Habib Siddiq (Habibjon Siddiqov) 1953 yil 12 aprelda Andijon viloyati, Andijon tumanidagi Boʻtaqora qishlogʻida tugʻildi.
Andijon paxtachilik instituti Gidromelioratsiya fakultetida tahsil oldi (1971–1976). Mehnat faoliyatini 1976 yilda Andijon paxtachilik (hozirgi Andijon qishloq xoʻjalik instituti)da boshlab, assistent, katta oʻqituvchi, dotsent, dekani oʻrinbosari, Maʼnaviyat targʻibot markazi boshligʻi, maʼnaviyat va maʼrifat masalalari boʻyicha prorektor lavozimlarida xizmat qildi. Hozirda “Qishloq oqshomi” maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy ommabop gazeta muxarriri. Qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi, dotsent.
Habib Siddiq ning “Kar quloqqa tanbur” nomli ilk kitobi1990 yilda “Mushtum” kutubxonasi” turkumida chop etildi. Shundan soʻng uning “Kim oshdi savdosi” (1993), “Toʻqayga oʻt tushsa” (1998), “Bedavo dardning davosi” (2004), “Inglizcha tush” (2010), “Chirogʻi yoniq xonadon” (saylanma, 2013) kabi hikoya va hajviyalar kitoblari, “Hayot yoʻlga oʻxshaydi” (2008) publitsistik maqolalar toʻplami chop etildi.
2014 yilda adibning “Yaxshilar koʻp dunyoda” asari asosida “Choʻgʻ” nomli videofilm yaratildi.
Habib Siddiq badiiy tarjimon sifatida Slavomir Mrojekning “Qirol”, “Grafcha tamgʻa” pyesalarini, A. Nesin, A. Avarchenko, Ye. Shvars, G. Kemoklidze, R. Bikchentoyev, S. Kondratyev, S. Komatsu, E. Uspenskiy, M. Jvanetskiy, X. Pelitev, Z. Ribaklarning ertak va hajviyalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayni choqda oʻzining ham bir qator asarlari rus, ingliz, qozoq, qoraqalpoq tillariga tarjima qilindi.
Habib Siddiq 2007 yil “Shuhrat” medali bilan, 2011 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/habib-siddiq-1953/