GRIG

GRIG (Grieg) Edvard Xagerup (1843.15.6 – Bergen – 1907.4.9) – norveg kompozitori, pianinochi, dirijyor, norveg milliy musiqa maktabi asoschisi. Leypsig konservatoriyasini tamomlagan (1862). Grigning ijodiy faoliyati Norvegiya milliy yemadaniyati yuksalishi davrida shakllangan. U Kristianiya (hoz. Oslo sh.)da Musiqa akademiyasini (1867) va Musiqa jamiyati (hoz. Filarmoniya, 1871) ni tashkil etgan. Pianinochi va dirijyor sifatida Yevropa mamlakatlarida konsert berib, milliy kompozitorlar asarlarini targʻib etgan. Grig xalq kuylarini toʻplab, koʻplarini qayta ishlagan («Norveg raqslari», «25 ta xalq raqs va qoʻshigʻi» va b.). G. ijodida Norvegiya tabiati, xalq hayoti lavhalari nozik did bilan ifodalangan. Koʻpchilik asarlari kamer janrlarida: fortepiano pyesalari («Xalq hayoti manzaralari», 10 daftardan iborat «Lirik pyesalar» va b.), violonchel bilan fortepiano, skripka bilan fortepiano (3 ta) va fortepiano uchun sonatalar, norveg, daniya va nemis shoirlari sheʼrlariga yozilgan romans va qoʻshiqlar (150 tadan ziyod), torli kvartet, kvintet va b. Eng yaxshi orkestr asarlari teatr bilan bogʻlangan (Ibsenning «Per Pont» pyesasiga 2 ta syuita, 1875; Byornsonning «Sigurd salibchi» dramasiga musiqa, 1892). Fortepiano va orkestr uchun konserti (1868), «Xolberg zamonidan» syuitasi (1885), «Simfonik raqslar»i (1898) mashhur. Shvetsiya va Leyden musika akademiyalari (1872, 1883), Parij va Berlin sanʼat akademiyalari (1889, 1897) aʼzosi, Kembrij va Oksford un-tlarining musiqa d-ri (1893, 1906). Oʻzbekistonda fortepiano va orkestr uchun konserti, «Per Gyung» syuitasi va kamer asarlari ijro etilmoqda.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x