Goʻzal xotiralar jilvasi

Taniqli adib, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Davlat mukofoti sovrindori Omon Muxtorning “Uzun yoʻlakdagi ikki kishi” kitobiga kirgan bitiklarning aksariyat qismi respublikamizning qator gazeta, jurnallarida ilk bor oʻquvchisi bilan yuzlashgan. Biroq, adib hayotiy kuzatuv, oʻy-suhbat, xotira va adabiy manzara-tasvirlarining bir jild ostida jamlanishi, yaxlit holda eʼlon qilinishi adabiy hayotimizda muhim voqea boʻldi. Zotan, muallif butun bir davr adabiyoti namoyondalari qiyofasi bilan bogʻliq, gʻaroyib-antiqa voqealarni nozik chizgilar orqali aks ettiradi. Shuningdek, F. Xoʻjayev, Y. Oxunboboyev singari davlat arboblari qismatiga ham jonli chizgilar berilgan. M. Qoʻshjonov, Q. Yoʻldoshev kabi adabiyotshunos olimlar, B. Zokirov, B. Ixtiyorovga oʻxshagan sanʼat ahllari qiyofasiga xos goʻzal kuzatishlar oʻrin olgan.

Kitobning nomi S. Ahmad va S. Zunnunova bilan koʻp yillar oldin boʻlib oʻtgan voqeani aks ettiruvchi moʻjazgina xotiradan olingan. Unda inson ruhiyati va holi teran his etiladi, qalbida tugʻyon urgan goʻzalligu nafosat tuyiladi. Bir soʻz bilan aytganda, shogird va ukalik maqomida turib, yozuvchi – shoir ijodi bilan bir qatorda uning odamiylik xislatlari, insoniy qiyofasi ham ulugʻlanadi. Qisqa va azob-uqubatli yoʻlni mardona bosib oʻtgan S. Zunnunova shaxsiyatiga ehtirom va eʼtibor, bizda ayni shunday munosabat uygʻota olish barobarida, O. Muxtor ijod laboratoriyasiga chuqurroq kirib borish imkonini ham beradi. Chunki, adib oʻz koʻnglining ichkin tuygʻu-kechinmalarini ochishda gʻoyatda samimiy, munosabat bildirishda esa oʻta xolis, begʻaraz pozitsiyada turadi. Nazarimizda, ayni shu hol uning badiiy nasri – hikoya, qissa va romanlariga munosabat bildirishda muhim kalit vazifasini oʻtay oladi.

O. Muxtor akademik shoir, faylasuf va mutafakkir Gʻ. Gʻulom turmush tarzi qizgʻin hayot quchogʻida kechganini qayd etadi. Bu “kayfiyat odami” tabiatiga xos begʻubor soddalik, samimiyat, iqtidorida kuzatiluvchi badihagoʻylik, “kosa tagida nimkosa” qoʻyib soʻzlash salohiyati singari muhim qirralarga diqqat qaratadi. O. Muxtor nafaqat Gʻ. Gʻulom, balki Oybekni ham oʻz davridan ajratib tahlilga tortmaydi. Shunga qaramasdan, Oybek inson va ijodkor sifatida tengqurlaridan ancha yuksak turishini eʼtirof etadi. O. Muxtor tarixiy haqiqatga sadoqat tamoyiliga sodiq qolarkan, Gʻ. Gʻulomga nisbatan Oybek oʻz imkoniyatlarini toʻla namoyon eta olgan edi, degan xulosaga keladi. A. Qahhorni esa, “oʻlik soʻz va ezmalik”ni xushlamaydigan, “tilga oro” bergan, shaxs sifatida esa: “qahri bor” adib va inson sifatida eslaydi. A. Qahhor ijodiy prinsiplariga toʻxtalar ekan: “Uning yuragida hayotiy qusur-illatlarga qarshi nafrat tugʻilib, bu nafrat kuydiruvchi qahr oʻtiga aylandi”, deb yozadi.

Koʻrinadiki, O. Muxtorni badiiy nasrga yetaklagan omillar sirasiga Gʻ. Gʻulom, Oybek va A. Qahhorga oʻxshagan katta avlod faylasuf ijodkorlariga boʻlgan ayricha mehr, ular ijodining muhibi boʻlishni ham kiritish lozim. Bu oʻrinda ham O. Muxtor kamtarin va xokisor shogird maqomida turar ekan: “Oybek bir togʻ boʻlsa, biz shu togʻ etagidagi bir tosh”, deyishdan zarracha iymanmaydi. Binobarin, adib nasrini Gʻ. Gʻulomu Oybek, A. Qahhor uslubiy mahoratlari ijodiy oʻzlashtirilishi fonida ham kuzatish mumkin.

O. Muxtor olisdan koʻringan manzaralardan INSON va IJODKOR degan ikkita sifatni ajratib olib, shunga koʻra tasvir palitrasini kengaytiradi. Uning bir qarashda joʻn, ammo tarix sinovlaridan oʻtgan falsafasiga koʻra: “Dunyo karvonsaroy, biz barchamiz sayyohlarmiz.” Anglashiladiki, olis va yaqin tariximizni baholash asnosida O. Muxtor pozitsiyasi har bir insonni oʻz qismatiga koʻra idrok etishga asoslanadi. Bu hol adib romanlarida kuzatiluvchi: Amir Temur, Husayn Boyqaro, Lutfiy, Navoiy, Mashrab, Nodira, Fayzulla Xoʻja, Bayron, Mirza Gʻolib, Shermuhammadbek va ularni qurshagan oʻnlab boshqa tarixiy shaxslar obrazini qismat yetovidagi bandalar sifatida anglash konseptual jihatdan oʻzini toʻla oqlashini koʻrsatadi.

Xullas, Omon Muxtorning “Uzun yoʻlakdagi ikki kishi” kitobi biz uchun adib ijodiy laboratoriyasini ochishda oʻziga xos kalit vazifasini oʻtovchi tadqiqot, badiiy-estetik kuzatuvlar yigʻindisi vazifasini oʻtaydi. Kezi kelganda, taʼkidlash oʻrinliki, adabiyotshunosligimizning keyingi bosqichida yozuvchi va shoirlarimizning ayni tipdagi, inja kuzatuvlarga boy asarlari ancha kamayib ketmoqda. Shuni unutmasligimiz kerakki, qalam ahliga xos samimiy eʼtiroflar ular ijod laboratoriyasiga kirib borishning eng optimal yoʻllaridan biridir. Qolaversa, bunday asarlar ijod lazzatidan tuyilgan oniy lahzalar tarovatiga xos goʻzallikni kitobxonga yuqtirishi jihatidan ham qadrlidir.

 

Goʻzal ATABOYEVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gozal-xotiralar-jilvasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x