Post Views:
11
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ilmiy jamoasi tomonidan yaqindagina nashr yuzini ko‘rgan “Tarixning nomaʼlum sahifalari” davriy to‘plamining 6 – kitobida jadidshunos olim Sirojiddin Ahmadning “Vatan va xalq manfaatini ko‘zlagan adib” nomli maqolasida taniqli jurnalist, noshir, dramaturg G‘ozi Yunus (1887-1942) hayoti va uning publitsistik merosi haqida atroflicha maʼlumot berilgan edi. Ayniqsa, uning tarjimai holi bilan bog‘liq yangi, shu vaqtgacha biror joyda eʼlon qilinmagan axborot kitobxonlar tomonidan iliq qarshi olindi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, G‘ozi Yunusning badiiy ijodiy, publitsistik merosi, tarjimalari, xullas faoliyat ko‘lami nihoyatta ulkan va uni bir yoki bir necha maqola doirasida qamrab olishning aslo iloji yo‘q. Olim Sirojiddin Ahmadning mazkur maqolasini esa G‘ozi Yunus ijodini o‘rganishda shubhasiz, yana bir zalvorli qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
Quyida biz G‘ozi Yunusning Turkiston Muxtoriyati bilan bog‘liq ijodi va faoliyati haqida to‘xtalamiz. Darhaqiqat, madrasada o‘qishni davom ettirishga imkoniyati bo‘lmagan G‘ozi Yunus bir muddat otasi bilan birga ustachilik qiladi. Bu jarayonda rus tilini o‘rgangan G‘ozi Yunus 1916 yil mardikorlikka olinadi va “7-sotiy tarjimon” unvonida Laplandiya guberniyasida tilmochlik bilan shug‘ullanadi. G‘ozi Yunus mardikorchilikda yurgan davrda dushman o‘qidan yaralanadi. Shundan so‘ng 3-guruh nogironi sifatida xizmatdan qaytariladi. Markaziy Rossiyadagi ahvol bilan yaqindan tanishgan G‘ozi Yunus Toshkentga kelib, siyosiy kurash maydoniga kiradi hamda Toshkent shahar Musulmon ishchilari sho‘rosini tashkil etishda bosh-qosh bo‘ladi. U Musulmon ishchilari sho‘rosida ijroqo‘m sarkotibi, xazinachisi vazifalarini bajaradi. Shuningdek, uning tashabbusi bilan sho‘ro qoshida do‘xtirxona, kitob do‘koni va qiroatxonalar ishi yo‘lga qo‘yiladi. G‘ozi Yunusning bevosita rahbarligi ostida Toshkent shahar Musulmon ishchilari sho‘rosining nashri afkori sifatida “Ishchilar dunyosi” jurnali tashkil etiladi. Jurnalning mazmun mundarijasidan shu narsani anglash mumkinki, garchi muharrir boshqa bo‘lsada, uning mohiyatini G‘ozi Yunus maqolalari ochib beradi. Jurnalning “Muqaddima”, “Maqsad va maslak” deb nomlangan kirish maqolalari ham jadid matbuoti anʼanalariga zid holda muharrir emas, aynan G‘ozi Yunus tomonidan yozilgani ham yuqoridagi daʼvomizni asoslantiradi. U muqaddimada dastlab, yuz bergan inqilobni qo‘llab-quvvatlaydi va bir paytda mahalliy aholini siyosiy faollikka chaqiradi. “Ishchilar tanbal bo‘lmang, aldanmang faol bo‘ling aks holda yana qoninggizga tashna kuchlar hokimiyatni egallash payida shoshilishmoqda. Paytdan unumli foydalaning birlashing” qabilidagi tashviqoti bilan Mullo G‘oziy (G‘ozi Yunus) barchani bolsheviklarning tahdidiga qarshi qo‘lni qo‘lga berishga chaqiradi.
“Maqsad va maslak”da esa u “Maslagimiz programmamizni to‘liq amalga oshirish. Unda shariati nabaviyada ustivor turib, qo‘l uchi bilan kun ko‘ruvchi faqir xalqimizni moddiy va maʼnaviy jihatlarini yaxshilamakka intilish, shu yo‘lda syezdlar, yig‘inlar tashkil etish, ish borishi bilan ishchilar uchun maktablar, dorulfununlar, qiroatxonalar, shifoxonalar va madaniy muassasalar bunyod etish, sanoatni yo‘lga qo‘yish, siyosatda chor mikroblarini surib tashlab, o‘rniga turk islom siyosati o‘rnatmoq yo‘lida jon fido etmakdir. Vassalom” deb mahalliy taraqqiyparvarlarning asl maqsadlarini ochiq bayon etadi. Jurnalning ilk sonidagi “Adabiyot rukni”da G‘ozi Yunus “Ishchi” imzosi bilan yozgan sheʼri yuqoridagi fikr va g‘oyalarini nazmiy tilda ifodalaydi.
Mulla G‘oziyning “Bizda tashkilotlar” maqolasida bahorgi giyohlardek qisqa vaqtda paydo bo‘lgan ko‘plab uyushma va tashkilotlarning oradan ozgina vaqt o‘tmay ichki nizo va nifoqlar natijasida faoliyatsizlanib borishini yozadi. Bunda siyosatni ichidan tushunmagan, saylovlarni faqat deputat bo‘lish deb bilgan manfaatparast, xudbin insonlarning siyosiy tashkilotlarni xalqning, millatning yagona birligini yuzaga keltirish uchun bir imkoniyat deb bilmasliklaridan tashvishlanadi. Xalqning zolim Nikolay va Machalovlar tomonidan qo‘rqitib qo‘yilgani, Ostroumov va uning shogirdlari tomonidan dinning tahqirlanishi, ularning g‘arazli siyosatlari oqibatida o‘lkadagi insonlar va guruhlarda ichki ziddiyatlarning yuzaga keltirilgani hamda hamon bu nizolarning ildiz otib borayotganiga eʼtibor qaratadi. U xalqni siyosiy kurashda birlikka daʼvat etib, “Birodar ishchilar qo‘ying g‘aflatni, tashlang nifoqni, ushlang ittifoqni!!! degan chaqiriq bilan maqolani yakunlaydi”.
G‘ozi Yunusning “Ishchilar syezdiga bo‘hton” nomli maqolasida “Xo‘qand shahrida 25 dekabrda Turkistondagi musulmon ishchi, dehqon va soldatlarining favqulodda qurultoylari chaqirildi. Bu qurultoy Turkiston o‘lkasi uchun hokimiyat va usuli idora masalasini hal qilajagi uchun musulmon ishchi tashkilotlari yaxshi ahamiyat berdilar. Qurultoyga vakillar kutilganidan ortiq yig‘ildilar. Syezd Toshkentdagi markaziy harbiy sho‘roning tashabbusi ila chaqirilgan edi. Turkistondagi hamma ishchi va soldatlar tashkilotga telegramlar yuboruv, ustiga gazetalar vositasila umum xitobnoma chiqorilgan edi. Musulmon ishchilari sho‘rosi Qo‘qondan telegram oluv bilan Toshkentdagi ishchi jamiyatlaridan vakil chaqirib, Xo‘qanddan kelgan telegramni o‘qib eshittirdi va har bir ishchi jamiyatidan vakil yubormakka tavsiya qildi va musulmon ishchilari sho‘rosi o‘z tarafidan 10 kishi yubormakka qaror qildi. Boshqa jamiyatlardan ham vakillar yuborilmakka harakat qildi. Taassufki, bir necha bolshevik tarafdori ishchi jamiyatlarimiz ochiqdan ochiq Xo‘qanddagi musulmon ishchi, soldat birodarlarini syezdiga vakil yubormakdan imtinoʼ (rad) etdilar.
Xo‘qandda ham bir necha bolshevik tarafdorlari musulmon ishchilari syezdini buzmoqqa harakat qildilar, muvaffaq bo‘la olmadilar. Syezd o‘tgandan keyin bolsheviklarning nashri afkori (“Nasha gazeta”)da Ho‘qandga yig‘ilgan musulmon ishchilar burjuylarga sotilgan, mandatniy komissiya ham boylarning tarafidan qo‘yilgan, qarorlarni ham boylar yozib kirgizgan deb bilchiroq (bo‘hton) so‘zlarni yozgan ishchi, albatta o‘z millatini bir qadoq nonga sotgan musulmon ishchisi bo‘lsa kerak. Yoki haqiqatda musulmon bo‘lmasa kerak. Shundoq yolg‘on bilchiroq kelishmagan so‘zlarni o‘zini hukumat deb turgan bolsheviklar, umumrabochilar fikri deb yozib chiqorishi g‘oyat axmoqlikdir, deydi. Maqola Turkistonda bolsheviklar fitnasi kundan kunga avj olayotgan bir paytda eʼlon qilindi. Boisi, bu paytga kelib bolsheviklar Turkiston muxtoriyati hukumatini tor-mor etish masalasiga jiddiy kirishgan edilar. Bunda Toshkent ulamolarining azaldan chor oxrankasi bilan hamkorlik qilgan o‘ta mutaasib va qo‘rqoq qismi hamda o‘zlarini mahalliy ishchilar vakillari deb ko‘rsatgan ayrim milliy xoinlardan foydalanadi.
“Ishchilar dunyosi”da chop etilgan G‘ozi Yunusning eng yorqin maqolalaridan biri “Hurriyatmi yoki istibdod!”dir. Unda muallif bolsheviklar hukumatining ikkiyuzlama siyosatini ayovsiz fosh etadi va jurnalxonlarga buyuk bir jasorat bilan bolsheviklarning haqiqiy siyratini ko‘rsatib beradi: “Rossiyaning buyuk inqilobi soyasinda vujudga chiqmish hurriyatdan to‘rt ko‘z ila kutdigimiz umidlar butun bo‘shg‘a chiqdi. Hurriyatning eng yaxshi shiorlarindan bo‘lgan hurriyati kalom, hurriyati matbuot bolsheviklar hukumati tarafindan shundog‘ doiraga keldiki, Nikolay Romanov zamonasindan-da badtar bo‘ldi. Mustabid atalgan Nikolay ham matbuot olamin bu darajada iskanjaga olgan emas edi.
Hurriyati kalom esa o‘z og‘zingdagi tilingga tishlaringni senzor qilib qo‘ymasang xalqparvar atalgan (tovarishlar) zulmindan omon bo‘lmassan. Hurriyat eʼlon qilingandan so‘ng Rossiya demokratiyasining programmasida yozilgan “birlik, birodarlik”, din, millat ayirmasi yo‘q hamma huquqda barobar, deb qichqirganlari hammasi ko‘z bo‘yamasi ekani kun kabi oshkora bo‘ldi. Hukumatning bo‘yama demokratlar hukumatni o‘z qo‘llariga olganicha xalqni aldaganlari maʼlum bo‘ldi.
Endilikda hukumatni qo‘llariga olib, (qoch, baho oldin gavron tegadir) deb avvalgi fikr, maslaklarin tamom o‘zgartib hurriyatga faqat rus ishchi, soldatlardan boshqa hech bir kimsa noʼil bo‘lolmas, derlar. Dalil uchun boshqa millat ishchilariga necha xil nomlar qo‘yub ulgurganlar.
Agarda o‘rtadan so‘z qo‘sha qolsak allaqancha javoblar tayyor. Chunonchi, siz musulmon ishchilari organizovnniy emas, burjuylarga sotilgan kabi yo‘q so‘zlar birlan javob qaytarurlar. To‘g‘risi, bizim shaʼriyatga boqsak kommuna va sotsializatsiya yer xususinda Turkiston musulmonlariga to‘g‘ri kelmaydir. Shuning uchun biz ularning ko‘p ishlariga qarshi turamiz. Shuning uchun biz musulmon ishchilarni boylarga sotilgan deb tuhmat qilodirlar.
Xulosasi: biz ham tutgan yo‘limiz demokratiya, yaʼni xalqparvarlik maslagidir. Agarda biz bu yo‘lni tashlab, bolshevik birodarlarimizning nog‘orasiga o‘ynasak, albatta, bir oz tavarishlarimizdan foydalangan bo‘lur edik. Bizni burjuylarga sotilgan, deb tuhmat ham qilmasdilar. Har bir millatin vatanin suygan ishchi ishtirokiyunlik (kommunistlar) mazhabidan qochsa kerak.
Sotsialistlik yer xususinda bizni Turkiston uchun eng xo‘rlik ekani har aqli salimning maʼlumidir. Chunki, Turkiston musulmonlarini 95% yerlik suvlikdir. Eng ozchilikni tashkil etgan 5% yersiz kishi shiorni:
Miskin eshak ayladi dum orzu,
Topmadi dum, berdi ilkindan quloq! – deganiga o‘xshash. Bu ish musulmonlarni ko‘p miqdorda epkin joylari ajnabiy millatlar qo‘liga o‘tmog‘iga sabab bo‘lsa kerak. Kelajak Turkistonni istiqboliga buyuk bir zarba bo‘lib tushadir. Binobarin, biz musulmonlarni ogohlantiramizki, Turkistonga aslo sotsialistlik qonunin yer xususinda joriy qilib bo‘lmaydir. Bu yo‘lda shariatimiz, jug‘rofiy holimiz aslo masoʼida etmas. Alloh saqlasin, biz musulmonlar Turkistonda yer sotsializatsiyasiga yo‘l bersak, o‘ylamaylikki, o‘z yerimiz, o‘z qo‘limizga tegadir deb, eng munbit tufroqimizga chifta kafsh (chibota) kiygan jonuvorlar ega bo‘lib, bizlarga xo‘jalik qila boshlarlar.
Taassufki, biz musulmon ishchilari o‘rtasiga sotsializm maʼnosiga tushunmagan kishilar kirib ishchilarni miyasini chirita boshlaydi. Ishchi xalqimizni ogohlantiramizki ajnabiylarning dasisa(fitna)siga uchmasdan avvaldan sharlotonligi bilan maʼlum bo‘lgan maslagi buzuq shaytonlarning so‘zlarini eʼtiborga olmasdan har ishda maslahatlaringiz bo‘lsa, “Musulmon ishchilari sho‘rosi”ga murojaat qilsangiz ekan. Shuning barobarinda har millat o‘zini milliy g‘oyasini vujudga chiqarmakka cholishmog‘i tabiiydir. Shuning uchun biz, musulmon ishchilari, millatimizga zarar keltiradirgan har bir ishdan ijtinok qilib Vatanimiz millatimizni taraqqiy taolosiga chalishsoq kerak.
Biz, musulmon ishchilarini tutadirgan yo‘limiz shariat asosiga qurilgan demokratlik yo‘lindadir, demokratlikni ayni asosi bizni shariatimizda bo‘lgan sabablik biz, albatta, shul yo‘lda xizmat qilamiz.
Bir firqa musulmonlar o‘rtasida qora kuchlar faxri koinot afandimiz hazratlarining eng do‘st tutgan demokratliklarini qarshisiga chiqib, latif demokratni qoralab, o‘zlarincha yo‘q, noloyiq maʼnolar berib xalqni demokrat lutfidan qo‘rqitib bitirdilar. Aslida demokratiya lutfi Ovrupoda umum bir lison bo‘lib, tom maʼnosi birlan xalqparvar degan so‘z, albatta, payg‘ambarimiz ham xalqparvar edilar.
Zamonlarcha insoniyat olaminda hech maslak xalqparvarlik maslagidan yaxshi emas. Mana, biz, musulmon ishchilari demokratlik maslagini o‘z shariatimizga tadbiq qilib hoh hurriyat, hoh muxtoriyatni demokratlik nuqtai nazardan qarab Turkistonda yashaguvchi tamom millatlarga bir tekis bo‘lmog‘ini xohlaymiz. Bir millat yoki bir firqa hurriyat, muxtoriyatdan foydalanib, boshqalar bilʼaks zarar ko‘rar ekanlar. Biz muni hurriyat demay, balki istibdod deymiz…..
Hozirda hammani maʼlumidirki, rus ishchi birodarlarimizning tutgan yo‘li mustabid chor hukumatining tutgan yo‘lidan ham ziyoda bo‘lib ketdi. Munga bir necha dalillar keltirib o‘tamiz. 31 dekabrda Toshkentda muxtoriyat namoyishi vaqtida butun dunyo ishchilari bizni tug‘ishgan birodarlarimiz deb maqtangan tovorishlarimiz O‘rda og‘zinda musulmon ishchilari bayrog‘ida ruscha “Yashasun butun dunyo ishchilari” deb yozilgan yozuvni ko‘ra turib miltiq, pulimiyotdan otib bir necha o‘nlab birodarlari proletariatni nohaq o‘ldirdilar.
Ikkinchi butun Turkistonga haqiqiy musulmon ishchi va soldatlarning Xo‘qanddagi krayovoy syezdlarida bolsheviklar vakillari biz bu syezdni proletariat syezdi, bu qilingan talablarni tamoman haqlik talab bilamiz, degan edilar. Syezd o‘tganidan keyin maʼlum 1-2 vijdonsiz ishchi fikrin Butun Turkistondagi musulmon ishchilarining fikri deb “Nasha gazeta”da bosib chiqardilar.
Uchinchi, Chor hukumatining eng yomon odatidan bo‘lgan gazeta jurnallarni yopuv, muharririga jazoi naqdiya soluv, hibs qiluv kabi ishlarda bolsheviklar senzori Nikolay senzorlaridan necha daraja oshurdilar.
To‘rtinchi, rus ishchilari eski hukumat zamonasindagi bir general vazifasin olib turgan holda musulmon ishchilari osh topolmay, yalong‘och yuribdurlar. Qisqasi bolshevik birodarlarimizning qilib turgan xatolarini yoza bersang bir necha jild kitob bo‘ladir.
Hurriyatdan musulmonlar va biz musulmon ishchilari bir tiyinlik foyda ko‘rmadimiz. Bilʼaks, Nikolay zamonidan ham badtar kunlarni o‘tkarib turibmiz. Hech vaqt biz musulmonlar buni hurriyat deyolmaymiz” deb xulosa qiladi Mullo G‘ozi.
Mullo G‘oziy Turkiston mahalliy aholisining bolsheviklar va boshqa partiyalar tomonidan tobora partiyachilik fitnasiga tortilayotganidan tashvishga tushadi. Uning “Firqa va maslaklar xususinda” nomli maqolasida “… Hurriyatdan keyin hech bir quloq eshitmagan firqa va maslaklar paydo bo‘lib madaniyatda eng tuban bo‘lgan bizning musulmon xalqining miyasini qotirdi. Madaniyatlik ovrupodan chiqgan bu partiyachilik, madaniyatsiz Turkistonimizning boshiga bitgan baloi azim bo‘ldi. Bechora bizim ishchi xalq bir nuqta yig‘ilib, bir yerga musht uradirgan fursatda ajnabiylarga quyruqlik vazifasin ado eta boshladilar. Hurriyatdan ilgari hech bir narsani maʼnosin bilmagan musulmonlarimiz hozirda firqachilik daʼvosin qila boshladilar. Lekin, hech bir partiya o‘zining tutadirgan yo‘lini va qiladirgan ishini bilmaydir. Binobarin, biz musulmon ishchi birodarlarimizni avvalo ittifoqga daʼvat qilib chetlardan najot kutmasdan hammamiz bir bayroq tagiga yig‘ilib o‘z yozmishimizni o‘z qo‘limizga olmoqlikni tavsiya qilamiz” deydi. Muallif jurnalning shu sondan dunyodagi ilm-fan yangiliklari, falsafiy qarashlar, partiyalar haqida maʼlumotlar berib borishni o‘quvchilarga vaʼda beradi. Shundan so‘ng Mullo G‘ozining sotsialistik g‘oyalar, uning vatani hamda asl mohiyatini uqtirishga qaratilgan yirik bir maqolasi bosildi. Maqola mazmunidan shu narsa maʼlum bo‘ladiki, Turkiston ziyolilari, xususan, G‘ozi Yunus sotsializm g‘oyasi, uning kelib chiqish sabablari va Germaniya, Fransiya sotsialistik qarashlar tarixidan juda yaxshi xabardor bo‘lganlar. U hattoki, bolsheviklar ilgari surayotgan g‘oyalar sotsializm g‘oyalarigagina emas, hech bir insoniy g‘oya va qarashlar qolipiga mos emasligini ham isbotlab berishga erishadi.
G‘ozi Yunusning “Bolsheviklar va Muxtoriyat hukumati isteʼfo” maqolasida “Toshkentda bo‘lgan ishchi, soldatlarning syezdida bolsheviklarning aksariyat bo‘lib Qo‘qonda eʼlon etilgan Muxtoriyatni tarqatmakka qaror berildi” deyiladi. Muallif bolsheviklarning nohaq daʼvolari haqida to‘xtalib, “Toshkentdagi musulmon tashkilotlari demokratik jihatdan qurilmagan. Shuning uchun ular demokraticheskiy tashkilot bo‘lganicha hukumat xalq komissarlari qo‘lida turadir. Keyin musulmon ishchilariga topshirishga qaror qildilar. Biz ularga tahsinda!? deb achchiq istehzo qiladi.
“Ulamo jamiyati”ning “Al-Izoh” jurnalida mullo Pirmuhammad Aʼlamning “Bayoni haqiqat zarifona” maqolasi chop etilgan edi. Unda muallif Turkiston muxtoriyatni badiiy bir to‘qima orqali nomaʼlum homila bilan qiyoslaydi. “Ishchilar dunyosi”da “Ishchi” (G‘ozi Yunusning adabiy tahalluslaridan biri) esa “Diniy majallada eʼtiborsizliq” nomli maqolasi bilan unga qarshi o‘zining juda qattiq nafrat bilan noroziligini bayon qiladi va Turkiston xalqlarining azaliy orzusi bo‘lmish muqaddas Muxtoriyatni ulug‘laydi.
G‘ozi Yunus jurnal sahifalarida nafaqat Turkiston muxtoriyati hukumatini targ‘ib va tashviq etish, balki Turkistonda kechayotgan ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarga, muammolarga ham keng eʼtibor qaratadi. Jumladan, xalqni og‘ir ahvolga solayotgan ocharchilik bilan bog‘liq voqeliklar haqida yozib, “Qo‘qonda ochlik avj olib, ochlar tilanchilar guruhlari paydo bo‘ldi. Hatto, ochlikdan ayrim odamlar shishib o‘la boshladi. Muxtoriyat hukumatining taklifi bilan Qo‘qon shahrida “Zakot va xayriya” jamiyati tuzilib, shaharning 16 yerida qozonlar ochildi. Unda haftada bir kun osh, qolgan kunlar go‘sht, mosh, yog‘lardan bir martadan taom tayyorlanib, och va qashshoqlarga tekin tarqatish yo‘lga qo‘yildi”, deb xabar beradi. Shu xabar bilan Toshkent boshqa shaharlar boylarini ham shunday jamiyatlar ochishga hamda yoshlarning bu ishda har doim xizmatda bo‘lishlarini tashviq qiladi.
“O‘rinlik iona va ham boshqa mahallalar uchun o‘rnak” nomli xabarda esa Toshkentning Sebzor dahasi 3-Oxunguzar mahallasida Abduxalil Mannofxo‘ja eshon va Mullo G‘oziylar tashabbusi bilan muhtojlar foydasiga iona yig‘ilgani yoziladi. Tadbirda boylardan jami 9225 so‘m yig‘ilgan va jurnalda bu himmatli boylarning ro‘yxati, ularning bergan pullari miqdori keltiriladi. Mullo G‘ozi bu ishni yana-da davom ettirilishini jurnalxonlarga vaʼda beradi. Jurnalning 4-sonida “Ochlik balosi” nomli xabarda mullo G‘ozi, “Toshkent atrof musulmonlaridan ketgan ochlar bilan to‘ldi. Masjiddagi yig‘inda 50 so‘m pul yig‘ilib, bir qirg‘iz oilasiga berdik. Ammo, u hech narsaga yetmaydi, ularga xudoning rahmi kelsin”, deydi. Shuningdek, Toshkent savdogarlaridan xayriya yo‘li bilan 115 so‘m yig‘ilgani va Xo‘ja Ahmadboy Sherahmadboy o‘g‘lining o‘zi 100 so‘m iona qilganini yozadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, G‘ozi Yunus o‘zining o‘tli maqolalari va faol harakati bilan Turkiston muxtoriyatini oxirigacha qo‘llab quvvatladi. Butun xalqni Muxtoriyatli Turkiston g‘oyasi atrofida birlashishga undadi. Qizil qo‘shin tomonidan Muxtoriyat tor mor etilganidan so‘ng esa uning achchiq qismatiga hammadan ko‘p achindi, bolsheviklarning istibdodiga qarshi xalqni yana kurashga chorlashda davom etdi. G‘ozi Yunus bu kurashni to umrining so‘nggi kunlarigacha to‘xtatmadi. Uning jurnalistlik qalami tariximizning eng jo‘shqin va eng tahlikali onlarida charxlandi. Elim, yurtim, millatim, istiqlolim, istiqbolim degan zotlarning qoni daryo bo‘lib oqqan vaqtlarda ham G‘ozi Yunus qo‘rquv nimaligini bilmay ijod qildi va u tariximizda yorqin vatanparvar hamda cheksiz jasorat sohibi bo‘lgan jurnalist sifatida qoldi.
Bahrom IRZAYEV
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi katta ilmiy xodimi
Ikrom QODIROV
TTESI qoshidagi akademik litsey maʼnaviyat-maʼrifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari
“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 yil 12 oktyabr
https://shosh.uz/uz/gozi-yunus-va-turkiston-muxtoriyati/