“Gorkiy bilan bir yilda tug‘ilganman”. Sulola. Dolimovlar shajarasi


Post Views:
56

Avvalgi qismni o‘qish…

1951 yili Fotima ammamni Abdug‘ani Valiyev ismli uzoq qarindoshlariga turmushga beradilar. Bu vaqtda Fotima ammam ToshMIni bitirgan va Eski Jo‘vadagi 4-poliklinikada terapiya bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlar edilar. To‘yni o‘tkazish saksondan oshib qolgan otamga nisbatan Nuʼmonbek opododam boshliq o‘g‘illari zimmasiga tushdi, to‘y ham Sag‘bonda emas, opododamning Oqlondagi hovlisida o‘tdi. Abdug‘ani pochcha Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, teplovoz haydovchisi edi. G‘anijon pochcha va Fotima opamiz juda totuv yashab, Abdubosit, Lazokat, Rustam, Dilfuza va Abdumalik ismli besh farzand ko‘rishdi. Abdubosit – tibbiyot fanlari doktori, professor, Rustam – geolog, Abdumalik – tibbiyot fanlari nomzodi, Onkologiya ilmiy-tekshirish institutida bo‘lim boshlig‘i, Lazokat – ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib yetishdi. Fotima ammam o‘zbek ayollariga xos barcha go‘zal fazilatlar egasi, o‘z kasbining bilimdoni, jiyanlariga ham nihoyatda mehribon edilar. Abdug‘ani aka Valiyev 1988 yili, oliy toifali, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor Fotima Dolimova 1989 yili vafot etishdi, Shayx Zayniddin buva qabristoniga dafn etilganlar.

Abduvosit G‘aniyevich Valiyev – Fotima ammamning eng katta farzandi, 1952 yilning 11 noyabrida tug‘ilgan. 1969 yili o‘rta maktabni kumush medal bilan bitirib, ToshMIning pediatriya fakultetiga kirgan va 1972 yili O‘rta Osiyo (Toshkent) pediatriya tibbiyot instituti tashkil etilgach, unga o‘tkazilgan. 1975 yili institutni aʼlo baholar bilan tugatib, shu institutning “Yuqumli kasalliklar” kafedrasiga ordinator lavozimiga qabul qilindi. 1977 yili u Respublika Epidemologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutiga kichik ilmiy xodim lavozimiga qabul qilindi. 1977 – 1979 yillarda Sibirning uzoq Magadan viloyatida Sovet armiyasi safida xizmat qildi. 1985 yili Moskvada nomzodlik, 1993 yili Toshkentda “Selmonellyoz xastaligining immunologik, genetik o‘zgarishlar sababchisi va oqibatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Abduvosit Valiyev 1995 yildan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Epidemologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutining professori, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor muovini, klinik bo‘lim boshlig‘i hamda 2007 yildan Xususiy tibbiyot diagnostika markazi rahbari lavozimida ishlab kelmoqda. 325 nomda ilmiy maqola, 25 uslubiy qo‘llanma, 3 ta patent, 2 monografiya muallifi. U o‘z faoliyati davomida 22 nafar fan nomzodiga, 4 nafar fan doktoriga ilmiy rahbarlik qildi.

Abduvosit rafiqasi Nazira Valiyeva bilan 3 farzand: Nodira, Azizbek va Asilbeklarning ota-onasi, uchala farzand ota-ona izidan ketgan oliy maʼlumotli shifokorlardir. Katta o‘g‘li Azizbek hozirda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish arafasida.

1955 yilda Sag‘bondagi 11-maktabda uzoq yillar o‘quv ishlari bo‘yicha direktor muovini va fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan Mastura ammamni G‘anijon pochchaning ukalari Ilhom Valiyevga uzatishadi. Ilhom aka tibbiyot fanlari nomzodi, uzoq yillar Semashko nomidagi Toshkent Kurortologiya va fizioterapiya ilmiy-tekshirish institutida katta ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Ulardan Feruza va Jahongir ismli farzandlar dunyoga keldi. Feruza va Shoira – shifokor, Jahongir – geolog. Ilhom aka 1994 yilda, Mastura ammam 2008 yilda vafot etishdi, ularning qabrlari Shayx Zayniddin buva qabristonida.

Biz otamdan tug‘ilgan yillarini so‘rasak, hammavaqt “Gorkiy bilan bir yilda tug‘ilganman” deb javob berar edilar. Demak, otam 1868 yilda tug‘ilganlar. Men Dolimbek otamni 4 – 5 yoshimdan bilaman, u vaqtlarda otam 80 yoshlarda bo‘lib, bo‘ylari ancha cho‘kib qolgan, qarilikdan etlari suyakka yopishib ketgan bo‘lsa-da, yoshlikda ancha bo‘ydor, suyaklari yo‘g‘on, gavdali, chapanilikka moyilroq, shijoatli, “tog‘ni ursa, talqon qiladigan” yigitlardan bo‘lganliklari bilinib turardi. Men ko‘proq ularni oq ko‘ylak-ishtonda eslayman, ko‘kragi ochiq oq yaktakdan qovurg‘alari sanalib turgandek ko‘rinardi. Men otamni hech vaqt, hatto eski rasmlarida ham semizroq, go‘shtdorroq holda ko‘rgan emasman. Soqol va shop mo‘ylovlari oppoq, uzun edi, har bir harakatlaridan cho‘rtkesar, badjahlliklari sezilib turardi. Hamma farzandlari, ayniqsa o‘g‘illari otalarini hurmat qilishlari tabiiy, shu bilan birga, ancha hayiqib turishardi. Nojo‘ya harakat yoki gap bo‘lib qolsa, jahl ustida tarsaki qo‘yib yuborishlari hech gap emas edi. Men otamni ko‘pincha “O‘tgan kunlar”ning 1926 yil (arab yozuvi)dagi nashrini o‘qiyotgan paytlarida ko‘rardim. Bog‘imizda yashagan 50-yillarning o‘rtalarida menga shu romanning (1956 yili Abdulla Qodiriy Fitrat va Cho‘lponlar bilan birga oqlanib, “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari ilk bor nashr qilingan edi – U.D.) “Dushanba kun kechasi” – Otabekning uch kallakesar raqiblariga qarshi bir o‘zi kurashi va ularni yanchib tashlashi faslini qayta-qayta o‘qitib eshitar edilar. Nazarimda, asardagi shu voqea tasviri otamning sajiyalariga juda mos kelar edi. Rahmatli Marziya buvim: “Otang tushmagur meni go‘shangada ham urgan-a”, – der edilar. Hatto mahalladagilar ham otam kelayotgan bo‘lsalar, ulardan hayiqib, o‘tib ketgunlaricha chetroqqa chiqib turishar edi.

Sho‘ro hukumati millatning boy-badavlat qatlamini tugatib, hammani birday nochor ahvolga tushirdi. Nochor, maʼrifatsiz, qo‘rquvdagi xalqni boshqarish, o‘z izmiga yuritish ancha oson kechadi. 1930-yillarda bolsheviklarning qishloq xo‘jaligini yoppasiga jamoalashtirishi munosabati bilan Komilbek otamga otasi Muhammadaminbek hojidan meros bo‘lib qolgan Chimboy mahallasiga tutash hovli-joylari, katta yer-suvlari tortib olingan va 40-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab suvchi Zokir qurbaqa (“Sanoat” jamo xo‘jaligida mirob bo‘lib, hamma vaqt suvda yurgani uchun “Qurbaqa” laqabi bilan chaqirishar edi), Usmonbek garimdori (Usmonbek Toshbekov – baland bo‘yli, oriq, badjahl odam bo‘lgani uchun “Garimdori” laqabini olgan) aravakash, Nazir do‘xtir (xo‘jalikdagi mol doktori), Xoldor quloq (qulog‘i ancha katta bo‘lgan) xo‘jalik hisobchisi, partkom Abdug‘ani Salomov va boshqa jamoa aʼzolari hamda faollariga bo‘lib beriladi. Dolimbek otamning “Xotin ko‘prik”dagi katta tegirmonlari ham “Sanoat” jamoa xo‘jaligi hududida bo‘lgani uchun, asosan, xo‘jalik aʼzolarining don-dunlari tortilar edi. Dahshatli urush va urushdan keyingi dastlabki yillari tegirmonchi Ahmad aka (urushdan yarador bo‘lib qaytgan) vaqti-vaqti bilan eshakda hovlimizga kelib, donlarimizni olib ketar va un qilib berar ekan, hatto muhtojroq bo‘lib qolganimizda bir qop-yarim qop bug‘doy yoki jo‘xori uni tashlab ketar ekan. Yuqorida ismi-shariflari tilga olingan jamoa xo‘jaligi faollari va aʼzolari nihoyatda diyonatli, pokiza, birovning haqidan qo‘rqadigan oddiy odamlar edi (Alloh ularning hammasini rahmatiga olgan bo‘lsin). Hozirda ham ularning farzandlari, nevaralari bilan bir mahallada qarindosh-urug‘lardek yashab kelamiz. Jamoa xo‘jaligi raisi Solih ota (Solih Qahhorov – asli I- Sag‘bondan bo‘lib, xo‘jalikning katta-yu kichigi “ota” deb murojaat qilar edi) hamma vaqt:

Unutmanglar, bu yerlarda Muhammadaminbek hoji avlodlarining haqlari bor, dastlab bu yerlarni obod qilganlar ham ularning farzandlari Dolimbek, Komilbek va Karimbeklardir. Ular shahrimizning eng maʼrifatli kishilari bo‘lishgan, – deb taʼkidlar ekan.

Darhaqiqat, bitta-yarimta “Sallasini olib kel desa, boshini ham qo‘shib olib keladigan” nodonlar ham bo‘lgan, ammo iymon-eʼtiqodli, inson qadr-qimmatini har narsadan ulug‘ biluvchi, diyonatli odamlar ularga nisbatan ancha ko‘p bo‘lgan.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov

«Ahli irfon»

Toshkent, “Akademnashr”, 2015

https://shosh.uz/uz/gorkiy-bilan-bir-yilda-tugilganman-sulola-dolimovlar-shajarasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x