GURDUSH (GOʻJAYLI) QABRISTONI — quyi Zarafshonning qad. oʻzanida joylashgan, jez davriga oid kabriston. 1953-y. da Ya. Gʻ. Gʻulomov tomonidan oʻrganilgan. Gurdush (goʻjayli) qabristonida 5 ta yorma qabr tekshirilgan. Mayyitlar bukchaygan holda bir yoni bilan dafn etilgan. Chirib, kukunga aylangan skeletlarning bilaklari, oyoq va umurtgʻa suyaklari oʻrnida qimmatbaho toshlar va jezdan yasalgan qoʻshaloq bilaguzuklar, turli xil munchoqlar, quloq yaqinida esa isirgʻalar bor. Har bir qabrda sirti naqshlangan 1—2 ta tuvaksimon sopol idish yoki ularning parchalari uchraydi.
Gurdush (goʻjayli) qabristoniga oʻxshash yodgorliklar qad. Xorazm, Fargʻona vodiysi, Toshkent va Samarqand viloyatlarida ham topilgan. Bular mil. av. 2-ming yillikning 2-yarmida Oʻrta Osiyo choʻl va dashtlarida istiqomat qilgan oʻtroq chorvador qabilalarning moddiy madaniyat tarixini oʻrganish uchun qimmatli manbadir.
Ad.: Gulyamov Ya. G., Arxeologicheskiye rabotы k zapadu ot Buxarskogo oazisa, Trudы In-ta istorii arxeologii AN UzSSR, vыp. 8, T., 1956; Gulyamov Ya. G., Islamov U., Askarov A., Pervobыtnaya kultura i vozniknoveniye oroshayemogo zemledeliya v nizovyax Zarafshana, T., 1966.