Goʻzallik bilan ezgulik uzviy

Tasavvufda goʻzallik talqini

 

Hayotda goʻzallik xilma-xil darajada namoyon boʻladi. Tabiatdagi goʻzallik ijtimoiy hayotdagi, oddiy faoliyatdagi esa badiiy ijoddagi goʻzallikdan farq qiladi. Lekin goʻzallik xilma-xilligi bilan birbiridan qancha farq qilmasin, barchasi qandaydir umumiy belgiga egadir. Mana shu umumiylik tufayli hodisalarni goʻzallik tushunchasi tarzida inʼikos etamiz. Goʻzal narsalar inson amaliy faoliyatiga, manfaatlariga mos boʻlib, ularni idrok etish hayrat va quvonch bagʻishlaydi, shaxsning uygʻun rivojlanishiga, unda eng yaxshi insoniy xislat-fazilatlar tarkib topishiga koʻmaklashadi.

Goʻzallikning mohiyati va unga nisbatan yondashuvlarni falsafiyestetik kontekstda tahlil qilgan olim B. Husanovning fikriga koʻra, “Goʻzallik – bu, voqelik (tabiat, jamiyat, sanʼat) hodisasi boʻlib, biror narsaga his-tuygʻu orqali taʼsir oʻtkazish bilan insonda jismoniy va maʼnaviy kuchlar oqimining koʻpayishiga, shodlik, zavqlanish, maʼnaviy qoniqish holati vujudga kelishiga imkon yaratadi. Goʻzallik hamisha foydali, lekin u alohida turdagi foydali – u avvalo insonga, jamiyatga, taraqqiyotga maʼnaviy foyda keltiradi”.

Oʻrta asrlar musulmon Sharqi mutafakkirlarining goʻzallik haqidagi qarashlari bevosita hurfikrlilikka asoslanganligi bois kishida ijobiy taassurot uygʻotadi. Ana shunday munosabat oʻz navbatida, tasavvuf nafosatshunosligiga ham daxldor.

Tasavvuf taʼlimoti goʻzallik muammosini qanday hal etadi? Aytishimiz mumkinki, bu taʼlimot olam – Yaratuvchining ijodi, Ilohning koʻzgusi deb tushuntiradi. Shunga koʻra, jamiki goʻzalliklar manbai – Mutlaq Iloh, voqelikdagi goʻzalliklar – Iloh jamolining aksi; u maʼnaviy goʻzalliklarni anglash va koinot sarvari Ruhi azaliyga monand narsalarning goʻzalligini qabul qilish yoʻlidagi pillapoyalardir. Mutaxassislar “jamol”, “jalol”, “poklik”, “musaffolik”, “ziynat” singari iboralar tasavvuf taʼlimotida goʻzallikka muqoyasa qilinishini eslatib oʻtadilar.

Tasavvuf islom asosida shakllangan qalb goʻzalligi ilmi va maqtalgan axloq hisoblanadi.

Tasavvuf axloqining tamal toshi, asosi, poydevorida qalb goʻzalligi, yuksak aql bor.

Tasavvufda real moddiy dunyo goʻzalligi inkor etilmaydi (garchi dunyo va uning boyligiga boʻlgan salbiy munosabat sezilib tursa-da), balki real moddiy dunyo oʻzoʻzicha qimmatli emas, deb qaraladi. Tasavvuf talqiniga koʻra, qadriyat va arzirli narsa, bu – ruh bilan, Iloh bilan bogʻliq narsadir. Hayot ham ruhning faoliyatidan iborat.

Tasavvuf oʻz davrida musiqa, tasviriy sanʼat, raqs sanʼatiga ham sezilarli taʼsir oʻtkazdi. Birgina samoʻning oʻzida ham sheʼriyat, ham raqs, ham qoʻshiq, ham musiqa ishtirok etadi. Bunda samoʻ oʻzida goʻzallikni mujassam etganini koʻrish mumkin. Bu samoʻ majlislaridan kishi oʻziga estetik zavq olgan, koʻnglida forigʻlanish, tozalanish yuz bergan.

Tasavvuf Buyuk bir romantik olamdir. Borliqni turfa ranglarda, shoirona xayoliy surat – timsollar tarzida, ilohiy nurning porlashida, doimiy harakatda va ijodda deb tasavvur etish – bir Buyuk Poyeziya. Jami goʻzalliklar, yaxshiliklar, ezguliklar manbai – Mutlaq Iloh, Qudrat va kuch, harakat va faoliyat ham Undan. Dunyodagi jami husnu jamol – Uning jamolining aksi. Inson goʻzalligi Uning jamolining jilvasi, bu jamol olamda qancha koʻp jilo etgan boʻlsa, u shuncha koʻp goʻzal boʻla oladi. Inson ruhining goʻzallikka, nafosatga tashnaligi Iloh goʻzalligiga tashnalik natijasidir. Yana buning ichida moddiy goʻzallik va maʼnaviy goʻzallik, gʻoya va fikr goʻzalligi ham ajralib, eʼtiborga olinadi. Goʻzallikdan maqsad tafakkur goʻzalligi, maʼnaviy goʻzallikni anglamoq, oliy javhar – Ruhi azaliyga monand narsalarning goʻzalligini qabul qilmoqlikdir. (Qarang: Komilov N. Tasavvuf. – Toshkent, “Movarounnahr-Oʻzbekiston”, 2009.140-bet). Tasavvufning asosiy gʻoyalaridan, estetik xususiyatlaridan biri mana shudir.

Tasavvufda goʻzallik ideali, qudrat ideali, poklik ideali, abadiylik ideali – jami ideallar ideali Uning oʻzi, Yaratgan deb olinadi. Hayrat ham oʻshandan, gʻayrat va shijoat ham, hayot nafosati ham Yaratgandan deb qaraladi. Jonli va jonsiz har bir narsada, hayotning oʻzida, Iloh qudratini mushohada etish, Uning goʻzalligidan hayratlanib, joʻshib, olamolam zavq olish, Ilohni yori aziz, doʻst bilib, Unga sigʻinish, suyanish, Unga rozi dil aytish – mana shu soʻfiy shoirning maʼnaviy dunyosi, hayot mazmunidir. Tasavvuf estetikasiga doir tadqiqot ishlarini olib borgan olim A. Qurbonmamadov tasavvufda goʻzallikning uch asosiy bosqichini quyidagicha koʻrsatib oʻtadi: birinchisi – mutloq oʻzgarmas ilohiy goʻzallik; ikkinchisi – inson faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan botiniy, maʼnaviy goʻzallik; uchinchisi – mutloq goʻzallikning aksi sifatida namoyon boʻluvchi narsalar va moddiy olam goʻzalligi. (Qarang: Kurbanmamedov A. Esteticheskaya doktrina sufizma. – Dushanbe, “Donish”, 1983. str. 9).ekanligidan dalolat beradi. Tasavvuf ana shu ikki yoʻl bilan insonni tarbiyalaydi, boqiy haqiqat sari boshlaydi. Tasavvufdagi, jumladan, naqshbandiya tariqatidagi estetik gʻoyalar axloqiy gʻoyalar bilan uygʻunlashib ketgan. Zero, naqshbandiya tariqatidagi “Dil – yorda, qoʻl – ishda” tamoyilining mohiyatida ham barkamollik moddiy va maʼnaviy asosning uygʻunligiga, mukammalligiga tayanadi, degan gʻoya mujassam.

Tasavvuf taʼlimotining ayrim yoʻnalishlarida “Avom shariat, tariqat, maʼrifat, haqiqat, singari tasavvuf bosqichlarini bosib oʻtmay turib, Xudoning goʻzalligidan bahramand boʻla olmaydi”, – degan qarash ustuvor mavqeni egallagan boʻlsa, ikkinchi bir qarash esa “Olloh hamma uchun sevimlidir” degan gʻoyaga asoslanadi. Lekin, ahamiyatli jihati shundaki, har ikkala qarash orqali tasavvuf taʼlimotining namoyondalari Xudoni eng Oliy goʻzallik sohibi sifatida eʼtirof etadi va ayni paytda real olam goʻzalligiga befarq munosabatda boʻlmaydi.

Tasavvuf falsafasiga koʻra, haqiqiy goʻzallik – bu, Mutlaq Zot Parvardigorning yakka-yu yagona vujudidan iborat. Boshqa goʻzalliklar shu vujud ijodining inʼikosidir. Mutlaq Zotni Al-haq (Real borliq), Ahad (Birlik) deb ham ataydilar. U oʻzi yaratgan olam ashyolarida (olami shahodat, olamul xalq) Oʻzini namoyon etib, zohirlanib turadi va shu orqali Oʻzi Oʻzini idrok etadi. Bu cheksiz va mavhum Mutlaq Zotning shahodat (moddiy) olamida tinimsiz jilolanishi “tajalliy” deb atalgan. Tajalliy – barcha harakat va faoliyat, tiriklik va hayot ijodkori Parvardigorning oʻzi yaratgan olamda doimo hozir boʻlishidir.

Tasavvufdagi goʻzallik tajalliy orqali namoyon boʻladi. Tasavvufda goʻzallik ideali – jami ideallar ideali – Uning Oʻzi, Yaratgan deb olinadi. Tasavvufda goʻzallikdan maqsad tafakkur goʻzalligini anglamoq, oliy javhar – Ruhi azaliyga monand narsalarning goʻzalligini qabul qilmoqlikdir. Bu “Dil – yorda, qoʻl – ishda” gʻoyasida goʻzallik bilan ezgulikning uygʻun ekanligiga asoslanadi.

 

Gulandom BAHROMJON qizi,

tadqiqotchi

 

“Sogʻlom avlod uchun” jurnali, 2010–8

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gozallik-bilan-ezgulik-uzviy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x