GYUGO (Hugo) Viktor Mari (1802.26.2, Bezanson — 1885.22.5, Parij) — fransuz adibi, romantizmning yirik namoyandasi. Dastlabki asari — «Qasidalar» (1821) sheʼrlar toʻplami monarxiya gʻoyalari taʼsirida boʻlib, 20-y. larning 2-yarmidan demokratik qarashlari mustahkamlana borgan. Isyonkorlik ruhi bilan sugʻorilgan «Kromvel» (1827), «Sharq motivlari» (1829), «Marion Delorm» (1829), «Ernani» (1830), «Ryui Blaz» (1838) va b. sheʼriy va dramatik asarlarida davrning dolzarb masalalari aks etgan. «Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi» (1831) tarixiy romani voqealari oʻrta asrda boʻlib oʻtadi, asarda muhabbat fojiasi tasvirlanadi. 1848-y. dagi inqilobni olqishlagan. Lui Bonapartning davlat toʻntarishini (1851) qoralagan. Shundan soʻng 18 yil surgunda boʻlib, qator romanlar yozgan. «Pakana Napoleon» (1852), «Xoʻrlanganlar» (1862), «Dengiz zahmatkashlari» (1866), «Kulib turuvchi kishi» (1869), «Bir jinoyat tarixi» (1877—78) romanlarini yozib, ularda oddiy fransuzlarning ogʻir hayoti va kurashini tasvirlaydi. Gyugo romanlaridagi buyuk va olijanob insonlar turmushdagi pastkashliklar va illatlarga qarshi kurashishadi. «Dahshatli yil» (1872) sheʼrlar toʻplami fransuz-pruss urushi va Parij Kommunasi (1871) voqealariga bagʻishlangan. Soʻnggi «93-yil» romani (1874)da inqilobga xayrixoxlik bilan qaragan. «Dengiz zahmatkashlari» (1938, 1965), «Xoʻrlanganlar»ning «Kozeta» va «Gavrosh» boʻlimlari (1952, 1955), «Byug Jargal» (1982) Q. Mirmuhamedov, Nurbek, E. Obidov tarjimasida oʻzbek tilida nashr qilingan, «Kulib turuvchi kishi» Navoiy teatrida sahnalashtirilgan (1966).
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые