Zokirjon Holmuhammad oʻgʻli Habibiy mumtoz sheʼriyatimizning eng yaxshi anʼanalarini davom ettirgan va rivojlantirgan shoirdir. U oʻz gʻazallari bilan xalqimizning umid va intilishlarini, ruhiy kamolotini ifodalab keldi.
Habibiy 1890 yili Andijon viloyatining Paxtaobod tumaniga qarashli Qoʻqon qishlogʻidagi Soy mahallasida dehqon oilasida tugʻildi. U eski maktabda, Andijon va Qoʻqon madrasalarida taʼlim oldi. Lutfiy, Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat va Zavqiy gʻazallarini mutolaa qildi, ularga ergashib sheʼrlar yozdi, Sharq adabiyoti anʼanalarini davom ettirish yoʻlidan bordi.
“Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi fasohatu balogʻat, Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostonida mubolagʻa ustidagi joʻshqin mahorati oʻqigan sayin muhabbatimni oʻziga tortib, meni maftun qilar edi, – deb yozadi Habibiy “Tarjimai hol”ida. – Bora-bora yigirma yoshlarimda sheʼr yozishga kirishdim. Adabiyotda koʻp uchraydigan arab, fors, turkiy soʻzlarni, yaʼni lugʻatlarni kuchim yetganicha oʻrganib, aruz vaznining turli bahrlarini bilish uchun diqqat bilan koʻp oʻqidim, yozdim. Qanday yozgan boʻlsam, shu qishloqda birga dars oʻqishgan yetuk shoir, olim doʻstim Muhammadxon (taxallusi Mahjuriy) va yana bir oʻrta yoshlik peshqadam, joduzabon shoir Zokir qori (taxallusi Zokiriy), yana Andijonda adabiyotchi oʻrtoqlardan shoir Sayfiy, Ulfatiy, Anisiy va boshqa sheʼrshunos qadrdonlarning samimiy muhokamalariga havola qilar edim”.
1919 yilda Habibiy Andijonning Boʻtaqora qishlogʻida yashab, dehqonchilik bilan shugʻullangan. 20-yillarda xalq qoʻshiqlari uslubida koʻplab sheʼrlar yaratdi. Shoir ijodida ona Vatan va xalqimiz hayoti, kurashi va intilishlari haqidagi sheʼrlar yetakchi oʻrinni ishgʻol etadi.
Ey, hur Vatanim, toza tanu jon ila sevdim,
Jon ila tanu pokiza vijdon ila sevdim.
Sobir Abdulla, Charxiy, Chustiy kabi gʻazalnavis shoirlarga hamovoz boʻldi. Shu gʻoya uning “Oʻlkam”, “Farhod qoʻshigʻi”, “Muborak yosh”, “Inson aziz”, “Ulugʻ burch”, “Chevarlar”, “Muddao bilan” kabi sheʼrlarida oʻz maromiga yetkazildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida shoir qalamini nayzaga aylantirdi. Bu davrdagi gʻazallari orasida “Jangchi yigit qoʻshigʻi”, “Boladan ota-onaga xat”, “Onadan bolaga xat” kabi gʻazallari, ayniqsa, xarakterlidir.
Habibiy 1939 yili Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi.
1946 yilgacha Yangiyoʻl musiqali drama va komediya teatrida adabiy emakdosh vazifasida ishladi. 1949 yili shoirning ikki toʻplami nashr etildi. “Mehnat qoʻshiqlari” va “Yangi yallalar” deb atalgan bu majmualardan turli yillarda yozgan gʻazallari, muxammas va murabbaʼlari oʻrin olgan. Bular ortidan “Koʻngil taronalari” (1957), “Zamon Farhodlari” (1959), “Tanlangan asarlar” (1960 va yana 1967 yilda Sobir Abdulla soʻzboshisi bilan “Tanlangan asarlar” majmuasi), “Sheʼrlar” (1963), “Habibiy” (1965), “Gulzorim goʻzal” (1965), “Devon” (1971-birinchi nashri, 1975-ikkinchi nashri), “Navroʻzi olam” toʻplamlari gʻazalxonlarga taqdim etildi.
Habibiy 1974 yili 85 yoshga toʻlishi munosabati bilan “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlangan.
U oʻzbek sheʼriyati gʻazal va qoʻshiqchilik bobida oʻziga xos maktab yaratgan, aruz vaznidan muvaffaqiyatli foydalangan katta isteʼdod sohibidir.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/habibiy-1890-1982/