga chiqib yana shaharga kirishdi va Qo‘rg‘on tagi bilan Samarqand darvozasi – Qodirboylar bog‘iga tomon burilishdi.
Muzaffar Qodirboyni o‘z otasidek hurmat qilar edi. Uning yolg‘izligini bildirmaslik uchun bo‘sh choqlarida doim uy va bog‘ ishlariga qarashardi. U orqadan borarkan, bir narsadan bad oldimi yoki to‘g‘riliqchami, bahorhol, Samarqand darvazasiga yetganda dedi:
– Qodir amaki, agar bog‘da tom kurashdan boshqa yumushingiz bo‘lmasa, siz shaharga ketavering. O‘zim bajarib boraman…
Qodirboy go‘yo Muzaffar so‘zini eshitmaganday yo‘lda jim davom etdi.
Qor kecha-kecha boqqa yetib kelishdi. Qodirboy ichkariga kirib otni bog‘larkan, Muzaffar darrov to‘nini yechib tomga chiqish harakatiga tushdi.
– To‘xta, Muzaffar, – dedi Qodirboy. – Ozgina gaplashib olaylik, keyin kurayverasan.
Muzaffar ajablanib to‘xtadi:
– Qanday gap?
Qodirboy ko‘cha eshikni beklab, ot ustidagi xurjunini ayvon labiga to‘shadi.
Yonma-yon o‘tirishdi.
– Ayt-chi, Muzaffar, – dedi Qodirboy, oldin uni bir sinab ko‘rmoqchi bo‘lib. – Shu kechasi nima ishlar qilding?
– Nima ish qilardim?.. – dedi Muzaffar hayron bo‘lib – Sizni kuzatgach, yotib uxladim.
– To‘g‘risini ayt, bola?
– Aytdim-ku, tinchlikmi o‘zi, amaki?
– Ashir bazzozning do‘konini kim o‘g‘irladi?! – To‘satdan unga dag‘dag‘a qildi Qodir boy va pichog‘ini shartta qinidan sug‘urdi: – Agar rostini aytmasang?…
Muzaffar kutilmagan bu dahshatdan tong ajabda qoldi. Tusi o‘zgarib, ko‘zlari olalandi.
– Nimalar deyapsiz, amaki? – U yelkasini qisdi. – Azbaroyi xudo, bunday ishlardan xabarim yo‘q. Qasam ichaymi? So‘zlang tezroq!
Qodirboy tikilib qaradi va bu ishda uning qo‘li yo‘qligiga ishondi. Pichog‘ini qiniga solib, avval uni tinchlatish uchun picha nasihat qilgan bo‘ldi-da, birin-birin voqyeani so‘zlay boshladi.
Bechora yigit tinglarkan, qay ahvolga tushganini aytish og‘ir edi. U so‘zni anqayib tinglab bordi, voqyea ma’lum o‘rniga yetganda chidolmay lablarini tishlab-tishlab qonatib va boshlariga mushtlab-mushtlab yig‘lay boshladi. Qodirboy so‘zini tugatdi. Muzaffar to‘satdan yig‘idan to‘xtab uzun uf tortdi-da, ko‘zini bir nuqtaga qo‘yib, ancha vaqt jim qoldi. So‘ng birdan o‘rnidan turib to‘nini kiya boshladi.
– Xo‘sh, yo‘l bo‘lsin?
– Shaharga
– Nima qilmoqchisan?
– Borib hokimga arz qilmoqchiman.
– Nima deb?
– Bu bizga tuhmat, haqiqat qiling deyman.
– Haqiqat qilish uchun, hokim sendan guvoh-isbot talab qilsa-chi?
– Guvoh-isbot yo‘q deyman.
– Gumondoring bormi desa-chi?
– Gumondorim ham yo‘q deyman.
– U holda hokim sening quruq so‘zingga ishonadimi?
– Ishonadimi, yo‘qmi, har holda, bo‘htonga bo‘yin egkandan kirib arz qilgan ma’qul-da, amaki.
– Arz qilganing-ku ma’qul… – Ammo hokim oldidan omon-eson chiqishni ham o‘ylab ko‘r-da, bolam…
– Nega chiqmas ekanman?
– Yoshsan… Negaki, da’voingni isbot qila olmadingmi, demak, o‘g‘riliqni bo‘yningga olgan hisoblanasan va hatto ehtimol jazoga otangdan ko‘ra ko‘proq sen uchraysan. Chunki, otang ulg‘ayib, o‘zini tutgan kishi, hokim ham, boshqalar ham undan ko‘proq gumon qilmaslar. Ammo, sen-yigit, yo‘ldan ozib bu ishni qilgan bo‘lishing mumkin. Ayniqsa, erta-indin uylanmoqchisan…
– Uylanishning bunga nima daxli bor?
– Daxli shundaki, birov to‘y xarajatiga qiynalgan bo‘lsalar, o‘g‘li o‘g‘irlagandir, deb o‘ylashi, ikkinchi birovi esa, adovat-rashk yuzasidan to‘yni buzish uchun bu ishni qilgan bo‘lishi va binobarin, aybni faqat sengagina yuklashga urunishi mumkin…
Muzaffar masalaning nozik tomonlarini tushunib yetib, serraygancha uzoq o‘ylanib qoldi.
– Mayli, aybni menga yuklasinlar. Borib, otamni xalos qilaman, – dedi u va eshik tomonga yo‘l oldi.
– To‘xta, oshiqma, – dedi Qodirboy keskin va o‘rnidan turdi. – Sen shunda qol. Men avval shaharga tushib azmoyish olay, ishning oxirini bilay. Shunga qarab borish-bormasligingni maslahati chiqar. Men kechgacha kelaman.
Muzaffar bosh chayqadi.
– Yo‘q… Bo‘lmas, amaki. Agar hozir bormasam, qo‘rqib qochgan, aybni bo‘ynimga olgan bo‘lib chiqaman…
Qodirboy Muzaffarni tinchitdi.
– Bu yog‘idan xotirjam bo‘l, o‘g‘lim. Hokim xuzuriga borish zarurati bo‘lsa, ertaga ertalab borsang ham bo‘laveradi. «Kecha qarindoshlarni to‘yga xabarlagani qishloqqa ketib edim, tunab qaytdim deysan, vassalom, – dedi Qodirboy va qo‘shib qo‘ydi: – Kim bilsin, balki seni so‘ramaslar, izlamaslar ham…
Muzaffar ko‘zi jiqqa yosh, maslahatga chor-nochor ko‘ngandak bo‘ldi. Qodirboy xurjunidagi nonlarni olib ayvon labiga qo‘ydi.
– Olam xadis, mabodo bugun kela olmasam, shiypon tagiga yig‘ib qo‘yilgan xazonlar orasiga kirib, bir amallab tunaysan, – dedi Qodirboy va shitob bilan shaharga jo‘nadi.
Toshkent shahri ma’muriy jihatdan Beshog‘och, Ko‘kcha, Sebzor va Shayxavantohur dahalariga bo‘lingan. Tevaragi gir aylantirib sakkiz gaz yuksaklikdagi, qalin, bemalol ustida odam yuradigan paxsa devor bilan qo‘rg‘on qilib o‘ralgan edi. Qo‘rg‘onning odim-odim yerlariga bahaybat-bahaybat o‘n ikkita darvoza qurilgan va bular: Qo‘qon, Qashg‘ar, Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sakbon, Chig‘atoy, Ko‘kcha, Samarqand, Komolon, Beshog‘och, Qaymos darvozalari deb atalar edi. Hokim o‘rdasi esa Qaymos va Qo‘qon darvozalari yaqinida joylashgan edi.
O‘rda tevaragi keksa tol, qayrag‘och va boshqa anvoyi meva daraxtlar bilan ko‘rkam, uzun-uzun yo‘laklarga g‘isht va xarsanglar yotqizilgan edi. Janubga qaratib qurilgan murabba’ o‘rdaning old qismi taxminan ikki yuz gaz kenglikda bo‘lib, o‘rtasida ravoq shaklida o‘yib ishlangan besh gaz qadli qo‘sh tavaqa darvoza, ikki burchagida esa o‘n-o‘n ikki gaz bo‘yli minoralar qad ko‘tarib turar edi. Minora, darvoza yonlari va peshtoqlarga ishlangan siyrak, sodda, tussiz koshinlarni hisobga olmaganda o‘rdaning tashqi ko‘rinishi husnsiz, bir qarashdayoq eskirganligi sezilib turar edi.
Qodirboy shaharga qaytib kirib Samarqand darvoza ko‘chasi, Chorsu orqali yana Qalandarxonaga yuzlandi. Vaqt peshinga yaqinlashgan edi. Hamma o‘z ish-tirikchiligi bilan ovora, go‘yo ko‘chalar tinganday, hech bir voqyea ro‘y bermaganday ko‘rinar edi. Qodirboy Qalandarxonaga yaqinlashib qayoqqa yursam ekan, deb o‘ylanib to‘xtadi. Chunki, agar Murotali oshnasi so‘roq va hukmga hokim o‘rdasiga olib ketilgan bo‘lsa, u to‘g‘riga, ya’ni Shayxavantahur mozori yoni bilan Qashqar darvozasi tomonga yurishi kerak edi.
SO‘NGGI SO‘Z O‘RNIDA
Yangi yozayotgan «37-xonadon» kitobimga ma’lumot izlab, dadamning arxivlarini ko‘zdan kechirishga to‘g‘ri keldi. Ittifoqo, qo‘lyozmalari ichidan «Eski Toshkantda» (tarixiy qissa) asarlari chiqib qoldi. Qissani o‘qib chiqib dadamning: «Toshkant haqida bir narsa yozish niyatim bor. Bitsa, yozganlarimning eng zo‘ri bo‘lsa kerak», degan gaplari yodimga tushdi. Shunisi achinarli ediki, qissa tuganlanmay eng qiziq joyda to‘xtab qolgan. Qo‘lyozma dastlab 1964 yilda yozilgan bo‘lib, keyinchalik qayta ishlangan, yangitdan kengaytirilgan holda qog‘ozga qo‘lda ko‘chirilgan ekan. Qissada bundan ikki yuz yillar ilgari Toshkentda sodir bo‘lgan voqyealar tasvirlangan. E’tiborni tortadigan, arxivda yana bir necha varaqlarda o‘sha davrdagi xonlar, beklar va Toshkentning ruslar tomonidan ishg‘ol qilinishi haqida alohida qisqacha ma’lumotlar ham uchraydi…
Menimcha dadam «Otam haqida» kitoblarini yozishga berilib ketib, mazkur qissalarini tugatishga ulgurmay qolgan bo‘lsalar kerak. Buvamiz haqidagi «So‘ngi xotira»larini yozib bo‘lganlarida esa, kasallanib umrlari poyoniga yetgan edi.
Biz dadamiz qalamiga mansub ushbu qissani shundayligicha siz, aziz jurnalxonlar hukmiga havola etishni lozim topdik. Qissadagi o‘ziga xos badiiy ruh, garchi u tugallanmay qolgan esa-da, dilingizda yorug‘ bir zavq, ezgin bir kayfiyat uyg‘otadi, degan umiddamiz.
Sherkon Qodiriy
https://shosh.uz/uz/habibullo-qodiriy-eski-toshkantda-qissa-2/