Gʻulom Mirzo 1964 yilning 4 yanvarida Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi Xushvaqt qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetida (1984–1989), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida (1996–1997) tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Toshkent Davlat universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasida katta laborant sifatida boshlab (1989–1993), keyinchalik OʻzA Xalqaro axborot tahririyati yetakchi sharhlovchisi, bosh muharrir oʻrinbosari (1993–1996), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi referenti, konsultanti (1996–1999), “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari (1989–2000), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi kotibi (2000–2001), OʻzA Respublika axboroti tahririyati bosh muharriri oʻrinbosari (2001–2003), “Mohiyat” gazetasi bosh muharriri (2003–2004), OʻzA Respublika axboroti tahririyati bosh muharririning birinchi oʻrinbosari, bosh muharriri (2004–2008), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Madaniyat, matbuot va ijodiy tashkilotlar ishlari boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmati Axborot-tahrir guruhining yetakchi konsultanti (2008–2011), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi rahbari (2011–2013) lavozimlarida xizmat qildi. 2013 yildan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharrir oʻrinbosari vazifasida faoliyat yuritadi.
Ilk mashqlari bilan viloyat, tuman gazetalarida koʻrinib yurgan maktab oʻquvchisi Gʻulom Mirzo talabalik yillarida adabiy jamoatchilik nazariga tushdi. Respublika adabiy nashrlarida sheʼrlari, sheʼriy va nasriy tarjimalari bilan faol qatnasha boshladi. 1988 yilda Respublika yosh ijodkorlari 5-anjumani tomonidan nashrga tavsiya etilgan turkum sheʼrlari “Yoshlar ovozi” bayozida (1990), “Yolqin” nomli sheʼriy toʻplamda (1991) bosildi. Shundan soʻng shoirning “Yaxshiyam siz borsiz” (1994), “Unutilgan hur” (1997), “Oftobga qaytaman” (2008), “Qalb tomchilari” (2010) sheʼriy kitoblari nashr etildi.
Gʻulom Mirzo publitsistika sohasida ham barakali ijod qilib, “Istiqlol va Amir Temur”, “Maʼnaviy islohotlar va mustaqil taraqqiyot yoʻli”, “Mahalla va maʼnaviyat”, “Aziz neʼmat maʼnaviyati”, “Istiqlol bogʻlari”, “Buyuk ehtirom ehromi”, “Navroʻzdan soʻng qish boʻlmas” kabi dolzarb mavzularda yuzlab publitsistik maqolalar yozdi. “Obod mahalla – obod mamlakat taraqqiyoti” nomli maqolalar kitobini nashr ettirdi (2015). Georg Gendelning “Amir Temur” musiqiy dramasini tarjima qildi (2015).
Gʻulom Mirzo “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni (2000), Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist faxriy unvoni (2008) bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/gulom-mirzo-1964/