Gulkari

Izoh: Men bu hikoyani oshnam Abduahad Jumanqulovdan juda arzon – tahririyat gononari bahosida sotib olganman. Oʻzi yozsa boʻlmasmidi, dersiz? Menimcha, bu ishni uddalardi, faqat buni voqeani pullaganidan keyingina tushundi. Bari nasiya, lekin qalam haqi va hikoyadan tushadigan har bir chaqani egasiga joʻnataman.

 

Esimda, – deb gap boshladi joʻram oʻshanda choyxonada oʻtirganimizda. – Chamasi oʻn yosh – foyda ziyonning farqiga boradigan bola edim. Tomorqadagi beshbarmoq, semerinka, kuzak atlasi mezon yeb pishgach, buvam selitra xaltani qoʻlimga tutib ergashtirdi.

Shamol dov-daraxtlarni silkib, mevasini toʻkkan, qurt yegan, qush choʻqigan, ezilgan olmalarni koʻrib ich achir, tashlab yuborishgayam koʻz qiymasdi. Ular sargʻaygan oʻt-oʻlanlar, xazonlar orasida boʻgʻilib borardi, goʻyo.

Buvam qoʻshnimiz devori yonidagi beshbarmoq yonida yetib dedi:

– Bitta qoldirmay ter. Uvol boʻladi. Kesib tom ustiga yoysak, qoq qishda ogʻzingga tashlab shimib yotasan.

– Xoʻp, mayli.

Otam xazonlarning tovon ostida ogʻriqli ingrashiga chiday olmagandek hatlay-hatlay nari ketdi. Bir-ikkita atlasni choponining yengiga tiqdi. Men shoshilinqirab barg uyilgan daraxt tagini titkilay boshladim: olmalarni saralab xaltaga solib joyladim. Shunday tez ishladimki, zumda xalta toʻlayozdi. Endi uni toʻkib kelish kerak, lekin mening bunga qurbim yetmasdi.

… U menga choy quyib uzatib, choy quyib uzatib, nimanidir xotirlayotgandek bir muddat jim qotdi. Keyin chakkasini qashidi.

– Men selitra xaltani nam oʻtloqda sudrab-toydirib boshlagan ham edimki, buvimning ovozi eshitildi.

– Shoshma barini yerga toʻk.

Buvam devor osha bir koʻz tashlagach, avaylabgina yerga toʻkilgan olmalarni saralay boshladi: yuzi qizargan olmalarni alohida, sariq nashvatilarni alohida.

Men ham koʻmaklashdim. Toʻgʻrisi, nega ularni ajratayotganimizni bilmasdim…

Abduahad meni ovqatga undab, yana boyagidek taraddudlandi.

 

***

– Bir chelak olmani koʻtarib, qoʻshnimiz Boʻriboy akanikiga yurdik. Darichani ochib “hay-hay”laganimizcha bilaman, ichkaridan Sarvinoz kelaverdi. Qoʻlida chelak, ortida Hanifa momo. Momom kelinning qoʻlidan chelakni tortib;

– Hey, sening yordamingdan oʻrgildim, – dedi va biz eshitmasligimiz uchun pichirlabgina gap qotdi. – Ogʻir koʻtarma! Halol-ye! Ishqilib, beshbarmoqdan tishlab qoʻymadingmi?

Sarvinoz yanga iymanibgina boshini chayqadi.

– Yoʻq…

Biz shu payti momoning oldiga yetgandik.

– Sizga kapsan, bu! – dedi kattaotam hazillashib, chelakni momomga uzatarkan. – Nima qutlugʻ uydan quruq chiqaramizmi? – dedi momom.

Men paqirda qizil beshbarmoq koʻrdim.

Hamsoyamiz bergan kapsanni koʻtarib, izimizga qaytdik.

Ortimizdan momom qichqirdi.

– Hali yana beramiz.

 

***

… Men joʻramning hikoyasi tugadimi, deb qoʻzgʻala boshlagan ham edimki, u oʻtiring deb imladi. Ofitsiant hisob varagʻini keltirdi.

– Ertasiga rosa yomgʻir quydi. Buvam erinib, ayvondan turib, “Bor toʻkilganlarini ter”, deb buyurdi. Sudralib tomorqaga oʻtdim. Semirinka toshdek qattiq: qish chillasida pishadi. Toʻrt-beshta tizilgan daraxt bari semirinka edi. Yeng shimarib ishni boshladim. Bir payt ne koʻz bilan koʻrayki, Eynshteynning boshiga tushgan olma, mening ham chakkamga tushsa deng. Yaxshilab ser soldim: peshanamda qoʻshnimiz tarafda oʻsgan olma shox tashlab turardi. Nima qilarimni bilmay garangsidim, keyin xaltadagini ham toʻkib tashladim-da, saralashga tushdim. Qanchalik tirishmay, buning uddasidan chiqolmadim. Ular biri-biridan farq qilmas, navi bir edi. Daraxt tanasiga suyanib oʻtirdim.

Bir payt kattaotamning ovozini eshitdim.

– Bolam terib boʻldingmi?

–…

U yaqin kelib boshini chayqadi.

– Nega termading?

Qoʻshnimiz tomondan tarvaqaylagan shoxga imladim:

– U bizniki emas-ku.

U toʻkilgan olmalarga bir qur nazar tashladi-yu, meni mahkam quchoqlab oldi.

 

***

Biz kassa tomon yurdik. U yer tirband edi. Tamaddixona hisobchisi toʻlov qogʻozini shoshilinqirab oldi-da, doʻstimning gapini eshitmay uzatgan pulni sanashga tushdi. Bir peshanasini tirishtirdi-da, qayta sanadi, odamlarning eʼtiroziga beparvo. Soʻng qoshlarini uchirdi:

– Koʻp beribsiz.

Oʻrtogʻim engashib yotigʻi bilan tushuntirdi:

– Bitta nol ham katta gap. Oʻn uch ming oʻrniga, bir ming uch yuz yozibsiz. Axir, ikki porsa osh shuncha arzonmi? Kassir opa qogʻozga sinchiklab qaradi, koʻzlarida ajib his jilvalandi.

 

Olim JUMABOYEV

 

“Ijod olami”, 2018/5

https://saviya.uz/ijod/nasr/gulkari-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x